27- bob. Hays (xurmoga yog‘ va pishloq qo‘shib tayyorlanadirgan taom) haqida
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Talhaga: «G’ulomlaringdan biri mening xizmatimni qilib yursa!» - dedilar. Abu Talha meni ulovlariga mingashtirib olib yo‘lga chiqdilar, men Janob Rasululloh qaerda tushib dam olsalar, xizmatlarini qilar erdim. Shunda men ul zotning nuqul «Yo parvardigoro, meni g‘amu tashvishdan, musibatdan, munkillaganlikdan, yalqovlikdan, qo‘rqoqlikdan, baxillikdan, qarzga botmoqdan hamda odamlar qahridan o‘z panohingda asragin!»—deb aytganlarini eshitar erdim. Men Janob Rasulullohning Xaybardan ortga qarab yo‘lga chiqqunlariga qadar ham xizmatlarini qilib yurdim. Janob Rasululloh o‘zlariga xotin qilib olgan Safiyya binti Huyay birlan birga yo‘lga chiqdilar. Shunda men ul zotning Safiyyani o‘z kiyimlari birlan o‘rab-chirmab tuyalariga mingashtirib olganlarini ko‘rdim. Biz Sahbo degan joyga yetib borganimizda yerga charm palos yozdirib, «hays» tayerladilar, so‘ng meni jo‘natdilar, men odamlarni dasturxonga taklif qilib keldim. Odamlar «hays» tanovul qilishdi. Bu Janob Rasulullohning Safiyyaga uylanganlari munosabati birlan berilgan to‘y ziyofati erdi Keyin, yo‘lga chiqdilar, yo‘lda Uhud tog‘i ko‘ringach «Bu tog‘ bizni yaxshi ko‘rur, biz ham uni yaxshi ko‘rurmiz!» — dedilar. Madinaga yaqinlashgach ersa: «Yo par-vardigoro, Ibrohim Makkani muqaddas qilgani kabi, men ham Madinaning ikki tog‘i oralig‘idagi yerlarni muqaddas qildim! Yo parvardigoro, Madina axlining toshu tarozusiga barakot ato etgaysan!»—dedilar».