Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 483377 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 ... 114 B


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:21:09

Muhammad ibn Fazl aytadilar: «Men bir davrada o‘ltirgan erdim, Abdurrahmon ibn Abu Laylo ham shul yerda bo‘lib, ul kishini ashoblari nihoyatda hurmat qilishardi. Shul yerda ikki muddatning oxiri (idda) to‘grisida gap ochildi. Men Subay’a binti Horis voqe’asini Abdulloh ibn Utbadan eshitganimdek rivoyat qilib erdim, ul kishining ashoblaridan ba’zilari jim bo‘lmogimga ishora qilishdi. Shunda men tushuntirishga harakat qilib: «Demak, men Abdulloh ibn Utbadan eshitganlarimni buzib rivoyat qilishga jur’at qilibman-da?! Ul kishi Kufaning bir nohiyasida yashab turibdilar, men ul kishini yolgonchiga chiqarmoqqa hayo qilurman!» — dedim. Bu haqda Abdurrahmon ibn Abu Layloning amakilari Abdulloh ibn Mas’ud ham hech narsa demagan erkanlar. So‘ng, men gapimni isbotlash uchun Abu Atiyya Molik ibn Omirga uchrashdim. Ul kishidan mazkur hadis haqida so‘radim. Shunda Abu Atiyya menga Subay’a voqeasini gapira boshladilar. Men Abu Atiyyadan: «Bu haqda Abdulloh ibn Mas’uddan biror narsa eshitganmisiz?» — deb so‘radim. Abu Atiyya bunday dedilar: «Ayollarga mashaqqat qilmoqni istab, ularga yengillik tugdirmoqni istamaysizlarmi? Axir, ayollar iddasi xususida «Baqara» surasidan so‘ng «Niso» surasi ham nozil bo‘lgan-ku! Unda «Homilador ayollarning iddasi homilalarini tugishlaridur» degan oyat mavjud»,— dedilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:21:31

«AT-TAHRIM» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI


Olloh taoloning qavli: «Ey muhtaram payg’ambar, ne uchun siz Olloh halol qilgan narsani o‘zingizga harom qilursiz? Xotinlaringizning rizoligini istarsizmi? Olloh magfiratli va mehribon zotdur!»

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Sizlar uchun Janob Rasulullohda chiroyli namuna (ibrat) bordur!» — deydilar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zaynab binti Jahshning hujralariga kirib asal ichdilar-da, ul yerda uzoq qolib ketdilar. Shunda: «Agar Janob Rasululloh qaysi birimizning yonimizga kelsalar, «Ey Ollohning rasuli, mag‘ofir yedingizmi? Sizdan mag‘ofirning hidi kelayotir, deymiz» — deb Hafsa birlan kelishib oldim. Janob Rasululloh: «Yo‘q, mag‘ofir yeganim yo‘q, lekin Zaynabning huzurida asal ichgan erdim, Ollohga qasamki, endi hech qachon asal yemayman, bul haqda hech kimga aytma!» — dedilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:21:54

1- bob. Olloh taoloning qavli: «Xotinlaringizning rizoligini istarsizmi? Olloh taolo mag‘firatli va mehribon zotdur! Batahqiq, Olloh taolo kafforat berib qasamingizdan qutulishingizni buyurur, u biluvchi va hikmatli zotdur!».

