Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502713 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 ... 111 B


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:19:33

Ibn Abbos raziyachlohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir betob badaviyni ko‘rgani (uyiga) kirdilar. Ul zotning odati shariflari shunday erdiki, agar biror kasalni ko‘rgani kirsalar, unga: «Aslo xavotir olma, inshoolloh, dard chekkaning tufayli gunohlaringdan pok bo‘lursan!» — deb dalda berar erdilar. Ul zot boyagi badaviyga ham: «Aslo xavotir olma, inshoolloh, dard chekkaning tufayli gunohlaringdan pok bo‘lursan!» — deb tasalli berdilar. Shunda badaviy: «Darding seni gunohlaringdan poklaydi, dedingizmi». Aslo unday ermas, aksincha bu dard xuruj qilib, mendek bir keksani qabrga yetaklayotir», — dedi. Janob Rasululloh: «Ha, ul holda... (ya’ni, «Men senga: «Aslo xavotir olma, inshoolloh, dard chekkaning tufayli gunohlaringdan pok bo‘lursan, sabr qilgil, gunohlaringni aritguvchi dard yuborgan Olloh taologa shukr qilgil!» — deb nasihat qilganimga qaramay, noumidlik va kufroni ne’matlik qilding. Endi, demak, sen aytganingdek bo‘lur!») — dedilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi nasroniy erdi, keyin u musulmon bo‘lib, «Baqara» va «Oli Imron» suralarini qiroat qilishni o‘rgandi. Bir qancha vaqt Janob Rasulullohga kotiblik qilib yurgach, yana nasroniylikka qaytdi. O’shal kishi: «Muhammad men yozib bergan narsalardan bo‘lak hech narsani bilmaydi» — deb aytar erdi. Olloh taolo uni o‘ldirgach, dafn qilishdi. Ertasiga qarashsa, uni Yer o‘z bag‘ridan chiqarib tashlabdi. Shunda ular (nasroniylar): «Bu Muhammad birlan uning sahobalarining ishi, do‘stimiz ulardan biz tomonga qochib o‘tgani uchun shunday qilishgan» — deb bir chuqurroq qabr kavlab, uni qayta dafn qilishdi. Ertasiga qarashsa, uni Yer yana o‘z bag‘ridan chiqarib tashlabdi. Shunda ular: «Bu Muhammad birlan uning sahobalarining ishi, do‘stimiz ulardan biz tomonga qochib o‘tgani uchun shunday qilishgan» — deya qo‘llaridan kelgancha chuqurroq qabr kavlab, uni yana dafn qilishdi. Ertasiga qarashsa, Yer uni yana o‘z bag‘ridan chiqarib tashlabdi. Shundan so‘ng, nasroniylar uni insonlar toifasidan emas ekan, deb dafn qilmay tashlab ketishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:19:41

