Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502725 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 105 106 107 108 109 110 111 B


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:46:40

18-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan sahobalarining Madinaga kelganlari xususida

Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Muhojirlardan eng birinchi bo‘lib bizning huzurimizga (Madinaga) kelgan kishilar — Mus’ab ibn Umayr va Ibn Ummu Maktumdurlar. So‘ng, bizning huzurimizga Ammor ibn Yosir va Bilol raziyallohu anhum keldilar».

Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Muhojirlardan eng birinchi bo‘lib bizning huzurimizga (Madinaga) kelgan kishilar — Mus’ab ibn Umayr va Ibn Ummu Maktum bo‘lib, ikkalalari odamlarga (Qur’on) qiroat qilmoqni o‘rgatishar erdi. Keyin, Bilol, Sa’d va Ammor ibn Yosir kelishdi. (Ulardan) so‘ng, Umar ibn al-Xattob Janob Rasulullohning yigirmata sahobalari birlan birga keldilar. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam keldilar. Men Madina ahlining Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tashriflariga xursand bo‘lganchalik biror narsaga xursand bo‘lganlarini ko‘rmaganman, hatto cho‘rilar ham (mamnun bo‘lganlaridan): «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam keldilar!» — deyishar erdi. Men ul zot kelishlari hamonoq mufassal suralardan bo‘lmish «Sabbihisma rabbikal-a’lo» surasini qiroat qildim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:46:52

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida (otam) Abu Bakr birlan Bilol betob bo‘lib qolishdi. Shunda men ikkalalarining huzurlariga kirib: «Ey otajon, o‘zingizni qanday his qilayotirsiz? Ey Bilol, o‘zingizni qanday his qilayotirsiz?» — dedim. (Otam) Abu Bakr isitma xuruj qilganda bunday der erdilar:
«Har kishiga ahli aytur: «Xayriyatli tong!», biroq,
Chorig‘ini bog‘ichidan qazosidur yaqinroq».
Bilol ersalar isitmalari pasayganda ho‘ngrab bunday der erdilar:
«Nasib o‘lg‘aymu yotmoq vodiyim qo‘ynida bir tun,
Qurshalib men har tarafdin izxiru gulga butun?
Yana bir bor icharmanmu Majinna suvlaridin,
Tafiylu Shoma tog‘in ko‘zlarim ko‘rgaymu bir kun?».
So‘ng, men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga borib, shul haqda so‘zlab berdim. Shunda ul zot: «Yo parvardigoro, bizga Madinani Makkani sevganimizchalik yoki undan ortiqroq mahbub qilgil, uni dardlardan forig‘ aylab, toshu tarozusini biz uchun barakali qilgil va undagi bezgakni (Misr. kofirlari yeri bo‘lmish) Juhfaga jo‘natgil!»— dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:47:22

Ubaydulloh ibn Adiy ibn Xiyor rivoyat qiladilar: «Men Hazrat Usmonning huzurlariga kirdim. Shunda ul kishi kalimai shahodat aytdilar. So‘ng, bunday dedilar: «Ammo ba’d, darhaqiqat Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamni haq (din) birla yuborgan bo‘lib,  men Olloh taolo birlan uning Rasuli da’vatiga ijobat qilgan, Muhammad sallallohu alayhi va sallam nimaiki keltirgan bo‘lsalar, barchasiga iymon keltirgan kishilardandurman. So‘ng, ikki bor hijrat qildim, ul zotga kuyov bo‘ldim, bay’at qildim. Olloh taolo haqi, ul zotga, toki vafot qilgunlariga qadar ham, osiylik va aldamchilik qilmadim».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Hazrat Umar so‘nggi marta haj qilganlarida bir ig‘vogarning: «Agar Umar o‘lsa, men falonchiga bayat qilurman» — deb aytganini eshitib: «Inshoolloh, men bugun kechqurun kimlar ig‘vo qilib odamlarni chalg‘itishga urinaetganini barchaga oshkor qilurman!» — dedilar). Shunda Abdurrahmon ibn Avf: «Yo Amiral-mo‘‘miniyn, bunday qila ko‘rmangiz, chunki hozir haj vaqti bo‘lib, ko‘plab johil va tuban odamlar to‘plangandur. (Odamlarga so‘zlayotgan chog‘ingizda o‘shal toifa kishilar sizni o‘rtaga olishib, yengib qo‘yishmasa erdi), yaxshisi Madinaga borguningizga qadar sabr qilingiz, chunki Madina hijrat va sunnat uyidur. Ul yerga borgach, faqihu ashroflar hamda bir so‘zli odamlar birlan xolis suhbat qilib, bul xususda maslahat qilgaysiz», — dedi. Hazrat Umar: «Madinaga borgach, qiladirgan eng dastlabki ishim shu bo‘lur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:48:07

