Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 376098 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 ... 111 B


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:27:31

13-bob. Agar imom bir kishini biror ish birlan bir yerga jo‘natsa yoki unga o‘z uyida qolmoqni buyursa, o‘ljalardan unga ham ulush ajratadimi?

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Hazrat Usmon Badr g‘azotida bo‘lmadilar. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qizlari ul kishining ostlarida (ya’ni, xotinlari) bo‘lib, betob erdi. Shul boisdan Janob Rasululloh ul kishiga: «(Siz uyingizda qolib, qizimga qarangiz), buning uchun sizga Badrda ishtirok qilgan kishilardan biriga qancha o‘lja berilsa, shuncha o‘lja berilur», — dedilar. Keyin, (aytganlaridek), ul kishiga o‘ljalardan ulush ajratdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:27:45

14-bob.

Xumsning musulmonlar ehtiyojlari uchun tasarruf qilinganiga yana bir dalil shuki, Havozin (qabilasi vakillari) Janob Rasulullohdan o‘zlarining o‘lja olingan mollari va asir olingan odamlarini (qaytarib berishlarini) so‘rashganda, ul zot xums tariqasida mollarni olib qolib, asirlarnigina qaytarib berdilar; Janob Rasululloh odamlarga o‘lja taqsimlashdan avval ularning sonini aniqladilar; Janob Rasululloh (ba’zilarga) xumsdan qo‘shimcha ulush berar erdilar; Janob Rasululloh ansorlarga (Xaybar o‘ljalaridan) ulush berdilar.

Misvar ibn Maxrama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Havozin qabilasi elchilari Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga musulmon bo‘lib kelib, o‘lja olingan mollari birlan asir olingan odamlarini qaytarib bermoqlarini so‘raganlarida, ul zot (ularning gaplarini yaxshiroq eshitish va o‘zlarining gaplarini yaxshiroq eshittirish uchun) o‘rinlaridan turdilar-da, ularga: «Menga eng yoqimli so‘z — rost so‘zdur! Ikki narsadan birini (qaytarib bermog‘imni) tanlangiz, yo asirlarni yoxud mollarni! Men sizlarni kutgan erdim» — deb marhamat qildilar. (Darhaqiqat), Janob Rasululloh Toifdan (Ji’ronaga) qaytganlarida bir necha kun ularning kelishini kutib, (asirlarni mujohidlarga taqsimlamay turgan) erdilar. (Keyin, ul zot ulardan darak bo‘lmagach, asirlarni o‘shal yerda taqsimladilar. Shul asnoda Havozin qabilasi elchilari huzurlariga kelib qoldi). Havozin qabilasi elchilari Janob Rasulullohning ikki narsadan birinigina qaytarib berajaklarini anglagach: «Biz asir olingan odamlarimizni (qaytarib bermog‘ingizni) tanladik», — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh musulmonlar ichra tik turib, Olloh taolo sha’niga uning o‘zi o‘zlariga bildirgan jamiki hamdu sanolarni aytdilar, so‘ngra: «Ammo ba’d, darhaqiqat mana bu birodarlaringiz huzurimizga tavba qilib kelibdilar. Men ularga asir olingan odamlarini qaytarib bermog‘imni ma’qul ko‘rdim. Sizlardan kimki yaxshilik qilib, yaxshilik ko‘rmoq istasa, (o‘ziga taqsim qilingan asirlarni, evaziga biror narsa so‘ramay, Havozin qabilasiga) topshirsin! Va sizlardan kimki (o‘ziga taqsim qilingan) asirlarni biror haq badaliga (topshirmoqni) istasa, topshiraversin, biz uning (asirlari) evaziga Olloh taolo bizga kofirlardan jihod qildirmay olib beradirgan dastlabki o‘ljalardan ulush berurmiz», — dedilar. Odamlar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uchun buni (ya’ni, asirlarni Havozin qabilasiga topshirmoqni) ma’qul ko‘rdik!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Biz qaysi biringiz bunga rozisiz-u qaysi biringiz rozi emassiz, bilmasmiz. Boringizlar, (oqsoqollaringiz birlan maslahatlashingizlar), keyin ular ne qarorga kelganingizni bizga ma’lum qilsinlar!» — dedilar. Odamlar (o‘z oqsoqollari oldiga) bordilar, oqsoqollar (asirlarni qaytarib bermoq ma’qulligini ularga maslahat berdilar. Barchalari shunga rozi bo‘lgach), oqsoqollar Janob Rasulullohning qoshlariga kelib, barcha odamlar asirlarning qaytarib berilmog‘iga rozi ekanligini ma’lum qildilar».