Abu Hurayra raziyallohu aihu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Agar Xusrav o‘lsa, undan keyin (Iroqda) Xusrav bo‘lmaydi (ya’ni, arablar yeri bo‘lmish Iroqda fors nodshohlari hukmdorlik qilmaydi) va agar Qaysar o‘lsa, undan keyin (Shomda) Qaysar bo‘lmaydi (ya’ni, arablar yeri bo‘lmish Shomda Rum podshohlari hukmronlik qilmaydi).  Albatta,   ikkisinipg  xazinalari (boyliklari) Olloh taolo yo‘lida ulashilgaydur!».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(O’zini payg‘ambar deb da’vo qilib chiqqan)  Musaylima al-Kazzob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning davrlarida (Madinaga) keldi-da: «Agar Muhammad meni o‘zidan keyin xalifa qilib qoldirsa, unga ergashurman» — deb ovoza qila boshladi.   U (Madinaga) o‘z qavmiga mansub ko‘p kishilar birlan birga   kelgan erdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Sobit ibn Qays ibn Shammos birlan birgaliqda Musaylima al-Kazzob tomon yo‘l oldilar, qo‘llarida xurmo novdasi bo‘lagi bor erdi.  Yetib borgach, hamrohlari orasida turgan Musaylima al-Kazzobning oldida to‘xtadilar-da, unga: «Manavi cho‘pni so‘raganingda ham, uni senga bermasdim, sen Olloh taoloning o‘zing xususingdagi hukmidan aslo qochib qutula olmassan! Agar menga itoat qilmoqdan bo‘yin tovlasang, Olloh taologa osiylik qilsang, parvardigor seni halok qilur. Men tushimda nima ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘sha sensan, deb bilurman, (senga bundan bo‘lak gap aytmayman), endi mening nomimdan mana bu Sobit senga javob qilgay» — deya qaytib ketdilar. Keyinchalik, men Janob Rasulullohning «Men tushimda nimaiki ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘sha sensan, deb bilurman» degan gaplarining mazmunini so‘radim. Shunda Abu Hurayra Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deb aytganlarini menga xabar qildilar: «Bir mahal uxlab yotgan erdim, tushimda ikki qo‘limda ikki oltin bilaguzuk borligini ko‘rdim. Bu meni tashvishlantirdi. Shunda tushimda ikkalasini puflab yubormog‘im vahiy orqali menga amr qilindi, keyin ikkalasini puflab erdim, uchib ketishdi. Men u ikki bilaguzukni o‘zimdan keyin (payg‘ambarlikni da’vo qilib) chiqadirgan ikki kazzob — biri Al-Ansiy va ikkinchisi Yamoma amiri Al-Musaylima, deb ta’bir qildim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:19:49

Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Men tushimda Makkadan bir xurmozor yerga hijrat qilgan ermishman. Shunda men ul yerni Yamoma yoki Hajar deb xayol qilibman, aslida ersa u Madina (Yasrib) erkan. Keyin, men ana shu tushimda qilichimni bir siltashim birlan qoq belidan sinib ketganini ko‘rdim. Bu bir qancha musulmonlarning Uhud g‘azotida shahid bo‘lganidir. So‘ng, qilichimni yana bir siltab erdim, butun bo‘lib qolib, aslidan ham yaxshiroq holga keldi. Bu ersa Olloh taoloning bizga fath (g‘alaba) ato etgani va musulmonlarning hamjihat bo‘lganidir. Keyin, men o‘sha tushimda bir (semiz) sigirni ham ko‘rdim. Olloh taolo haqi, bu yaxshilik (alomati) bo‘lib, parvardigorning Uhud kunidagi (musibatdan so‘ng) mo‘minlarga (yuboradirgan) xayriyati(dan) hamda Badr g‘azotidan keyin uning o‘zi bizga ato etgan ishonch uchun (beradirgan) ajru savobi(dan bir darakdur)».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Fotima raziyallohu anho (Janob Rasulullohning qoshlariga) kirib keldilar, yurishlari (qadam tashlashlari) ul zotning yurishlari kabi erdi. Shunda ul zot Fotimaga: «Xush kelibsan, ey qizalog‘im!» — dedilar-da, uni o‘ng yoki chap yonlariga o‘tqazdilar. So‘ng, uning (qulog‘iga) bir sir aytib erdilar, u yig‘lab yubordi. Men undan: «Nega yig‘layotirsan?» — deb so‘radim. Keyin, ul zot uning (qulog‘iga) yana bir sir aytib erdilar, u kulib yubordi. Men bugungidek xafalikdan so‘ng, shul qadar tez xursand bo‘lgan odamni ko‘rmagan erdim, shul bois men unga: «Ul zot senga nimalar dedilar?» — dedim. U: «Men ul zotning sirlarini, toki hayot erkanlar, fosh qilmasman!» — dedi. Keyin, men Janob Rasululloh vafot qilganlaridan so‘ng shul haqda undan so‘radim. U bunday dedi: «Ul zot (o‘shanda): «Jabroil alayhissalom (ilgarilari) menga Qur’onni bir yilda bir marta o‘rgatur erdilar, bu yil ersa ikki bor o‘rgatdilar. Shundan bildimki, ajalim yaqin erkan. Sen ersang, xonadonim a’zolaridan birinchi bo‘lib menga ergashursan» — deb aytib erdilar. Shunda men yig‘lab yuborgan erdim. Keyin, ul zot: «Sen jannat ahli ayollarining (yoki mo‘minlar ayollarining) sayyidasi bo‘lmog‘ingga rozi ermasmisan?» — deb erdilar, shul bois men kulib yuborgan erdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:19:57

