Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Bakr raziyallohu anhu (otam) Ozibdan o‘n uch dirhamga egar sotib oldilar. Shunda Abu Bakr as-Siddiq (otam) Ozibga: «(O’g‘lingiz) Baroga buyuringiz, egarni uyimgacha ko‘tarishib borsin!» — dedilar. (Otam) Ozib: «Yo‘q, toki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan siz ikkalangiz Makkadan (qochib) chiqqaningizda va mushriklar ikkingizni qidirishganda ne qilganingizni aytib bermas erkansiz, (o‘g‘limga bunday deb buyurmayman)», — dedilar. Shundan so‘ng, Abu Bakr as-Siddiq bunday deb rivoyat qildilar: «Biz (Janob Rasululloh va men) ikkalamiz Makkadan chiqib, tun bo‘yi va ertasiga soya tik turadirgan vaqtgacha (ya’ni, Quyosh qoq tepamizga keltuncha) yo‘l yurdik. So‘ng, men dam olmog‘imiz uchun biror soya joy bormikan, deb atrofga nazar tashlab erdim, nariroqda bir katta tosh (yoki qoya) ko‘rindi. Uning oldiga borib qarasam, ostida bir parcha soya bor erkan. Keyin, men o‘shal soya tushib turgan yerni tekisladim-da, Janob Rasululloh yotib orom olsinlar, deb (po‘stak) to‘shab quydim. So‘ng, men ul zotga: «Yo Rasulalloh, keling, yonboshlang!» — dedim, ul zot yonboshladilar. Keyin, men nariroq borib, biror kishini uchratarmikanman, degan maqsadda atrofimni kuzata boshladim. Bir mahal qarasam, bir cho‘pon biz soya joy qidirganimiz kabi salqin yer axtarib boyagi katta tosh tomon qo‘ylarini haydab kelayotir. Men undan: «Ey yigit, sen kimning cho‘ponisan?» — deb so‘radim: U: «Quraysh qabilasiga mansub falonchining cho‘poniman» — deb uning ismini aytdi, men uni tanidim. Men unga: «Qo‘ylaring ichida suti bor sovlig‘ing bormi?» — dedim. U: «Ha, bor», — dedi. Men: «Bizga bir oz sut sog‘ib bermaysanmi?» — dedim. U: «Mayli», — dedi. Men: «Unday bo‘lsa, sog‘ib ber!» — dedim. U qo‘ylaridan birini ushladi. So‘ng, men unga qo‘yning yelinini changu g‘ubordan tozalamoqni buyurdim, keyin o‘zining kaftlarini ham tozalamoqni amr qildim. Shunda u kaftlarini bir-biriga urib: «Mana shunday qilibmi?» — dedi. So‘ng, u menga (bir chelakka) quyuq (yog‘li) sut sog‘ib berdi. Men Janob Rasululloh uchun og‘ziga latta tiqin tiqilgan bir idish tayyorlab qo‘ygan erdim, sutni o‘shanga quydim-da, sovisin deb unga suv qo‘shdim. So‘ng, uni Janob Rasulullohga olib bordim, qarasam hanuz uxlab yotgan erkanlar, uyg‘onishlarini poylamoqqa qaror qildim. Uyg‘onganlaridan keyin: «Yo Rasulalloh, ichingiz!» — dedim, ul zot ichib erdilar, ko‘p mamnun bo‘ldim. Keyin: «Yo Rasulalloh, yo‘lga tushish vaqti bo‘lmadimi?» dedim. Ul zot: «Ha, (vaqt) bo‘ldi» — dedilar. So‘ng, biz yo‘lga tushdik, bizni qidirayotganlardan birortasi ham bizga yetib ololmadi, faqat Suroqa ibn Molik ibn Ja’sam otida yetib keldi. Men: «Yo Rasulalloh, ta’qibchilardan biri bizga yetib oldi», — dedim. Ul zot: «G’am chekmangiz, Olloh taolo biz birlan!» — dedilar».
Abu Bakr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men g‘orda ekanligimda (ya’ni, Janob Rasululloh birlan birga mushriklardan qochib, g‘orga berkinib olganimizda) Janob Rasulullohga: «Agar ulardan (ya’ni, bizni qidirib kelgan mushriklardan) birortasi oyoqlari ostiga nazar tashlaganda, bizni (ya’ni, izimizni) ko‘rib qolgan bo‘lur erdi», — dedim. Shunda ul zot: «Ey Abu Bakr, siz nima deb uylayotirsiz, bu yerda tanho ikkimiz bormiz, deb xayol qildingizmi, uchinchimiz Olloh taolodur!» — dedilar».