7-bob. Agar mushriklar musulmonlarga xiyonatkorlik qilsa, ular kechiriladimi?
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Xaybar fath qilinganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga (zahar solib pishirilgan) bir quy hadya qilindi. (Uni Zaynab binti al-Horis degan bir yahudiy ayol hadya qilgan erdi. Janob Rasululloh go‘shtdan bir luqma og‘izlariga solishlari hamonoq Olloh taoloning irodasi va inoyati birlan undan «Yo Rasulalloh, yemangiz, menga zahar solmishlar!» degan ovoz chiqdi. Ul zot darhol muborak og‘izlaridagi luqmani tupirib tashladilar). So‘ng, Janob Rasululloh: «Bul yerda mavjud barcha yahudiylarni huzurimga to‘plangizlar!» — dedilar. Ularni to‘plashdi. Janob Rasululloh ularga: «Men sizlarga bir narsa xususida savol berurman, savolimga rost javob berursizlarmi?» — dedilar. Yahudiylar: «Ha», — deyishdi. Janob Rasululloh: «Bobokalonlaringiz kim?» — dedilar. Yahudiylar: «Falonchi» — deb (mutlaqo boshqa odamning nomini) aytishdi. Janob Rasululloh: «Yolg‘on aytdingizlar, bobokalonlaringiz (ul ermas), balki falonchidur», — dedilar. Yahudiylar: «Ha, gapingiz to‘g‘ri», — deyishdi. Keyin, Janob Rasululloh: «Men sizlarga (yana) bir narsa xususida savol bersam, savolimga rost javob berursizlarmi?» — dedilar. Yahudiylar: «Ha, yo Abolqosim! Agar sizga (bul safar ham) yolg‘on so‘zlasak, bobokalonimiz xususida yolg‘on so‘zlaganimizni bilganingizdek, bilib qolursiz», — deyishdi. Janob Rasululloh ularga: «Jahannam ahli kimlar?» — dedilar. Yahudiylar: «Biz unda birrovgina bo‘lurmiz, siz ersangizlar, biz (undan chiqqanimiz)dan keyin, ul yerda (abadiy) qolursizlar», — deyishdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(O’zlaringiz) ul yerga daf bo‘lingizlar! Olloh taolo haqi, biz sizlardan keyin unda abadiy qolmasmiz, (balki sizlarning o‘zlaringiz unda abadiy qolursizlar!)» — dedilar. So‘ng, Janob Rasululloh: «Men sizlarga (yana) bir narsa xususida savol bersam, savolimga rost javob berursizlarmi?» — deb aytdilar. Yahudiylar: «Ha, yo Abolqosim!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Bul qo‘y (go‘shti)ga zahar soldingizlarmi?» — dedilar. Yahudiylar: «Ha», — deyishdi. Janob Rasululloh: «Nechun bunday qildingizlar?» — dedilar. Yahudiylar: «Agar yolg‘onchi (soxta payg‘ambar) bo‘lsangiz, sizdan qutulmoqni istadik va agar chin (payg‘ambar) bo‘lsangiz, ul holda (zahar) sizga zarar qilmaydi, dedik», — deyishdi».
(Suhayliy: «Janob Rasululloh o‘shanda ul yahudiylarni darhol qatl qilmadilar, chunki odati shariflari shunday erdiki, shaxsan o‘zlariga qilingan dushmanlik uchun qasos olmas erdilar. Ammo, ul go‘shtdan yegan Bishr ibn al-Baro zaharlanib o‘lgach, ularni qatl qildilar», — deydilar).