Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502416 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 ... 111 B


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:35:26

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Agar kishi o‘z xotinini to‘shagiga chorlasa-yu, u bosh tortib kelmasa va er tuni birlan undan g‘azablanib chiqsa, maloikalar ul xotinni tongga qadar la’natlashgay».

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilarki, ul kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini eshitgan erkanlar: «Keyin, birmuncha vaqt menga vahiy kelmay qo‘ydi. Bir mahal men (ko‘chada) yurib ketayotgan erdim, nogahon osmondan kelayotgan bir ovozni eshitib qoldim. Shunda nigohimni osmonga qaratib erdim, Hiro’ g‘orida huzurimga kelgan farishtaning osmon birlan yer oralig‘ida kursida o‘ltirganini ko‘rdim. Undan qo‘rqqanimdan hatto yerga yiqilib tushdim, so‘ng oilamga borib: «Meni o‘rab (yashirib) qo‘yingizlar, meni o‘rab qo‘yingizlar!» — dedim. Shunda Olloh taolo «Ey burkanib olgan bandam, o‘rningizdan turingiz-da, (insonlarni oxirat azobidan) ogoxdantiringiz! Yolg‘iz parvardigoringizni ulug‘langiz, liboslaringizni pok tutingiz, butlardan yiroq bo‘lingiz!» degan oyati karimalarini nozil qildi» («Muddassir» surasi, 1—5-oyatlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:35:35

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Men Isro’ kechasi Muso alayhissalomni ko‘rdim, ul kishi qorachadan kelgan, baland bo‘yli va sochlari jingalak kishi erkanlar, go‘yokim Shinva’a kishilariga o‘xshaydilar. Keyin, Iso alayhissalomni ham ko‘rdim, ul kishi o‘rta bo‘yli, qizg‘ish-oqish yuzli va sochlari silliq kishi erkanlar. So‘ng, men Molikni — jahannam xazinachisini hamda Dajjolni ham ko‘rdim. Dajjol Olloh taolo (Qur’onda) aytgan belgilarga ega erkan. Zinhor sen u birlan uchrashmog‘ingga shubhalanma!».

Anas va Abu Bakr raziyallohu anhumo rivoyat qilishadiki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Farishtalar Madinani Dajjoldan qo‘riqlab turgaylar» — deb aytibdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:35:47

7-bob. Jannat tavsifi va uning maxluq ekanligi haqidagi hadislar

Abuloliya bunday deydilar: «(«Baqara» surasining 25-oyatidagi) «mutahharatun» so‘zi jannatdagi ayollarning hayz, peshob (najosat), tupuk kabi iflosliklardan pok bo‘lishlarini anglatur. (Shu oyatdagi) «kullamo ruziquu» iborasi — «har gal jannat ahli jannat mevalaridan bahramand qilinganlarida ularga Olloh taoloning qudrati benihoyat erkanligi namoyon bo‘lgay» degan ma’nodadir. (Va yana shu oyatdagi) «Qoluu hozallaziy ruziqno min qablu» — «Degaylar: «Bu bizga bundan ilgari ham ato etilgan erdi-ku!», «va utuu bihi mutashobihan»— «va berilur ularga bir-biriga o‘xshash (ammo ta’mi mutlaqo o‘zgacha) mevalar» degan ma’nodadir. («Dahr» surasining 14-oyatidagi) «qutuufuho — «o‘zlari xohlagancha (mevalarni) uzib oladilar», «doniyatan» — «yaqin bo‘lur» hamda (13-oyatdagi) «al-aroik» — «surilar» deganidur».

Hasan raziyallohu anhu: «(«Ad-Dahr» surasining 11-oyatidagi) «nazratan va suruuran» «yuzlariga nur va dillariga surur (ato etdi)» degan ma’noda», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:36:41

Mujohidraziyallohu anhu: «(«Ad-Dahr» surasining 18-oyatidagi) «salsabiylan» — «tezoqar chashma», («As-Soffot» surasining 47-oyatidagi) «g‘avlun» — «qorin og‘rig‘i» va «(va lo hum anho) yunzafuuna» — «(va na ular undan) aqldan ozadilar» (ya’ni, «va na mast buladilar») degan mazmundadir», — deydilar. (Ammo, «g‘avlun» suzi «bosh ogrigi» deb tarjima qilinadi, chunki Olloh taolo boshqa bir oyatda: «lo yo‘sadda’uuna anho» — «undan boshlari og‘rimaydi», — deydi).