Zahdam raziyallohu anhurivoyag qiladilar: «Biz Abu Musoning huzurida o‘ltirgan erdik, (pishirilgan) tovuq nari (xo‘roz) keltirildi. Shunda ul kishining hueurlarida Banu Tamimilloh qabilasiga mansub bir rangi qizg‘ish kishi ham o‘ltirgan bo‘lib, u chamamda mavlolardan (ozod qilingan qullardan) erdi. Abu Muso uni taomga taklif qilib erdilar, u: «Men uning bir (iflos) narsani yeganini ko‘rgandurman, shul bois men undan hazar qilurman, (uning go‘shtini hech qachon) yemasman, deb ont ichgandurman», — dedi. Abu Muso unga: «Beriroq kel, men sizlarga shul xususda (ya’ni, qasam ichish xususida) bir hadis aytib berayin! (Voqea bunday bo‘lgan erdi: Tabuk g‘azoti vaqtida) men bir guruh ash’ariylar birlan birga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, o‘zimiz minib ketmog‘imiz hamda yuklarimizni ham ortib olmog‘imiz uchun ul zotdan bir necha tuya so‘radim. Shunda Janob Rasululloh: «Olloh taolo haqi, sizlarni (biror ulovga) mindirib yubora olmasman, menda sizlarni mindirib yuboradirgan ulovning o‘zi yo‘q!» — dedilar. So‘ng, hech qancha vaqt utmay, Janob Rasulullohga o‘lja olingan tuyalarni olib kelib qolishdi. Janob Rasululloh bizni surishtirib: «Boyagi ashariylar qani?» — dedilar. Keyin, bizga o‘rkachi oq beshta podacha (ya’ni, ikkitadan to to‘qqiztagacha tuyalardan iborat kichik bir poda) berilmog‘ini amr qildilar. Biz tuyalarga minib yo‘lga tushgach: «Qilgan ishimiz bizga aslo xayriyat keltirmas, (biz Janob Rasulullohning ont ichganlariga e’tibor bermay, tuyalarni minib kelaverdik!)» — dsya ul zotning huzurlariga qaytib bordik-da: «(Yo Rasulalloh), biz boya sizdan ulov so‘raganimizda ont ichib ulov bera olmasligingizni aytib erdingiz, keyin ont ichganingizni unutdingizmi?» — dedik. Shunda ul zot: «Sizlarni ulovga men emas, Olloh taolo mindirib yubordi. Men esam, Olloh taolo haqi, inshoolloh, avval ichgan qasamimdan boshqa bir qasamni afzal ko‘rib, qasam ustiga qasam ichmasman, magaram avvalgi qasamimni halollab olibgina (unga kafforat beribgina) o‘shal afzal qasamni ichurman», — dedilar».

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (to‘rt ming kishidan iborat) qo‘shinni Najd tomonga jo‘natdilar, ularning orasida Abdulloh ibn Umar ham bor erdi. Ular ko‘plab tuyalarni o‘lja olib qaytishdi. Ularning (har biriga ajratilgan) ulush o‘n ikki (yoki o‘n bir) tuyadan iborat bo‘ldi. Keyin, har biriga yana qo‘shimcha bittadan tuya berildi».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ljalarni barcha qo‘shinga taqsim qilganlariga qaramay, g‘azotga yuborilgan ayrim mujohidlar guruhiga maxsus qo‘shimcha ulush berur erdilar».

Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Yamandaligimizda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning chiqqanlari (ya’ni, Islomga ochiq da’vat qilib chiqqanlari yoxud hijrat qilib chiqqanlari) haqida bizga xabar yetib keldi. Biz, ya’ni men va aka-ukalarim (ulardan biri Abu Burda, ikkinchisi Abu Ruham bo‘lib, men ularning eng kenjasi erdim) qavmimizdan bir qancha (yoki ellik uch yo ellik ikki) kishilar birlan birgaliqda ul zot tomon hijrat qilib chiqib, bir kemaga mindik, u bizni Habashiston podshohi Najoshiy huzuriga olib borib qo‘ydi. Biz Ja’far ibn Abu Tolib birlan uning hamrohlarini uning huzurida uchratdik. Shunda Ja’far: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizni shul yerga jo‘natib, shul yerda yashab turmog‘imizni amr qildilar, biz birlan yashayverintizlar!» — dedi. Biz u birlan birga istiqomat qilib qolib, keyin barchamiz birgaliqda yo‘lga chiqdik-da, Janob Rasulullohni Xaybarni fath qilganlarida uchratdik. Ul zot o‘ljalardan bizga ham ulush berdilar, ammo kemamiz ahli birlan Ja’far va uning hamrohlaridan bo‘lak Xaybar fathida ishtirok qilmagan biror kishiga o‘ljalardan ulush bermadilar».

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar menga (ya’ni, Baytulmolga) Bahrayn moli (ya’ni, Bahrayndagi zimmiylardan jizya — jon solig‘i uchun yig‘ib olingan mol) kelsa, senga (undan) mana shuncha va mana shuncha berurman», — dedilar. Ammo, Bahrayn moli kelmasidan burun ul zot vafot etib qoldilar. Keyin, Bahrayn moli kelganda Abu Bakr (as-Siddiq raziyallohu anhu bir kishiga) buyurib erdilar, u: «Kimning Janob Rasulullohda qarzi bo‘lsa yoxud (ul zot unga ushbu moldan ulush) va’da qilgan bo‘lsalar, bizning huzurimizga kelsin!» — deb ovoza qildi. Shunda men Abu Bakr (as-Siddiq raziyallohu anhu)ning huzurlariga borib: «Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (bul moldan) menga mana shuncha va mana shuncha (beraman), deb (va’da qilib) erdilar», — dedim. Abu Bakr (as-Siddiq raziyallohu anhu) menga undan uch hovuch berdilar».