Sa’id ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu Ibn Abbosni (o‘zi hali yosh bo‘lsa ham, zakovati tufayli o‘zlariga) yaqin tutar erdilar. (Bir kuni) Hazrat Umar Ibn Abbosni (ulug‘lar davrasiga olib kirib erdilar), Abdurrahmon ibn Avf (e’tiroz bildirib) ul kishiga: «Buning singari bolalar o‘zimizda ham serob, (yosh bolani nega davramizga olib kirdingiz?)» — dedilar. Shunda Hazrat Umar Ibn Abbosni (din ilmidan) o‘rgansin, deb ularning davrasiga olib kirganlarini aytdilar. So‘ng, Ibn Abbosdan «Izo joa nasrullohi val-fathu» oyatining mazmuni xususida so‘radilar. Ibn Abbos: «Bu Janob Rasulullohning ajallari yaqin erkanligiga ishoradur», — dedi. Hazrat Umar: «Men ham bu oyatning mazmunini sen kabi tushunurman» - dedilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘zlarini ul dunyoga olib ketgan kasalliklari vaqtida yelkalariga choponlarini tashlagan hamda boshlarini qalin belbog‘ birlan tang‘ib olgan holda masjidga chiqdilar-da, minbarga o‘ltirgach, Olloh taologa hamdu sanolar aytdilar. So‘ng: «(Keyinchalik) odamlar ko‘payib ketur. Ansorlar ersa kamayib ketganlaridan tuz taomda qancha miqdor bo‘lsa, ular ham odamlar orasida shuncha miqdor qolgaylar. Sizlardan qaysiningiz qavmga zararu boshqalarga manfaat yetkazuvchi amaldor bo‘lib qolsangiz, ansorlarning yaxshi ishlarini qabul qilib, yomon ishlarini kechiringizlar!» — deb marhamat qildilar. Bu Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ishtirok qilgan eng so‘nggi yig‘in erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:20:06

Abu Bakra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (nabiralari) Hasanni (masjidga) olib chiqdilar-da, u birlan birga minbarga o‘ltirgach: «Mening mana shu o‘g‘lim (nabiram) Hasan tufayli Olloh taolo musulmonlarning ikki (qarama-qarshi) guruhini o‘zaro yarashtirib qo‘ysa, ajab ermas!» — deb marhamat qildilar».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ja’far va Zayd(ning g‘azotda shahid bo‘lganliklari) haqida xabar kelmasidan burun ikki ko‘zlari jiqqa yosh holda shul xususda (sahobalarga) ma’lum qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:20:14

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (uylanganimda menga). «Namatlaringiz bormi?» — dedilar. Men: «Bizda namatlar qayoqdan ham bulsin?!» — dedim. Ul zot: «Nahotki yo‘q bulsa? Kelgusida namatlaringiz bo‘ladi», — dedilar. Men: «(Uyingdagi) namatlaringni biznikiga olib borgil, deb xotinimga aytaman, shunda u: «Axir Janob Rasululloh: «Kelgusida namatlaringiz bo‘ladi» — deb aytmadilarmi? Men namatlarimni qoldirib ketaman» — deydi», — dedim».

