Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 483483 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 ... 114 B


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:34:53

3- bob Qur’onning jamlanishi haqida

Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu aytadilar: «Ahli Yamoma urushidan keyin, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu menga odam yubordilar. Borsam huzurlarida Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu o‘ltiribdilar. Shunda Abu Bakr menga bunday dedilar: «Mening oldimga Umar kelib «Yamoma kuni Qur’on qorilarining ko‘pi halok bo‘ldi. Men qo‘rqamanki, boshqa janglarda ham qorilar shunday qirilib ketaversa, Qur’onni yod bilganlar qolmaydi. Istardimki, Qur’onni jam etmoqqa amr bersangiz!»—dedilar. Men Umarga «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qilmagan ishni men qanday qilurman?»— dedim. Hazrat Umar «Olloh haqi, bu xayrli ishdur!»—dedilar. Shu tariqa Hazrat Umar menga qayta-qayta murojaat qilaverdilarki, hatto Olloh taolo mening qalbimni ham shu ishga moyil qilib qo‘ydi. Men ham bu ishda Hazrat Umar ko‘rgan narsani — xayriyatni ko‘rdim». Keyin, Abu Bakr menga: «Siz aqlli va yosh yigitdursiz, sizni hech qachon yomon ish ustida ko‘rmagandurmiz. Buning ustiga siz Janob Rasulullohga nozil bo‘lgan vahiylarni yozib olur erdingiz, Qur’onni jamlab yigingiz!» — dedilar. Ollohga qasamki, agar menga bir togni o‘z joyidan boshqa joyga ko‘chirmoqni buyursalar, bu ish menga Qur’onni jamlamoqdan osonroq bo‘lur erdi! Men ularga «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qilmagan ishni nechuk qilursizlar?»— dedim. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: «Ollohga qasamki,bu ish xayrlidur!»—deb qayta-qayta murojaat qilishda davom etdilar-ki, hatto Olloh taolo Abu Bakr va Umarning dillarini moyil qilgan narsaga mening dilimni ham moyil qilib qo‘ydi. Nihoyat, men Qur’onni xurmo barglaridan, oppoq, silliq toshlardan, odamlarning dillaridan ko‘chirib jamlay boshladim, hatto «Tavba» surasining oxiri — «Ey insonlar, batahqiq sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan sizlarning kulfat-mashaqqatlaringizni ko‘rib achinuvchi, sizlarning haq dinga kelishingizga haris (tashna) va barcha mo‘minlarga marhamatli, mehribon bir payg’ambar keldi-ku! Ana endi ham yuz o‘girsalar, u holda aytingiz «Menga Ollohning o‘zi yetarlidir, boshqa hech qanday iloh yo‘q, faqat uning o‘zi bordur, men uning o‘ziga suyandim. U Ulug Arsh sohibidur!» degan oyatlarni Abu Huzaymadan topdim. Undan boshqa biror kishida bu oyatlarni uchratmadim. Suhuf (suralar bitilgan sahifalar) Abu Bakr Siddiqning huzurlarida saqlandi. Ul kishi vafot qilganlaridan so‘ng, Umar raziyallohu anhuning huzurlarida saqlandi, ul kishi vafot qilganlaridan keyin, Hafsa binti Umarning qo‘llarida qoldi»

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:35:07

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat hiladilar: «Huzayfa ibn Yamon Usmon raziyallohu anhuning huzurlariga keldilar. Ahli Shom birlan ahli Iroq Armaniston va Ozarbayjonda gazotda erdilar. Ularning qiroatidagi ixtilofdan cho‘chigan Huzayfa Usmon raziyallohu anhuga: «Ey mo‘minlarning amiri, bu ummatni yahudiy va nasorolar ixtilofi singari Qur’onda ixtilof qilmoqliklaridan to‘xtatib qolingiz!»—dedilar. Usmon raziyallohu anhu Hafsa raziyallohu anhoga odam yuborib: «Suhufni bizga yuboringiz, biz undan nusxa ko‘paytirib mushaflar qilurmiz, keyin o‘zini sizga qaytarurmiz!»—dedilar. Hafsa raziyallohu anho Suhufni Usmonga yubordilar, so‘ng Usmon raziyallohu anhu Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Sa’-id ibn al-Os va Abdurrahmon ibn Harsga buyurdilar, ular Suhufdan nusxa ko‘chirib mushaflar tayyorlashdi. Hazrat Usmon uchta qurayshlik kotiblarga: «Agar Qur’on so‘zlarida Zayd birlan ixtilof qilsalaringiz, (uni o‘zgartirmay) Quraysh tilida yozaveringizlar, chunki Qur’on ularning tilida nozil bo‘lgandur!»—dedilar. Kotiblar shunday qilishdi, so‘ng Hazrat Usmon Suhufni Hafsaga qaytarib berdilar. Keyin, Hazrat Usmon mushaflarni dunyoning to‘rt chekkasiga yuborib, Qur’on bitilgan bundan bo‘lak har qanday sahifa yoki mushafni yoqib yubormoqni amr qildilar».