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ji’ronada o‘ljalarni taqsim qilayotgan erdilar, bir kishi ul zotga: «Adolat qilingiz!» — dedi. Shunda Janob Rasululloh unga: «Sho‘ring qursin, agar men adolat qilmasam, (unda kim adolat qilur?!)»— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:27:56

15-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning xums olmay, asirlarga muruvvat qilmoqchi bo‘lganlari haqida

Muhammad ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Badr asirlari haqida: «Agar Mutim ibn Adiy tirik bo‘lib, menga anavi qo‘lansalar xususida iltimos qilganda, (uning hurmati uchun) xums olmay, ularni unga (tirik) topshirgan bo‘lur erdim!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:28:10

16-bob. Xumsning imomning tasarrufida ekanligiga yana bir dalil shuki, u ba’zi qarindoshlariga (xumsdan in’om) berib, ba’zilariga bermaydi

Jubayr ibn Mut’im raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men va Usmon ibn Affon ikkalamiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib: «Yo Rasulalloh, Banu Muttalibga (Xaybar xumsidan in’om) berib, bizga bermadingiz, axir biz birlan ular (nasab jihatidan) sizga bir xil o‘rindamiz-ku?!» — dedik. Shunda ul zot: «Darhaqiqat, Banu Muttalib va Banu Hoshim ikkisi bir narsadur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:28:25

17-bob. Aslobdan (ya’ni, g‘azotda o‘ldirilgan kofirning qurol-aslaha, kiyim, ulov va boshqa narsalaridan) xums olmagan kishi; kim bir kofirni o‘ldirsa, uning aslobi, xums olinmay, o‘shal o‘ldirgan kishiga berilur; imomning shul xususdagi hukmi

Abdurrahmon ibn Avf raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Badr (g‘azoti) kuni men (mujohidlar) safida (jang qilib) turganimda o‘nggu so‘limga qarab, ikki yigitchaga ko‘zim tushdi. Shunda ul yigitchalarning yaxshi jang qila olishidan shubhalangandek bo‘lib erdim, ulardan biri (qo‘limdan) ushlab: «Ey amaki, Abu Jahlni taniysizmi?» — dedi. Men: «Ha, (taniyman), ammo u senga nimaga kerak bo‘lib qoldi, ey jiyanim?» — dedim. U: «Eshitdimki, Abu Jahl Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni haqorat qilar erkan. Jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, agar uni ko‘rsam, toki ikkimizdan ajali yaqinrog‘imiz o‘lmaguncha, qoram uning qorasidan ajralmas!»— dedi. Men uning bul shijoatidan hayratda qoldim. Keyin, ikkinchi yigitcha ham (qo‘limdan) ushlab, menga aynan shunday dedi. So‘ng, men tezda (dushman tomon) nazar tashlab, Abu Jahlni (izlab topdim), u odamlar orasida bezovtalik birlan u yoqdan bu yoqqa yelib yugurar erdi. Men yigitchalarga: «(Hov) anavi kishi sizlar mendan so‘ragan odamdur», — dedim. Shunda ikkala yigitcha tezlikda Abu Jahlning oldiga yetib borib, (qilichlari birlan) uni chopib o‘ldirishdi. Keyin, ikkalasi) Janob Rasulullohning qoshlariga borib, ul zotga (shul haqda) xabar berishdi. Janob Rasululloh: «Uni qaysi biringiz o‘ldirdingiz?» — dedilar. Ularning har biri: «Uni men o‘ldirdim», — dedi. Janob Rasululloh: «Qilichlaringizni artib  tashladingizlarmi?» — dedilar. Ikkalasi: «Yo‘q, (hali artganimiz yo‘q)», — deyishdi. Janob Rasululloh ikkala qilichni qarab ko‘rgach: «(Darhaqiqat), uni ikkalangiz o‘ldiribsizlar»,— dedilar. (Ikkala yigitchadan biri Muoz ibn Afro’, ikkinchisi Muoz ibn Amr ibn al-Jamuh bo‘lib), Janob Rasululloh Abu Jahlning qurol-yarog, kiyim, ulov va boshqa narsalarini Muoz ibn Amr ibn al-Jamuhga berdilar. Ikkala yigitcha (ham Afro’ degan ayolning o‘g‘li bo‘lib, otalari boshqa-boshqa erdi. Birini) Muoz ibn Afro’ va (ikkinchisini) Muoz ibn Amr ibn al-Jamuh (deb atashar) erdi. (Ba’zi ulamolar: «Janob Rasululloh Abu Jahlning qurol-yarog‘ va boshqa narsalarini ikkala yigitchaga bo‘lib bermay, ulardan birigagina berdilar, chunki Abu Jahlga qattiqroq qilich urgan o‘shal yigitcha bo‘lib, kuchsizroq zarba urgan ikkinchi yigitchaning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida «Ikkalangiz o‘ldiribsizlar» deb aytganlar», — deyishadi. Ba’zi ulamolar ersa: «O’ljalar imomning ixtiyorida bo‘lib, ularni o‘zi xohlagancha tasarruf qilur», — deyishadi).

