Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502928 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 ... 111 B


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:58:33

Ali raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Fotima alayhossalom yorg‘uchoq (qo‘l tegirmoni) qo‘llarini qavartirib yuborayotganidan nolidi. Shu kezlarda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir qancha asirlar keltirilgan bo‘lib, Fotima alayhossalom ulardan birini o‘ziga xizmatkorlikka so‘ramoq niyatida ul zotning huzurlariga bordi. Ammo, ul zotni topolmagach, Oisha raziyallohu anhoga uchrab, ne maqsadda kelganini aytdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uylariga kelgach, Oisha raziyallohu anho Fotima alayhossalomning kelib ketganini ul zotga xabar qildilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biznikiga kelganlarida biz allaqachon o‘rnimizga kirib yotgan erdik. Men o‘rnimdan turaman deb erdim, ul zot: «Yotaveringizlar!» — dedilar-da, ikkalamizning o‘rtamizga kirib o‘ltirdilar. Shunda men ul zotning ko‘kragimga tegib turgan muborak oyoqlarining sovqotib ketganini sezdim. Janob Rasululloh: «O’zlaringiz mendan so‘ragan narsadan ko‘ra xayrliroq narsani sizlarga o‘rgatayinmi?» — dedilar. (Biz: «Ha», — dedik). Ul zot: «Agar o‘rningizga kirib yotsangizlar, o‘ttiz turt marta takbir, o‘ttiz uch marta tasbih va o‘ttiz uch marta hamd aytingizlar, bu sizlar uchun xizmatkordan ko‘ra xayrliroqdur!» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:58:50

Ibrohim ibn Sa’dning otalari rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Aliga: «Sen mening oldimda Horunning Muso alayhissalom oldilarida tutgan o‘rinlari kabi o‘rin tutmog‘ingga rozi bo‘lmaysanmi?!» — dedilar».

Ubayda rivoyat qiladilar: «Hazrat Ali: «Sizlar ilgari qanday hukm yuritgan bo‘lsangizlar, shunday hukm yuritaveringizlar, ammo men odamlar hamjihat bo‘lmagunlariga qadar ixtilofga qarshi kurashurman yoki (bu yo‘lda) do‘stlarim kabi halok (shahid) bo‘lurman», — dedilar. Ibn Sirin ersa Hazrat Ali xususlarida aytilgan rivoyatlarning ko‘pchiligini yolg‘on deb hisoblar erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:59:00

11-bob. Ja’far ibn Abu Tolib al-Hoshimiy raziyallohu anhuning manoqiblari xususida

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ja’far ibn Abu Tolibga: «Sening (qiyofang va xulqing) mening qiyofam va xulqimga uxshaydi» — deb marhamat qilganlar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, odamlar: «Abu Hurayra (hadisga) boyib ketdi» — deb aytishar erdi. (Hadisga boyligimning boisi shuki), men qornimni to‘yg‘azish maqsadida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga dastyorlik qilib yurar erdim, na ichkilik ichar va na ipak kiyim kiyar erdim, na biror qul va na biror cho‘ri xizmatimni qilmas erdi. (Ya’ni, Abu Hurayra Janob Rasulullohning suhbatlaridan bahramand bo‘lish uchun barcha dunyoviy lazzatlardan voz kechib hamda boriga qanoat qilib, ul zotning xizmatlarini qilib yurar erdilar). Azbaroyi ochligimdan qornimga tosh bog‘lab olar va (sahobalardan birortasiga duch kelsam), qornim ochligini fahmlab meni to‘yg‘azarmikan, degan niyatda o‘zim yaxshi bilsam-da, (Olloh taoloning «Oli Imron» surasidagi) oyati karimasini o‘qib bermog‘ini so‘rar erdim. Miskinlarga eng ko‘p xayr-ehson qilguvchi odam Ja’far ibn Abu Tolib erdilar. Ul kishi doimo bizga muruvvat ko‘rsatib, uylarida bor narsa birlan qornimni to‘yg‘azar erdilar, hattoki ichida hech vaqo yo‘q yog‘ idishlarini olib chiqsalar ham, biz uni yalab tozalab qo‘yar erdik».