Ibn Shihob aytadilar: «Menga Xorija ibn Zayd ibn Sobitning xabar berishlaricha, Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu bunday deb aytgan erkanlar: «Qur’ondan nusxa ko‘chirayotgan vaqtimda «Ahzob» surasidan bir oyatni topolmadim, vaholanki uni Janob Rasululloh qiroat qilganlarida eshitgan erdim. Uni qidirib, nihoyat Huzayma ibn Sobit al-Ansoriydan topdik. Bu oyat «Mo‘minlarning orasida ba’zi kishilar borki, ular Ollohga bergan va’dalariga har qachon sodiq bo‘ladilar» degan oyat erdi. Uni o‘z o‘rniga qo‘shib qo‘ydik».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:35:43

4- bob. Payg‘ambar alayhissalomning kotiblari haqida

Zayd ibn Sobit aytadilar: «Abu Bakr Siddiq menga odam yuborib: «Darhaqiqat, siz Janob Rasulullohga nozil bo‘lgan vahiylarni yozib olur erdingiz. Qur’onni jamlangiz!» —dedilar. Men Qur’onni yigdim, «Tavba» surasining oxirgi ikki oyatini Abu Huzayma al-Ansoriydangina topdim, boshqa biror kishidan bu oyatlarni topmadim. Ular «La-qad joakum rasuulun min anfusikum» deb boshlanadirgan oyatlardur».

Barro raziyallohu anhu aytadilar: «Barobar bo‘lmaydilar jihoddan qolgan mo‘minlar birlan Olloh yo‘lida jihod qiluvchilar» degan oyat nozil bo‘lganda, Payg’ambar alayhis-salom: «Huzurimga Zaydni chaqiringiz, lavh birlan siyoh keltirsin!»—dedilar. Keyin, menga: «Yoz!... Barobar bo‘lmaydilar...»—deb vahiy so‘zlarini aytayotganlarida ul zotning orqalarida o‘ltirgan ko‘zi ojiz Amr ibn Ummu Maktum: «Ey Ollohning rasuli, menga gazot qilmoqni qandayin buyurgaysiz, axir men ko‘zi ojiz odamman-ku?!» — dedilar. Shunda mazkur oyat o‘rniga «tana a’zolariga zarar (jarohat) yetmagan holda jihoddan qolgan mo‘minlar birlan Olloh yo‘lida jihod qiluvchilar barobar bo‘lmaydilar» degan oyat nozil bo‘ldi».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:35:51

5- bob. Qur’onning yetti harf (vajh)da nozil qilinganligi haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Menga Hazrat Jabroil Qur’onni bir harfda (bir uslubda) o‘qimoqni o‘rgatdilar, men murojaat qilaverganimdan keyin ersa, uni yetti harfga (uslubga) yetkazdilar»,— dedilar».

Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu aytadilar: «Men Hishom ibn Hakimning «Furqon» surasini o‘qiganlarini Janob Rasulullohning hayotlik davrlarida eshitgan erdim. Ul kishining qiroatlarini astoydil tinglasam, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga o‘rgatmagan uslubda o‘qiyotirlar. Shunda men namozda o‘ltirgan ul kishining yoqalaridan tutmoqchi bo‘ldim-u, ammo namozni tugatmoqlarini kutdim. Ul kishi ikki yelkalariga salom berganlaridan so‘ng, yoqalaridan tutib: «Hozir men eshitgan qiroat uslubini sizga kim o‘rgatgan?» —dedim. Ul kishi bamaylixotir: «Janob Rasulullohning o‘zlari o‘rgatganlar»,— dedilar. Men: «Yolgon gapiryapsiz! Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga siz o‘qigandan boshqacha o‘rgatganlar»,— dedim-da, ul kishini yetaklab Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga olib bordim va: «Men bul kishining «Furqon» surasini bir o‘zgacha uslubda o‘qiganlarini eshitdimki, bu uslubni siz menga o‘rgatmagan erdingiz»,— dedim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Uni qo‘yib yuboringiz!»— dedilar. Keyin, Hishomga: «Ey Hishom, o‘qingiz!» — dedilar. Hishom Janob Rasulullohga men eshitgan uslubda qiroat qilib berdilar, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bu sura aynan shunday nozil qilingan».— dedilar. Keyin: «Ey Umar, siz ham o‘qingiz!» — dedilar. Men Janob Rasululloh menga o‘zlari o‘rgatganlaridek qiroat qildim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bu sura aynan shunday nozil qilingan. Darhaqiqat, Qur’on yetti harfda (uslubda) nozil qilingan, qaysi uslubda qiroat qilmoqni oson, deb bilsangiz, o‘sha uslubda o‘qiyveringiz!» — dedilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:36:30