Abu Qatoda raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Hunayn yili Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga yo‘lga chiqdik. Dushmanga to‘qnash kelganimizda musulmonlar bir oz sarosimaga tushdilar. Shunda men bir mushrikning bir musulmondan ustunlik qilayottanini ko‘rib qoldim-da, (tezda) uning orqasidan pisib borib, bo‘ynining tomiriga qilich urdim. U o‘girilib, meni shunday qisdiki, hatto o‘limning hidini sezdim. Keyin, u jon taslim qilib, meni qo‘yib yubordi. So‘ng, men Umar ibn al-Xattobga yetib oldim-da: «Bugun odamlarga ne bo‘ldi?» — dedim. Ul kishi: «Olloh taoloning irodasi», — dedilar. So‘ng, odamlar Janob Rasulullohning qoshlariga qaytishdi. Ul zot o‘ltirgach: «Kimki bir mushrikni o‘ldirgan bo‘lsa-yu, o‘ldirganini isbotlay olsa, uning qurol-yarog‘, kiyim va boshqa narsalari o‘zinikidur», — dedilar. Shunda men o‘rnimdan turib: «Kim mening (bir mushrikni o‘ldirganimga) guvohlik berur?» — dedim-da, joyimga o‘ltirdim. Janob Rasululloh yana: «Kimki bir mushrikni o‘ldirgan bo‘lsa-yu, buni isbotlay olsa, uning qurol-yarog‘, kiyim va boshqa narsalari o‘zinikidur», — dedilar. Men yana o‘rnimdan turib: «Kim mening (bir mushrikni o‘ldirganimga) guvohlik berur?» — dedim-da, joyimga o‘ltirdim. Janob Rasululloh uchinchi marta boyagi gaplarini takrorladilar, men ham o‘rnimdan turib boyagi savolimni takrorladim. Shunda ul zot: «Ey Abu Qatoda, senga ne bo‘ldi?» — dedilar. Men bo‘lgan voqeani aytib berib erdim, bir kishi: «Yo Rasulalloh, u to‘g‘ri aytdi, (u o‘ldirgan mushrikning) narsalari menda, men uni rozi qilurman», — dedi. Abu Bakr as-Siddiq raziyallohu anhu unga: «Yo‘q, aslo, Olloh taolo haqi, Janob Rasululloh boyagi gaplarini aytganlarida Olloh taolo birlan uning Rasuli uchun jang qilgan parvardigor sherlarining biridan o‘ljasini olib senga bermoqni istamagan erdilar!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Abu Bakr to‘g‘ri aytdilar», — dedilar. So‘ng, boyagi kishi o‘ljamni menga berdi, men uni sotib, Banu Salamadan bir bog‘ xarid qildim, bu mening Islomdagi dastlabki bisotim erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:28:38

18-bob. Janob Rasulullohning Islomga do‘st bulsinlar deb Quraysh va boshqalarga xums va shu kabilardan (tuhfalar) berib turganlari haqida

Hakim ibn Hizom raziyallohu anhu rivoyat qiladilar; «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan (tuhfa) so‘radim, berdilar, so‘ng (yana) so‘radim, (yana) berdilar, keyin (yana) so‘radim, (yana) berdilar. So‘ng, ul zot: «Ey Hakim, bul mol degan narsa (kishini o‘ziga tortguvchi) yam-yashil, shirin-shakar (mevali bir bog‘ yokim bir daraxtga o‘xshaydiki), undan kimki ochko‘zlik qilmay, nafsiga yarasha olsa, barakali bo‘lur va kimki baloi nafsining so‘ziga kirib, ortiqcha olsa, bebaraka bo‘lur. (Bunday odam) yeb to‘ymas mechkay (it) kabidur. Ko‘tarilgan (ya’ni, mehnat qilib, xayr-ehson qilguvchi) qo‘l tushirilgan (ya’ni, mehnat qilmay, tilamchilik qiladirgan) qo‘ldan afzaldur!» — deb marhamat qildilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, endi dunyodan kuz yumgunimga qadar ham pastkashlik qilib biror kishidan biror narsa so‘ramasman!» — dedim».
Abu Bakr as-Siddiq raziyallohu anhu (xalifa bo‘lgan kezlarida) tuhfa bermoqchi bo‘lib Hakimni chaqirdilar, ammo ul kishi olmadilar. Keyin, Hazrat Umar raziyallohu anhu ham (xalifa bo‘lganlarida) tuhfa berish uchun Hakimni chaqirib erdilar, olmadilar. Shunda Hazrat Umar: «Ey musulmonlar jamoasi, sizlarni guvoh qilib aytamanki, Hakimga mana bu o‘ljalardan o‘z haqini olmoqni taklif qilsam, olmayotir!» — dedilar. Hakim o‘shanda Janob Rasulullohdan tuhfa so‘raganlaridan keyin, bu dunyodan ko‘z yumgunlariga qadar ham o‘zlarini kamsitib biror kishidan biror narsa so‘ramadilar».

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu: «Yo Rasulalloh, johiliyat davrida bir (kecha-)kunduz e’tikof qilmog‘imni nazr qilib qo‘ygan erdim, (endi ne qilayin?)» — dedilar. Janob Rasululloh: «Nazringga vafo qil!» — deb amr qildilar».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar raziyallohu anhuga Hunayn asirlaridan ikki qizcha ulush qilib berildi. Ul kishi ularni Makkadagi uylardan biriga junatdilar. Keyin, Janob Rasululloh Hunayn asirlarini (Islomga kirganlari uchun xums olmay) ozod qildilar. Ular shosha-pisha ko‘chalar buylab uylariga qayta boshlashdi. Hazrat Umar: «Ey Abdo‘lloh, qara-chi, ne bo‘libdi?» — dedilar. Men (surishtirib kelgach): «Janob Rasululloh Hunayn asirlarini (Islomga kirganlari uchun xums olmay) ozod qilibdilar», — dedim. Hazrat Umar: «Bor, ikki (asira) qizchani qo‘yib yubor!»— dedilar».

