79-bob. Ariyyalar tafsiri
Molik raziyatlohu anhu: «Ariyya — bir odamning bir (muhtoj) kishiga (o‘zining bir yoki bir necha) xurmo daraxtini vaqtincha berib turmog‘idur. O’z xurmo daraxtlarini muhtoj kishilarga vaqtincha berib qo‘ygan odamlar o‘shal muhtoj kishilarning hadeb huzurlariga kelaverganlaridan norozi bo‘lgach, Janob Rasululloh ularga o‘zlari vaqtincha berib qo‘ygan xurmo daraxtlaridagi xom hosilni muhtoj kishilardan xurmo qoqisiga (yoki pishgan xurmoga) sotib olmoqni ruxsat qildilar», — deydilar.
Ibn Idriys: «Ariyya, ya’ni vaqtincha berib qo‘yilgan xurmo daraxtlaridagi xom hosilni pishgan (yoki qoqi) xurmoga sotib olmoqlik ko‘tara savdo yo‘li birlan emas, balki faqat tortib olish va naqdga naqd savdo yo‘li birlan amalga oshiriladi»,— deydilar.
Ibn Umar raziyallohu anhu: «Ariyyalar — bir kishining ikkinchi bir (muhtoj) kishiga o‘zining bir yoki ikki xurmo daraxtini vaqtincha berib turmog‘i bo‘lib, (o‘shal muhtoj kishi undagi xom hosilning pishmog‘ini kutur, so‘ng uni bola-chaqalari birlan iste’mol qilur, ammo uni sotmas)», — deydilar.
Sufyon ibn Husayn: «Ariyyalar — miskinlarga hadya qilingan xurmo daraxtlari bulib, ular (hosil pishgunga qadar) kutisha olmas erdi. Shul boisdan Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ularga xom hosilni o‘zlari xohlagan xurmoga (ya’ni, istasalar, yangi uzilgan xurmoga, istasalar, xurmo qoqisiga) sotmoqni ruxsat qildilar, ammo ulardan bo‘laklarga buni ijozat qilmadilar», — deydilar.
Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vaqtincha bsrib qo‘yilgan xurmo daraxtlaridagi hosilni pishgach, tortib (o‘lchab) sotmoqqa ruxsat berdilar».
Muso ibn Uqba: «Ariyyalar — hosilini istagan vaqtda kelib sotib olsang bo‘ladirgan muayyan xurmo daraxtlaridur», — deydilar.