Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502912 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 ... 111 B


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:41:24

Misvar ibn Maxrama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Umar yaralanganlarida jarohatlari qattiq azob bera boshladi. Shunda Ibn Abbos ul kishidagi bezovtalikni ko‘rib: «Ey mo‘minlar amiri, boshingizga shunday musibat tushgan erkan, (sabr qilingiz!), agar ajalingiz yetgan bo‘lsa, (oxiratingizdan) xavotir olmog‘ingizga o‘rin yo‘q, axir siz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sahobalik qildingiz, sahobalik qilganda ham, juda yaxshi sahobalik qildingiz. So‘ng, siz ul zotdan ayrilib qoldingiz, ul zot sizdan rozi bo‘lib ketdilar. Keyin, siz Abu Bakr raziyallohu anhuga sahobalik qildingiz, sahobalik qilganda ham, juda yaxshi sahobalik qildingiz. So‘ng, siz ul kishidan (ham) ayrilib qoldingiz, ul kishi sizdan rozi bo‘lib ketdilar. Keyin, siz ularga (ya’ni, Hazrat Usmon va Hazrat Aliga) hamsuhbat bo‘ldingiz, hamsuhbat bo‘lganda ham, juda yaxshi hamsuhbat bo‘ldingiz. Agar siz ularni tark etib, ular sizdan ayrilib qolsalar, sizdan rozi bo‘lib qolgaylar», — dedilar. Hazrat Umar (Ibn Abbosga javoban): «Sen menga aytgan gaplaring, ya’ni Janob Rasulullohga sahobalik qilganim hamda ul zotning mendan rozi bo‘lib ketganlari — bu Olloh taoloning menga qilgan inoyatu marhamatidur. Sening menga aytgan keyingi gaping, ya’ni Hazrat Abu Bakrga sahobalik qilganim hamda ul kishining mendan rozi bo‘lib ketganlari ham Olloh taoloning menga qilgan inoyatu marhamatidur. Ammo, sen ko‘rib turgan mendagi bezovtalik (sen o‘ylagancha jarohatim og‘rig‘idan ermas, balki) sen va sening do‘stlaring (kelajagi xususida) xavotirlanayotganimdandur. Olloh taolo haqi, agar mening Yer kurrasidek oltinim bo‘lganda ham, uni (oxiratda) Olloh taoloning azobidan xalos bo‘lmog‘im uchun bergan bo‘lur erdim!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:41:59

8-bob. Usmon ibn Affon raziyallohu anhuning manoqiblari haqida

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki «Ruma» qudug‘ini qazisa (sotib olsa), unga jannat nasib bo‘lgusidur» — deb aytganlarida o‘shal quduqni Hazrat Usmon qaziganlar (sotib olganlar). Shuningdek, Janob Rasululloh: «Kimki Usra (g‘azotiga) qo‘shin tayyorlasa, unga jannat nasib bo‘lg‘usidir» — deb aytganlarida ham (o‘shal g‘azotga) Hazrat Usmon qo‘shin tayyorlaganlar.

Bu yerda Janob Rasululloh quduq ichiga oyoqlarini osiltirib o‘ltirganlarida Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumo ikki yonlariga, Hazrat Usmon ersalar ro‘paralariga kelib o‘ltirganlari haqidagi hadis takroran keltirilgan.

Osim raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir suv bo‘yida tizzalarini ochib (dam olib) o‘ltirgan erdilar. Hazrat Usmon kelib qoddilar. Shunda ul zot tizzalarini yopib oldilar». (Bu yerda Janob rasulullohning naqadar hayoli ekanliklariga hamda ul zotning Hazrat Usmonga nisbatan hurmatlari baland ekanligiga ishora qilinadi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:42:16