Amr ibn Tag‘lib raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir qavmga (xumsdan) tuhfalar berib, boshqalarga bermagan erdilar, ular norozi bo‘lgandek bo‘lishdi. Shunda ul zot: «Men bir qavmga tuhfa bersam, ularning (Islomdan) aynib qolishlari va sabr-qanoatsiz ekanliklaridan cho‘chib (tuhfa) berurman. (Boshqa) qavmlarning ersa Olloh taolo qalblariga jo qilgan qanoatu iymonlariga ishonurman. Shundaylardan biri Amr ibn Tag‘libdur!» — deb marhamat qildilar. Janob Rasulullohning bul so‘zlari mening uchun eng sara tuyalar podasiga ega bo‘lmoqdan ham afzalroqdur!».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayxi va sallam: «Men Qurayshga Islomga do‘st bo‘lsinlar, deb tuhfalar berurman, chunki ular yaqindagina johiliyatda (ya’ni, kofir) erdilar», — dedilar».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Olloh taolo o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamga Havozin mollaridan (urushsiz) o‘ljalar ato etganida, ul zot Quraysh kishilariga yuzta tuyani bo‘lib bera boshladilar. Shunda bir guruh ansorlar: «Olloh taolo Rasulullohni mag‘firat qilsin! Ul zot Qurayshga o‘ljalardan ulush berayotirlar-u, ammo bizlarga bermayotirlar, vaholanki ularning (ya’ni, Quraysh kofirlarining) qonlari qilichlarimizdan hanuz tomib turibdi!» — deyishdi. Ansorlarning bul gaplari Janob Rasulullohga yetkazilib erdi, ul zot odam yuborib, ularni chaqirtirdilar-da, teridan qilingan bir chodir ostiga to‘pladilar, ul yerda ulardan bo‘lak biror kishini qoldirmadilar. Barcha ansorlar chodir ostiga to‘plangach, Janob Rasululloh kelib: «Sizlar xususingizda menga yetkazilgan gap qanday gap bo‘ldi?!» — dedilar. Shunda ularning fahm-farosatlilari: «Biz birlan hamfikr va so‘zimizga kiradigan kishilar biror narsa deyishgani yo‘q. Ammo, oramizda yosh-yalanglar bo‘lib, ana o‘shalar: «Olloh taolo Rasulullohni mag‘firat qilsin! Ul zot Qurayshga o‘ljalardan ulush berayotirlar-u, lekin bizga bermayotirlar, vaholanki ularning qonlari qilichlarimizdan hanuz tomib turibdi!» — deb aytishdi», — deyishdi. Janob Rasululloh ularga javoban: «Men kechagina kofir bo‘lgan kishilarga (tuhfalar) berurman. Odamlarning o‘zlari birlan mollarni (o‘ljalarni) olib ketmog‘iga, o‘zlaringizning ersa Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga uylaringizga qaytmog‘ingizga rozi bo‘lmassizlarmi? Olloh taolo haqi, sizlar olib qaytadirgan narsa, ular olib qaytadirgan narsadan afzaldur!» — dedilar. Ular: «Ha, shunday, yo Rasulalloh, biz (siz birlan qaytmoqqa) rozimiz!» — deyishdi. Janob, Rasululloh: «Sizlar mendan keyin qattiq istibdodni — (ya’ni, hukmdorlarning mol-dunyo orttirish birlan mashg‘ul bo‘lib, o‘zlaringizni xoru zor va muhtoj qilganlarini) ko‘rursizlar. Olloh taologa ro‘baro‘ bo‘lguningizga qadar va uning Rasuli sallallohu alayhi va sallam birlan Havzi Kavsar bo‘yida uchrashguningizgacha sabr qilingizlar!» — deb marhamat qildilar».

Muhammad ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Jubayr ibn Mut’im odamlar birlan birga Hunayndan qaytayotgan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yonlarida kelayotgan erdilar. Shunda badaviylar o‘ljalardan ulush bermoqlarini so‘rab, ul zotga shul qadar yopishib olishdiki, hatto bir samura (daraxtining) ostiga (borib dam olmoqqa) majbur bo‘ldilar. O’shal daraxt tomon ketayotganlarida ridolarini (tikanlar yoxud badaviylar) yechib oldi. Janob Rasululloh to‘xtab: «Ridoimni beringizlar! Agar mana shu daraxt tikanaklarichalik tuyalarim bo‘lganida ham, keyin meni baxil, yolg‘onchi va qo‘rqoq demasliklaringiz uchun, hammasini sizlarga bo‘lib bergan bulur erdim», — dedilar».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga piyoda ketayotgan erdim, ul zot yoqasi dag‘al (qattiq) bir najroniy chopon kiyib olgan erdilar. Shunda bir badaviy ortlaridan yetib kelib, (choponlaridan) shunchalik qattiq tortdiki, hatto men muborak bo‘yinlariga choponlari yoqasining izi tushib qolganini ko‘rdim. Keyin, o‘shal badaviy ul zotga: «Olloh taoloning o‘zingizdagi molidan menga tuhfa bermoqni amr qilingiz!» — dedi. Janob Rasululloh unga ugirilib qaradilar-da, kulib quydilar. So‘ng, unga tuhfa bermoqni amr qildilar».

Abdulloh (ibn Mas’ud) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hunayn kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (o‘ljalarni) taqsim qilayotib bir necha kishiga (boshqalarga nisbatan) ko‘proq ulush berdilar. Aqra’ ibn Hobisga yuzta, Uyayna ibn Hisnga ham shuncha tuya berdilar. O’shal kuni bir necha arab zodagonlariga ham boshqalardan ko‘ra ko‘proq tuhfalar berdilar. Shunda bir kishi: «Olloh taolo haqi, bu taqsimotda adolat qilinmadi, men (o‘ljalarning) Olloh taoloni yuz-xotir qilib taqsimlanmog‘ini istayman!» — dedi. Men (uning bul gapidan darg‘azab bo‘lib): «Olloh taolo haqi, men buni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytmay qo‘ymayman!» — dedim-da, ul zotning huzurlariga borib, aytib berdim. Janob Rasululloh: «Agar Olloh taolo birlan uning Rasuli adolat qilmasa, unda kim adolat qilur?! Olloh taolo Muso alayhissalomni rahmat qilsin, ul kishi bundan qattiqroq aziyat stkazilganda ham, sabr qilgan erdilar», — dedilar».

