Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 482605 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 114 B


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 06:59:26

ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL AL-BUXORIY
 
AL-JOMI’ AS-SAHIH
(Ishonarli to‘plam)

3
jild

Arabchadan RAHMATULLOH QORI QOSIM O'G’LI va XOJA BAXTIYOR NABIXON O’G’LI tarjimasi

QOMUSLAR BOSH TAHRIRIYATI

1991 yil

Al-Jome' as-sahih. 3-jild



Muallif: Imom al-Buxoriy
Hajmi: 1,15 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish


MUNDARIJA

Kitob ul-Mag‘oziy (Raxmatulloh qori Qosim o‘gli tarjimasi)
Qur’on tafsiri kitobi (Raxmatulloh qori Qosim o‘gli tarjimasi)
Qur’on fazilatlari kitobi (Raxmatulloh qori Qosim o‘gli tarjimasi)
Nikoh kitobi (Xoja Baxtiyor Nabixoi o‘gli tarjimasi)
Taloq kitobi (Xoja Baxtier Nabixon o‘gli tarjimasi)
Nafaqalar kitobi (Xoja Baxtier Nabixon o‘gli tarjimasi)
Taomlar kitobi (Xoja Baxtiyor Nabixon o‘gli tarjimasi)
Aqiqa kitobi (Xoja Baxtiyor Nabixon o‘gli tarjimasi)
Qurbonlik, ov va tasmiya aytmoq haqida kitob (Xoja Baxtiyor Nabixon o'g'li tarjimasi)
Qurbon qilinadirgan jonlig‘lar haqida kitob (Xoja Baxtiyor Nabixon o‘g'li tarjimasi)
Ichimliklar haqida kitob (Xoja Baxtiyor Nabixon o‘gli tarjimasi)

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:02:17

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
KITOB UL-MAG’OZIY

(G’oziylarning fazilatlari va ular qilgan amali solihlar haqida kitob)

1-bob. «Al-Ushayra yoki Al-Usayra janggi» haqida «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ishtirok qilgan g‘azotlarning birinchisi «Al-Abvo» g‘azoti, keyin «Buvot», keyin ersa «Al-Ushayra» g‘azotidir»,— deydilar.


Imom Buxoriy rivoyat qiladilarki, Abu Ishoq bunday debdurlar: «Men Zayd ibn Arqamning yonlarida erdim. Ul kishidan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam necha gazotda ishtirok qilganlar?»—deb so‘rashdi. Zayd: «19 ta»,— dedilar. Zayddan yana so‘rashdi: «Siz Rasululloh birlan necha gazotda birga bo‘lgansiz?». Ul kishi: «17 tasida»—deb javob qildilar».

«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ishtirok qilgan gazotlarning birinchisi qaysi?»—deb Zayddan so‘rasam, ul kishi: «Al-Ushayra (yoki Al-Usayra)»—deb aytdilar, Qatodadan ham so‘ragan erdim, ul kishi ham «Al-Ushayra» deb tasdiqladilar»,— deydilar Abu Ishoq.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:03:02

2-bob. Badr janggida o‘ldiriladigan kishi haqida Rasulullohning aytganlari (bashoratlari) to‘g‘risida

Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu Sa'd ibn Muoz haqida shunday deydilarki,  «Sa’d ibn Muoz Umayya ibn Xalafning do‘sti erdi. Umayya qachon Madinaga borsa, Sa’dning uyiga, Sa’d Makkaga kelsa, Umayyaning uyiga tushardi. Rasululloh (u kishiga Ollohning salomi bo‘lsin! ) Madinaga kelganlaridan so‘ng, Sa’d umra qilish uchun Makkaga bordi-da, odatdagiday Umayyaning uyiga tushdi. Unga: «Bo‘sh vaqtingda meni kuzatib tursang, Baytullohni tavof qilib olardim!» —dedi. Umayya kunning yarmida Sa’dni tavofga olib chiqdi. Ularga Abu Jahl duch kelib, Umayyadan: «Ey Abo Safvon, yoningdagi kishi kim?» — deb so‘radi. Umayya: «Bu kishi Sa’d»,— deb javob berdi. Abu Jahl Sa’dga: «Sen ota-bobosining dinidan qaytgan kishilarni bagriga olib, o‘zlarini ularning yordamchisi deb hisoblayotgan kishilarning biri bo‘la turib, Makkada xotirjam tavof qilayotganingga taajjub! Bilib qo‘y, agar sen Abu Safvon birlan birga bo‘lmaganingda erdi, bola-chaqang oldiga salomat qaytmagan bo‘lar erding!» — dedi. Sa’d ovozini baland ko‘tarib, Abu Jahlga dedi: «Sen ham bilib qo‘y, agar menga tavof qilmoqni man’ qilsang, men ham senga bundan badtarroq qilaman — Madinadan o‘tadigan Shom yo‘lini to‘sib qo‘yaman!». Umayya Sa’dga: «Ey Sa’d, butun vodiy ahlining ulugi bo‘lmish Abulhakimga baqirma!» — dedi. Shunda Sa’d: «Ey Umayya, biz bilan ishing bo‘lmasin, Ollohga qasamyod qilurmenkim, Rasulullohdan eshitganman, albatta bular seni ham o‘ldirishlarini aytganlar»,— dedi. «Makkadami?» — deb so‘radi Umayya. Sa’d: «Bilmayman»,— dedi. Shundan keyin, Umayyaning diliga qattiq gulgula tushib, uyiga qaytdi-da, xotiniga: «Ey Safvonning onasi, bildingmi, Sa’d menga nima dedi?» — dedi. Umayyaning xotini: «Sa’d nima dedi?»—deb so‘radi. Shunda Umayya: «Sa’d menga aytdiki, Muhammad alayhissalom Quraysh albatta Umayyani o‘ldiradi, deb ularga xabar bergan emishlar. Men Sa’ddan: «Makkadami?»—deb so‘rasam, u bilmayman, deb javob berdi. Ollohga qasamyod qilurmen-kim,   men  Makkadan  chiqmayman!»  —  dedi.   Badr   kuni  kelgach,   Abu  Jahl odamlarni yig‘di-da, ularga: «Savdo karvonlaringizni himoya qilingizlar!»—dedi. Umayya himoyaga chiqishdan bosh tortdi. Abu Jahl uning oldiga kelib: «Ey Umayya! Sen vodiy ahlining ulug‘i bo‘la turib karvon himoyasiga chiqmayotganingni odamlar ko‘rsa, ular ham bosh tortadi»,— dedi. Abu Jahl shunday qattiq qistovga oldiki, oxiri Umayya bunday dedi: «Mayli sen yengding, Ollohga qasamyod qilurmenkim, Makkaning eng uchqur tuyalaridan sotib olurmen!». Keyin, Umayya xotiniga: «Ey Safvonning onasi, menga yo‘l tadorikini ko‘r!» — deb buyurdi. Xotini unga: «Ey Abo Safvon, yasriblik birodaringiz o‘zingizga aytgan gapni unutdingizmi?»—dedi. Umayya: «Yo‘q, lekin men ular birlan birga ozgina bo‘lib qaytib kelaman»,— dedi. Umayya yo‘lga chiqqach, qaerda tushmasin, tuyasini tushovlab qo‘yardi. U shul tariqa yo‘lda davom etib, Badrga borganda Olloh taolo undan o‘z omonatini oldi».

