Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 371330 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 111 B


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:03:30

13-bob. Qurbonlikka atalgan tuyani Makkaga olib borib suyish vakolatini bermoq haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qurbonlikka atalgan tuyalarining bo‘yniga osiladirgan nishon bog‘ichini o‘z  qo‘lim birlan yigirdim. So‘ng, ul zot o‘z qo‘llari birlan nishonni tuyaning bo‘yniga bog‘lab qo‘ydilar. Keyin, uni Makkaga olib borib so‘yishni otamga topshirdilar. Shunda Olloh taolo Janob Rasulullohga halol qilgan biror narsa to jonliq so‘yilgunga qadar ham ul zotga harom qilinmadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:03:42

14-bob. Bir kishi o‘z vakiliga: «Uni Olloh taolo o‘zingizga amr qilgan narsaga sarf qilingiz!» — deganda vakilning unga: «Ne deganingni eshitdim» — deb aytgani haqida

Anas ibn Malik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Talha madinalik ansorlarning eng badavlati hisoblanardi. Uning eng yaxshi ko‘rgan boyligi (mol-mulki) Bayruho bog‘i erdi. Bu bog‘ masjidning ro‘parasida bo‘lib, Janob Rasululloh u yerga kirib, uning (shirin) suvidan ichib turardilar. «(Ey musulmonlar), o‘zingiz yaxshi kurgan narsalaringizdan xayru ehson qilmaguningizcha hargiz yaxshilik kamolotiga erisha olmassizlar» degan oyat nozil bo‘lganda, Abu Talha Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo o‘z Kitobida: «(Ey musulmonlar), o‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan xayru ehson qilmaguningizcha hargiz yaxshilik kamolotiga erisha olmassizlar» deydi. Mening eng sevimli mulkim Bayruhodur. U Olloh taolo yo‘lida sadaqa bulsin! Buning uchun men Olloh taoloning dargohida ajr olmoq umididaman. Yo Rasulalloh, uni Olloh taolo o‘zingizga amr qilgan narsaga sarf qilingiz!» — dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Voh-voh! Naqadar xayriyatovar bu bog‘ing! Naqadar xayriyatovar bu bog‘ing! Men uning xususida ne deganingni eshitdim. Uni qarindoshlaringga bo‘lib berganing maqul», — dedilar. Abu Talha: «Aytganingizdek qilgum, yo Rasulalloh!»— dedi-da, uni eng yaqin qarindoshlari va amakivachchalariga bo‘lib berdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:04:15

15-bob. Halol (xazinachi)ning xazina va shu kabilardagi vakolati haqida

Abu Muso raziyaplohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Nimani kimga sadaqa qilmog‘i buyurilgan bo‘lsa, o‘shani savob umidida sadaqa olguvchiga to‘la-to‘kis beruvchi halol (ishonchli) xazinachi — ikki sadaqa qilguvchidan biridur». (Ya’ni, ul ikki sadaqa qilguvchidan biri — sadaqa berib yuborishni buyurgan xo‘jayin va ikkinchisi — uning xazinachisi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:05:35

Bismillahir rohmanir rohim.

YER HAYDASH VA YERNI IJARAGA BYERISH XUSUSIDAGI  HADISLAR

1-bob. Ekin va daraxt ekishning fazilati haqida


Olloh taoloning qavli: «Sizlar o‘zlaringiz ekayotgan ekiningiz xususida hech o‘ylab ko‘rdingizlarmi? Uni sizlar undirursizlarmi yoki Biz undirurmizmi?! Agar Biz istasak, albatta uni quruq cho‘p qilib qo‘ygan bo‘lur erdik!» («Voqi’a» surasi, 63—65-oyatlar).

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qaysi bir musulmon biror daraxt yoxud biror ekin eksa-yu, uning hosilidan inson, qush yoki hayvon yesa, buning uchun unga ajru savob ato etilur» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:05:55

2-bob. Dehqonchilik qurollarini birovlardan qizganib uyga olib kirib qo‘yishning oqibati yomon ekanligi xususida

Abu Umoma al-Bohiliy raziyallohu anhu omoch yoki boshqa bir dehqonchilik asbobini ko‘rib: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bu (narsani, unga o‘zgalar muhtoj bo‘lib turgan bir mahalda), qaysi qavm (qizg‘anib dalasidan) uyiga olib kirib qo‘ysa, albatta (o‘shal qavmning) uyiga xorliq kirur» — deb marhamat qilganlar», — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:06:18

3-bob. Ekinni quriqlash uchun it boqish haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki it boqsa, har kungi amali solihlaridan ikki qiyrotini boy berur, (ammo) poda va ekinni qo‘riqlovchi (hamda ovchi) it bundan mustasnodur» — deb marhamat qildilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis bir necha bor mazmunan takrorlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:07:03