Asmo rashyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men donlarni boshimga qo‘yib Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (erim) Zubayrga ulush qilib bergan yerdan ko‘tarib borur erdim. Ul yer mening uyimdan uchdan ikki farsax narida erdi».

Hishom raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zubayrga Banu an-Nazirning o‘lja olingan yerlaridan ulush ajratib bergan erdilar», — deydilar.

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob yahudiy va nasarolarni Hijoz yerlaridan badarg‘a qildilar. (Chunki), Janob Rasululloh Xaybar ahli ustidan g‘alaba qilganlarida yahudiylarni ul yerdan badarg‘a qilmoqni iroda qilgan erdilar. Janob Rasululloh Xaybar ustidan zafar qozongan (dastlabki vaqtlarda) uning yerlari yahudiylarniki, Rasulullohniki va musulmonlarniki erdi. (Ya’ni, Xaybarning bir qismi jang birlan va bir qismi tinchlik birlan fath qilingan bo‘lib, jang birlan fath qilingan qismi Rasululloh birlan musulmonlarniki, tinchlik birlan fath qilingan qismi ersa yahudiylarniki erdi. Keyin, Janob Rasululloh yahudiylarni, Islomga kiravermagach, Xaybardan badarg‘a qilmoqchi bo‘ldilar. Shunda) yahudiylar (yillik) hosilning yarmini berish sharti birlan (o‘zlariga tegishli yerlarda) qoldirilmoqlarini Janob Rasulullohdan iltimos qilishdi. Janob Rasululloh ularga: «Biz sizlarni shu shart birlan o‘zimiz iroda qilgan vaqtga qadar qoldirurmiz», — dedilar. So‘ng, yahudiylar, toki Hazrat Umar ularni Taymo va Ariyhoga badarg‘a qilgunlariga qadar, Xaybarda yashab qolishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 07:29:03

19-bob. Urush bo‘layotgan yerlarda yeguliklarni (o‘lja qilib) olmoq haqida

Abdulloh ibn Mug‘affal raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Xaybar qo‘rg‘onini qamal qilib turgan erdik, bir odam bir xalta (dumba) yog‘ tashladi. Men uni olaman, deb irg‘ib o‘rnimdan turib erdim, qarasam yonginamda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam turibdilar, biram uyalib ketdimki!».

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz g‘azotlarimizda asal va uzumlarni (o‘lja qilib) olib, tanovul qilur erdik, ularni tashlab yubormas erdik».

Ibn Abu Avfo raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Xaybar qamali vaqtida bizni ochlik qiynab yubordi. Xaybar fath qilinadirgan kuni biz bir necha xonaki eshaklarni tutib, so‘ydik. Qozonlar qaynab turganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning jarchilari: «Qozonlarni ag‘darib tashlangizlar, eshak go‘shtidan zarracha yemangizlar!» — deb jar soldi. Shunda biz: «Janob Rasululloh (o‘ljalardan) xums olinmagani uchun eshak go‘shtini yemoqdan qaytargan bo‘lsalar kerak», — dedik. Boshqalar: «Qat’iyan man’ qildilar»,— deyishdi. Keyin, men Sa’id ibn Jubayrdan (shul haqda) so‘rab erdim, u: «(Xums olinmagani uchun emas, balki) qat’iyan man’ qildilar» — deb aytdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Avgust 2008, 09:05:23

Bismillahir rohmanir rohiym

1-bob. Jizya haqida hamda zimma va harb ahli birlan sulh tuzish xususida. Yahudiylar, nasroniylar, majusiylar va ajamiylardan jizya olish to‘g‘risida

Olloh taoloning qavli: «Ollohga va Qiyomat kuniga iymon keltirmaydirgan, Olloh va uning Rasuli harom degan narsani harom deb bilmaydirgan, haq (ya’ni, Islom) dinini qabul etmaydirgan kitobiylardan bo‘lmish kimsalarga qarshi toki  ular xor (mag‘lub) bo‘lib o‘z qo‘llari birlan jizya bergunlariga qadar jang qilingizlar!» («Tavba» surasi, 29-oyat).

(«Zimma ahli» yoxud «Zimmiylar» — Islom davlatida musulmon hukmdorga tobe bo‘lib yashayotgan hamda o‘zlarining jonu mol-mulklarini musulmonlar omon saqlamoqlari uchun har yili jizya solig‘i to‘lab turmoqlarini o‘z zimmalariga olgan g‘ayridinlardur. «Harb ahli», ya’ni «Urush ahli» ersa Islom da’vatiga tobe bo‘lmagan hamda musulmonlarga qarshi urush olib borayotgan yoki urush holatida bo‘lgan biror g‘ayri din davlat, mamlakat, shahar yo qishloq aholisidur).