Ibn Abbos raziyallohu anhu bunday deydilar: «(«An-Nozi’ot» surasining 34-oyatidagi) «dihoqan» — «limma-lim, to‘la» degani, (shu suraning 33-oyatidagi) «kavo’ib» — «kamolga yetgan tengqur qizlar» ma’nosida, («Muhammad» surasining 15-oyatidagi) «xamr» — («Mutaffifuun» surasining 27-oyatidagi) «tasniym» bo‘lib, ul jannatdagi bir chashmadurki, undan faqat muqarrab bandalargina ichurlar, u bu dunyodagi harom ichimliklar singari achchiq, mast qilguvchi va bosh og‘ritguvchi emasdur. (Ana shul suraning 26-oyatidagi) «xitomuhu» — «muhri» degan ma’noda, ya’ni tasniym suvi aralashtirilgan may saqlanuvchi maxsus idish og‘zidagi mushqdan qilingan muhr nazarda tutilgan. «Nazzoxatoni» («Ar-Rahmon» surasi, 66-oyat)— «ikki qaynar (buloq)» demaqdur, «al-mavzuunatu» («Al-Voqi’a» surasi, 15-oyat) — «zar (oltin)dan tuqilgan (taxtlar)» degani, (shu suraning 18-oyatidagi) «akvob» — «jo‘mraksiz va dastasiz idishlar» hamda «aboriyq» — «jumrakli va dastali idishlar», (shu suraning 37-oyatidagi) «uruban» ko‘plikda bo‘lib, birligi -«aruub»dur. Ma’nosi — «noz-karashmali, ishvali qiz». Makka ahli bunday qizni «urba», Madina ahli—«gunja», Iroq ahli — «shakla» deb atashadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:37:33

Mujohid bunday deydilar: «(Al-Voqi’a» surasining 89-oyatidagi) «ravh» — «jannat, rohat-farog‘at», «rayhon» — «rizq», (29-oyatidagi) «manzuud» — «qator tizilgan», (28-oyatidagi) «maxzuud» — «yuki ko‘p, hosili ko‘p» degani bo‘lib, «maxzuud»ning «tikansiz» degan ma’nosi ham mavjud. (37-oyatidagi) «urub» «juftlari uchun sevimli, ehtirosli qizlar», (31-oyatidagi) «maskuub» — «oqar, oqib turgan», (34-oyatidagi) «furush marfuu’a» — «ustma-ust, qalin qilib tushalgan ko‘rpachalar», (25-oyatidagi) «lag‘van» — «behuda» va «ta’siyman» — «gunohovar, yolg‘on-yashiq» degan ma’nodadur. («Ar-Rahmon» surasining 48-oyatidagi) «afnon» — «shoxlar», (54-oyatidagi) «va janol-jannatayni donin» — «har ikkala jannat(dagi daraxtlarning) mevalari shundaygina qo‘l uzatsa yetadirgan masofada», (64-oyatidagi) «mudhommatoni» — «dov-daraxt, o‘t-o‘lanlarining ko‘pligi va sersuvligidan qoramtir (ko‘rinur)» deganidur».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar sizlardan biror kimsa o‘lsa, (qabrda) unga ertami-kechmi boradirgan joyi ko‘rsatiladi, agar u jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan va agar do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan biri bo‘ladi»,— dedilar (ya’ni, jannat ahlidan bo‘lsa, jannatdagi va agar do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zaxdagi joyi ko‘rsatib qo‘yiladi)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:37:48

Imron ibn Husayn bunday deb xabar qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir payt o‘zimni jannatda ko‘rdim, qarasam uning ahlining ko‘pchiligi faqirlar (kambag‘allar) erkan. Keyin, do‘zaxda ham bo‘ldim, qarasam uning ahlining ko‘pchiligi ayollar erkan», — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida o‘ltirganimizda, ul zot: «Bir mahal uxlab yotgan erdim, tush ko‘rdim. Tushimda jannatda turgan emishman. Shunda bir qasr yonida yuvinib-taranib turgan bir ayolga ko‘zim tushdi. Men odamlardan: «Bu kimning qasri?» — deb so‘radim. Ular: «Umar ibn al-Xattobniki», — deyishdi. Buni eshitib, Umarning rashkli erkani yodimga tushdi-da, ortimga qaytib ketdim», — dedilar. Hazrat Umar yig‘lab yubordilar-da: «Nahotki sizdan rashk qilsam, yo Rasulalloh!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:38:52