Ubaydulloh ibn Adiy ibn al-Xier rivoyat qiladilar: «Misrar ibn Maxrama va Abdurrahmon ibn al-Asvad ibn Abdu Yagus menga: «Usmonga birodarlari Validni (afv etmoqlarini so‘rab) gapirmog‘ingga senga nima mone’lik qiladi? Odamlar uning yonini olib, ko‘p gapirayotirlar», — deyishdi. Shunda men Hazrat Usmonga gapirmoqqa jazm qildim. Ul kishi namozga chiqqanlarida: «Mening sizda bir maslahatli ishim bor», — dedim. Ul kishi: «Sendan bir maslahatli gap chiqarmidi?!» — dedilar. Men (tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib) ular ikkalasining oldiga qaytib bordim. So‘ng, Hazrat Usmon ortimdan bir odamni yubordilar, men Hazrat Usmonning oldilariga qaytib bordim. Shunda ul kishi: «Qanday maslahatli ishing bor erdi?» — dedilar. Men: «Darhaqiqat, Olloh subhonahu Muhammad sallallohu alayhi va sallamni haq (din) birla yuborgandur va ul zotga Kitob (Qur’on) nozil qilgandur. Men ersam, Olloh taolo birlan uning Rasuli da’vatiga ijobat qilib, ikki bor hijrat qildim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sahobalik qildim hamda ul zotning yo‘llarini mahkam tutdim. Odamlar Validning yonini olib, ko‘p gapirayotirlar», — dedim. Hazrat Usmon: «O’zingni Janob Rasulullohga teng qilayotirsanmi?!» — dedilar. Men: «Yo‘q, aslo! Ammo, (men) ichkarida o‘ltiradigan bokira qiz visoliga yetishgan kishi yanglig‘ ul zotning bilimlaridan bahramand bo‘lganman», — dedim. Hazrat Usmon: «Ammr, ba’d: darhaqiqat, Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamni haq (din) birla yuborgan bo‘lib, men (ham sen kabi) Olloh taolo birlan unint Rasuli da’vatiga ijobat qilganman, Olloh taolo ul zot birlan nimaiki yuborgan bo‘lsa, o‘shanga iymon keltirganman, sen aytganingdek, ikki bor hijrat qilganman, ul zotga sahobalik hamda bay’at qilganman. Olloh taolo haqi, parvardigor payg‘ambarimizni vafot ettirguniga qadar ham ul zotga na osiylik va na aldamchilik qildim! So‘ng, (payg‘ambarimizga bay’at qilib, qanday ixlos birlan sahobalik qilgan bo‘lsam), Abu Bakrga (bay’at qilib, xuddi shunday ixlos birla sahobalik qildim). Keyin, Hazrat Umarga ham shunday qildim. So‘ng, o‘zim xalifa bo‘ldim. (Qani, aytchi, ularning huquqlari kabi huquqqa egamanmi, yo‘qmi?!» — dedilar. Men: «Ha, egasiz», — dedim. Hazrat Usmon: «Sizlar xususingizda men eshitayotgan gaplar qanday gap bo‘ldi?! Ammo, sening Valid haqida qilgan iltimosing xususiga kel-sak,  inshoolloh, biz uni qilgan gunohiga yarasha jazolagaymiz!» — dedilar. So‘ng, Hazrat Alini chaqirib, Validga darra urmoqni buyurdilar. Ul kishi Validga sakson darra urdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:42:55

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (hayotlik) vaqtlarida (sahobalardan) hech kimni Abu Bakr as-Siddiqqa tenglashtirmas erdik. Keyingi o‘rinda Hazrat Umar, undan keyingi o‘rinda Hazrat Usmon turardilar. So‘ng, ul zotning sahobalarini bir-birlaridan afzal ko‘rmay quydik».

Usmon ibn Mavhib raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Misr ahlidan bo‘lmish bir kishi Baytullohni tavof qildi. So‘ng, (o‘zaro suhbatlashib o‘ltirgan) bir qavmni ko‘rib: «Anavi qavm (kishilar) kim?» — deb so‘radi. Bir kishi: «Ular Quraysh qabilasidan», — dedi. Misrlik: «Ularning oqsoqoli kim?» — deb so‘radi. Odamlar: «Abdulloh ibn Umar» — deb javob qilishdi. Misrlik: «Ey Ibn Umar, men sizdan bir narsa xususida so‘rayman, menga javob beringiz! Uhud g‘azoti kuni Usmonning qochganini bilurmisiz?» — dedi. Ibn Umar: «Ha», — dedilar. Misrlik: «Usmonning Badr g‘azotida bo‘lmaganini hamda uning mag‘lubiyatini ko‘rmaganini ham bilurmisiz?» — dedi. Ibn Umar: «Ha», — dedilar. Misrlik: «Usmonning Bay’atur-rizvonda bo‘lmaganini ham bilurmisiz?» — dedi. Ibn Umar: «Ha», — dedilar. Shunda misrlik: «Ollohu akbar!» — dedi. Ibn Umar bunday dedilar: «Beri kel, senga tushuntirib berayin! Hazrat Usmonning Uhud kuni qochganlari rost. Guvohlik beramanki, Olloh taolo ul kishini afv etib, gunohlarini kechirdi. [Bu Olloh taoloning «Ikki jamoat to‘qnashgan kuni oralaringizdan chiqib, (jang maydonini tashlab) qochgan kishilarni shayton o‘zlari qilgan ayrim gunohlari tufayli yo‘ldan ozdirdi. Bas, Olloh taolo ularni afv etib, gunohlarini kechirdi» degan oyati karimasida aytilgandur. «Oli Imron» surasi, 155-oyat]. Hazrat Usmonning Badr g‘azotida bo‘lmaganlarining boisi shuki, Janob Rasulullohning qizlari ul kishining xotinlari bo‘lib, betob erdi. Shuning uchun Janob Rasululloh Hazrat Usmonga Badr g‘azotidan qolishni amr qildilar. Janob Rasululloh o‘shanda Hazrat Usmonga: «Sizga Badrda ishtirok etganlardan birining ajri va o‘ljasi berilgay» — deb erdilar. Endi, Hazrat Usmonning Bay’atur-rizvonda bo‘lmaganlari xususiga kelsak, agar Makkada Hazrat Usmondan ko‘ra azizroq kishi bo‘lganda, Janob Rasululloh ul kishining o‘rniga o‘shal odamni Makkaga yuborgan bo‘lur erdilar. (Ya’ni, Hazrat Usmon: «Janob Rasululloh Makkaga urushish uchun emas, balki umra qilgani kelayotirlar» — deb Quraysh ahliga ma’lum qilishlari kerak erdi). Bay’atur-rizvon ersa, Hazrat Usmon Makkaga ketganlaridan so‘ng bo‘lgandur. Janob Rasululloh (bay’at vaqtida) o‘ng qo‘llarini ko‘rsatib: «Mana bu qo‘l — Usmonning qo‘lidur» — dedilar-da, (chap qo‘llariga) urdilar. So‘ng: «Bu bay’at — Usmonning (o‘rniga) qilingan bay’atdur» — deb aytdilar. Keyin, Ibn Umar (shu gaplarni misrlikka aytgach): «Mana shu javoblarimni (qulog‘ingga quyib) olgin-da, hoziroq bu yerdan jo‘nab qol!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:43:03

