3-bob. «Mol-mulkimning uchdan biri sadaqa qilinsin» deb vasiyat qilmoq haqida
Hasan (al-Basriy): «Kishi o‘z mol-mulkining uchdan birinigina sadaqa qilinmog‘ini vasiyat qilsa, joizdur», — deydilar.
Olloh taolo: «(Ey Muhammad), odamlar o‘rtasida Olloh nozil qilgan narsaga (ya’ni, Qur’onga) binoan hukm qilingiz!»— deydi. («Moida» surasi, 48-oyat).
Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Qani endi, odamlar (o‘z mol-mulklarining) to‘rtdan birini sadaqa qilmoqlariga ko‘nishsa! Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uchdan biri... uchdan biri ham ko‘plik qiladi» — deb marhamat qilgandurlar», — deydilar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Men Makkadaligimda) betob bo‘lib qoldim. Shunda Janob Rasululloh meni kurgani keldilar. Men ul zotga: «Yo Rasulalloh, Olloh taologa duo qilingiz, meni ortimga qaytarmasin!» (ya’ni, «Yo Rasulalloh, Olloh taologa duo qilingiz, meni o‘zim tashlab chiqib ketgan Makkada vafot qildirmasin, Madinaga hijrat qilgan birodarlarim huzuriga salomat yetkazib, hijratdan ko‘zlangan maqsadni poyoniga yetkazmog‘imni nasib aylasin!») — dedim. Ul zot: «Shoyad, Olloh taolo umringni daroz aylab, sen tufayli musulmonlar manfaat va (kofirlar zarar) ko‘rsa!» — dedilar. Men: «(Yo Rasulalloh, mol-mulkimning hammasining sadaqa qilinmog‘ini) vasiyat qilmoqchiman, chunki mening birgina qizim(dan bo‘lak farzandim yo‘q)», — dedim. (Ul zot: «Yo‘q, unday qilma!» — dedilar). Men: «(Ul holda), yarmini (sadaqa qilmoqni) vasiyat qilaman», — dedim. Ul zot: «Yarmi ko‘plik qiladi», — dedilar. Men: «(Unda), uchdan birini», — dedim. Ul zot: «Uchdan biri... uchdan biri ham ko‘plik qiladi», — dedilar. Shunga binoan, mol-mulkning uchdan birini sadaqa qilmoqlik odamlarga tavsiya etilib, ularning ana shu miqdordagina sadaqa qilmoqlari joiz deb topildi».