Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502752 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 111 B


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:32:09

16-bob.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Munofiqning uch belgisi mavjud bo‘lib, agar so‘zlasa, yolg‘on so‘zlar, agar (omonatni) ishonib topshirsalar, xiyonat qilur va agar va’da bersa, vafo qilmas», — dedilar».

Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot qilganlarida Alo ibn al-Hazramiy tomonidan Abu Bakr Siddiqqa mol keltirildi. Shunda Abu Bakr Siddiq: «Kimning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamda qarzi bo‘lsa yoki ul zot hayotliklarida kimga (bul moldan) va’da qilgan bo‘lsalar, bizning huzurimizga kelaversin!» — deb aytdilar. o‘shanda Jobir: «Men (Abu Bakr Siddiqqa) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning menga (ul moldan) muncha va muncha va muncha berajaklarini va’da qilganlarini aytdim. Shunda (Abu Bakr Siddiq) qo‘limga besh yuz, so‘ng besh yuz, so‘ng besh yuz sanab berdilar» — deb aytgan erdilar».

Sa’id ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hiyralik bir yahudiy mendan: «Muso (alayhissalom) ikki muhlatdan qaysi birini ado etganlar?» — deb so‘radi. Men (unga): «Toki biror arab olimi huzuriga borib, undan so‘rab (bilmagunimcha), aytolmasman», — dedim. So‘ng, borib Ibn Abbosdan (shul haqda) so‘radim. Ibn Abbos: «Ikki muddatdan eng ko‘pi va yaxshisini ado etganlar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (ham) va’da berdilarmi, uni albatta bajarur erdilar», — dedilar». (Bul ikki muhlat xususida Qur’oni Karimning «Qasas» surasi, 23—29-oyatlarida bayon qilingandur).

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:32:22

17-bob. Shirk ahlidan guvohlik va boshqa narsalar so‘ralmas!

Sha’biy: «(Islomdan bo‘lak) dinlar ahlining bir-birlariga guvohliklari joiz ermas», — deydilar. Chunki, Olloh taolo: «Ularning o‘rtalariga to Qiyomat nafratu adovat solib qo‘ydik», — deydi («Moida» surasi, 14-oyat).

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kitob ahliga ishonmangizlar ham, ularni yolg‘onchi qilmangizlar ham, (yaxshisi): «Ollohga va bizga nozil qilingan Kitobga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qubga va o‘shal urug‘-avlodga nozil qilingan narsalarga, Muso va Isoga berilgan narsalarga va barcha payg‘ambarlarga parvardigor tarafidan berilgan narsalarga ishondik. Biz ulardan birortasini ajratmasmiz va biz ul zotga (Olloh taologa) buyinso‘nguvchilarmiz, deb aytingizlar», — dedilar». (Janob Rasululloh bul so‘zlarni «Baqara» surasining 136-oyatidan olib aytdilar).

Ibn Abbos raziyallohu anhu bunday dedilar: «Ey musulmonlar jamoasi, Olloh taolo o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamga nozil qilgan Kitobingiz Olloh taolo xususida eng yangi xabar bo‘la turib va sizlar uni qiroat qila turib, qandayin kitob ahlidan (ularning dinlari xususida) so‘raysizlar? Kitob ahlining parvardigor yozganini o‘zgartirganlari va o‘z qo‘llari birlan Kitobni qayta yozganlari hamda Ollohga bergan va’dalarini oz bahoga sotish uchun uni Olloh nozil qilgan, deb aytganlari haqida Olloh taolo sizlarga xabar qilganiga hech qancha vaqt bo‘lgani yo‘q-ku! o‘zlaringizga nozil qilingan ilm ulardan so‘ramog‘ingizni man’ qilmaydimi?! Olloh taolo haqi, ulardan biror kishining o‘zlaringizga nozil qilingan narsa xususida sizlardan so‘raganini sira ko‘rgan ermasmiz!».