Bijola raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Umar raziyallohu anhu vafotlaridan bir yil burun Basra ahliga maktub yozib: «(Nikohlanayotgan) har ikki mahram sohibini majusiylardan ajratib quyingizlar!» — deb amr qildilar. Hazrat Umar toki Abdurrahmon ibn Avf Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Hajar majusiylaridan jizya olganlari xususida dalil keltirmagunlariga qadar majusiylardan jizya olmagan erdilar». [Chunki, ul kishi majusiylarni kitob ahli emas, deb hisoblab: «Jizya faqat kitob ahlidan olinishi kerak», — der erdilar. Abdurrahmon ibn Avf: «Men Janob Rasulullohning «Majusiylarga ham kitob ahliga nisbatan qo‘llanadirgan qonunni joriy qilingizlar!» deganlarini eshitganman» — deb dalil keltirganlaridan so‘nggina ulardan jizya oladirgan bo‘ldilar. Hazrat Umarning «(Nikohlanayotgan) har ikki mahram sohibini majusiylardan ajratib qo‘yingizlar!», ya’ni «Majusiylarni musulmonlarning nikoh tuylariga qo‘ymangizlar!» deb amr qilganlarining boisi — ularning kitob ahlidan emasliklari hamda ular xususida quyidagi rivoyatning mavjudligi bo‘lsa, ehtimol: «Qadim zamonlarda majusiylar ham kitob ahli bo‘lganlar. Ammo, bir kuni ularning hukmdori sharob ichib, Mastlik chog‘ida o‘z singlisini jimo’ qilib qo‘ygan. Ertasiga, qayfi tarqagach, tama’ ahlini o‘z huzuriga chorlab, ularga ko‘plab tuhfalar in’om qilgan-da, so‘ng: «Odam Ato ham o‘z o‘g‘illarini o‘z qizlariga uylantirgandurlar», — deb aytgan. Shunda tuhfalar birlan ko‘zu og‘zi bog‘langan tama’ ahli unga ta’zim qilib, lom-mim demagan, ba’zi qarshi chiqqanlarni ersa u qatl qilgan. Keyin, ularning kitoblari ham, kitoblaridan qalblariga jo bo‘lib qolgan barcha narsalar ham mahv qilinib, butunlay unuttirilgan].

Amr ibn Avf al-Ansoriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Ubayda ibn al-Jarrohni Bahrayn ahlidan jizya undirib kelmoq uchun jo‘natdilar, (chunki ularning ko‘pchiligi majusiylar erdi). Bir vaqtlar Janob Rasulullohning o‘zlari Bahrayn majusiylari birlan sulh tuzib, ularga Alo ibn al-Xazramiyni amir etib tayinlagan erdilar. Abu Ubayda Bahrayndan (jizyaga undirilgan) mollarni keltirdilar. Ansorlar ul kishining kelganlarini eshitishib, Janob Rasululloh birlan birga bomdod o‘qimoq uchun (ul zotning masjidlariga) to‘planishdi, (aslida ersa ular favqulodda holat yuz bermagan vaqtlarda ko‘pincha o‘z masjidlarida namoz o‘qishar erdi. Shul boisdan ul zot ularning ne maqsadda bul yerga kelib namoz o‘qishayotganini fahmladilar). Janob Rasululloh bomdodni o‘qib bo‘lgach, (uylariga) ketayotgan erdilar, ansorlar yo‘llarini to‘sib olishdi. Janob Rasululloh buni ko‘rib tabassum qildilar-da: «Abu Ubayda biror narsa olib kelganini eshitganmisizlar deyman?!» — dedilar. Ular: «Ha, yo Rasulalloh!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Xursand bo‘lingizlar, o‘zingizni xursand qiladirgan narsadan umidvor bo‘lingizlar! Olloh taolo haqi, men boshingizga faqirlik (balosi) tushmog‘idan aslo qo‘rqmasman! Ammo, men sizlardan ilgarigilar boshiga tushgani kabi boshingizga boylik (balosi) tushib, sizlarning ham ular singari kim o‘zarga boylik to‘plamog‘ingizdan hamda boylik ularni halok qilgani yanglig sizlarni ham halok qilmog‘idan qo‘rqurman!» — dedilar».