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Sa’d ibn Mu’oz umraga niyat qilib yo‘lga chiqdilar-da, Umayya ibn Xalaf Abu Sufyonning uyiga tushdilar. Umayya (ham), agar Shom tomonga boradirgan bo‘lsa, Madina orqali Makkaga o‘tib, Sa’dning uylariga tushar erdi. Umayya Sa’dga: «Tush paytigacha, ya’ni odamlar (issiq elitib tavof qilayotganingizni) bilmay qoladirgan vaqtgacha kutingiz, men ham siz birlan birga chiqib tavof qilurman», — dedi. Keyin. Sa’d tavof qilib turganlarida Abu Jahl kelib qolib: «Ka’bani tavof qilayotgan bul odam kim?» — dedi. Sa’d: «Bu men Sa’dman», — dedilar. Abu Jahl: «Muhammad birlan uning sahobalariga boshpana berib, ularni yashirganlaringizdan keyin ham hech narsadan qo‘rqmay (bamaylixotir) Ka’bani tavof qilayotirsanmi?!» — dedi. Sa’d: «Ha, shunday!» — dedilar. Shul tariqa ikkalalari o‘zaro so‘kishib ketishdi. Shunda Umayya Sa’dga: «Abdulhakimga bunday baqirib gapirmantiz, chunki bul kishi butun vodiy ahlining ulug‘idurlar», — dedi. Sa’d: «Xudo haqi, agar menga Baytullohni tavof qilmog‘imga to‘sqinlik qilsang, men ham senga Shom yo‘lini to‘sib qo‘yaman, savdo karvoning birlan ul yerga o‘tolmaysan!» — dedilar. Umayya: «Bul odamga baqirib gapirmangiz!» — dedi-da, Sa’dni mahkam ushlab oldi. Sa’d darg‘azab bo‘lib: «Bizni o‘z holimizga qo‘yingiz, siz aralashmangiz! Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bul odam sizning qotilingiz bo‘lajagini ta’kidlaganlarini eshitganman», — dedilar. Umayya: «Meni-ya?» — dedi. Sa’d: «Ha», — dedilar. Umayya: «Olloh taolo haqi, Muhammad (alayhissalom) faqat rost so‘zlaydilar» — deya xotinining oldiga qaytib bordi-da, unga: «Bilasanmi, yasriblik (madinalik) birodarim menga nima dedi?» — dedi. Xotini: «Qani, aytingiz-chi, nima dedi?» — dedi. Umayya: «U Janob Rasulullohning Abu Jahl mening qotilim bo‘lajagini aytganlarini eshitganini ta’kidladi», — dedi. Xotini: «Olloh taolo haqi, darhaqiqat Muhammad (alayhissalom) yolg‘on gapirmaydilar», — dedi. So‘ng, (Abu Jahl odamlari o‘z savdo karvonlarini himoya qilmoqqa) Badr tomon otlanganida Abu Jahl kelib (Umayyani ham chaqirdi). Shunda uning xotini: «Yasriblik birodaringizning aytgan gaplari yodingizdan chiqdimi?» — dedi. Umayya Badrga borishdan bosh tortib erdi, Abu Jahl unga: «Sen vodiy ulug‘laridan birisan, biz birlan bir-ikki kun birga yurgil!» — dedi. Shundan so‘ng, Umayya ular birlan ikki kun birga yurib erdi, Olloh taolo uni o‘ldirdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:20:22

Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Men (tushimda) odamlarning bir yerda (hovuz labida) to‘planishib turganlarini ko‘rdim. Shunda Abu Bakr o‘rinlaridan turib, arang bir (yoki ikki) chelak suv tortib oldilar, ul kishini Olloh taolo mag‘firat qilsin! (Bu yerda Abu Bakr as-Siddiqning qisqa vaqt xalifalik qilishlariga va shu boisdan ul kishi davrlarida Islom fathlari kamroq bo‘lishiga ishora qilingan). Keyin, chelakni Umar quliga olib erdi, u g‘arbga (chelakdan katta idishga) aylandi. (Bu yerda Hazrat Umar davrlarida Islom fathlarining ko‘p bo‘lishiga ishora qilingan). Men odamlar orasida uningdek o‘z ishini mahorat birlan ado etib, unga tobora quvvat baxsh etguvchi yetuk insonni ko‘rmaganman, (u shunchalik ko‘p suv tortib oldiki), hatto odamlar (tuyalar uchun hovuz atrofida) qo‘ralar qurdilar».

Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, Jabroil alayhissalom (bir notanish odam qiyofasida) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldilar, shunda ul yerda Ummu Salama ham bor erdilar. O’shal (notanish) odam Janob Rasululloh birlan so‘zlashib bo‘lgach, o‘rinlaridan turib chiqib ketdilar. So‘ng, ul zot Ummu Salamaga: «Haligi odam kim erdi?» — dedilar (yoki shunga o‘xshash gap aytdilar). Ummu Salama: «U Dihya (ibn Xulayfa al-Kalbiy) erdi», — dedilar, (chunki Jabroil alayhissalom ko‘pincha shu kishining qiyofasida kelar erdilar)».