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Men Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhudan bir oyat haqida so‘rash uchun bir yil payt poyladim, chunki ul kishining salobatlari sababli so‘ray olmasdim. Bir kuni ul kishi haj safariga chiqdilar, men ham birga chiqdim. Hajdan qaytayotganimizda ancha yo‘l yurganimizdan so‘ng, Hazrat Umar ibn al-Xattob bir misvok daraxtining yoniga hojat uchun bordilar, Men kutib turdim, bo‘shaganlaridan so‘ng, birga yurib ketdik, yo‘lda u kishiga: «Ey mo‘minlarning amiri, Janob Rasulullohga qaysarlik qilgan o‘shal ikki xotinlari kimlar erdi?»—deb savol berdim. Umar raziyallohu anhu: «Ular Hafsa birlan Oisha erdilar»,— dedilar. Men: «Ollohga qasamki, sizdan shul haqda so‘rayman, deb rosa bir yil imkon poyladim, chunki sizdan hayiqib sira so‘rashga botinolmas erdim»,— dedim. Hazrat Umar: «Unday qilmangiz, agar meni biror narsadan xabardor, deb o‘ylasangiz, darhol so‘rayveringiz, agar men bilsam, sizga xabar qilgayman»,— dedilar. Keyin, bunday dedilar: «Xudo haqi, biz johiliyat vaqtida Olloh taolo ayollar haqida oyat nozil qilib, ularga o‘zi taqsim qilgan huquqni taqsim qilmaguncha, ularni kamsitur erdik. Bir kuni men bir ish haqida fikrlab turgan erdim, xotinim menga: «Bu ishni mana bunday qilsangiz!» — deb aql o‘rgata boshladi. Shunda men unga: «Sen qayda-yu, mening ishim qayda! Mening qilmoqchi bo‘lgan ishimning senga nima og‘irligi tushayotir? — dedim. Xotinim: «Taajjub, ey Xattobning o‘g‘li, sizga hech gap qaytarib bo‘lmas! Qizingiz Hafsa ersa Janob Rasulullohning gaplarini qaytarib, kun bo‘yi ul zotning g‘azablarini keltirayotir»,— dedi». Aytishlaricha, Hazrat Umar darhol o‘rinlaridan turib, ridolarini sudragan holda Hafsaning uylariga kiribdilar-da, qizlariga' «Ey qizalog‘im, sen Janob Rasulullohga gap qaytarib, kun bo‘yi ul zotning dillarini og‘ritgan ermishsan!» — debdilar. Hafsa raziyallohu anho: «Ollohga qasam-ki, albatta biz hammamiz ham Janob Rasulullohga gap qaytarurmiz!» — debdilar. Hazrat Umar aytadilar: «Men Hafsaga: «Bilasanmi qizim, albatta men sening Olloh taoloning azobidan va Janob Rasulullohning g‘azablaridan ehtiyot bo‘lmog‘ingni xohlarman. Ey qizalog‘im, g‘o‘zalligi birlan Janob Rasulullohning muhabbatlarini qozongan anavi (Oisha) seni mag‘rur qilib qo‘ymasin!» — dedim. Keyin, chiqib, Ummu Salama raziyallohu anhoning huzurlariga kirdim-da, Hafsa va Oisha haqida gapirdim. Ummu Salama. «Taajjub, ey Xattobning o‘g‘li, hamma ishga aralashib yurursiz, hatto Janob Rasululloh birlan ul zotning xotinlarining o‘rtasiga ham tushmoqchi bo‘lib turibsiz!» — dedilar. Ollohga qasamki, Ummu Salamaning bul gaplari g‘azabimni bosdi, men tashqariga chiqib ketdim. Mening bir ansoriy do‘stim bor erdi, agar men Janob Rasulullohning huzurlarida bo‘lmasam, u menga xabar keltirib turardi, agar u bo‘lmasa, men unga xabar keltirardim. Ushal kunlari biz G’asson podsholarining biridan xavflanib turgan erdik, chunki kelgan xabarga ko‘ra u bizning ustimizga yurish boshlamokchi erdi. Shuning uchun qalbimiz to‘la vahima erdi. Nogahon, mening o‘shal ansoriy do‘stim eshikni taqillatib «Oching, oching!» — deb qattiq ovoz qildi. Men unga: «Nima, G’asson bostirib keldimi?» —desam, u menga: «Bundan ham badtarroq bo‘ldi, Janob Rasululloh barcha xotinlaridan arazladilar!» — dedi. Men: «Oisha birlan Hafsaning burni yerga ishqalsin!» — dedim-da, kiyinib olib Janob Rasulullohning huzurlariga yo‘l oldim. Kelsam, ul zot boloxonada o‘ltirgan erkanlar. Zinaning tepasida ersa qora qullari turibdi, unga: «Umar ibn al-Xattob keldi, deb ayt!» — dedim. Janob Rasululloh menga izn berdilar, men huzurlariga kirib bo‘lgan voqe’ani batafsil gapirib berdim. Ummu Salamaning gaplarini aytganimda Janob Rasululloh tabassum qildilar. Ul zot yolgiz bo‘yra ustida yonboshlab yotar, boshlari ostida ersa xurmo barglari to‘ldirilgan, teridan qilingan yostiq qo‘yilgan erdi. Oyoqlari orasida terini oshlash uchun ishlatiladirgan daraxt barglari to‘planib yotardi, devorda ersa oshlanmagan teri osig‘liq bo‘lib, men bo‘yraning biqinlariga botib ketgan izini ko‘rib, yig‘ladim. Janob Rasululloh: «Nechuk yig‘layotirsan?» — dedilar. Men: «Ey Ollohning rasuli, albatta Kisro va Qaysar yumshoq joylarda yotibdi, siz ersangiz Ollohning rasuli bo‘la turib.», -dedim. Shunda Janob Rasululloh: «Dunyo ular uchun, oxirat ersa biz uchun erkanligiga rozi ermasmisan?» — dedilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:22:18

