Safvon ibn Muhriz Imron ibn Husayndan bunday deb eshitgan erkanlar: «Men tuyamni eshik zulfiga bog‘ladim-da, Janob Rasulullohning huzurlariga kirdim. Shunda ichkariga Banu Tamim qabilasiga mansub bir necha kishi kirib keldi. Janob Rasululloh ularga: «Bashoratni qabul qilingizlar, ey Banu Tamim!» — dedilar. Ular: «Bizga ilgari ham bashorat qilgan erdingiz, endi bizga ikki bor tuhfa beringiz!»— deyishdi. Keyin, ul zotnikg huzurlariga bir necha yamanliklar kirib kelishdi. Janob Rasululloh ularga: «Ey yamanliklar, bashoratni qabul qilingizlar, Banu Tamim uni qabul qilishdan bosh tortdi!» — dedilar. Yamanliklar: «Yo Rasulalloh, biz uni qabul qildik!» — deyishdi, so‘ng: «Biz shul xususda sizdan so‘ragali kelgan erdik» — deb aytishdi. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh: «Olloh dastavval yakka o‘zi bo‘lgan, undan bo‘lak hech narsa bo‘lmagan, uning Arshi suv ustida bo‘lgan va u har bir narsani Lavhga yozib qo‘ygan-da, osmonlaru Yerni yaratgan», — dedilar. («Har bir narsani Lavhga yozib quygan» degan jumla Imron ibn Husaynning o‘zlari shaxsan rivoyat qilgan hadisda «osmonlaru Yerni yaratgan» degan jumladan keyin keladi). Shu vaqt bir kishi: «Tuyangiz yechilib ketdi, ey Husaynning o‘g‘li!» — deb chaqirib qoldi. Men tashqariga chiqib qarasam, tuyam shataloq otib qochib ketayotir, uning oldida sarob ham (tezlikda) ip esholmaydi. Xudo haqi, o‘shanda tuyamni quvishdan voz kechgan bo‘lganimda erdi!».