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:03:49

3-bob. Badr janggi qissasi

Olloh taoloning qavli («Oli Imron» surasi): «Va haqiqatan ham Olloh taolo Badr maydonida sizlarga madad qilgan erdi, vaholanki sizlar ozchilik erdingizlar. Bas, Olloh taolodan qo‘rqingizlar, toki shukrguzor bo‘lingizlar! Vaqtiki siz (Muhammad alayhissalom) musulmonlarga der erdingiz: «Ayo, sizlarga bu kifoya qilmasmiki, parvardigoringiz osmondin uch ming farishta tushirib sizlarga madad bersin. Ha, agar sizlar sabru taqvo qilsangizlar va ular (mushriklar) ustingizga to‘satdan bostirib kelib qolsalar, parvardigoringiz besh ming nishondor farishtalar birla sizlarga madad qilur va buni Olloh taolo sizlarni xushnud etmoq uchungina qildi, toki ko‘ngillaringiz orom topsin va madad Olloh taoloning o‘z tarafidangina bo‘lurki, ul g‘olibu hikmat sohibidur, toki kofirlardan ba’zilarin halok qilsin yohud ularni xor qilsin, keyin ular noumid bo‘lib qaytsinlar».

Vahshiy: «Badr kuni Hamza Ta’iyma ibn Adiy ibn al-Xiyorni o‘ldirdi», — deydilar.

Olloh taoloning qavli («Al-Anfol» surasi): «Va yod qilinsin ul vaqtniki, Olloh taolo ikki jamoatdan birini sizlarga va’da qilur erdiki, ul sizlarniki bo‘lur va sizlar istar erdingizlarki, qurolsiz jamoat qo‘llaringizga kelsin».

Abdulloh ibn Ka'b: «Ka’b ibn Molik bunday deb aytar erdi»,— deydilar: «Men Rusululloh sallallohu alayhi va sallam ishtirok qilgan g‘azotlarning barchasida qatnashganman, faqat Tabuk g‘azotida hamda Badr janggida yo‘q erdim. Biroq, buning uchun hech kim meni aybdor sanamadi, chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Quraysh karvonini ko‘zlab yo‘lga chiqqan erdilar, Olloh taolo ularni o‘z dushmanlari birlan tasodifan to‘qnashtirib qo‘ydi».

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:05:04

4-bob.

Alloh taoloning qavli («Al-Anfol» surasi): «Eslangizlar ul vaqtniki, parvardigoringizga iltijo qilur erdingizlar, keyin ul qabul etdi iltijoingizni, dediki: «Men sizlarga ming farishta ila madad berurmen, paydar-pay kelurlar» Va Olloh taolo o‘zidan bashorat bo‘lsin hamda uning ila dillaringiz taskin topsin, degan maqsaddagina sizlarga madad berdi va Olloh taolo madadidan o‘zga madad yo‘qdur, albatta Olloh taolo g‘olibdur, hikmatlidur! Eslangizlar, Olloh taolo taskin topingizlar deb sizlarga yengil uyqu nozil etdi va osmondan sizlarga yomg‘ir yog‘dirdi, toki uning ila sizlarni pok qilmoq, sizlardan shayton vasvasasin ketkazmoq va dillaringizni o‘zaro mustahkam bog‘lamoq hamda qadamlaringizni sobit qilmoq uchun. "Vaqtiki, hukm yubordi parvardigoringiz farishtalargaki: «Men sizlar iladurmen, bas sizlar sobitqadam tutinglar musulmonlarni, men xavf solurmen kofirlar dillariga». Bas, ey musulmonlar, sizlar uringlar ularning gardanlariga va uringlar qo‘lu oyog‘larin atroflariga! Bu shuning uchundurki, ular Olloh taologa va uning rasuliga qarshi turdilar va kimiki Olloh taologa va uning rasuliga xiloflik qilur, albatta Olloh taoloning azobi qattig‘dur!»