6- bob. Qur’on suralarini kitob qilib olish haqida

Yusuf ibn Molik xabar beradilar: «Men mo‘minlarning onasi Oisha raziyallohu anhoning huzurlarida erdim. Shunda ichkariga bir iroqlik kirib kelib: «Kafanning qanaqasi yaxshiroq?» — deb so‘radi. Oisha onamiz: «Eh bechora, o‘lganingizdan keyin kafanning qanday bo‘lmog‘ining sizga hech zarari yo‘q!» — dedilar. Iroqlik: «Ey mo‘minlarning onasi, menga Mushafingizni ko‘rsatingiz!» — dedi. «Ne uchun?» — dedilar Oisha raziyallohu anho. Iroqlik: «Shoyad, unga qarab men o‘zimga Qur’on qilib olsam!» — dedi. Chunki, u Qur’on suralarini tartibsiz o‘qir erdi. Oisha onamiz: «Qaysi surani avval o‘qisangiz, sizga zarari yo‘qdur. Qur’onning eng avval nozil bo‘lgan suralari uzun suralar bo‘lib, unda jannat va do‘zax haqida zikr qilinur. Islomga kirganlar soni ko‘paygandan keyin ersa, harom va halol haqida oyatlar nozil bo‘ldi. Agar «Aroq ichmangizlar!» degan oyat birinchi bo‘lib nozil bo‘lganda, odamlar: «Biz aroqni mutlaqo tark qilmaymiz!»—degan bo‘lur erdilar. Agar «Zino qilmangizlar!» degan oyat birinchi bo‘lib nozil bo‘lganda, odamlar: «Biz zinoni mutlaqo tark qilolmaymiz!»— derdilar. Muhammad alayhissalomga Makkada (u vaqtda men yosh qizaloq erdim) «Qiyomat ular birlan va’dalashgan joyimiz bo‘lib, u nihoyatda dahshatlidur» degan oyat nozil bo‘ldi. «Baqara» va «Niso» suralari nozil bo‘lganda ersa, men Janob Rasulullohning nikohlarida erdim»,— dedilar. Keyin, Oisha raziyallohu anho Mushafni olib chiqib, suralar tartibini iroqlikka aniqlab berdilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:37:04

Ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytadilar: «Darhaqiqat, «Bani Isroil», «Kahf», «Maryam», «Toho» va «Anbiyo» suralari dastlab nozil bo‘lgan suralar bo‘lib, ularni Qur’ondan o‘rganib olganimga ancha bo‘lgan».

Barro raziyallohu anhu aytadilar: «Men «Sabbihisma rabbikal-a’lo» surasini Janob Rasulullohning Madinaga kelmaslaridan avval yodlagan erdim».

Shaqiq raziyallohu anhu aytadilar: «Abdulloh: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam har bir rak’atda juft-juft o‘qiydirgan suralarni bilib olganman»,— dedilar. Keyin, Abdulloh chiqib ketdilar-da, Alqama birlan qaytib kirdilar. Alqama chiqib ketgach, Abdullohdan «nazira» (o‘xshash) suralar haqida so‘radik. Ul kishi: «Ibn Mas’udning ta’liflariga ko‘ra, Qur’onning boshlanishidan yigirma sura, ularning oxirgisi — «Havomim»dur»,— dedilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:37:18

7-bob. Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan Qur’onni imtihon qilib turganlari haqida