Sha’biy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ibn Umar raziyallohu anhu, agar Ja’farning o‘g‘illariga salom bersalar: «As-Salomu alayka, ey Ikki qanotlining o‘g‘li!» — der erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:59:29

Abbos ibn Abdulmugtalib raziyallohu anhu xususlaridagi xotira

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob, agar qahatchilik bo‘lib qolsa, (Janob Rasulullohning amakilari) Abbos ibn Abdulmuttalibning nomlarini o‘rtaga qo‘yib Olloh taolodan yomg‘ir so‘rar erdilar. (Ya’ni, shoyad Olloh taolo Abbos ibn Abdulmuttalibning Janob Rasulullohga amaki ekanliklarini yuz-xotir qilib bizga yomg‘ir yuborsa, deb umid qilur erdilar). Hazrat Umar: «Yo parvardigoro, biz (Janob payg‘ambarimiz hayotlik vaqtlarida) ul zotning nomi shariflarini o‘rtaga quyib sendan yomg‘ir so‘rar erdik, sen yomg‘ir yuborur erding. Endi ersa (ul zot vafot etganlari boisidan) amakilarining nomini o‘rtaga qo‘yayotirmiz, bizga yomg‘ir yuborgil!» — deb iltijo qilur erdilar. Shunda ularga yomg‘ir yuborilur erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:59:42

12-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qarindoshliklari sharofatlari hamda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qialari Fotima alayhossalomning fazilatlari haqida

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Fotima jannat ahli ayollarining sayyidasidur» — deb marhamat qilganlar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Fotima alayhossalom Olloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga urushsiz ato etgan mol-mulqdan o‘z meroslarini so‘rab Abu Bakrning huzurlariga Hazrat Alini yubordilar. Ya’ni, Janob Rasulullohning Madina, Fadak va Xaybardagi sadaqalarini (hech kimga meros qilib qoldirmay, Olloh taolo yo‘lida sadaqa qilgan yerlarini) talab qildilar. Shunda Abu Bakr: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Biz (payg‘ambarlar) meros qoldirmaymiz, biz nimaiki qoldirsak, u sadaqadur» — deb marhamat qilganlar. Zero Muhammad xonadoni (oilasi) o‘shal mol-mulqdan, ya’ni Olloh taoloning mol-mulkidan ehtiyojlariga yarasha iste’mol qilaveradilar. Men ersam, Olloh taolo haqi, Janob Rasululloh hayotlik vaqtlarida unga o‘zlari in’om etgan mol-mulkning zarrachasiga ham ko‘z olaytirmasman va men ul zot uz sadaqalari xususida neki qilgan bo‘lsalar, shunday qilurman», — dedilar. Shunda Hazrat Ali kalimai shahodat aytgach: «Ey Abu Bakr, biz sizning fazilatingizni bilurmiz!» — dedilar-da, o‘zlarining Janob Rasulullohga qarindosh erkanliklarini eslatdilar. Hazrat Abu Bakr: «Jonim qo‘lida bo‘lmish zot haqi, qarindoshlarimga oqibat qilganimdan (yon bosganimdan) ko‘ra Janob Rasulullohning (vasiyatlariga amal qilib), ul zotga yaqin bo‘lganim menga mahbubroqdur!» — deb javob qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:00:20

Misvar ibn Maxrama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Fotima mening bir bo‘lagimdur. Kim uni darg‘azab qilsa, meni darg‘azab qilgan bo‘lur» — deb marhamat qildilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etgan bemorliklari vaqtida qizlari Fotimani duo qilib, unga bir sir aytib erdilar, yig‘lab yubordi, keyin uni yana duo qilib, yana bir sir aytib erdilar, kulib yubordi. Men Fotimadan buning boisini so‘rasam, u: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ana shu bemorliklari vaqtida vafot etajaklarini qulog‘imga aytib erdilar, yig‘lab yubordim. Keyin, ul zot yana qulog‘imga: «Sen xotin, bola-chaqalarim ichida birinchi bo‘lib menga ergashursan»—deb erdilar, kulib yubordim», — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:00:32

13-bob. Zubayr ibn al-Avvom raziyallohu anhuning manoqiblari xususida

Ibn Abbos bunday deydilar: «Zubayr ibn al-Avvom Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning havoriylari (yordamchilari)durlar. (Iso alayhissalomning sahobalari) kiyimlari oq bo‘lgani uchun «havoriylar» deb atalganlar», — deydilar». («Havoriy» — matoni oq rangga buyovchi yoki oq kiyim kiygan kishidur).