Jubayr ibn Hayya raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Umar raziyallohu anhu odamlarni mushriklar birlan jang qilmoq uchun (Eronning) bir qancha katta shaharlariga jo‘natdilar. (Ikki o‘rtada qattiq jang bo‘lib, Madoin shahri fath etildi), Hurmuz taslim bo‘ldi. (Keyin, musulmon qo‘shinining qumondoni Abu Muso al-Ash’ariy uni Hazrat Umarning huzurlariga jo‘natdilar). Hazrat Umar unga: «Men o‘zimning bul g‘azotlarim xususida sendan maslahat so‘rar bo‘lsam, maslahat berurmisan?» — dedilar. Shunda Hurmuz: «Ha, (sizga bunday deb maslahat berurman): Faraz qilingki, Yer yuzidagi odamlardan musulmonlarga dushman bo‘lganlari bir qushdur. Qushning ersa boshi, ikki qanoti va ikki oyog‘i bordur. Agar uning qanotlaridan biri sinsa, ikki oyog‘i, (omon qolgan) qanoti va boshi birlan kun ko‘ravergay, basharti ikkinchi qanoti singanda ham, ikki oyog‘i va boshi birlan kun ko‘ravergay va agar boshi sinsa, ul holda ikki oyog‘i ham, ikki qanoti ham, boshining o‘zi ham mutlaqo harakatdan qolur. Bosh — Xusrav, qanotlardan biri — Qaysar, ikkinchisi ersa forslardur. Musulmonlarga buyuringiz, tezliqda Xusrav tomon borsinlar, (ul bosh bo‘lib, bosh qirqilgach ersa butun tana halok bo‘lur!») — dedi. (Chunki, Xusrav Rum davlati tanasiga bosh yanglig bo‘lmasa-da, o‘shal vaqtda dunyoda eng qudratli podshoh erdi). So‘ng, Umar raziyallohu anhu bir guruh odamlarni Nu’mon ibn Muqarrin boshchiligida (forslar tomon) jo‘natdilar. Musulmonlar dushman yeriga kirib borganlarida Xusrav amirlaridan biri qirq ming kishilik qo‘shin birlan ularning yo‘llarini tusib chiqdi. (Ikki qo‘shin qarama-qarshi saf tortganda forslarning) tarjimoni musulmonlarga: «Sizlardan bir kishi menga so‘zlasin!» — dedi. Shunda Mug‘iyra (ibn Shu’ba): «Ne haqda istasang, surayver!» — dedilar. Tarjimon (mensimagan ohangda): «Kimsizlar?» — dedi. Mug‘iyra: «Biz bir arab jamoasi bo‘lib, gardishning jamiki g‘amu kulfatlari, dardu balolari boshimizdan sira arimas erdi. Azbaroi ochligimizdan teri-yu urug‘larni shimib kun ko‘rar, (g‘oyatda nochorligimizdan) po‘stak kiyib yurar va daraxtu toshlarga ibodat qilar erdik. Biz ana shu ahvolda erkanligimizda osmonlaru yerlar parvardigori bo‘lmish Olloh taolo bizning huzurimizga o‘zimizdan bo‘lgan va biz ota-onasini yaxshi taniydirgan payg‘ambarni yubordi. Keyin, o‘shal Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam toki yolg‘iz Olloh taologagina ibodat qilmaguningizgacha yoxud jizya to‘lamaguningizgacha sizlarga qarshi jang qilmog‘imizni bizga amr qildilar. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam parvardigorimizning bizlardan kimki (jihodda) o‘ldirilsa, o‘shal ondayoq jannatga tushib, mislsiz rohatu farog‘atda bo‘lmog‘i va kimki omon, qolsa, sizlarning bo‘yinlaringizga ega (ya’ni, sizlarni asir olib, mol-mulkingizga ega) bo‘lib qaytmog‘i haqidagi topshirig‘ini bizga xabar qildilar», — dedilar. (Shunda tarjimon: «Sizlar, haqiqatan ham ochlikdan qiynalib kelgan bir arab jamoasisizlar. Istasangizlar, buyuraylik, sizlarga yeguliklar keltirishsin, qorningizni to‘yg‘azib, ortingizga qaytingizlar!» — dedi. Mug‘iyra ular birlan muzokara olib bormoqdan foyda yo‘qligini bilgach, amir No‘‘monni darhol jang boshlashga undadilar. Ammo, shul vaqt kunning birinchi yarmi bo‘lib, havo issiq erdi hamda dushmanning rejalari hali ma’lum emas erdi). Shul boisdan No‘‘mon (jangni kechiktirishga qaror qilib), Mug‘iyraga: «Ehtimol, Olloh taolo siz birlan Janob Rasulullohni shu singari (qudratli qo‘shinga yoxud voqeaga) ro‘baro‘ qilgan (bo‘lsa, ul zot darhol jang boshlamay, avval dushmanning rejalari ma’lum bo‘lmog‘ini hamda shamollar esib, salqin tushmog‘ini kutgandurlar, keyin) sizni (bul qilgan ishlari tufayli) afsusu nadomat chektirib, sharmisor qilib qo‘ymagan bo‘lsalar kerak?! Lekin, men Janob Rasululloh birlan (ko‘p) janglarda birga bo‘lgandurman. Ul zot, agar kunning birinchi yarmida jang qilmagan bo‘lsalar (ya’ni, agar kunning birinchi yarmida dushmanga ro‘baro‘ kelib qolsalar, darhol jang boshlamay, avval dushmanning rejalari ma’lum bo‘lmog‘ini hamda) shamollar esib, (Quyosh botgandan keyingi) namozlar vaqti kelmog‘ini kutar erdilar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Avgust 2008, 09:06:02

2-bob. Agar imom biror shahar hokimi birlan sulh tuzsa, uning fuqarolari ham bul sulhga daxldor bo‘ladimi?

Abu Humayd as-So’idiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Tabukka g‘azot qildik. Shunda Ayla shahri hokimi (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan sulh tuzib, jizya to‘ladi), ul zotga bir oq xachir hadya qildi va chopon kiydirdi. So‘ng, Janob Rasululloh Ayla hokimiga (uning o‘zi birlan fuqaro-siga omonlik berilgani xususida) noma yozib berdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Avgust 2008, 09:06:42

3-bob. Janob Rasululloh (jizya tulab turmoq sharti birlan jonu mollarini omon saqlamoqni) o‘z zimmalariga olgan (g‘ayridin) aholi xususidagi vasiyat

Juvayriya ibn Qudoma at-Tamimiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhuning (vafotlari oldidan) bunday deb vasiyat qilganlarini eshitdim: «Men sizlarga Olloh taoloning zimmasini (ya’ni, Olloh taolo, agar jizya to‘lab tursalar, jonu mollarini omon saqlamoqni o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamning zimmalariga yuklagan g‘ayridin aholi birlan o‘zlaringiz o‘rtangizdagi ahdga vafo qilmoqlaringizni) vasiyat qilurman. Chunki, ul (zimma ahli) payg‘ambaringizning zimmalarida bo‘lib, (ular to‘lab turadirgan jizya) bola-chaqalaringizning rizqidur».

Qayd etilgan