Xorija ibn Zayd ibn Sobit rivoyat qiladilar: «Ansorlar muhojirlarni o‘z uylariga joylashtirish maqsadida qur’a tashlashganda Usmon ibn Maz’un Ummulalo’ oilasi chekiga chiqdilar. Ummulalo’ bunday deydilar: «Usmon ibn Maz’un biznikida xastalanib, vafot etdilar. Biz ul kishini kiyimlari birlan kafanlab quydik. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uyimizga kirdilar. Men: «Olloh sizni rahmat qilsin, ey Abu Soib! Sizni Olloh ikrom qilganining shohidi bo‘lib turibman», — dedim. Janob Rasululloh: «Ollohning bul kishini ikrom qilganini qaerdan bilursan?!» — dedilar. Men: «Ota-onam sizga fido bo‘lsinlar, yo Rasulalloh! Olloh shul kishini ikrom qilmay, kimni ikrom qilur?!» — dedim. Janob Rasululloh: «Ammo, Usmon (ajali yetib) vafot etdi. Olloh taolo haqi, men unga, shubhasiz, xayriyat tilarman! Olloh taolo haqi, hatto men Ollohning rasuli bo‘la turib, (oxiratda) menga nima qilinmog‘ini bilmasman!» — dedilar. Men: «Olloh taolo haqi, bul kishidan keyin, endi biror kishini rahmatli demasman!» — dedim. Keyin, men dilim g‘ash bo‘lib, uxlab qoldim. Tushimda Usmon ibn Maz’unni ko‘rdim, u ko‘zlari jiqqa yosh holda turar erdi. (Ertalab) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, tushimni aytib berdim. Ul zot: «Bu qilgan amali (solihlari natijasidur!) — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:48:21

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Bu’os kuni — Olloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga in’om qilgan kun erdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida (ul yerdan ikki mil naridagi Bu’os) jamoati parokanda bo‘lgan, ulug‘lari o‘ldirilgan va jarohatlangan bo‘lib, (Olloh taolo) ul yer aholisini Islomga kiritishni (o‘z Rasuliga osonlashtirib qo‘ygan erdi)».

Hishomning otalari rivoyat qiladilar: «Abu Bakr Ramazon yoki Qurbon hayiti kuni Oishaning huzurlariga kirganlarida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham o‘shal yerda erdilar. Shunda Oishaning qoshlarida ikki (ansoriya) qizaloq Bu’os kuni haqida kuylashar erdi. Abu Bakr (ularga): «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida shayton yanglig‘ (Olloh taoloning zikridan chalg‘itib) qo‘shiq aytasizlarmi?!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Ey Abu Bakr, ularni o‘z hollariga quyingiz, chunki har bir qavmning o‘z bayrami bor, butun ersa bizning bayramimizdur!» — dsdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:48:33

