32-bob. Ulov sotib olish haqida. Agar birov bir kishining minib kelayotgan ulovini sotib olsa, ulov (o‘shal kishi manziliga yetib olib, undan tushguniga qadar sotib olingan hisoblanadimi?
Ibn Ushr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uni (ya’ni, asov) tuyangni menga sot!»—dedilar».
Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Janob Rasululloh birlan birga g‘azotda erdim. Tuyam charchaganidan imillab kelardi. Shunda Janob Rasululloh ketimdan yetib kelib: «Jobir!»— dedilar. Men: «Labbay, yo Rasulalloh!»— dedim. Ul zot: «Nechun sekin ketayotirsan?»— dedilar. Men: «Tuyam charchaganidan imillab qoldi. Shuning uchun orqada qolib ketdim», — dedim. So‘ng, Nabiy sallallohu alayhi va sallam tuyalaridan tushib, qo‘llaridagi (aso) birlan tuyamni niqtadilar-da: «Qani endi tuyangga min-chi!»— dedilar. Men tuyamga mingan erdim, u lo‘killab yugurib ketdi. Men Janob Rasulullohdan ilgarilab ketmaslik uchun tuyamning jilovini tortib bordim. Janob Rasululloh menga: «Uylandingmi?»— dedilar. Men: «Ha, yo Rasulalloh, uylandim», — dedim. Janob Rasululloh: «Bokiragami yoki juvongami?»— dedilar. Men: «Juvonga», — dedim. Ul zot: «Bokira qizga uylanganingda, bir-birlaringiz birlan hazil-huzil qilib yurgan bo‘lardingiz», — dedilar. Men: «Singillarim ko‘p. Shuning uchun, ularni yuvib-tarab, ularga onalik qila oladigan ayolga uylandim», — dedim. Ul zot: «Sen uyingga ketayotirsan, yetib borganingda fikru o‘yingda jimo’ bulsin!» (ya’ni, «Farzandli bo‘lmog‘ing kerak!») — dedilar. Keyin: «Tuyangni sotasanmi?»— dedilar. «Mayli», — dedim. Janob Rasululloh uni mendan bir uqiyaga sotib oldilar. So‘ng, tuyalarini qamchilab, tezlab ketdilar-da, shaharga mendan ilgari yetib bordilar, men ul yerga ertalab kirib bordim. So‘ng, masjidga borgan erdim, ul zotning masjid eshigi oldida turganlarini ko‘rdim. Janob Rasululloh: «Hozir yetib keldingmi?»— dedilar. Men: «Ha», — dedim. «Masjidga kirib ikki rak’at namoz o‘qib chiq!»— dedilar. Namoz o‘qib chiqqanimdan keyin, Bilolga qarab: «Bir uqiya (dirham) o‘lchab ber!»— dedilar. Bilol menga bir uqiya o‘lchab berdilar. Pulni olib, endigina yo‘lga tushgan erdim, Janob Rasululloh meni to‘xtatdilar. Darhol xayolimdan «Hozir tuyamni qaytarib beradilar» degan fikr o‘tdi. Bu esa men uchun juda noxush erdi. Aytganimdek, Janob Rasululloh: «Tuyangni ol, uning haqi ham o‘zingga»— dedilar».