18-bob. Mushkul (ikki yoki undan ortiq kishilar o‘rtasida tortishuv chiqishiga sabab bo‘ladirgan) hollarda qur’a tashlamoq haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir qavmga qasam ichmoqni taklif qilib erdilar, ular shoshib (bir-biriga navbat bermay) qasam ichishga tushishdi. Shunda ul zot ulardan qaysi biri birinchi bo‘lib qasam ichmog‘ini aniqlab olish uchun o‘rtalarida qur’a tashlamoqni amr qildilar».

Nu’mon ibn Bashir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Amri maruf va nahiy munkar qilguvchi kishi birlan amri ma’rufni ado etmay, munkar ishlarni qilib gunohkor bulayotgan kishi go‘yoki o‘zaro qur’a tashlab bir kemani sherikchilikka ijaraga (yoxud mulk qilib) olgan qavmga o‘xshaydi. Ul qavm kimga kemaning qaeridan joy tegishini aniqlash uchun o‘rtalarida qur’a tashlashadi, shunda ba’zilariga kemaning yuqorisidan va ba’zilariga pastidan joy tegadi. Keyin, kemaning pastidan joy olgan kishilar suv olgani kemaning tepasidan joy olganlar huzuriga hadeb boraverib, ularni bezor qilishadi. Shunda kemaning tepasidan joy olganlar uning pastidan joy olganlarga: «Agar qur’a tashlaganimizda kemaning pasti bizga nasib qilgan bo‘lganida, tepamizdagilarga sira aziyat yetkazmas erdik!» — deyishadi. Buni eshitib, kemaning pastidagilardan biri qo‘liga bolta oladi-da, kemaning tubini tesha boshlaydi. Shunda kemaning tepasidan joy olganlar uning oldiga kelib: «Ne qilayotirsan?» — deyishadi. U: «Hadeb huzurlaringizga boraverib, sizlarga aziyat yetkazayotirman, menga ersa suv kerak!» — deydi. Agar ular uning qo‘lidan ushlab, kemani teshmog‘iga yo‘l qo‘ymasalar, uni ham, o‘zlarini ham halokatdan qutqarib qoladilar va agar uni o‘z holiga qo‘yib quysalar, uni ham, o‘zlarini ham halok qiladilar».

Xorija ibn Zayd al-Ansoriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ansorlar o‘z uylaridan muhojirlarga joy berish uchun o‘zaro qur’a tashlaganlarida Usmon ibn Maz’un Ummulaloning qur’asiga chiqdi. Ummulalo bunday deydilar: «Shunday qilib, Usmon ibn Maz’un bizning uyimizda yashay boshladilar. Keyin, xastalanib yotib qoldilar, biz ul kishini to vafot qilgunlariga qadar parvarish qildik. So‘ng, jasadlarini kiyimlari birlan kafanlab qo‘ydik. (Shu asnoda) Janob Rasululloh ul kishini ko‘rgani huzurimizga kirib erdilar, men: «Olloh taolo sizni rahmat qilsin, ey Abo Soib! Ko‘rib turibmanki, Olloh taolo sizni rahmat qilgandur!» — dedim. Shunda Janob Rasululloh menga: «Olloh taolo bul kishini rahmat qilganini sen qaerdan bilursan?!» — dedilar. Men: «Ota-onam sizga fido bo‘lsinlar, yo Rasulalloh! Men buni bilmasman»,— dedim. Janob Rasululloh: «Usmon qazo qildi, Olloh taolo haqi, men unga faqat yaxshilikni tilarman! Olloh taolo haqi, men o‘zim Ollohning Rasuli bo‘la turib, (Qiyomatda) menga ne qilinmog‘ini bilmasman!» — dedilar. Shundan buyon men, Olloh taolo haqi, biror mayyitni maqtamaydirgan bo‘ldim».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar safarga chiqmoqni iroda qilsalar, xotinlari o‘rtasida qur’a tashlar, qur’a ulardan qaysinisiga chiqsa, o‘shal birlan safar qilur erdilar. Shuningdek, Janob Rasululloh (muqimliqtsa) xotinlaridan har biri uchun bir kecha-kunduz vaqt ajratgan erdilar. (Bir kuni) Savda binti Zam’a ul zotning ko‘ngillarini olish uchun o‘z kunini Oishaga tuhfa qilgan erdi».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar odamlar azon birlan (namozxonlarning) birinchi safida qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, (masjidga azonga qadar yetib kelib, birinchi safdan joy olish uchun) o‘rtalarida qur’a tashlashdan bo‘lak iloj topolmay, qur’a tashlagan bo‘lur erdilar! Agar odamlar takbirda qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, unga (barvaqtroq yetib kelish uchun) kim o‘zarga musobaqalashgan bo‘lur erdilar! Agar odamlar xufton va bomdodda qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, ularga emaklab bo‘lsa ham, kelur erdilar!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:32:43