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida ul yerning yuqori tomonida — Banu Amr ibn Avf mahallasida (tuyalaridan) tushdilar. So‘ng, ul zot o‘n to‘rt kecha ular birlan birga turdilar. Keyin, Banu Najjor jamoatini huzurlariga chorlab odam yubordilar. Ular qilichlarini taqib kelishdi. Men Janob Rasulullohning oldinda, Abu Bakrning ul zotning ortlarida tuyada o‘ltirganlarini, atroflarini ersa Banu Najjor jamoati o‘rab turganini hozir ham ko‘rib turgandekman. Ul zot o‘shanda Abu Ayyub hovlisida (tuyalaridan) tushgan erdilar. Janob Rasulullohning odati shariflari shunday erdiki, qaerda namoz vaqti bo‘lib qolsa, o‘shal yerda, hattoki qo‘y qo‘ralarida ham namoz o‘qiyverar erdilar. (Bu gal ham xuddi shunday qildilar, ya’ni Banu Najjor qabilasiga qarashli bir bog‘ga kelganlarida namoz vaqti bo‘lib qolib, tuyalaridan tushdilar-da, shul yerda namoz o‘qidilar). So‘ng, shul yerda bir masjid qurmoqni amr qildilar. (Ammo buning uchun bog‘ni sotib olmoq kerak erdi. Shul boisdan ul zot) Banu Najjor jamoatiga odam  yubordilar. Ular kelishgach:  «Ey Banu Najjor, menga mana bu bog‘ingizning narxini aytingizlar!»  —  dedilar. Ular:  «Yo‘q,  Olloh taolo haqi, pulini olmaymiz, Olloh taolo yo‘lida in’om qilamiz!» — deyishdi. O’shal bog‘da mushriklarning qabrlari, bir xaroba (bino) va xurmo daraxtlari bor erdi. Ul zot amr qilib erdilar, mushriklarning qabrlaridan suyaklar kavlab olinib, yo‘q qilindi, xaroba tekislab tashlandi va xurmo daraxtlari kesildi; So‘ng, xurmo yog‘ochlarini (bo‘lajak) masjidning qibla tarafiga qator qilib o‘rnatishib, uning ikki tarafiga (yoniga) toshlardan devor ura boshlashdi. Ular katta-katta toshlarni tashiyotib bir qo‘shiqni xirgoyi qilishar, Janob Rasululloh ham ularga qushilib bunday der erdilar:
«Chin mukofot — oxirat ajri erur, rabbim, faqat,
Muhojir birla ansorlarni qilg‘il mag‘firat!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:48:42

19-bob. Muhojirning (haj yoki umrani) ado etgach, Makkada turmog‘i haqida

Alo ibn al-Xazramiy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Muhojir Sadardan keyin (ya’ni, Minodan qaytgach), uch (kecha Makkada turmog‘i mumkin)», — dedilar». (Ya’ni, Makka fathidan ilgari Madinaga hijrat qilganlar uchun Makkada turmoqlik harom qilingan erdi. Keyinchalik, haj yoki umra qilmoq maqsadida Makkaga kirgan muhojirlarga, haj yoki umra qilib bo‘lganlaridan keyin, Makkada uch kecha turmoqlik ruxsat qilindi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:48:56

20-bob. Tarixni (hijriy yil hisobini) qachondan boshlaganlar?

Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «(Hijriy yil hisobini) na Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga vahiy kelgan va na ul zot vafot etgan kundan boshlashdi. (Bu sana hisobini) Janob Rasulullohning aynan Madinaga kelgan kunlaridan boshlashdi».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar. «(Olloh taolo tomonidan namoz farz qilingan vaqtda muqimliqda ham, safarda ham) ikki rak’at (namoz o‘qimoq) farz qilindi. (Shom bundan mustasno, chunki u uch rak’atdur). Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hijrat qilganlaridan keyin ersa, (muqimliqdaga subh va shom namozlaridan bo‘lak namozlarni) to‘rt rak’at o‘qimoq farz qilinib, safardagi namoz avvalgicha qoldirildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:49:06