4-bob. Yer haydashda hukizdan foydalanish haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Qadimda bir kishi bir ho‘kizni minib ketayotgan erdi, birdan u inson tilida: «Men minish uchun emas, balki yer haydash uchun yaratilganman», — dedi. Uning inson tilida so‘zlaganiga men, Abu Bakr va Umar ishonurmiz. Bir kuni bir bo‘ri podadan bir qo‘yni olib qochdi. Cho‘pon uni quvib, (quyni qutqarib olganda), bo‘ri unga: «Qo‘yingni arslon oladirgan kuni (sen tumtaraqay qochib qolib), cho‘ponlik qiladigan kimsa qolmaganda, men podangga cho‘ponlik qilib, (ulardan xohlaganimni yerman)», — dedi. Men, Abu Bakr va Umar o‘shal bo‘rining inson tilida so‘zlaganiga ishonurmiz».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:07:18

5-bob. Kishi: «Xurmozorni (parvarish qilishda) menga yordam bersang, kifoya, hosiliga sherik bulursan» — deb aytsa, (joizmi?)

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ansorlar Nabiy sallallohu alayhi va sallamga: «Xurmozorlarimizni biz va muhojir birodarlarimiz o‘rtasida bo‘lib beringiz!» — deyishdi. Janob Rasululloh (keyinchalik o‘rtalarida biror kelishmovchilik chiqmasin, degan maqsadda): «Yo‘q», — dedilar. Shunda ansorlar (muhojirlarga): «Unday bo‘lsa, xurmolarni (parvarish qilishda) bizga yordam bersangizlar, kifoya, hosiliga sherik qilurmiz», — deyishdi. (So‘ng ansoru muhojirlar): «Quloq osdik va itoat etdik», — deyishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:13:42

6-bob. Daraxtlarni, shu jumladan xurmolarni kesish haqida

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bir xurmozorni kesishni buyurib erdilar, u kesib tashlandi».

Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Banu Nazir xurmozorining bir qismiga o‘t qo‘ydirdilar va bir qismini kestirib yubordilar. Ul xurmozorning nomi «Buvayra» bo‘lib, Hasson uning haqida quyidagi satrlarni bitgan:
«Zarra qiynalmay Luay sardorlari,
Buvayra uzra yoqdi katta gulxan».

Rofi’ ibn Xadiyj rivoyat qiladilar: «Biz Madinada eng ko‘p dehqonchilik birlan shug‘ullanadigan kishilar bo‘lib, yerni uning bir qismiga yer egasi uchun ekish sharti birlan ijaraga berardik. Shunda, ba’zan yer egasi, ba’zan yerni ijaraga olgan odam (har xil sabablarga kura) zarar kurardi. Shuning uchun Janob Rasululloh yerni ijaraga berishdan bizni qaytardilar. o‘sha paytlarda tilla va kumush (erni ijaraga berish muomalasida) yo‘q erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Iyul 2008, 10:13:59

7-bob. Hosilning yarmi yoki shunga yaqin qismini olish sharti birlan sheriklikka ekin ekish haqida

Abu Ja’far rivoyat qiladilar: «Madinada hosilning uchdan bir va turtdan bir qismini olish sharti birlan sheriklikka ekin ekmagan muhojir xonadoni yo‘q erdi. Ali, Sa’d ibn Molik, Abdulloh ibn Mas’ud, Umar ibn Abdulaziz, al-Qosim, Urva ibn az-Zubayr, Abu Bakr xonadoni, Umar xonadoni, Ali xonadoni, Ibn Siriyn sheriklikka ekin ekishgan».

Abdurrahmon ibn al-Asvad rivoyat qiladilar: «Men Abdurrahmon ibn Yazid birlan sheriklikka dehqonchilik qilardim. Hazrat Umar: «Agar urug‘ni men olib kelsam, hosilning yarmi meniki, agar sizlar olib kelsangizlar ham, xuddi shunday» — deb bir necha kishi birlan sheriklikka ekin ekishga kelishdilar».

Al-Hasan. «Agar ikki kishidan biri yer egasi bo‘lib, dehqonchiliqdagi sarf o‘rtada bo‘lsa, ikkalasining hosilni teng bo‘lib olishi joiz», — deydilar. Bu fikrga az-Zuhriy ham qo‘shiladilar. Al-Hasan: «Paxtani teng sheriklikka terib olsa bo‘ladi», — deydilar. Ibrohim, Ibn Siriyn, Ato, al-Hakam, az-Zuhriy va Qatoda sheriklikka tuqilgan matoning uchdan biri yoki to‘rtdan biri berilsa, joiz», — deyishadi.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam yetishtiriladigan hosilning yarmini olish sharti birlan Xaybar yerlarini (yahudiylarga) ijaraga berdilar. Hosilning o‘zlariga tegishli qismidan yuz vasag‘ini, ya’ni sakson vasaq xurmo va yigirma vasaq arpani xotinlariga ajratar erdilar».

Hazrat Umar Xaybar yerlarini taqsimlayotib, payg‘ambarimizning oilalariga yer-suv yoki vasaq (hosildan ulush) olishni taklif etdilar. Oisha raziyallohu anho yerni tanladilar.

Qayd etilgan