Ibn mas'ud raziyallohu anhu bunday der edilar: «Men Miqdod ibn al-Asvad tufayli bir «mashhad»ning guvohi bo‘ldim (ya’ni, Badr janggi nazarda tutiladi). Shu mashhadda ishtirok qilganimga beriladigan savob mening uchun har qanday dunyoviy mukofotdan mahbubroqdur. Miqdod ibn al-Asvad Payg‘ambar alayhissalomning qoshlariga kelganda, ul zot musulmonlarni mushriklarga qarshi jangga da’vat qilib turgan edilar, Miqdod bunday dedi: «Biz sizga musoiylarning Musoga «Ey Muso, o‘zing rabbing birlan borib kofirlarga qarshi jang qilaver!» degan gaplarini aytmaymiz, bilaks biz o‘ng tomoningizda ham, chap tomoningizda ham, ortingizda ham, oldingizda ham turib jang qilamiz». «Shunda men Rasulullohning yuzlari yorishib ketganini ko‘rdim»,— deydi Miqdod. Chunki, uning gapi Rasulullohni behad xursand qilgan edi-da!».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom Badr kuni: «Yo Olloh, va’dangga vafo qilmog‘ingni iltijo qilurmen! Yo Olloh, agar istasang, ijobat qilmagaysen!» — dedilar. Shunda Abu Bakr ul zotning qo‘llarini ushlab: «Kifoya!»— dedilar. Janob Rasululloh: «Mushriklar yengilib, ortlariga qochgaylar!» — deya masjiddan chiqdi-lar».

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:06:19

5-bob.

Ibn Abbos janob Rasulullohning «Badr janggiga chiqmagan va chiqqan mo‘minlarni o‘zaro tenglashtirib bo‘lmaydi» deganlarini eshitgan erkanlar.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:06:41

6-bob. Badr janggida qatnashganlar soni

Abu ishoq Barrodan naql qiladilar: «Men va Ibn Umar ikkovimiz,— deb erdi Barro,— Badr kuni sag‘ir bo‘lib qoldik. Badr kuni muhojirlar oltmishdan ortiq va ansorlar ikki yuz qirqtacha erdilar».

Barro raziyallohu anhu bunday degan ekanlar: «Muhammad sallallohu alayhi va sallamning sahobalari Badrda qatnashganlar haqida menga so‘zlab berganlar, ularning soni Tolutning ashoblari adadicha bo‘lgan erkan.

Tolut bilan (Urdun) daryosini kechib o‘tganlar soni 310 kishi-dan ortiqroq edi». «Olloh nomiga qasamyod qilurmenkim, Tolut birlan birga faqat mo‘minlargina daryodan o‘ta olgan, xolos»,— deydilar Barro.

Barro aytadilar: «Biz Muhammad sallallohu alayhi va sallamning ashoblari birlan Badr ishtirokchilarining soni Tolut birlan (Urdun) daryosini kechib o‘tgan kishilar sonicha bo‘lganini o‘zaro gapirib yurar erdik. Daryoni faqat mo‘minlar kechib o‘tgan edilar, ular 310 dan ko‘proq kishi edilar».

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:07:28

7- bob. Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamning Quraysh kofirlaridan Shayba, Utba, Valid va Abu Jahl ibn Hishomlarni duoyi bad qilganlari hamda ularning halok bo‘lganlari haqida

Abdulloh ibn mas'ud raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom Ka’baga yuzlarini burib, Qurayshdan bir necha kishini — Shayba ibn Rabi’ani, Utba ibn Rabiy’ani, Valid ibn Utbani va Abu Jahl ibn Hishomni duoyi bad qildilar. Olloh taoloning nomini aytib guvohlik berurmenkim, men ularning o‘ligini ko‘rdim, kun issiqligidan sasib ketibdi»

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:09:05

8- bob. Abu Jahlning o‘ldirilishi haqida

Badr kuni Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu Abu Jahlning oldiga keldilar. Ul jon taslim qilish oldida turgan bo‘lib, Abdullohga: «Sizlar o‘ldirgan odamdan ko‘ra ulug‘roq kishi bormi?!-dedi.