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud tog‘iga ko‘tarildilar, Abu Bakr, Umar va Usmon ham ul zot birlan birga erdilar. Shunda Uhud tog‘i (ularning muborak qadamlari qo‘yilganidan behad xushnud bo‘lganidan) titrab ketdi. Janob Rasululloh (menimcha, oyoqlari birlan tepsinib): «Ey Uhud, tek tur! Ustingda payg‘ambar, Siddiq (hamisha rostgo‘y Abu Bakr) va ikki shahid (ya’ni, Hazrat Umar va Usmon)dan bo‘lak hech kim yo‘q», — dedilar. (Janob Rasululloh «ikki shahid» deyish birlan Hazrat Umar va Usmonning kelgusida shahid bo‘lajaklarini bashorat qildilar)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:44:42

9-bob. (Hazrat Umar ibn al-Xattobning vafotlaridan keyingi) bay’at haqidagi hamda Usmon ibn Affonni (xalifa qilib saylashga) kelishilgani xususidagi qissa. Bu qissada Umar raziyallohu anhuga qilingan qotillik haqida ham bayon qilinadi.

Amr ibn Maymun raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhuni shahid bo‘lishlaridan bir necha kun ilgari Madinada ko‘rdim. Ul kishi Huzayfa ibn Al-Yamon birlan Usmon ibn Hunayfni to‘xtatib: «Qanday qarorga keldingizlarmi (yoki) sizlar Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni o‘z zimmalaringizga olib quymog‘ingizdan cho‘chiyotirsizlarmi?!» — dedilar. Ular: «Biz (bu og‘ir) yumushni (shunday) bir (muhim) ish uchun o‘z zimmamizga oldikkim, u ulug‘ fazilatga molik bo‘lganidan toqat qilarlidur», — deyishdi. Hazrat Umar: «O’ylab ko‘ringizlar, tag‘in Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni zimmangizga olib qo‘ygan bo‘lmangizlar!» — dedilar. Ular: «Yo‘q, unday emas», — deyishdi. Hazrat Umar: «Agar Olloh taolo meni salomat saqlasa, Iroq ahli bevalarini (Islomni qabul qilib, musulmonlarga turmushga chiqmoqqa) da’vat qilurmankim, mendan keyin sira erkakka (erga) muhtoj bo‘lmagaylar», — dedilar. Ammo, shul voqeadan to‘rt kun o‘tmay, ul kishi shahid bo‘ldilar.
Hazrat Umar shahid bo‘ladirgan kunning tonggida men (masjidda) turgan erdim, men birlan ul kishining o‘rtamizda Abdulloh ibn Abbosdan bo‘lak kimsa yo‘q erdi. Hazrat Umarning odati shariflari shunday erdiki, ikki safni oralab o‘tayotib: «Saflarni to‘g‘rilangizlar, oralaringizda bo‘sh joy qolmasin!» — der, so‘ng oldinga o‘tib takbir aytar erdilar. O’shal kuni ersa masjidga kirgach, odamlar yig‘ilsin deb birinchi rak’atda, menimcha «Yusuf» yoki «Nahl» yoxud shunga o‘xshash (uzunroq) bir surani qiroat qildilar. «Keyin, «Ollohu akbar!» deb ruku’ qilishlari birlanoq «Meni o‘ldirdi!» yoki «Meni bir it yedi!» deyayotganlarini eshitdim. Shunda bir ajamiy qul Hazrat Umarga xanjar urgan bo‘lib, namozxonlar orasidan otilib chiqdi-da, o‘nggu so‘lida uchragan har bir odamga xanjar sancha boshladi. Shu tariqa u o‘n uch kishini jarohatladi, ulardan yettitasi o‘ldi. Bu hodisani ko‘rib turgan musulmonlardan biri burnusini (choponini) yechib uning ustiga tashladi. Shunda boyagi qotil qo‘lga tushganini fahmlab, o‘zini o‘zi xanjar urib o‘ldirdi. Hazrat Umar (yiqilib ketmaslik uchun) Abdurrahmon ibn Avfning qo‘lini ushladilar. Men ko‘rgan fojiani Hazrat Umarning ortlarida turganlargina ko‘rgan bo‘lib, ular ul kishining oldilariga kelishdi. Ammo, masjid atrofidagilar (ya’ni, orqadagi saflarda turganlar) bundan bexabar erdilar. Ular Hazrat Umarning ovozlari eshitilmay qolganiga hayron bo‘lishib: «Subhonalloh! Subhonalloh!» — deyishar erdi. Keyin, Hazrat Umar Abdurrahmon ibn Avfni imomlikka