Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 482672 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 ... 114 B


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:29:47

8- bob. Olloh taoloning qavli: «Va muyassar qilurmiz uni mashaqqatga (do‘zaxga)»

Bu yerda yuqoridagi hadis takroran keltirilgan.

«VAZ-ZUHO» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI

Olloh taoloning qavli: «Parvardigoringiz sizni tark etgani ham yo‘q, yomon ko‘rib qolgani ham yo‘q»


Jundub ibn Sufyon aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ikki yoki uch kun kasal bo‘lib yotdilar. Shunda bir ayol kelib: «Ey Muhammad, men umid qilurmanki, shoyad shaytoning seni tark qilgan bo‘lsa! Chunki ikki-uch kundan buyon uning senga yaqin kelganini ko‘rmadim»,— dedi. Bas, Olloh taolo «Choshtgoh vaqtiga qasamki va zulmati birlan atrofni o‘rab olgan kechaga qasamki, ey Muhammad, parvardigoringiz sizni tark qilgani ham yo‘q, yomon ko‘rib qolgani ham yo‘q!» degan oyatni nozil qildi».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:30:00

«VAT-TIYN» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI


Barro raziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar alayhissalom bir safarda bo‘lganlarida xufton namozining bir rak’atida «Vat-tiyn» surasini qiroat qildilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:30:21

«AL-ALAQ» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI


Payg’ambar alayxissalomning xotinlari Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga birinchi bo‘lib nozil bo‘lgan narsa rost (chin) tushlar erdi. Janob Rasululloh tong shafag‘i yanglig‘ nurafshon tushlarnigina ko‘rur erdilar. Keyin, ul zot yolg‘izlikni xushlaydirgan bo‘lib qoldilar. Hiro’ g‘origa borib bir necha kecha ibodat birlan mashg‘ul bo‘ldilar. Buning uchun oziq-ovqat g‘amlab olardilar. Ibodatdan keyin, oilalariga qaytardilar-da, Xadicha onamizdan yeguliklar olib, yana g‘orga borardilar. Nihoyat, ul zotga haqiqat zohir bo‘ldi. Bir kuni Janob Rasululloh Hiro’ g‘orida erkanliklarida qoshlariga bir farishta kelib: «Uqingiz!»—dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men o‘qiyolmayman»,— dedilar. «Shunda,— deydilar Janob Rasululloh,— farishta meni ushlab shunday qattiq qisdiki, hatto men holsizlanib qoldim. Keyin, meni bo‘shatib, yana: «Uqingiz!» — dedi. Men: «Uqiyolmayman»,— dedim. U meni yana ushlab, shunday qattiq qisdiki, hatto men holsizlanib qoldim. Keyin, yana meni bo‘shatib: «Uqingiz!» —dedi. Men yana: «Uqiyolmayman»,— dedim. U uchinchi bor meni ushlab, shunday qattiq qisdiki, hatto men holsizlanib qoldim. So‘ng, u meni bo‘shatib, «Ey Muhammad, butun mavjudotni yaratgan parvardigoringiz nomi birlan o‘qingiz! U insonni laxta qondan yaratdi. Uqingiz, parvardigoringiz insoniyatga qalam birlan yozishni o‘rgatgan zotdir!  Ul zot insonga uning bilmaganini o‘rgatdi» degan oyatlarni o‘qidi».
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bul hodisadan qo‘rqib, dag‘-dag‘ titragan holda ortlariga qaytdilar-da, Xadicha onamizning oldilariga kirib: «Meni o‘rangizlar, meni o‘rangizlar!»—dedilar. Janob Rasulullohni, qo‘rquvlari bosilguncha, o‘rab qo‘yishdi. Keyin, Xadichaga: «Ey Xadicha, menga ne bo‘layotir? Menga bir narsa bo‘lib qolmasaydi, deb o‘zimdan qo‘rkdim»—deb bo‘lgan voqe’ani gapirib berdilar. Xadicha: «Qo‘rqmangiz, aksincha xursand bo‘lingiz, xudo haqi, Olloh taolo sizni aslo xor qilmagay, xudo haqi, siz qarindoshlaringizga oqibat qilgaysiz, rost gapirgaysiz, birovlarning og‘irini yengil qilgaysiz, yo‘qsillarni to‘ydirgaysiz, mehmondo‘stlik qilgaysiz, ezgulik yo‘lida sa’yu imdod aylagaysiz»,— dedilar. So‘ng, Janob Rasulullohni amakilarining o‘g‘li Varaqa ibn Navfalning huzuriga olib bordilar. Varaqa johiliyat zamonida nasroniy dinini qabul qilgan erdi. U arabcha xat yozishni ham bilar, Olloh taolo muyassar etganicha Injildan arabchaga ko‘chirib yozar erdi. Uzi qari kishi bo‘lib, ko‘zi ojiz erdi. Xadicha onamiz unga: «Ey amaki, birodaringizning o‘g‘lining so‘ziga quloq solingiz!»—dedilar. Varaqa: «Ey jiyanim, nelarni ko‘rdingiz?»—deb Janob Rasulullohdan so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom ko‘rgan narsalarining xabarini berdilar. Varaqa: «Bu Nomus (ya’ni, Hazrat Jabroil) bo‘lib, Musoga ham vahiy birlan tushirilgan farishtadur. Koshkiydi, shu paytda mening yoshligim bo‘lsa, koshkiydi, men hayot bo‘lsam!» — dedi. Keyin, yana ba’zi gaplarni ham aytdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qavmim meni haydab chiqargaymi?»—deb so‘radilar. Varaqa: «Ha, shunday. Ammo, biror kishi siz keltirgan narsa birlan (payg‘ambarlik birlan) kelmagan, gar kelsa, qiynoqqa solingan bo‘lur erdi. Agar sizning kunlaringizda men tirik bo‘lsam, sizga katta yordam bergan bo‘lur erdim!»—dedi. Lekin, ko‘p o‘tmay Varaqa vafot etdi. Keyin, birmuncha vaqt Janob Rasulullohga vahiy kelmay qo‘ydi. Ul zot bundan qayg‘ura boshladilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:30:33