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Abu Jahlga nima bo‘lganini kim bilib keladi?» — dedilar. Ibn Mas’ud raziyallohu anhu borib, Abu Jahlni o‘lar holatda ko‘rdilar, ul Afro’ning ikki o‘g‘li (Muoz va Mu’avviz) tomonidan yarador qilingan erdi. Ibn Mas’ud: «Sen Abu Jahlmisan?»—dedilar-da, Abu Jahlning soqolidan ushladilar. Abu Jahl: «Sizlar o‘ldirgan (yoki o‘z qavmi o‘ldirgan) odamdan ko‘ra ulug‘roq kishi bormi?!»—dedi». Ahmad ibn Yunus aytgan rivoyatda «Sen Abu Jahlsan» deyilgan.

Anas ibn Molik aytadilarki,  «Badr kunida Payg‘ambar alayhissalom: «Abu Jahlga nima bo‘lganini kim bilib keladi?»—dedilar. Shunda Ibn Mas’ud borib, uni Afro’ning ikki o‘g‘li tomonidan yarador qilingan holda topdilarki, o‘lar holatda erdi. Uning soqolidan ushalab turib: «Sen Abu Jahlmisan?» — dedilar. Shunda Abu Jahl: «Qavmi o‘ldirgan (yoki sizlar o‘ldirgan) odamdan ulug‘roq odam bormi?!» — dedi».

Anas ibn Molikdan naql qilingan qator rivoyatlarda ham yuqoridagi mazmun takrorlanadi. Ali ibn Abdulloh ham Yusuf ibn al-Mojshundan Badr haqidagi mazkur hadisni yozib olganlarini aytadilar.

Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadiki, ul zot: «Men qiyomat kuni parvardigorning huzurida dushmanimdan o‘ch olmoqni birinchi bo‘lib talab qilgaymen»,— degan erkanlar.

Qayd etilgan


Doniyor  15 Oktyabr 2006, 07:11:01

Qays ibn Ibod aytadilar: «Hazoni xasmoni ixtasamuu fiy rabbihim», ya’ni «Bul ikki xusumatlashuvchi toifa parvardigorlari xususida xusumatlashdilar» degan mazmun-li oyat Badr kuni yakkama-yakka jang qilganlar haqida nozil qilingandur. Ular — Hamza, Ali, Ubayda ibn al-Hars, Shayba ibn Rabiy’a, Utba ibn Rabii’a, Valid ibn Utba erdilar».

Abu Zarr G'iforiy aytadilar: «Hazoni xasmoni» oyati Qurayshdan bo‘lgan 6 kishi, ya’ni Ali, Hamza, Ubayda ibn al-Hars, Shayba ibn Rabiy’a, Utba ibn Rabiy’a va Valid ibn Utbalar haqida nozil qilingan».

Yusuf ibn Ya'qub rivoyat qiladilarki, ushbu oyati karima bani Sudusning mavlosi bo'lmish baniy Zabiy'a haqida nozil bo'lgan ekan.
 
Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhu: «Hazoni xasmoni» oyati bizning haqimizda nozil bo‘ldi»,— deb guvohlik beradilar.

Abu Zarr G'iforiy: «Mazkur oyat Badr kuni ro‘baro‘ jang qilgan 6 kishi haqida nozil bo‘lgan»,— deb qasamyod qiladilar.

Ya'qub ibn Ibrohim Abu Zarr G'iforiydan naql qiladilar: «Hazoni xasmoni ixtasamuu fiy rabbihim» oyati karimasi Badr janggida ro‘baro‘ qilich solishgan 6 kishi, ya’ni Hamza, Ali, Ubayda ibn al-Hars, Rabiy’aning ikki o‘g‘li — Utba va Shayba hamda Valid ibn Utba haqida nozil bo‘lgan».

Abu ishoqdan naql qilinadi: «Bir kishi Barrodan: «Ali Badrda qatnashganmi?»— deb so‘ragan erdi, ul: «Ali ikki qavat sovut kiyib jang qilgan» — deb aytdi, men eshitib turgan erdim».

Qayd etilgan