Bismillahir rohmanir rohiym.

SULH KITOBI

Odamlarni o‘zaro kelishtirish (totuv qilish) haqidagi hadislar


Olloh taoloning qavli: «Ularning ko‘p maxfiy suhbatlaridan, agar sadaqa berishga yoki biror yaxshilik qilishga yoxud odamlarni o‘zaro totuv qilishga buyurgan bo‘lmasalar, zarracha manfaat yo‘qdur. Kimki Ollohning rizoligini istab, shu amallarni qilsa, unga buyuk ajr ato etajakmiz» («Niso» surasi, 114-oyat).

Imomning o‘z sahobalari birlan birgalikda (nizo chiqqan) yerlarga odamlarni o‘zaro yarashtirib qo‘ymoq uchun bormog‘i haqida

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Banu Amr ibn Avf (qabilasi)ga mansub bir guruh odamlar o‘rtasida nizo chiqdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir necha sahobalar birlan birgaliqda ularni o‘zaro yarashtirib qo‘ymoq uchun yo‘l oldilar. Keyin, namoz vaqti bo‘lib qolib, Janob Rasululloh hadeganda kelavermagach, Hazrat Bilol namozga azon aytdilar. Ammo, Janob Rasululloh hanuz kelmas erdilar. Shul bois Hazrat Bilol Abu Bakr Siddiqning qoshlariga kelib: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ul yerda ushlanib qoldilar, namoz vaqti bo‘ldi, siz odamlarga imomlik qilmaysizmi?» — dedilar. Abu Bakr: «Mayli, agar mening imomlik qilmog‘imni istagan bo‘lsang, imomlik qila qolayin!» — dedilar. So‘ng, namozga takbir aytildi. Abu Bakr endigina imomlikka o‘tib erdilar, Janob Rasululloh kelib, namozxonlar saflarini oralab, birinchi safga borib turdilar. Shunda namozxonlar (Janob Rasulullohning kelganlarini Abu Bakrga bildirish uchun) chapak chala boshlashdi, hatto shul qadar ko‘p chapak chalishdiki, Abu Bakr namozda turgan bo‘lsalar-da, beixtiyor o‘girilib, ortlarida Janob Rasulullohning turganlarini ko‘rdilar. Abu Bakr («Keling, o‘rningizga turing» degan ma’noda) qo‘llari birlan Janob Rasulullohga ishora qilib erdilar, ul zot Abu Bakrga namozni davom ettirmoqni amr qildilar. Ammo, Abu Bakr qo‘llarini yuqori ko‘tarib, (bildirilgan ishonch uchun) Olloh taologa hamd aytdilar-da, ortlariga tisarilib, safga kirdilar. Keyin, Janob Rasululloh oldinga o‘tib, (imomlik qilgan holda) odamlar birlan birga namoz o‘qidilar. Namozni tugatgach, Janob Rasululloh odamlarga yuzlarini burib o‘ltirib oldilar-da: «Ey odamlar, namoz o‘qiyotganingizda nechundir chapak chala boshladingizlar, chapak chalish — ayollarga xos qiliqdur. Kimga namoz o‘qietganida biror narsa bo‘lsa, «Subhonalloh!» desin, chunki uni kim eshitmasin, darhol o‘girilib qaraydi. Ey Abu Bakr, sizga ishora qilganimda nechun odamlarga imomlik qilib namoz uqiyvermadingiz?» — dedilar. Shunda Abu Bakr: «Abu Qahhofaning o‘g‘li uchun Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilarida namoz o‘qimoqlik joiz ermas!» — deb javob qildilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sahobalar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Abdulloh ibn Ubayning holidan bir xabar olsangiz bo‘lur erdi!» — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh bir eshakni minib, uning huzuriga yo‘l oldilar, ul zot birlan birgaliqda bir qancha musulmonlar ham ketishdi. Abdulloh yashaydirgan yer sho‘rxok yer bo‘lib, Janob Rasululloh uning huzuriga yetib borgach: «Bul eshaging mendan o‘zingga siylov! Olloh taolo haqi, uning qo‘lansa hidi (yo‘l bo‘yi) menga aziyat yetkazdi», — dedilar. Shunda ansorlardan biri Abdullohga: «Olloh taolo haqi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning eshaklarining hidi sening hidingdan xushbo‘yroqdur!» — dedi. Buni eshitib, Abdullohning qavmidan bir kishi darg‘azab bo‘ldi-da, u birlan so‘kishib ketdi. Keyin, har ikkalasining do‘stlari ham o‘rtaga tushib, o‘zaro urishib ketishdi. Har ikki taraf bir-birini tayoq, choriq va qo‘l birlan rosa do‘pposladi. Keyin, bilsak, shul xususda Olloh taoloning «(Ey mo‘minlar), agar mo‘minlardan bo‘lgan ikki toifa o‘zaro urishib qolsalar, darhol ularni yarashtirib qo‘yingizlar!» degan oyati karimasi nozil bo‘libdi» («Hujurot» surasi, 9-oyat).