Marvon ibn alHakam rivoyat qiladilar: «Usmon ibn Affon raziyallohu anhu burunlaridan ko‘p qon ketaverganidan haj qilolmay qoldilar. Shunda ul kishi vasiyat qildilar. Keyin, Quraysh qabilasiga mansub bir kishi huzurlariga kirib: «Biror kishini o‘rningizga xalifa qilib qoldiringiz!» — dedi. Hazrat Usmon: «Falonchini xalifa qilib qoldirurman», — dedilar. Sahobalar: «Falonchinimi?» — deyishdi. Hazrat Usmon: «Ha», — dedilar. Keyin, Hazrat Usmon: «Xalifalikka undan ko‘ra kim loyiqroq?!» — dedilar-da, jim qoldilar. So‘ng, Hazrat Usmonning huzurlariga yana bir kishi, menimcha Al-Haras kirib keldi-da: «O’rningizga xalifa qoldiringiz!» — dedi. Hazrat Usmon: «Falonchini xalifa qilib qoldirurman», — dedilar. Sahobalar: «Falonchinimi?» — deyishdi. Hazrat Usmon: «Ha», — dedilar. Keyin, Hazrat Usmon: «Undan munosibroq kim?!» — dedilar-da, jim qoldilar. Sahobalar boya: «Falonchinimi?» — deyishganda, menimcha, «Zubayrnimi?» — deb aytishdi. Shunda Hazrat Usmon: «Ha», — dedilar-da, so‘ng: «Ammo, jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, Zubayr Janob Rasulullohga eng suyukli kishi bo‘lganidan qat’iy nazar, mening bilishimcha, musulmonlarning eng yaxshisidur» — deb aytdilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis takroran keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:00:40

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Har bir payg‘ambarning o‘z havoriysi (yordamchisi) bo‘lgan, mening havoriyim ersa Zubayr ibn al-Avvomdur» — deb marhamat qildilar».

Abdulloh ibn az-Zubayr rivoyat qiladilar: «Ahzob kuni (musulmonlar Madinani mudofaa qilish uchun uning atrofiga xandaq qazigan kuni) men va Umar ibn Abu Salama ayollarni (ya’ni, Janob Rasulullohning ayollarini) qo‘riqlab turishga buyurildik. Shunda men (otam) Az-Zubayrning otlarini minib olib Banu Qurayza oldiga ikki yoki uch marta borib kelganlarini ko‘rdim. (Ayollar oldidan) qaytganimda: «Ey otajon, men boya sizning u yoqdan-bu yoqqa borib kelayotganingizni ko‘rdim», — dedim. Otam: «Shundaymi, rostdan ham meni ko‘rdingmi, ey bolaginam?» — dedilar. Men: «Ha», — dedim. Otam bunday dedilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kim Banu Qurayzaning oldiga borib, ular xususida menga xabar olib kelur?» — deb erdilar. Shunda men (ularning oldiga) borib erdim. Qaytib kelganimda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (menga tahsinu ofarinlar bildirib): «Ota-onam senga fido bo‘lsinlar!» — dedilar».

Urva riziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalari Yarmuk voqeasi kuni Az-Zubayrga: «Dushmanga hamla qilmaysizmi, biz ham siz birlan birga hamla qilur erdik!» — deyishdi. Shunda Az-Zubayr dushmanga hamla qilib erdilar, ular ul kishini yelkalariga ikki bor qilich urib, yarador qilishdi. Ana shu ikki jarohat oraligida Badr kuni yetkazilgan yana bir (eski) jarohatning o‘rni bor erdi. Men bolaligimda o‘shal jarohatlar o‘rniga barmoqlarimni tiqib o‘ynar erdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:00:51

14-bob. Talha ibn Ubaydulloh xususlaridagi hadislar

Hazrat Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va saldam vafot qilayotib undan (Talhadan) rozi ekanliklarini aytganlar», — deydilar.

Abu Usmon: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam jang qilgan o‘shal ayrim kunlari (Uhud kunlari) ul zotning yonlarida Talha va Sa’ddan bo‘lak hech kim qolmagan erdi», — deydilar.

Qays ibn Abu Hozim: «Men Talhaning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni (jangda) pana qilib turgan qo‘llarini ko‘rdim, o‘shal qullari (o‘q tegaverganidan) shol bo‘lib qolibdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:01:00

15-bob. Sa’d ibn Abu Vaqqos (Sa’d ibn Molik) az-Zuhriyning manoqiblari haqida

Banu Zuhra Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tog‘alari [ya’ni, onalari Ominaning amakilari (Sa’d ibn Abu Vaqqos) mansub bo‘lgan Quraysh urug‘i] bo‘lib, ul kishining (asl) nomlari Sa’d ibn Moliqdur.

Sa’d ibn Abu Vaqqos (Sa’d ibn Molik) raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud kuni menga: «Ota-onam sizga fido bo‘lsinlar!» — deb aytdilar», — deydilar.

Sa’d ibn Abu Vaqqos: «Men o‘zimni uchinchi bo‘lib Islomga kirganman, deb hisoblayman», — deydilar.

Qayd etilgan