2-bob. Olloh taoloning qavli: O‘z juftlaridan biriga (Hafsaga) bir sirni aytganini eslangiz! Qachonki, Hafsa ul sir «Oishaga xabar berganda va Olloh Jabroil orqali payg‘ambarni bundan voqif qilganda payg‘ambar Hafsaga buning ba’zisini bildirdi, ba’zisini bildirmadi. Buni Hafsa eshitib: «Kim sizga bu xabarni yetkazdi?» — deganda, payg‘ambar: «Menga bilguchi va xabardor zot xabar berdi», — dedi»

Ibn Abbos raziyallohu anhu bunday deb aytar edilar: «Men Umar raziyallohu anhudan: «Ey mo‘minlarning amiri, Janob Rasulullohga qarshi til biriktirgan ikki ayol kim erdi» — deb so‘radim. Ul kishi darxol «Oisha birlan Hafsa erdi», — dedilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:22:39

3-bob. Olloh taoloning qavli: «Ey Oisha va Hafsa, agar sizlar bu qilmishlaringiz uchun Ollohga tavba qilsangizlar, qalblaringiz moyil bo‘libdur va agar payg‘ambarga qarshi til biriktirsangizlar, ul holda, shak-shubhasiz, Olloh ham, Jabroil ham, solih mo‘minlar ham uning madadkoridurlar, shuningdek farishtalar xam yordamchidurlar»

Bir kuni Janob Rasululloh xotinlaridan biri bo‘lmish Hafsaga: «Men cho‘rim Mariyani o‘zimga harom qilmoqchiman», — deb sir aytdilar. Kalbiyning rivoyat qilishlaricha, Janob Rasululloh: «Mendan keyin sening otang Abu Hafsa, ya’ni Umar ibn Al-Xattob va Abu Oisha, ya’ni Abu Bakr Siddiq mo‘minlarga xalifalik qiladilar», — deb sir aytdilar. Hafsa bu sirni Oishaga aytib qo‘ydi, Olloh taolo bundan payg’ambarni voqif qilib, mazkur oyatni nozil qildi.

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Janob Rasulullohning sirlarini fosh qilishda o‘zaro til biriktirgan ikki ayol to‘g‘risida Hazrat Umardan so‘rashni istagandim, ammo bunga imkon topolmay bir yil yurdim Nihoyat, Umar raziyallohu anhu birlan birga haj safariga chiqdim. Zahron degan joyga yetganimizda Umar raziyallohu anhu hojat uchun chetga chikdilar. Mening qo‘limda tahorat uchun suv bor erdi, ul kishi suv qidirib yurgan erkanlar, men qo‘limdagi suvni quyib berdim So‘ng, payt topib: «Ey mo‘minlar amiri, Janob Rasulullohning sirlarini fosh qilgan ikki ayol kim erdi» — deb so‘radim. Ul kishi darhol «Oisha birlan Hafsa erdi»—deb javob berdilar»

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:22:59

4- bob Olloh taoloning qavli: «Agar payg‘ambar sizlarni taloq qilsa, oz fursatda uning rabbi sizlardan yaxshiroq xotinlarni unga o‘rinlaringizga berurki, ular  farmonbardor, iymonlik, namozxon, tavba qilguvchi, ibodat qilguvchi, uy ko‘rgan va uy ko‘rmagan ayollar bo‘lurlar»

Umar raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning xotinlari ul zotga qarshi til biriktirishdi. Shunda, men ularga: «Agar Janob Rasululloh sizlarni taloq qilsalar, parvardigorlari o‘rningizga sizlardan yaxshiroq xotinlarni ul zotga ato eqa, ajab ermas!» — dedim, shul asnoda Olloh taolo mazkur oyatni nozil qildi»

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:23:24

«NUN VAL-QALAM» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI


1-bob. Olloh taoloning qavli: "badxulqning, buning ustiga haromzodaning...» Ibn  Abbos raziyallohu  anhu  aytadilar:   «Badxulq,   buning  ustiga  haromzoda» deyilganda Quraysh qabilasiga mansub bir kishi nazarda tutilgan bo‘lib, uning qulog‘ida qo‘yning qulog‘ida bo‘ladirgan belgi (tamg‘a) kabi belgi bor erdi»

Horisa ibn Vahb al-Xuzo’iy aytadilar: «Men Janob Rasulullohning bunday deganlarini eshitdim: «Oe, sizlarga ahli jannat haqida xabar berayinmi? Har bir za’if va bechorahol insondur. Bundaylar Ollohga qasam ichsalar, qasamlariga vafo qilurlar Oyo, sizlarga ahli do‘zaxlar haqida xabar berayinmi? Har bir badxulq, dilozor, takabbur insondur»

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:23:35

2- bob. Olloh taoloning qavli: «Soq ochiladurgan kuni ...»

Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhu aytadilar: «Men Janob Rasulullohning bunday deganlarini eshitganman. «Parvardigor soqini ochganda har bir mo‘min va mo‘mina unga sajda qilur. Kimki bu dunyoda riyo uchun namoz o‘qigan ersa, harchand harakat qilmasin, beli qotib qolib sira sajdaga egilmas» («Soq»ning lug‘aviy ma’nosi «ilik yoki boldir» bo‘lib, bundan Olloh taoloning jismi bor, deb tushunmaslik lozim. Chunki, bu so‘z «Olloh taoloning qo‘li, yuzi» deyilgandagi kabi bir sifatdur)

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:23:47

«INNO ARSALNO NUHAN» SURASI

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar. «Nuh alayhissalomning qavmlarida bo‘lgan butlar keyinchalik arablarda bo‘lgan erdi. «Vad» degan but Davmatul-Jandal degan joyga qo‘yilgan bo‘lib, Kalb qabilasiga qarashli erdi, «Suvo’» degan but Huzayl qabilasiniki, «Yag‘us» — avval Murod qabilasiniki, keyin Baniy G’atif qabilasiniki bo‘lgan erdi. U Javf degan joyda erdi «Ya’uq» degan but Hamdon qabilasiniki, «Nasr» ersa Oli Zil-Kalo’ podsholigidagi Himyar qabilasiniki erdi. Mazkur butlarning nomi Nuh qavmidagi solih kishilarning ismlari bo‘lib, ular halok bo‘lganlaridan keyin, shayton Nuh qavmi dillariga: «Avliyolaringiz o‘ltirgan joylarga ularning haykallarini quringizlar va haykallarni ularning ismlari birlan atangizlar!» — deb vasvasa solgan Qavm shaytonning aytganini qilib, ularni ulug‘lab turgan Qavm olamdan o‘tgach, mazkur solih kishilarning asli kim bo‘lganliklari unutilib ketib,keyingi avlodlar o‘shal xaykallarga ibodat qiladirgan bo‘lishgan».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:24:14

«QUL UXIYA ILAYYA» YOKI «JIN» SURASI

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ashoblaridan bir nechasini olib o‘rtasida to‘siq paydo bo‘lib, shaytonlarga olovli yulduzlar otilgach, ular qo‘rqib yerga tushgan erdi. Shunda shaytonlarning sardorlari «Sizlarga ne bo‘ldi» — deb so‘rashdi. Ular «Biz birlan osmondan xabar keladirgan yo‘l orasi to‘silib qoldi. Bizga qarshi olovli yulduzlar otilmoqda» — deb javob berishdi. «Sizlar birlan osmondan xabar keladirgan yo‘lning orasi to‘sib qo‘yilganiga dunyoda sodir bo‘lgan biror hodisa sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak»,— deyishdi shaytonlarning sardorlari. Shundan so‘ng, shaytonlar mag‘ribu mashriqni kezib chiqishdi, chunki ular bunga nima sabab bo‘lganini o‘z ko‘zlari birlan ko‘rmoqchi bo‘ldilar. Ularning bir guruhi Tihoma tomonga kelayotib, Naxla degan joyda Janob Rasulullohga duch keldi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ashoblari birlan Ukoza bozoriga ketayotgan erdilar. Shunda ul zot Naxlada to‘xtab bomdod namozini o‘qidilar. Shaytonlar Qur’on qiroatini eshitib va yodlab olishga harakat qilishib: «Bizlar birlan osmondan xabar keladirgan yo‘l orasini to‘sgan narsa aynan mana shu!» — deb orqalariga qaytishdi. Ular o‘z qavmlari oldiga borib «Ey qavmimiz, bir ajoyib, kishini hidoyatga boshlaydirgan Qur’on qiroatini eshitdik, biz iymon keltirdik, endi rabbimizga hech kimni sherik qilmaymiz!» — deyishdi. Olloh taolo payg‘ambarimizga «Ey Muhammad, «Menga vahiy qilindiki, jinlarning bir guruhi Qur’onni eshitdi» deb aytingiz!» degan oyatni nozil qildi. Darhaqiqat, Olloh, taolo ul zotga jinlarning gaplarini vahiy qilgan erdi».

Qayd etilgan