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:37:45

1-bob. Odamlarni o‘zaro kelishtirib (yarashtirib) quyguv-chi kimsa yolg‘onchi emas

Ummu Kulsum binti Uqba raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Yaxshilikni bo‘rtirib, odamlarni o‘zaro kelishtirib (yarashtirib) quyguvchi kimsa yolg‘onchi emas!» — deb aytganlarini eshitdim». (Ya’ni, agar kishi nizolashib qolgan odamlarni o‘zaro yarashtirib qo‘yish maqsadida ulardagi mavjud fazilatlarni bir oz bo‘rttirib maqtasa, yolg‘onchi bo‘lmas, chunki u bundan faqat yaxshilikni ko‘zlagan bo‘lib, odamlarni aldashni sira niyat qilmagandur).

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:37:56

2-bob. Imomning o‘z sahobalariga: «Biz birlan yuringizlar, (ularni o‘zaro) yarashtirib qo‘yurmiz!» — deb aytmog‘i haqida

Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Hijozdagi) Qubo ahli o‘zaro urishib qolishib, hatto bir-birlariga tosh otishgacha borishdi. Buni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga xabar qilishib erdi, ul zot (sahobalarga): «Biz birlan yuringizlar, ularni o‘zaro yarashtirib qo‘yurmiz!»— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:38:06

3-bob. Olloh taoloning: «Va agar bir xotin o‘z erining ko‘ngilsiz bo‘lishidan yoki yuz o‘girishidan qo‘rqsa-yu, o‘zaro kelishib sulh qilishsa, bu har ikkisiga ham gunoh ermas, sulh (ajralishdan) yaxshidur»— degan qavli xususida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Erining ko‘ngilsiz bo‘lib qolishidan yoki qo‘yib yuborishidan cho‘chiydirgan ayol shunday ayolki, odatda eri undan ko‘ngli to‘lmay, uni taloq qilib, boshqa xotin olgisi keladi. Shunda o‘sha ayol eriga: «Meni nikohingizda olib qolib, taloq qilmangiz-da, ustimga boshqa xotin olaveringiz, menga nafaqa va mahrni kamroq bersangiz ham mayli!» — deydi. Agar ikkalasi shunga kelishsalar, hechqisi yo‘qdur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:38:23