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vahiyning boshlanishi haqida gapirib, bunday dedilar: «Bir payt men yurib ketayotgan erdim, osmondan bir ovozni eshitdim. Yuqoriga qarasam, ro‘paramda bir farishta, ya’ni Hiro’ g‘orida oldimga kelgan farishta osmon birlan yer o‘rtasida kursida o‘ltiribdi. Undan qo‘rqib uyga qaytib keldim-da: «Meni o‘rangizlar, meni o‘rangizlar!» — dedim. Meni o‘rab qo‘yishdi. Shunda Olloh taolo «Ey o‘ralib yotgan bandam, turingiz, qavmingizni ogohlantiringiz, rabbingizni ulug‘langiz va kiyimin-gizni pok tutingiz hamda nopoklikdan yiroq bo‘lingiz!» degan oyatlarni nozil qildi».

Olloh taoloning qavli: «Olloh insonni laxta qondan yaratdi»

Oisha raziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga birinchi bo‘lib nozil bo‘lgan vahiy rost (chin) tushlar erdi. Keyin, ul zotning huzurlariga farishta kelib, «Sizni yaratgan parvardigoringizning nomi birlan o‘qingiz, u insonni laxta qondan yaratgan zotdur, o‘qingiz, ulug‘ rabbingiz insonga qalam birlan ilm o‘rgatdi» —degan oyatni vahiy qildi».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:30:44

1- bob. Olloh taoloning qavli: «Rabbingiz insonga qalam birlan ilm o‘rgatgan zotdur»

Oisha raziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Xadichaning oldilariga qaytib keldilar-da: «Meni o‘rangizlar, meni o‘rangizlar!» — dedilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:31:02

2- bob. Olloh taoloning qavli: «Io‘q, aslo, agar u bunday gumrohlikdan to‘xtamasa, qasamki, biz uni torturmiz jahannamga peshonasidan, peshonaiki yolg‘onchidur,gunohkordur»

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Abu Jahl: «Agar men Muhammadning Ka’ba oldida namoz o‘qiyotganini ko‘rganimda bo‘ynidan bosib olgay erdim!»—dedi. Bu gap Payg‘ambar alayhissalomga yetganda, ul zot «Agar ul shunday qilganda, maloikalar uni mahkam ushlab olur erdilar»,— dedilar»

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:31:18

«LAM YAKUN» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI


Anas ibn Molik raziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar alayhissalom Ubay ibn Ka’bga: «Olloh taolo «Ahli kitob va mushriklardan bo‘lmish kofirlar, to o‘zlariga ochiq hujjat (dalil) kelmaguncha, kufrdan qaytmadilar» degan oyatni senga o‘qib bermog‘imni buyurdi»,— dedilar. Ubay ibn Ka’b: «Olloh taolo mening nomimni tilga oldimi?» — deb so‘radilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ha»,— deganlaridan keyin, Ubay yig‘lab yubordilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis takrorlangan.