o‘tkazdilar. Abdurrahmon ibn Avf namozxonlarga imomlik qilib, tezda namozni tugatdilar. Namozxonlar masjiddan chiqib ketgach, Hazrat Umar: «Ey Ibn Abbos, meni kim o‘ldirganini (ya’ni, menga kim suiqasd qilganini) bilib kel!» — dedilar. Ibn Abbos chiqib ketib, bir ozdan so‘ng qaytib keldi-da: «Sizga suiqasd qilgan Mug‘iyraning (nasroniy) quli erkan», — dedi. Hazrat Umar: «As-Sunu’mi?» — dedilar. Ibn Abbos: «Ha», — dedi. Hazrat Umar: «Uni Olloh taolo halok qildi. Men unga amri ma’ruf qilgan erdim. Olloh taologa shukrkim, u meni musulmonning qo‘li birlan o‘ldirmadi! (Ey Ibn Abbos), sen va sening otang Madinada ulujlarning (ya’ni, arab bo‘lmagan kofir qullarning) ko‘p bo‘lmog‘ini istar erdingizlar!» — dedilar. Darhaqiqat, Ibn Abbosda bunday qullar boshqalardagidan ko‘ra ko‘proq erdi. Shul boisdan Ibn Abbos: «Agar istasangiz, ularni o‘ldiramiz», — dedi. Hazrat Umar: «(Ota-bola ikkalangiz) o‘z tillaringiz birlan: («Madinada ajamiy qullarni ko‘paytiraylik») — deb aytganingizdan keyingi bu gaping yolg‘ondur. (Endi, bo‘lar ish bo‘ldi), o‘z qiblalaringizga qarab namozlaringizni o‘qiyveringizlar, hajlaringizni ado etaveringizlar!» — dedilar. Sung, Hazrat Umarni uylariga olib ketishdi, biz ham birga bordik. Odamlar boshiga ilgari bunday musibat tushmagan bo‘lib, o‘shal kunlari ba’zilar: «Hech nima qilmaydi, tuzalib ketadilar», — desa, ba’zilar: «Men ul kishidan xavotirdaman» — der erdi. (Hazrat Umarning qoshlariga tabib olib kelishgach), u ul kishiga sharbat ichirib erdi, qorinlaridan (ya’ni, qorinlaridagi jarohat o‘rnidan) chiqdi, so‘ng sut ichirib erdi, jarohatlaridan (ya’ni, orqalaridagi jarohat o‘rnidan) chiqdi. Shundan bilishdiki, ul kishining o‘limlari yaqin erkan. Keyin, biz Hazrat Umarning huzurlariga kirdik. Shunda odamlar kelishib, ul kishiga tasalli-yu hamdardlik izhor qilishdi. So‘ng, bir (ansoriy) yigit kirib kelib: «Yo mo‘minlar amiri, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sahobalik qilganingiz hamda Islomda o‘zingiz bilgan shijoatkorligingiz tufayli Olloh taolo sizga (jannati ekanligingiz xususida) qilgan bashoratidan xursand bo‘lingiz! Keyin, siz adolat birla xalifalik qildingiz, buning ustiga, mana sizga shahidlik ham nasib etib turibdi», — dedi. Hazrat Umar: «Shoyad shunday bo‘lsa! Ey jiyanim, ammo bular mening na (Olloh taolo oldidagi hisob-kitobim) va na (uning bandasiga beradirgan qarzim) uchun kifoya qilmas!» — dedilar. So‘ng, boyagi yigit ishtonini yerda sudragancha chiqib ketayotgan erdi, Hazrat Umar: «Uni huzurimga qaytaringizlar!» — dedilar. U qaytib kelgach, Hazrat Umar: «Ey jiyanim, kiyimingni ko‘tarib olgil, chunki shunday qilsang, kiyimingni ko‘proq asragan va parvardigoringdan ko‘proq qo‘rqqan bo‘lursan. Ey Abdulloh ibn Umar, qara-chi, qancha qarzim bor erkan?» — dedilar. So‘ng, hisoblab chiqishib erdi, sakson olti ming yoki shunga yaqin qarzlari borligi ma’lum bo‘ldi. Shunda Hazrat Umar (o‘g‘illariga): «Agar (qarzimni uzishga) Umar oilasining mol-mulki yetsa, to‘la, basharti yetmasa, Banu Adiy ibn Ka’b qabilasidagi (qarindoshlarimdan) so‘ra, mobodo ularning mol-mulklari ham yetmasa, unda Qurayshdagi (qarindoshlarimdan) so‘ra, ammo ularni o‘zgalar qoshiga bormoqqa majbur qilma, (qarindoshlarim bergan) mol-mulknigina qarzimga to‘la! Hozir ersa, mo‘minlar onasi Oisha raziyallohu anhoning huzurlariga borgil-da: «(Otam) Umar sizga salom aytib yubordilar, deb aytgil, ammo mo‘minlar