4-bob. Agar adolatsiz sulh tuzsalar, u bekor qilinur

Abu Hurayra va Zayd ibn Xolid al-Juhaniy raziyallohu anhumo rivoyat qilishadi: «Bir badaviy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, bizni Olloh taoloning Kitobiga binoan o‘zaro kelishtirib qo‘yingiz!» — dedi. Shunda u birlan xusumatlashib kelgan kishi ham o‘rnidan. turib: «U rost aytdi, bizni Olloh taoloning Kitobiga binoan o‘zaro kelishtirib qo‘yingiz!» — dedi. So‘ng, badaviy: «Mening o‘g‘lim manavi kishining qo‘lida yollanib ishlar erdi, uning xotini birlan o‘ynashib qo‘ydi. Shunda menga: «O’g‘ling toshbo‘ron qilinib, (o‘ldirilur)», — deyishdi. Shul bois men o‘g‘limni yuzta qo‘y va bitta cho‘ri berib, manavi kishidan qutqarib oldim. Keyin, shul haqda ilm ahlidan so‘rab erdim, ular: «O’g‘ling (buydoq bo‘lgani uchun) yuz darra urilib, bir yilga badarg‘a qilinmog‘i lozim» — deb aytishdi»,— dedi. Janob Rasululloh: «Albatta men sizlarni Olloh taoloning Kitobiga binoan o‘zaro kelishtirib qo‘yurman! Cho‘ri va qo‘ylar xususiga kelsak, ular o‘zingga qaytarilur, o‘g‘ling ersa, yuz darra urilib, bir yilga badarg‘a qilingusidur. Sen ersang, ey Unays, buning xotini huzuriga borgil, agar (zino qilganini) e’tirof qilsa, toshbo‘ron qilgil!» — dedilar. Keyin, Unays o‘shal xotinning huzuriga borib (so‘rab) erdilar, u (zino qilganini) e’tirof etdi, so‘ng ul kishi uni toshburon qildilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki bizning bu ishimizda (ya’ni, Islom shariatida) yo‘q narsani joriy qilsa, u bekor (rad) qilinur» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:38:40

5-bob. (Sulh tuzguvchi kishi) qaysi qabila yoki nasabga mansub ekanligini qayd etmay, «Bu falon o‘g‘li falon birlan falon o‘g‘li falon o‘zaro tuzgan sulh shartnomasidur» deb qanday yozur?