21-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Parvardigoro, sahobalarimning hijratlarini poyoniga yetkazgil!» — deb aytg‘anlari va Makkada vafot etgan kishiga achinganlari xususida

Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hajjat al-Vido’ yili betob bo‘lib qolganimda meni ko‘rgani kirib turar erdilar. Men Janob Rasulullohga: «Men, ko‘rib turganingizdek, g‘oyatda og‘ir dardga chalinib qoldim. Mol-dunyom ko‘p, ammo qizimdan bo‘lak merosxo‘rim yo‘q. Mol-dunyomning uchdan ikki qismini sadaqa qilayinmi?» — dedim. Janob Rasululloh: «Yo‘q, uchdan ikki qismini sadaqa qilmaysan», — dedilar. Men: «Yarmini sadaqa qilayinmi?» — dedim. Janob Rasululloh: «Yo‘q, yarmini sadaqa qilmaysan», — dedilar. So‘ng: «Uchdan birini sadaqa qilsang, kifoyadur. Uchdan biri ham ancha ko‘pdur. Merosxo‘ringni boy qilib qoldirmog‘ing, uni odamlarga qo‘l cho‘zib tilamchilik qiladirgan holda qoldirmog‘ingdan afzalroqdur. Chunki, Olloh taoloning rizoligani istab nimaiki sadaqa qilma, buning uchun ajru savob topursan, hatto xotiningning og‘ziga solib qo‘ygan bir luqma taoming uchun ham» — deb aytdilar. Men: «Yo Rasulalloh, men Makkada qolib, do‘stlarim siz birlan birga (Madinaga) qaytib ketishadimi?» — dedim. Janob Rasululloh: «Sen (Makkada) qolib, nimaiki amali solih qilma, bu birlan faqat darajayu martabangni ziyoda qilursan. Shoyad (o‘lmay) qolsang-u, (sening yetakchiligingda bir qancha kufr o‘lkalari fath qilinib), musulmonlar manfaat, mushriklar ersa zarar ko‘rsa! Yo parvardigoro, sahobalarimning hijratini poyoniga yetkazgil (ya’ni, hijratdan ko‘zlagan maqsadlariga yetkazgil) va ularni (noumid aylab), ortlariga qaytarmagil!» — dedilar».
Lekin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bechora Sa’d ibn Xavlaning (ya’ni, Sa’d ibn Abu Vaqqosning) Makkada vafot qilganidan (ko‘p) achindilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:49:16

22-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘z sahobalarini qanday qilib o‘zaro aka-uka tutintirib qo‘yganlar?

Abu Juhayfa raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Salmon birlan Abu ad-Dardo’ni o‘zaro aka-uka tutintirib quydilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abdurrahmon ibn Avf (Madinaga) keldi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam u birlan Sa’d ibn ar-Rabiy’ al-Ansoriyni o‘zaro aka-uka tutintirib qo‘ydilar. Shunda Sa’d Abdurrahmonga ikki xotinidan birini va mol-dunyosining yarmini taklif qildi. Abdurrahmon: «Olloh taolo oilang birlan mol-dunyongga barakot ato etsin, menga bozorning qaerdaligini ko‘rsat!» — dedi. So‘ng, (bozorga borib) bir oz pishloq va sarig‘yog‘ xarid qilib keldi. Bir necha kundan keyin, Janob Rasululloh undagi bir sarig‘ dog‘ni ko‘rib: «Ey Abdurrahmon, bu nimaning dog‘i?» — dedilar. U: «Yo Rasulalloh, men bir ansoriya ayolga uylandim»,— dedi. Janob Rasululloh: «Mahriga nima berding?» — dedilar. U: «Danakdek oltin berdim», — dedi. Janob Rasululloh: «Bir quy so‘yib bo‘lsa ham, ziyofat (to‘y) qilgil!»— dedilar»;.

Qayd etilgan