BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
IChIMLIKLAR HAQIDA KITOB
Olloh taoloning qavli: «Darhaqiqat, mast qiluvchi ichimliklar, qimor, butlar va qur’a o‘qlari — bular hammasi nopok bo‘lib, shayton ishlaridandur, bas ulardan saqlaningizlar, shoyad najot topsangizlar!»
Abdulloh ibn Umar raziyallohu aihu rivoyat qiladilar/«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Kimki bu dunyoda mast qilguvchi ichimlik ichgan bo‘lsa-yu, keyin ichganiga tavba qilmagan bo‘lsa, oxiratda tavba qilmoqdan mahrum qilingaydur!»— dedilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Isro’ kechasi farishtalar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga ikki qadah keltirdilar, birida (mast qilguvchi) ichimlik va birida sut bor erdi. Janob Rasululloh qadahlarga bir nazar tashladilar-da, sut solingan qadahni oldilar. Shunda Jabroil alayhissalom «Sizni tabiatga (borliqqa) hadya qilgan Olloh taologa shukr! Agar ichimlik solingan qadahni olganingizda, ummatingiz gumroh bo‘lur erdi!» — dedilar».
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan shunday bir hadis eshitganmanki, uni mendan bo‘lak hech kim sizlarga aytib bermagay! Janob Rasululloh bunday degan erdilar: «Qiyomatning asosiy belgilari shulki, jaholat kuchayib, ilm (islom ilmi) susayadir, zino birlan ichkilikbozlik kuchayadir, erkaklar kamayib ayollar kupayadir, hattoki ellikta ayol uchun bir erkak to‘g‘ri keladir»
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mo‘min zino qilmaydi, zino qilayotgan vaqtida ersa mo‘min bo‘lib qololmaydi. Mo‘min (mast qilguvchi) ichimlik ichmaydi, ichimlik ichayotgan vaqtida ersa mo‘min bo‘lib qololmaydi. Mo‘min o‘g‘rilik qilmaydi, o‘grilik qilayotgan vaqtida ersa mo‘min bo‘lib qololmaydi!» — dedilar».