Baro ibn Ozib raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zulqa’da oyida (sahobalar birlan birga) umra qilgani yo‘l oldilar. Shunda Makka ahli ul zot (birlan sahobalar)ning Makkaga kirib, Baytullohni bexalal tavof qilmoqlariga to‘sqinlik qilishdi. Ko‘p muzokaralardan so‘ng, ul zot (kelasi yili) Makkada uch kun turishga ular birlan kelishib oldilar. Keyin, Janob Rasulullohning kotiblari (Hazrat Ali) shartnomaga «Bu Ollohning Rasuli Muhammadning (Suhayl ibn Amr birlan tuzgan) sulh shartnomasidur» deb yozib quyganlarida, mushriklar: «Olloh haqi, agar biz sizni Ollohning Rasuli, deb tan olganimizda erdi, sizning Baytullohga kirmog‘ingizga mone’lik qilib, sizga qarshi jang qilmoqqa qasd qilmagan bo‘lur erdik, vaholanki siz Abdullohning o‘g‘li Muhammadsiz, xolos!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Men Ollohning Rasuli hamda Abdullohning o‘g‘li Muhammaddurman», — dedilar. So‘ng, ul zot Hazrat Aliga: «Rasululloh» suzini o‘chirib, (Abdulloh ibn Muhammad, deb yozib qo‘y!)» — deb amr qildilar. Ammo, Hazrat Ali: «Yuq, Olloh taolo haqi, «Rasululloh» so‘zini hech qachon o‘chirmasman!» — dedilar. Shunda Janob Rasululloh shartnomani qo‘llariga oldilar-da, unga o‘zlari muborak qo‘llari birlan «Bu Abdulloh o‘g‘li Muhammad (birlan Suhayl ibn Amr o‘zaro) tuzgan sulh shartnomasidur. U Makkaga qiniga solingan quroldan bo‘lak biror qurol olib kirmaydi, Makka ahlidan birortasini, agar unga ergashmoqni istasa ham, o‘zi birlan olib ketmaydi, sahobalaridan birortasi Makkada qolishni istasa, unga mone’lik qilmaydi» — deb yozib qo‘ydilar. (Ulamolarning aytishlaricha, Janob Rasululloh yozishni yaxshi bilmasalar-da, shartnoma ustiga muborak qo‘llarini olib borishlari birlanoq, Olloh taoloning irodasi birlan mazkur so‘zlar yozilib qolgan. Ba’zi roviylar aytgan hadislarda ersa mazkur so‘zlarni ul zotning amrlariga binoan Hazrat Ali yozib qo‘yganlar).
(Kelasi yili) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalar birlan birga umra qilgani) Makkaga kirdilar. (O’tgan yili tuzilgan shartnomadagi uch kunlik) muddat o‘tgach, mushriklar Hazrat Alining qoshlariga kelib: «Do‘stingizga aytingiz, Makkani tark etsin, chunki kelishilgan muddat tugadi», — deyishdi. So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalar birlan birga) Makkadan chiqib ketayotganlarida Hamzaning qizchalari: «Ey Amaki, ey amaki!» — degancha ularga ergashdi. Hazrat Ali uni ko‘tarib oldilar-da, qo‘lidan ushlab Fotima alayhossalomga uzata turib: «Amakingning qizchasini kajavangta solib ol!» — dedilar. Shunda Zayd va Ja’far uni o‘zlarining qaramoqlariga olmoq bo‘lib Hazrat Ali birlan talashib qolishdi. Hazrat Ali ularga: «Bu amakimning qizchasidur, men sizlardan ko‘ra unga haqliroqman!»— dedilar. Ja’far ersa: «Bu mening ham amakimning qizchasi, buning ustiga uning xolasi mening xotinimdur!» — deb aytdilar. Zayd ersa: «Bu mening birodarimning qizchasidur!» — dedilar. Ammo, Janob Rasululloh uni xolasiga bermoqni amr qilib: «Xola ona o‘rnidadur», — dedilar. So‘ng, ul zot Hazrat Aliga: «Sen mendan va men sendan» (ya’ni, «Ikkimizning nasabimiz birdur»), — dedilar. Ja’farga ersa: «Sen qiyofa va xulq jihatdan menga o‘xshaysan» — deb aytdilar. Keyin, Zaydga qarab: «Sen (iymondosh) birodarimiz va mavlomizsan (bizning ozod qilgan qulimizsan)», — dedilar. (Shul tariqa Janob Rasululloh ularning ko‘ngillarini ko‘tarib qo‘ydilar)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:38:53

6-bob. Mushriklar birlan sulh tuzmoq haqida

Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.

7-bob. Tovon (xun haqi) to‘lash xususida sulh tuzmoq

Anas (ibn Molik) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nazrning qizi Rabi’ bir qizning kurak tishini sindirib qo‘ydi. Shunda tishi singan qizning qavmi Rabi’ qavmidan tovon (xun haqi) talab qilishdi. Rabi’ning qavmi ersa, uni afv qilmoqlarini talab qilishdi. Ular shul tariqa tortisha-tortisha Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelishib erdi, ul zot tishi singan qizning qavmiga qasos olmoqni (ya’ni, sindirilgan kurak tish uchun Rabi’ning ham kurak tishini sindirmoqni) amr qildilar. Rabi’ning otasi Anas ibn Nazr (qiziga achinib): «Yo Rasulalloh, Rabi’ning tishi sindiriladimi? Sizni haq (din) birlan yuborgan Olloh taolo haqi, uning tishini. sindirtirmangiz!» — deb yolbordi. Janob Rasululloh: «Ey Anas, Olloh taoloning Kitobi qasos (olmoqni buyurur)», — dedilar. Buni eshitib, tishi sindirilgan qizning qavmi tovon olishga rozi bo‘ldi. Shunda Janob Rasululloh: «Olloh taoloning bandalaridan kimda-kim Olloh taoloning nomini tilga olib qasam ichsa, unga sodiq bo‘lsin!» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Iyul 2008, 08:39:08

