Asmo binti Abu Bakr raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men (Abdulloh ibn Zubayrga homiladorlik vaqtimda) oy-kunim yaqinlashib qolganligiga qaramay, (Makkadan) yo‘lga chiqib Madinaga yetib bordim, so‘ng Quboda tushib, o‘sha yerda ko‘zim yoridi. Keyin, bolamni olib Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga bordim-da, uni tizzalariga qo‘ydim. Janob Rasululloh xurmo keltirmoqni amr qildilar, so‘ng uni chaynab bolamning og‘ziga tupurib qo‘ydilar. Bolamning og‘ziga birinchi bo‘lib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak tupuklari kirdi Keyin, ul zot bolamning tanglayini chaynalgan xurmo birlan ko‘tarib, unga xayru barakot tilab duo qildilar. Mening farzandim islomda tug‘ilgan dastlabki bola bo‘lib, uning dunyoga kelganidan barcha musulmonlar behad xursand bo‘lishdi, chunki g‘animlar ularga «Yahudiylar sizlarni sihrlab qo‘ygan, sizlar endi farzand ko‘rmaysizlar!» — deb aytishgan erdi».
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Talhaning o‘g‘ilchalari betob yotgan erdi. Abu Talha uylaridan ko‘chaga chiqishlari birlanoq u vafot etib qoldi. Abu Talha uylariga qaytib kelib, xotinlariga «Ug‘limning ahvoli nechuk?»—dedilar. Xotinlari Ummu Sulaym «Ilgarigidek orom olib yotibdi»,— dedilar-da, Abu Talhaga kechki ovqatni keltirdilar. Abu Talha ovqatlanib bo‘lib, xotinlarini jimo’ qildilar. G’usuldan so‘ng, xotinlari «Bolani dafn qilingiz!» —dedilar. Tong otgach, Abu Talha Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, bo‘lgan voqeani aytib berdilar. Shunda ul zot: «Kechasi jimo’ qilishdingizmi!»—dedilar. Abu Talha «Ha»,— dedilar. Ul zot: «Yo parvardigoro, bu ikkalasining tunini barakotli qilib, ularga o‘g‘il ato etgaysan!»—deb duo qildilar. Abu Talha (o‘g‘il ko‘rganlarida) menga: «Ug‘limni Janob Rasulullohning huzurlariga borguningcha ehtiyotlab ko‘tarib ol!» — dedilar. Keyin, Abu Talha o‘zlari ham men birlan birgalashib Janob Rasulullohning huzurlariga bordilar. Abu Talhaning xotinlari go‘dakning yo‘rgagiga biroz xurmo solib qo‘ygan erdilar. Janob Rasululloh go‘dakni qo‘llariga olib: «Buning yo‘rgagi ichida biror narsa bormi?» — dedilar. Biz «Ha, biroz xurmo bor»,— dedik. So‘ng, Janob Rasululloh bir dona xurmoni chaynab, uni og‘izlaridan oldilar-da, go‘dakning og‘ziga solib tanglayini ko‘tardilar, keyin unga «Abdulloh» deb ism qo‘ydilar».