Abu Bakr ibn Abdulloh ibn Qays al-Ash’ariy otalaridan bunday deb eshitgan erkanlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «(Jannatda ulkan) ichi g‘ovak durdan qilingan, o‘ttiz mil balandliqda ko‘kka bo‘y cho‘zgan bir chodir bo‘lib, uning har bir burchida har bir mo‘min uchun alohida ayollar (hurlar) asrab qo‘yilgandur, ularni boshqalar ko‘ra olmaslar», — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo: «(Jannatda) solih bandalarim uchun ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va inson ko‘ngliga kelmagan ne’matlarni hozirlab quyganman», — deydi, agar istasangizlar, Olloh taoloning «Ular uchun ko‘zlarni quvontiradirgan qanday ne’matlar asrab quyilganini hech jon bilmas» («As-Sajda» surasi, 17-oyat) degan qavlini o‘qingizlar!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:39:01

Abu Hurayra raziyallohu anhuxabar qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytibdilar: «Mo‘minlarning dastlabki guruhi yuzlari tundagi to‘lin oy yanglig‘ balqigan holda jannatga kirib keladilar, endi ular jannatda na tupuradilar, na burun qoqadilar va na yoziladilar. Ularning jannatdagi idishlari oltindan, taroqlari oltinu kumushdan, tutatqidonlari tutatqisi xushbo‘y ud yog‘ochidan bo‘lib, terlaridan mushk hidi taralib turadi. Jannatdagi har bir erkakning ikkitadan hur xotini bo‘lib, ularning boldirlari go‘shti ortidan iligi shundaygina ko‘rinib turadi. Azbaroyi baxtli ekanliklaridan jannatiylar o‘rtasida ixtilof ham, qalblarida o‘zaro nafrat ham bo‘lmaydi, ular barchalari yakdil bo‘lib, Olloh taologa ertayu-kech tasbih aytadilar». (Sindiy: «Ma’lumki, jannatdagi har bir erkakka yetmish uchta hur xotin ato etilur, ehtimol shulardan ikkitasininggina boldirlari yuqorida aytilgan sifatga ega bo‘lsa kerak, yana Olloh taoloning o‘zi yaxshiroq bilur!» — deydilar).

Al-A’raj Abu Hurayra raziyallohu anhudan naql qiladilarki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytibdilar: «Mo‘minlarning dastlabki guruhi yuzlari tulin oy monand balqigan holda jannatga kirib keladilar, ularning bosgan izlaridan eng yorug‘ yulduz shu’lasi kabi bir shu’la taralib turadi. Barchalari yakdil, oralarida o‘zaro ixtilof ham, nafrat ham yo‘q. Har bir mo‘minning ikkitadan hur xotini bo‘lib, ulardan har birining boldirlari go‘shti ortidan iligi kurinib turadi. Barcha benihoyat baxtiyor bo‘lganidan, ertayu-kech Olloh taologa tasbih aytadi. Ular jannatda na kasal bo‘ladilar, na burun qoqadilar va na tupuradilar. Idishlari oltinu kumushdan, taroqlari oltindan, tutatqidonlari tutatqisi xushbuy ud yog‘ochidan buladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:39:11

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ummatlarimdan yetmish ming (yoki yetti yuz ming) kishi jannatga (beso‘roq) kiradi, ular yuzlari to‘lin oydek balqigan holda o‘zaro qo‘l ushlashib bab-barobar kirib kelishadi», — dedilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sundus (kundal) jubba (engi keng ustki libos) hadya qilishdi. Janob Rasululloh (erkaklarni) harir libos kiymoqdan qaytargan bo‘lsalar-da, jubba huzurlaridagilarga yoqib qoldi. Shunda ul zot: «Muhammadning joni qo‘lida bo‘lmish zot haqi, Sa’d ibn Mu’ozning jannatdagi ro‘molchalari bundan yaxshiroqdur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:39:51

Baro ibn Ozib raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir harir libos keltirishdi. Huzurlarida o‘ltirgan kishilar uni ko‘rib, chiroyi va mayinligidan taajjub qilishdi. Shunda ul zot: «Sa’d ibn Mu’ozning jannatdagi ro‘molchalari bundan afzalroqdur!» — dedilar».

Sahl ibn Sa’d as-So’idiy xabar qiladilarki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir qamchi sig‘adigan jannatdagi joy bu dunyo va undagi barcha narsalardan yaxshiroqdur!» — deb aytibdilar.

Qayd etilgan