8-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning nabiralari Hasan ibn Ali xususida: «Mening bul o‘g‘lim sayyiddur, shoyad Olloh taolo uning-la musulmonlardan bo‘lgan ikki katta guruhni o‘zaro yarashtirib qo‘ysa!» — deb aytganlari hamda Olloh taoloning: «(Ey mo‘minlar), agar mo‘minlardan bo‘lgan ikki toifa (bir-birlari birlan) urishib qolsalar, darhol ularni o‘zaro yarashtirib qo‘yingizlar!» — degan qavli haqida («Hujurot» surasi, 9-oyat)

Abu Muso (al-Ash’ariy) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Olloh taolo haqi, Hasan ibn Ali Muoviyaga qarshi tog‘lar singari (qudratli, ulkan) qo‘shin tortdilar. Shunda Amr ibn al-Os (Muoviyaga): «Men bul qo‘shinning tab tortmay, o‘z tengdoshlarini (yoki o‘z dushmanini) o‘ldirmog‘iga sira shubha qilmasman!» — dedilar. Muoviya ul kishiga javoban: «Agar bular ularni va ular bularni o‘ldirsa, kim mening uchun (Olloh taoloning qoshida) o‘ldirilgan erkaklar, tul qolgan xotinlar va vayron qilingan mol-mulklarning javobini berur?!» — dedilar. So‘ng, Quraysh qabilasiga mansub Banu Abdushams urug‘idan ikki kishini — Abdurrahmon ibn Samura birlan Abdulloh ibn Omir ibn Kurayzni Hasan raziyallohu anhuning huzurlariga yuborayotib, ularga: «Ul kishining huzurlariga borib, (manavi ostiga muhrim bosilgan, ammo hali hech narsa yozilmagan sulh shartnomasi qog‘ozini) taqdim qilingizlar, (unga qanday shartlari bo‘lsa, yozib yubormoqlari mumkinligini va men ul kishining har qanday shartlarini qabul qilajagimni) aytingizlar, (qanday bo‘lmasin), ul kishini (sulh tuzishga) ko‘ndiringizlar!» — dedilar. Keyin, ular ikkalasi borib, Hasan raziyallohu anhuning huzurlariga kirishdi, ul kishi birlan suhbatlashib, (Muoviya tayinlagan gaplarni) aytishdi va (o‘zaro sulh tuzishni) iltimos qilishdi. Hasan raziyallohu anhu ularga: «Biz Abdulmuttalib avlodlari bul moldan o‘z ulushimizni olganmiz (ya’ni, musulmonlar o‘rtasida sodir bo‘lgan fitnalardan ko‘p jabr tortganmiz), darhaqiqat bul ummat bir-birini qonga botirib yubordi», — dedilar. Ular Hasan raziyallohu anhuga: «Muoviya sizga unday va bunday deb taklif qilurlar va bul takliflarini rad etmay, o‘zaro sulh tuzmog‘ingizni iltimos qilurlar», — deyishdi. Shunda Hasan raziyallohu anhu ularga: «(Bul takliflarning chin ekanligiga hamda mening shartlarimning so‘zsiz bajarilmog‘iga) kim menga (kafolat) berur?» — dedilar. Ular: «Mana biz sizga (kafolat) berurmiz!» — deyishdi. Hasan raziyallohu anhu, ular shunday degach, bo‘lak savol bermadilar-da, Muoviya birlan o‘zaro sulh (tuzishga rozi bo‘lib, shartnoma qog‘oziga o‘z talablarini) bitdilar. Keyin, Hasan raziyallohu anhu ularga: «Men Abu Bakraning bunday deyayotganlarini eshitgan erdim»,— dedilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning minbarda o‘ltirganlarini ko‘rdim. Shunda Hasan ibn Ali yonlarida bo‘lib, ul zot bir odamlarga va bir unga qarab quydilar-da: «Darhaqiqat, mana bu o‘g‘lim sayyiddur, shoyad Olloh taolo uning-la musulmonlardan bo‘lgan ikki katta guruhni o‘zaro yarashtirib qo‘ysa!» — dedilar».

Qayd etilgan