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:31:30

«IZO ZULZILATIL-ARZU ZILZOLAHO» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI


Olloh taoloning qavli: «Kimki qilibdur zarra vaznicha yaxshilik, ko‘rur ul uni» Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Otning uch xislati mavjud bo‘lib, bir kishiga savob keltirgay, ikkinchi bir kishining aybini yopgay, uchinchi kishiga ersa, gunoh orttirgaydur. Otidan savob topadirgan kishi xususiga kelsak, ul o‘z otini Olloh taolo yo‘lida jihod qilmoq bo‘lib biror yaylov yoki boqqa bog‘lab qo‘ygan kishi bo‘lib, otining o‘shal yerdagi o‘t-o‘lanlardan tanovul qilib xordiq chiqarmog‘iga imkon bergani uchun savob olgaydur, hattoki oti yechilib ketib, u yoqdan bu yoqqa yayrab shataloq oqa ham uning qoldirgan izlari va tezaklari savob keltirgaydur. Agar o‘shal ot bir chashma yonidan o‘tayotib undan ichayotganda egasi mone’lik qilmasa ham savob bo‘lgaydur. Oti tufayli aybi (gunohi) yopiladirgan kishi shulkim, ul o‘z otini tirikchilik uchun egarlab, topayotgan rizqi ro‘zidan Olloh taolo yo‘lida ehson qilmoqni unutmaydi va bu birlan ba’zi bir gunohlarini yopadi. Kishi maqtanish yokim riyo yuzasidan ot saqlayotgan ersa, bu unga gunoh bo‘lib yozilgaydur» Keyin, Janob Rasulullohdan eshak xususida so‘rashdi, shunda ul zot: «Olloh taolo menga bul haqda «Kimki zarracha bo‘lsa ham yaxshilik qilsa, ajru savob olgay va kimki zarracha bo‘lsa ham yomonlik qilsa, azobga qolgay» degan oyatdan bo‘lak hech narsa nozil qilmagandur»,— dedilar»

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:31:42

1- bob Olloh taoloning qavli: «Kimki zarracha bo‘lsa ham yomonlik qilsa,  azobga qolgay (uning jazosini ko‘rgay)»

Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan eshak haqida so‘ralganda, ul zot: «Menga bul haqda «Kimki zarracha bo‘lsa ham yaxshilik qilsa...» degan oyat nozil bo‘lgan, xolos»,— dedilar»

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:32:02

«INNO ATAYNOKAL-KAVSAR» SURASI
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI


Anas raziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar alayhissalom osmonga (me’rojga) chiqarilganlaridan keyin, bunday deb hikoya qildilar. «Bir daryo (suv) oldiga keldim. Uning ikki qirg‘og‘i ichi g‘ovak marvariddan ishlangan. Men Hazrat Jabroildan «Bu nima» — deb so‘raganimda, ul kishi: «Bu (Havzi) Kavsar»,— deb javob berdilar».

Abu Ubayda raziyallohu anhu aytadilar: «Men Oisha raziyallohu anhodan Olloh taoloning «Albatta, biz sizga Kavsarni berdik» degan qavlining ma’nosini so‘radim. Oisha onamiz «Bu Kavsar shunday bir daryoki, u payg‘ambaringizga berilgan. Uning ikki qirg‘og‘i ichi g‘ovak marvarid birlan bezatilgan bo‘lib, atrofiga terib qo‘yilgan ko‘zalar yulduzlardek jilolanur»,— dedilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu Kavsar haqida so‘zlab: «Bu shunday xayrki, Olloh taolo uni o‘z Rasuliga bergan»,— dedilar

Abu Bashar bunday deydilar: «Men Sa’id ibn Jubayrga «Kavsarni odamlar jannatdagi bir daryo, deb gumon qilayotirlar»,— dedim. Sa’id «Jannatdagi daryo bo‘lganda ham, u shundayin xayrki, Olloh taolo uni o‘z habibiga bergan»,— dedilar»

Qayd etilgan