amiri salom aytdilar, deb aytmagil, chunki men bugundan e’tiboran mo‘minlarning amiri ermasman. So‘ng, (otam) Umar ibn al-Xattob ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga sizdan ijozat so‘rayotirlar, deb aytgil!» — dedilar. Keyin, o‘g‘illari Oisha onamizning ostonalariga borib, ul yerdagilarga salom bergach, ichkariga kirmoqqa izn so‘radilar. So‘ng, ichkariga kirib, Oisha onamizning yig‘lab o‘ltirganlarini ko‘rdilar. o‘g‘illari: «(Otam) Umar ibn al-Xattob sizga salom aytib yubordilar, ikki do‘stlari (ya’ni, Janob Rasululloh birlan Hazrat Abu Bakr)ning yonlariga dafn qilinmoqlariga sizdan ijozat surayotirlar», — dedilar. Oisha onamiz: «Men buni (ya’ni, o‘zimning ular yoniga dafn qilinmog‘imni) orzu qilar erdim, ammo bugun bunga o‘zimdan ko‘ra Hazrat Umarni munosibroq ko‘rurman», — dedilar. Ibn Umar qaytib kelganlarida «Abdulloh ibn Umar keldi» deb Hazrat Umarga ma’lum qilishdi. Shunda Hazrat Umar: «Meni (ya’ni, boshimni yostikdan bir oz) ko‘taringizlar!» — dedilar. Bir kishi qadlarini ko‘tarib, suyab turdi. Hazrat Umar: «Qanday javob keltirding?» — dedilar. Ibn Umar: «Ey mo‘minlar amiri, siz istagan javobni keltirdim, ul muhtarama ijozat berdilar», — dedilar. Hazrat Umar: «Olloh taologa shukr, mening uchun bundan (ikki do‘stim yoniga dafn qilinmog‘imdan) ko‘ra muhimroq narsa yo‘q erdi! Agar vafot qilsam, tobutimni ko‘tarib (Oisha onamizning huzurlariga olib boringizlar), so‘ng sen (Abdulloh) salom bergil-da: «Umar ibn al-Hattob (ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga) ijozat surayotirlar» — deb aytgil! Agar ruxsat bersalar, (meni ularning yonlariga) dafn qilingizlar, basharti ruxsat bermasalar, unda meni musulmonlarning (oddiy, umumiy) mozoriga olib borib dafn qilingizlar!» — dedilar. Keyin, mo‘minlar onasi Hafsa bir necha ayollar birlan birga keldilar. Ular biz (erkaklar)ni ko‘rgach, tashqarida qolishdi. Hafsa ersalar, yolg‘iz o‘zlari Hazrat Umarning huzurlariga kirib, birmuncha vaqt tepalarida yig‘lab o‘ltirdilar. So‘ng, erkaklardan izn surab, ular turgan xonaga kirdilar, biz ul muhtaramaning ichkarida yig‘layotgan ovozlarini eshitib turdik. Sahobalar Hazrat Umarga: «Ey mo‘minlar amiri, vasiyat qilib biror kishini o‘rningizga xalifa qilib qoldiringiz!» — deyishdi, Hazrat Umar: «Men bu ishga (ya’ni, xalifalikka) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafotlari oldida roziliklarini bildirgan o‘shal kishilardan ko‘ra haqliroq biror odamni tomadim. Janob Rasululloh o‘shanda Ali, Usmon, Zubayr, Talha, Sa’d va Abdurrahmonni tilga olgan erdilar. (O’g‘lim) Abdulloh ibn Umar ersa, (mening oldimda «xalifalikni talab qilmayman» deb) so‘z beradi. Uning (xalifalik xususida) hech qanday haq-huquqi yo‘q bo‘lib, (mening bu vasiyatim) uning uchun (xalifalikni talab qilmoqdan tiyib turguvchi) bir (ulug‘) hay’at (obruli siymo) kabidur. Agar xalifalik Sa’dga nasib etsa, bu Olloh taoloning irodasidur. Basharti nasib etmasa, qaysi biringizdir xalifa bo‘lsangiz, o‘z ishingizda unga suyaningiz. Chunki, men uning ojizligu xiyonat qilganini sira bilmayman», — dedilar. So‘ng, Hazrat Umar yana bunday deb aytdilar: «Mening o‘zimdan keyingi xalifaga qiladirgan vasiyatim shuki, avvalgi (birinchi) muhojirlarning haq-huquqlarini e’tirof qilib, ularning izzatu hurmatlarini joyiga quysin! Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: «Madina va iymonni qalblariga jo qilgan ansorlarga yaxshilik qilsin, ularning yaxshi ishlarini qabul qilib, yomon ishlarini kechirsin! Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: shahar ahliga yaxshilik qilsin, chunki ular Islom tayanchi, mol yig‘guvchi va dushmanga qiron keltirguvchi bo‘lib, ulardan, agar rozi bo‘lsalar, ortiqcha mollarigina olinadi. Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: badaviylarga yaxshilik qilsin, chunki ular arablarning ildizi va Islom o‘zagi bo‘lib, ularning sarxil bo‘lmagan mollaridan olinib, faqirlariga qaytariladi. Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: Olloh taolo va uning Rasuli zimmasidagi (ya’ni, zimmiylar birlan musulmonlar o‘rtasidagi) ahdnomaga vafo qilsin, zimmiylarni himoya qilsin, ularga toqatlari yetadirgan yuknigina yuklangizlar!».
Hazrat Umar (yuqoridagi vasiyatlarini aytgach), qazo qildilar. Biz tobutlarini ko‘tarib (Oisha onamizning hujralari tomon) yo‘lga tushdik. Yetib borganimizda Abdulloh ibn Umar ul muhtaramaga salom berdilar, so‘ng: «Umar ibn al-Xattob (ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga) izn surayotirlar», — dedilar. Oisha onamiz: «Ul kishini (yoki tobutni hujramga) olib kiraveringizlar!» — dedilar. Keyin, Hazrat Umarning jasadlari (Oisha onamizning hujralariga) olib kirilib, ikki do‘stlari yoniga dafn etildi.
Dafn marosimi tugagach, (Janob Rasululloh rozi bo‘lib ketgan) o‘shal (olti kishidan iborat) guruh (ya’ni, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Abdurrahmon ibn Avf va Sa’d ibn Vaqqos) bir yerga to‘planishdi. Shunda Abdurrahmon: «(O’rtada ixtilof chiqmasligi uchun) ishlaringizni o‘zlaringizdan uch (kishiga) tayinlangizlar (ya’ni, oralaringizdan uch kishini xalifalikka nomzod etib tanlangizlar)», — dedilar. Zubayr: «Men Alini nomzod etib tanladim», — dedilar. Talha: «Men Usmonni nomzod etib tanladim», — dedilar. Sa’d ersalar: «Men Abdurrahmon ibn Avfni nomzod etib tanladim» — deb aytdilar. Abdurrahmon (o‘zlari xalifalikka saylanishdan voz kechgach, Hazrat Ali birlan Hazrat Usmonga yuzlanib): «Ikkingizdan qaysi biringiz xalifalik mansabiga halollik birlan erishsangiz, Olloh taolo birlan Islom sizni o‘z panohiga olur hamda musulmonlar sizni o‘zlarining eng afzali deb bilurlar», — dedilar. Shunda ikkala shayx (ya’ni, Hazrat Usmon va Hazrat Ali) indashmadi. Abdurrahmon ularga: «Uni (ya’ni, xalifalik sayloviga rahbarlik qilmoqni) menga (ishonib) topshirursizlarmi? Olloh taolo shohiddurkim, men sizlardan biringizni afzal ko‘rib, qasam ichmasman!» — dedilar. Ikkalalari: «Ha», — deyishdi. Shundan so‘ng, Abdurrahmon ikkalalaridan birining (ya’ni, Hazrat Alining) qo‘llarini ushlab: «Sizning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qarindoshligingiz hamda Islomda o‘zingiz bilgan shijoatkorligingiz mavjuddur. Olloh taolo sizni o‘zi nazorat qilib turibdi, agar men sizni xalifalikka saylasam, adolat qilgaysiz va agar Usmonni saylasam, quloq solib, itoat etgaysiz», — dedilar. So‘ng, ikkinchilari (ya’ni, Hazrat Usmon) birlan xoli qolib, ul kishiga ham xuddi shu gaplarni aytdilar. Abdurrahmon har ikkalalarining va’dalarini (qat’iy so‘zlarini) olgach, Hazrat Usmonga: «Ey Usmon, qo‘lingizni ko‘taringiz!» (ya’ni, «beringiz!») — dedilar-da, ul kishiga bay’at qildilar. Shundan so‘ng, Hazrat Ali ham ul kishiga bay’at qildilar, Madina ahli ham birma-bir kirib ul kishiga bay’at qilishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:57:16

