36-bob. Olloh taoloning qavli: «Darhaqiqat, Yusuf va uning birodarlarida (ya’ni, ular xususidagi qissada) so‘raguvchilar uchun ibratlar bordur» («Yusuf» surasi, 7-oyat)
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Sahobalardan biri) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan: «Odamlarning (Olloh taolo qoshida) eng izzat-ikromlisi kimdur?» — deb so‘radi. Ul zot: «Ularning Olloh taolodan eng ko‘p taqvo qilguvchisi», — dedilar. Sahobalar: «Biz sizdan bul haqda so‘rayotganimiz yo‘q», — deyishdi. Ul zot: «Odamlarning (Olloh taolo qoshida) eng izzat-ikromlisi (Ibrohim) Xalilulloh o‘g‘li (Ishoq) nabiyyulloh o‘g‘li (Ya’qub) nabiyyulloh o‘g‘li Yusuf nabiyyullohdurlar», — dedilar. Sahobalar (yana): «Biz sizdan bul haqda (ham) so‘rayotganimiz yo‘q»,— deyishdi. Shunda ul zot: «Mendan arablarning manbai (asl-nasabi) xususida so‘rayotirsizlarmi? Johiliyat vaqtidagi eng yaxshilari — Islom vaqtidagi eng yaxshilaridur, agar tushungan bo‘lsalar» — deb marhamat qildilar».
Urva ibn Zubayr Oisha raziyallohu anhodan naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (betob vaqtlarida) unga (Oishaga): «Abu Bakrga buyurgil (aytgil), odamlar birlan namoz o‘qisinlar (ya’ni, mening o‘rnimga ularga imomlik qilsinlar)», — dedilar. Oisha: «Ul kishi qalblari nozik, ko‘ngli bo‘sh odamlar, agar o‘rningizga imomlik qilsalar, odamlar birlan namoz o‘qiyolmaydilar, (yig‘lab yuboradilar)»,— dedilar. Janob Rasululloh boyagi gaplarini yana aytib erdilar, Oisha onamiz ham boyagidek javob qildilar. Shu’ba raziyallohu anhu aytadilarki, Janob Rasululloh boyagi gaplarini uch yoki turt bor qaytargach: «Darhaqiqat, siz xotinlar Yusuf (alayhissalom qissasidagi) xotinlar kabidursizlar, Abu Bakrga buyuringizlar (aytingizlar, o‘rnimga imomlik qilsinlar») — deb aytibdilar».