Ummu Salama: «Olloh taolo haqi, men toki Janob Rasululloh xutbada Jabroil alayhissalomning kelib ketganlarini xabar qilgunlariga qadar, ul kishini Dihya deb uylagan erdim», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:20:37

Bismillahir rohmanir rohim.

1-bob. Olloh taoloning «Biz Kitob ato etgan kimsalar (ya’ni, yahudiy va nasorolar) uni (ya’ni, Muhammad alayhissalomni) o‘z bolalarini taniganlaridek (yaxshi) taniydilar (ya’ni, o‘zlariga ato etilgan Kitoblardan uning kim erkanligini bilib olganlar) va darhaqiqat, ulardan bir guruhi bilib turib haqiqatni yashiradilar» degan qavli xususida («Al-Baqara» surasi, 146-oyat).

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir to‘da yahudiylar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelishib, o‘zlaridan bir erkak birlan bir ayol zino qilishganini ul zotga ma’lum qilishdi. Janob Rasululloh ularga: «Rajm (ya’ni, zinokorlarni toshbo‘ron qilish) haqidagi (hukmni) Tavrotdan axtarib topmaysizlarmi?»— dedilar. Yahudiylar: «Biz zinokorlarni sazoyi qilamiz, so‘ng ularga darra uriladi», — deyishdi. Shunda Abdulloh ibn Salom: «Yolg‘on aytdingizlar, Tavrotda rajm qilish (toshbo‘ron qilish) buyurilgan!» — dedilar. Keyin, yahudiylar Tavrot olib kelishib, uni varaqlashdi. Shunda ulardan biri qo‘li birlan «Rajm» oyatini berkitdi-da, uning yuqorisi va ostidagi so‘zlarni o‘qiy boshladi. (Buni sezib qolgan) Abdulloh ibn Salom: «Qo‘lingni ol!» — dedi, u qo‘lini olib erdi, «Rajm» oyatini ataylab berkitib turganligi ma’lum buldi. (Makkorliklari fosh bo‘lib qolgan) yahudiylar: «Ey Muhammad, Abdulloh ibn Salomning gapi to‘g‘ri chiqdi, Tavrotda haqiqatan ham «Rajm» oyati bor erkan», — deyishdi. So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ikkala zinokorni rajm qilmoqni amr qildilar. Ular rajm (toshbo‘ron) qilindi. Men yahudiy erkakning (o‘zi birlan zino qilishgan) yahudiy ayolni gavdasi birlan toshlardan pana qilib turganini ko‘rdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:20:53

2-bob. Mushriklarning Janob Rasulullohdan mo‘‘jiza ko‘rsatmoqlarini talab qilganlari va ul zotning Oyni ikki bo‘lib ko‘rsatganlari haqida

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning davrlarida Oy qoq ikkiga bo‘lindi. Shunda ul zot: «Guvoh bo‘lingizlar!» (ya’ni, «Mening bu mo‘‘jizamga guvoh bo‘lingizlar!») — dedilar.

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, Makka ahli (ya’ni, Makka kofirlari) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan mo‘‘jiza ko‘rsatmoqlarini talab qilishdi. Shunda ul zot Oyni qoq ikkiga bo‘lib ko‘rsatdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Avgust 2008, 09:21:05

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, Oy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zamonlarida qoq ikkiga bo‘lindi».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Qorong‘u tunlardan birida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ikki sahobalari ul zotning huzurlaridan chiqishdi. Shunda chiroqqa o‘xshash ikki narsa ularga hamroh bo‘lib, yo‘llarini yoritib bordi. Ularning yo‘llari ayrilgach, boyagi chiroqqa o‘xshash ikki narsaning biri bir sahobaning va ikkinchisi boshqa sahobaning oldilariga tushib, uylariga yetib olgunlariga qadar yo‘lni yoritib bordi».

Qayd etilgan