Oisha raziyalloohu anho Fotima raziyallohu anhodan naql qiladilarki, Payg‘ambar alayhissalom: «Darhaqiqat, Hazrat Jabroil har yili mendan Qur’onni bir bor imtihon qilur erdilar, bu yil ersa ikki bor imtihon qildilar, bundan bilurmanki, ajalim yaqindur»,— dedilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar alayhissalom eng saxovatli odam erdilar. Ramazon oyida ersa, yanada saxovatlari ortar erdi, chunki Jabroil alayhissalom Ramazon oyining har kechasida ul zot birlan uchrashib, Qur’onni imtihon qilur erdilar. Janob Rasululloh Hazrat Jabroil birlan uchrashgan kunlari yomg‘ir keltiruvchi shamoldan ham saxovatliroq bo‘lib ketur erdilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: «Har yili Janob Rasulullohdan Qur’on bir bor imtihon qilinur erdi, vafot qilgan yillari ersa ikki bor imtihon qilindilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam har yili o‘n kun e’tikofda o‘ltirur erdilar, vafot etadirgan yillari ersa yigirma kun e’tikofda o‘ltirdilar».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:37:36

8-bob. Payg‘ambar alayhissalomning qori sahobalari haqida

Abdulloh; ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytadilar: «Men Payg’ambar sallallohu alayhi va sallamning «Qur’onni to‘rt kishidan — Abdulloh ibn Mas’ud, Solim, Muoz va Ubay ibn Ka’bdan olingizlar (o‘rganingizlar)!» deb aytganlarini eshitganman. Shu gap menga hanuz xush yoqadi!»

Shaqiq ibn Salama aytadilar: «Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu bizga xutba qilib: «Xudo haqi, men Janob Rasulullohning og‘izlaridan yetmishdan ortiq sura o‘rgan-dim, xudo haqi, Janob Rasulullohning sahobalari meni Ollohning Kitobini ko‘proq biluvchi, deb hisoblaydilar, vaholanki men ulardan yaxshiroq ermasman!» — dedilar. Men: «Odamlar Abdullohning bu gaplariga ne deyishar erkan?» — deb poyladim, lekin ul kishining gaplarini qaytarguvchini ko‘rmadim».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:37:46

Alqama aytadilar: «Biz Himsda erdik. Ibn Mas’ud raziyallohu anhu «Yusuf» surasini qiroat qildilar. Bir odam: «Bu sura bunday nozil qilingan ermas»,— dedi. Ibn Mas’ud: «Men buni Janob Rasulullohga o‘qib berganimda, ul zot: «Juda chiroyli o‘qidingiz!» — deb aytganlar»,— dedilar. Birdan haligi odamdan aroq hidi keldi. Shunda Ibn Mas’ud: «Sen Ollohning Kitobini yolg‘onga chiqarish birlan birga aroq ham ichayotirsanmi?!» — deb unga hadd (darra) urdirdilar».

Abdulloh raziyallohu anhu aytadilar: «Ibodatga loyiq zot bo‘lmish o‘zi tanho Olloh haqi! Ollohning Kitobidan qaysi sura nozil kilingan bo‘lsa, men uning qaerda nozil qilinganini hamda qaysi oyat nozil qilingan bo‘lsa, men uning ne haqda nozil qilinganini bilurman. Agar biror kishining Ollohning kalomini mendan yaxshiroq biluvchi erkanini bilsam, uning oldiga, u tuyada boradirgan joyda bo‘lsa ham, borur erdim!».

Qayd etilgan


Muhammad  20 Oktyabr 2006, 21:38:15

Qatoda aytadilar: «Men Anas ibn Molikdan. «Qur’onni kim jam qilgan?»—deb so‘radim. Anas: «To‘rt kishi, hammalari ham ansorlardan bo‘lib, ular — Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd»,— dedilar».

Anas raziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar alayhissalom vafot etdilar hamki, Qur’onni to‘rt kishidan bo‘lak odam jam qilmadi, ular Abu Dardo’, Muoz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd. Biz Abu Zaydga Qur’on xususida merosxo‘r bo‘ldik».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar raziyallohu anhu «Bizga Ubay qiroat qilmoqni o‘rgatur erdilar, biz ersak ul kishining qiroat yo‘llaridan bo‘lakcha o‘qir erdik. Shunda ul kishi. «Men Qur’onni Janob Rasulullohning og‘izlaridan o‘rganganman, uni hech narsa evaziga tark qilmasman, Olloh taolo «Qaysi oyatni mansux qilsak yoki uni sizga unutdirsak, undan yaxshirog‘ini yoki uning o‘xshashini ato qilurmiz!» deb aytgan».

Qayd etilgan