10-bob. Ali ibn Abu Tolib al-Qurashiy al-Hoshimiy Abul-Hasan raziyallohu anhuning manoqiblari haqida

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Aliga: «Sen mendan va men sendandurman», — deganlar.

Hazrat Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam  Alidan rozi bo‘lib bu dunyodan ko‘z yumdilar», - deydilar.

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men ertaga bayroqni shunday kishiga berurmanki, Olloh taolo uning qo‘li birlan (Xaybarni) fath qilur», — dedilar. Shunda barcha sahobalar «Bayroqni menga berarmikanlar» degan umidda o‘rinlaridan sapchib  turishdi.   Keyin,   ertasiga  ertalab  har  birlari «Bayroqni menga berarmikanlar» degan   umidda yana ul zotning huzurlariga borishdi. Janob Rasululloh: «Ali qaerda?»— deb suradilar. Sahobalar: «Ko‘zlari og‘rib qolibdi»,— deyishdi. Janob Rasululloh Hazrat Alini chaqirib kelmoqni amr qilib erdilar, ul kishini chaqirib kelishdi. Keyin, ul zot Hazrat Alining ko‘zlariga tupirdilar, shunda ul kishining ko‘zlari ilgari hech narsa bo‘lmagandek tuzalib qoldi. Hazrat Ali: «(Yo Rasulalloh), biz kabi musulmon bo‘lgunlariga qadar ularga qarshi jang qilurmiz!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Oshiqma, avval ularning yerlariga borgil, so‘ng ularni Islomga da’vat qilib, nima qilmoqlari lozimligini tushuntirgil! Olloh taolo haqi, agar sen tufayli bir kishi bo‘lsa ham hidoyat topsa, bu sening uchun eng sarxil tuyalar podasiga ega bo‘lmog‘ingdan ko‘ra afzalroqdur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:57:34

Salama (ibn al-Akva’) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Ali Xaybar g‘azotiga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan kechikibroq chiqqan erdilar. Chunki, ko‘zlari og‘rib qolgan bo‘lib, o‘shanda: «Men (Xaybarga) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan kechikibroq chiqurman» — deb aytgandilar. Keyin, Hazrat Ali yo‘lga tushib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga yetib olgandilar. Olloh taolo tonggida (Xaybarni) fath qilgan kechaning (kunning) kechki payti bo‘lganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ertaga bayroqni Olloh taolo va uning Rasuli sevgan kishiga berurman», — dedilar yoki «Ertaga bayroqni Olloh taolo va uning Rasuli sevgan kishi olur» yoxud «Ertaga bayroqni Olloh taoloni va uning Rasulini sevgan kishiga berurman, Olloh taolo uning qo‘li birlan (Xaybarni) fath qilur» deb aytgan bo‘lishlari ham mumkin. Keyin, (ertasiga ertalab Janob Rasululloh) bizga Alini chaqirib kelmoqni amr qildilar. Biz Ali kelmasalar kerak, deb turganimizda, odamlar: «Ana, ) Ali keldilar» — deb qolishdi. Janob Rasululloh bayroqni Aliga berdilar, Olloh taolo ul kishining qo‘llari birlan (Xaybarni) fath qildi».

