Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sut ichgach, (suv birlan) og‘izlarini chayqab tashladilar-da: «Sutda yog‘ bor»,— dedilar (ya’ni, tahoratli kishi tarkibida yog‘ bor biror ichimlik yoki taom iste’mol qilgach, og‘zini suv birlan chayqab tashlab, so‘ng namoz o‘qishi lozim)».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Men (osmondagi) Sidrat al-Muntaho degan joyga ko‘tarildim, qarasam ul yerda to‘rt daryo mavjud erkan. Ikkitasi — ko‘zga zohir va ikkitasi — ko‘zdan pinhon. Ko‘zga zohiri — Nil birlan Furot bo‘lib, ko‘zdan pinhoni (Salsabil va Kavsar) jannatda erkan. Ul yerdan menga uchta qadah keltirildi, birida sut, birida asal va yana birida xamr (mast qilguvchi ichimlik). Men sut quyilgan qadahni olib, sutni ichdim. Shunda menga: «Sen va sening ummating islom va hidoyat ramzi bo‘lmish qadahni topdingiz!» — deyildi».
Hishom, Sa’id va Hamom Qatodadan, ul kishi ersalar Anas ibn Molikdan, ul kishi ersalar Molik ibn Sa’sa’adan naql qilgan rivoyatda: «Uchta qadah» xususida eslatib o‘tilmagan.