Abu Hozim raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi Sahl ibn Sa’dning qoshiga kelib: «Falonchi minbar oldida turib Alini «Ey Abu Turob!» deb chaqirdi» — deya kuldi. Sahl: «Olloh taolo haqi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamgina Alini shunday deb ataganlar. Ali uchun bundan mahbubroq ism bo‘lmagan», — dedilar. Keyin, men shul xususdagi hadisni aytib bermoqni Sahldan iltimos qildim. Sahl: «(Bir kuni) Ali Fotimaning huzurlariga kirdilar. (Ikkalalari aytishib qolgach), Ali masjidga chiqib, ul yerda cho‘zilib yetib oldilar. Janob Rasululloh (Fotimadan): «Amakingning o‘g‘li (ya’ni, ering) qaerda?» — deb so‘radilar. Fotima: «Masjiddalar», — dedilar. Keyin, Janob Rasululloh Alining oldilariga borib qarasalar, ul kishining choponlari yelkalaridan tushib, orqalari tufroq bo‘lib yetibdi. Shunda Janob Rasululloh Alining orqalariga tekkan tufroqni qoqa turib: «O’ltiraver, ey Abu Turob!» (ya’ni, «Hamma yog‘i tufroq, tufroqli»)— deb ikki bor aytdilar», — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:58:02

Sa’d ibn Ubayda raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi Ibn Umarning qoshlariga kelib, «Biror amali solih qilganmi o‘zi?!» degan ma’noda Hazrat Usmon haqlarida surishtirdi. Ibn Umar unga: «Nima, ul kishi senga biror yomonlik qilayotirlarmi, deyman-a?!» — dedilar. U: «Ha», — dedi. Ibn Umar: «Olloh taolo burningni yerga ishqasin!» — deb qarg‘andilar. Keyin, u yana «Biror amali solih qilganmi o‘zi?!» degan ma’noda Hazrat Ali xususlarida ham surishtirdi. Ibn Umar unga tag‘in: «Nima, ul kishi senga biror yomonlik qilayotirlarmi, deyman-a?!» — dedilar. U: «Ha», — dedi. Ibn Umar: «Anavi uy o‘shal kishining uylari bo‘lib, u Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning uylari ichida eng yaxshisidur», — dedilar. Sung: «Nima, ul kishi senga biror yomonlik qilayotirlarmi, deyman-a?!» — dedilar. U: «Ha», — dedi. Ibn Umar: «Olloh taolo burningni yerga ishqasin! Yo‘qol bu yerdan! Qudrating yetsa, kuchingni menga ko‘rsat!» — dedilar». (Ya’ni, «Ularga til tekkizma, mening xususimda qo‘lingdan kelganini qil, senga nimaiki degan bo‘lsam, barisi haqiqatdur, haqiqatgo‘y odam ersa, birovlarning o‘zi xususida aytgan yaramas gaplariga sira parvo qilmas!» — dedilar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:58:18

Ali raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Fotima alayhossalom yorg‘uchoq (qo‘l tegirmoni) qo‘llarini qavartirib yuborayotganidan nolidi. Shu kezlarda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir qancha asirlar keltirilgan bo‘lib, Fotima alayhossalom ulardan birini o‘ziga xizmatkorlikka so‘ramoq niyatida ul zotning huzurlariga bordi. Ammo, ul zotni topolmagach, Oisha raziyallohu anhoga uchrab, ne maqsadda kelganini aytdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uylariga kelgach, Oisha raziyallohu anho Fotima alayhossalomning kelib ketganini ul zotga xabar qildilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biznikiga kelganlarida biz allaqachon o‘rnimizga kirib yotgan erdik. Men o‘rnimdan turaman deb erdim, ul zot: «Yotaveringizlar!» — dedilar-da, ikkalamizning o‘rtamizga kirib o‘ltirdilar. Shunda men ul zotning ko‘kragimga tegib turgan muborak oyoqlarining sovqotib ketganini sezdim. Janob Rasululloh: «O’zlaringiz mendan so‘ragan narsadan ko‘ra xayrliroq narsani sizlarga o‘rgatayinmi?» — dedilar. (Biz: «Ha», — dedik). Ul zot: «Agar o‘rningizga kirib yotsangizlar, o‘ttiz turt marta takbir, o‘ttiz uch marta tasbih va o‘ttiz uch marta hamd aytingizlar, bu sizlar uchun xizmatkordan ko‘ra xayrliroqdur!» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan