Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 482726 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 ... 114 B


Laylo  22 Oktyabr 2006, 14:18:21

27- bob. Ayol o‘z ammasi ustiga nikohlanmaydi!

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ayolning o‘z ammasi yoki xolasining ustiga nikohlanmog‘ini man’ qildilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ayol na ammasi va na xolasi birlan bir nikohga jam’ qilinmaydi!» — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ayolni o‘z ammasi ustiga ham, xolasi ustiga ham nikohlamoqdan qaytardilar. Biz ayolning xolasini ammasi maqomida, deb bilurmiz. Chunki, Oisha onamiz: «Nasab jihatidan ta’qiqlanganlari kabi, emishganlik jihatidan ham ta’qiqlangandurlar»,— deb aytganlar».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2006, 14:19:08

28-bob. Qizini yoki singlisini birovga uning qizi yoki singlisiga uylanish sharti birlan erga berish haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «shig‘or»dan qaytardilar, «shig‘or» — bir kishining o‘z qizini (yoki singlisini) birovga uning qiziga (yoki singlisiga) uylanish sharti birlan erga berishidur. Bunda har ikki tomon ham mahr bermaydi».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2006, 14:19:45

29-bob. Ayol o‘zini o‘zi biror erkakka bag‘ishlasa, joizmi?

Hishom otalaridan nahl qiladilar: «Xavla binti Hakim o‘zlarini o‘zlari Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bagishlagan (hadya qilgan) ayollardan biri erdi. Oisha onamiz bunday deydilar: «Ammo, ayol o‘zini o‘zi erkakka bag‘ishlamoqdan hayo qiladi. Olloh taoloning «Ulardan (xotinlaringizdan) istaganingizning navbatini keyinga surmog‘ingiz sizga joizdur» degan qavli nozil bo‘lganda, men Janob Rasulullohga: «Yo Rasulalloh, parvardigoringizning sizning xohishingiz xususidagina oshiqayotganini ko‘ryapman!» — dedim».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2006, 14:20:26

30-bob. Ehromdagi kishining nikohi (eqromdagi kishining uylanmog‘i) haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ehromda bo‘la turib, uylandilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:46:58

31-bob. Nihoyat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam muvaqqat nikohdan qaytardilar

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Xaybar gazoti vaqtida muvaqqat nikoh (nikohul-mut’a)dan va xonaki eshaklar go‘shtini yemoqdan qaytardilar».

Abu Hamza rivoyat qiladilar: «Men odamlarning Ibn Abbosdan muvaqqat nikohga ijozat so‘rashganini eshitganman. Shunda ul kishi ularga ruxsat berib erdilar».

Ibn Abbosning ozod qilingan qullari Abu Hamzaga: «Vunga noiloj ahvolda qolinganda, ayollar yetishmaganda va shunga o‘xshash hollardagina ruxsat qilingan»,— deb aytibdilar.

Salami ibn al-Akva’ rivoyat qiladilar: «Biz lashkarlar orasida turgan erdik. Shu payt Janob Rasululloh oldimizga kelib: «Quloq solingizlar, deb sizlarga aytilgan, endi quloq solingizlar!» — dedilar».

Salama ibn al-Akva’ rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar biror erkak va ayol o‘zaro (muvaqqat nikohga) kelishsalar, ul holda ularga uch kecha ishrat qilmoqlik joizdur va agar bundan ziyodroq yoki kamroq ishrat qilmoqni ixtiyor qilsalar, buni o‘zlari kelishib oladilar»,— dedilar. Bu hukm faqat biz g‘azotda yurganlarga taalluqlimidi yoki barchagamidi, buni bilmayman».

Abu Ubaydulloh: «Bu (ya’ni, muvaqqat nikohga berilgan ruxsat) keyin bekor qilingan»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:47:18

32- bob. Ayolning o‘zini o‘zi solih erkakka taklif qilmog‘i haqida

Sobit al-Bunoniy rivoyat qiladilar: «Men Anasning huzurida erdim, qizi ham shu yerda erdi. Anas: «Bir ayol Janob Rasulullohning huzurlariga keldi-da, o‘zini o‘zi ul zotga taklif qilib. «Yo Rasulalloh, menga ehtiyojingiz bormi?»—dedi»—deb aytdi. Anasning qizi: «Voy behayo, voy sharmanda, voy sharmanda!» — dedi. Anas qiziga: «U sendan yaxshiroqdur, chunki u Janob Rasulullohga yetishmoqni rag‘bat qilib, o‘zini o‘zi ul zotga taklif qildi!» — dedi».

Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Bir ayol o‘zini o‘zi Janob Rasulullohga taklif qildi. Shunda bir kishi ul zotga: «Yo Rasulalloh, meni unga uylantirib qo‘yingiz!» — deb iltimos qildi. Janob Rasululloh: «Mahriga nimang bor?»— dedilar. U. «Hech vaqom yo‘q»,— dedi. Janob Rasululloh: «Bor, loaqal bitta temir uzuk bo‘lsa ham, topib kel!»— dedilar. U uyiga borib keldi-da: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, hech narsa yo‘q, hattoki temir uzuk ham topolmadim, ammo mana bu izorim (ishtonim)ning yarmi unga (mahr) bo‘la qolsin!»—dedi. Bechoraning egnida ridosi (ko‘ylagi) ham yo‘q erdi. Janob Rasululloh: «Izoringni qanday qilib mahr qilasan, axir uni sen kiysang, xotiningga, u kiysa, senga hech vaqo qolmaydi-ku!»— dedilar. Boyagi kishi tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, o‘ltirib qoldi. Anchadan keyin, Janob Rasululloh o‘rinlaridan turib, unga ko‘zlari tushdi, uni yonlariga chaqirib (yoki chaqirtirib); «Qur’ondan nimalarni bilasan?», — dedilar. U: «Men falon va falon suralarni bilaman» — dedi-da, o‘zi bilgan suralarni sanay ketdi. Janob Rasululloh: «Biz seni bu ayolga ega qildik!» — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:47:38

33- bob. Insonning o‘z qizi yoki singlisini xayriyat ahliga (xotinlikka) taklif qilmog‘i xususida

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hafsa binti Umar Janob Rasulullohning sahobalaridan biri bo‘lmish Xaniys ibn Xuzofa as-Sahmiy Madinada vafot etib tul qolgan kezlarda Hazrat Umar al-Xattob bunday deb erdilar: «Men Usmon ibn Affonning huzuriga borib, Xafsani unga (xotinlikka) taklif qildim. U menga: «Biroz uylab ko‘rayin»,— dedi. Men bir necha kecha kutdim, keyin u menga uchrab: «Shu kunlarda uylana olmaydirgan ko‘rinaman»,— dedi. Keyin, men Abu Bakr as-Siddiqni uchratib, ul kishiga: «Agar istasangiz, (qizim) Hafsani sizga nikohlab qo‘yaman»,— dedim. Ul kishi menga lom-mim demadilar, men Usmondan ko‘ra ul kishidan ko‘proq xafa bo‘ldim. Bir necha kecha kutdim. So‘ng, qizim Hafsani Janob Rasululloh o‘zlariga so‘rattirib nikohlariga oldilar. Keyinchalik, Abu Bakr as-Siddiq meni uchratib: «Xafsani menga (xotinlikka) taklif qilganingda lom-mim demaganim uchun mendan xafa bo‘lgan bo‘lsang kerak»,— dedilar. Men: «Ha»,— dedim. Abu Bakr as-Siddiq: «Sen menga taklif qilgan narsa xususida javob bermogimga Janob Rasulullohning o‘z suhbatlarida Hafsa haqida gapirib o‘tganlaridan xabardor bo‘lganimgina mone’lik qilgan erdi, men ul zotning sirlarini oshkor qila olmas erdim, agar Janob Rasululloh uni olmaganlarida, men olgan bo‘lur erdim»,—dedilar».

Zaynab binti Abu Salama rivoyat qiladilar: «Ummu Habiba Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Yo Rasulalloh, biz sizni Abu Salamaning «durdona» qiziga uylanasiz, deb yuribmiz!»— dedi. Janob Rasululloh: «Ummu Salamaga uylanmogim mumkinmi? Ummu Salamaga uylanmogim munkin bo‘lmaganidan keyin, uning qiziga ham uylanmogim mumkin ermas, chunki uning otasi mening emishgan birodarimdur!» — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:48:18

34- bob. Olloh azza va jallaning qavli: «Va gunoh bo‘lmas sizlarga ishora ila ul xotinlarga nikoh payg‘omini bersangizlar yoki (ul muddaoni) dillaringizda saqlasangizlar, Olloh taolo sizlarning ularga (nikoq xususida) zikr qilishingizni biladi va lekin ular ila maxfiy ravishda nikoh xususida va’dalashmangizlar, illo qoidaga muvofiq biror so‘z ayqangizlar (gunoh yo‘kdur) va to iddadan chiqmaguncha  nikohga qat’iy qaror ham qilmangizlar va bilingizlarki, Olloh taolo dillaringizda bor  har bir narsani bilib turur, bas undan ehtiyot bo‘lingizlar va bilingizlarki, Olloh taolo  mag‘firatli rahimdil zotdur!» («Al-Baqara» surasi, 235-oyat)

Yuqoridagi oyatdagi «aknantum» — «ko‘nglingizga tugdingiz», «dilingizda saqladingiz» degan ma’noda bo‘lib, berkitilgan, o‘zgalardan yashirilgan har bir narsani anglatadi.

Ibn Abbos oyatdagi «fiymo arraztum bihi min xitbatin-nisoi» degan qavl uaqida so‘zlab: «Masalan, men uylanmoqchi bo‘laman-u, dilimda biror soliha ayolning o‘zimga muyassar bo‘lmogini istayman»,— dedilar.

Qosim: «Biror ayolga uylanmoqni diliga tugib qo‘ygan kishi, o‘sha ayolga «Sen menga azizsan, ko‘nglimdagidek ayolsan, Olloh taolo senga xayriyatni ravo ko‘rsin!» kabi so‘zlarni aytmog‘i mumkin»,— deydilar.

Ato bunday deydilar: «Ishora ila ma’lum qiladi, oshkora aytmaydi. «Men bir xotin olmoq qasdidaman, xudoga shukrki, sen barcha orzu qiladirgan ayolsan!» deb aytadi, ayol ham erkak qay yo‘sinda gap qilgan bo‘lsa, shunday gap qiladi, zarracha ortiq gap aytmaydi. Ayolning valiysi undan yashirincha birovga va’da bermaydi. Agar ayol iddada o‘ltirgan vaqtida biror kishi birlan va’dalashgan bo‘lsa-yu, keyin u uni o‘z nikohiga olgan bo‘lsa, ularni ajratib bo‘lmaydi».

Hasan: «Lo tuvo’iduuhunna sirran» (ular ila maxfiy ravishda nikoh xususida va’dalashmangizlar) degan qavl zaminida zino mavjud»,— deydilar.

Ibn Abbos: «Al-Kitobu ajalah» — «iddasi tugaguncha» demakdur»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:48:34

35-bob. Uylanmasdan burun ayolni ko‘rmoq haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga bunday dedilar: «Men seni tushimda ko‘rdim, bir farishta seni ipak matoga o‘rab olib ketayotgan erkan. Farishta menga: «Bu sening xotiningdur»,— dedi. Men yuzingni ochib ko‘rsam, haqiqatan ham bu sen erkansan. Shunda men: «Agar bu tushim Olloh taolodan bo‘lsa, albatta ro‘yobga chiqadi!» — deb qo‘ydim».

Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Bir ayol Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, men o‘zimni sizga bag‘ishlagani (hadya qilgani) keldim!» — dedi. Janob Rasululloh unga bir tikilib, so‘ng nigohlarini quyi tushirdilar-da, boshlarini sarak-sarak qildilar. Ayol, ul zotning o‘zi xususida biror qarorga kelmaganlarini ko‘rgach, o‘ltirdi. Shunda sahobalardan biri o‘rnidan turib: «Yo Rasulalloh, agar sizning bu ayolga ehtiyojingiz bo‘lmasa, ul holda meni unga uylantirib qo‘yingiz!» — deb iltimos qildi. Janob Rasululloh: «Mahriga berarlik biror narsang bormi?» — dedilar. U: «Xudo haqi, yo‘q, yo Rasulalloh!» — dedi. Janob Rasululloh: «Uyingga borib ko‘rgil, biror narsa toparsan!» — dedilar. U uyiga borib, qaytib keldi-da: «Xudo haqi, hech narsa topmadim, yo Rasulalloh!» — dedi. Janob Rasululloh: «Borib qarab ko‘r, loaqal bitta temir uzuk bo‘lsa ham, topib kel!» —dedilar. U yana borib, qaytib keldi-da: «Xudo haqi, yo Rasulalloh, hatto temir uzuk ham topolmadim. Ammo, mening mana bu izorim (ishtonim) bor»,— dedi. Uning egnida ko‘ylagi bo‘lmay, izorining yarmini ayolga mahr qilib bermoqchi bo‘ldi. Janob Rasululloh: «Izoringni qanday qilib mahriga berasan, axir uni sen kiysang, ayolga, ayol kiysa, senga hech vaqo qolmaydi-ku!» — dedilar. Boyagi kishi uzoq o‘ltirib qoldi. So‘ng, Janob Rasululloh o‘rinlaridan turganlarida uning g‘amgin o‘ltirganini ko‘rib chaqirtirdilar. U kelgach: «Qur’ondan nimalarni bilasan?» — dedilar. U: «Men falon va falon suralarni bilaman» — deya o‘zi bilgan suralarni sanay ketdi. Janob Rasululloh. «Bu suralarni yoddan qiroat qila olasanmi?» — dedilar. U: «Ha»,— dedi. Janob Rasululloh: «Ketaver, Qur’ondan bilgan suralaring evaziga biz seni bu ayolga ega qildik!» — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:48:54

36- bob. Faqat valiy ishtirokidagina nikoh qilinadi!

Olloh taolo: «Ularga to‘sqinlik qilmangizlar!» — deganda juvonni, shuningdek bokirani ham nazarda tutadi. Olloh taolo yana: «Mushriklarga ular mo‘min bo‘lmagunlari-cha, (musulmon ayollarni) nikoh qilmangizlar!» va «Tul xotinlarni nikohlaringizga olingizlar!» — deydi.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Johiliyat davrida to‘rt xil nikoh mavjud erdi. Ulardan biri bugungi kunda ham bor bo‘lib, kishi o‘z qo‘l ostidagi ayollardan birini yoki o‘z qizini bir kishiga erga beradi, u ersa mahrini berib, uni nikohiga oladi. Ikkinchisi — bir kishi o‘z xotiniga, agar u hayzdan poklangan bo‘lsa: «Birovga bildirmay falonchining oldiga borgin-da, u birlan kelishib dom olishgin!» — deydi, so‘ng u xotinini alohida qilib qo‘yib, to o‘sha kishidan homiladorligi ma’lum bo‘lguncha, unga sira ham qo‘l tekkizmaydi. Xotinining homiladorligi ma’lum bo‘lgach, agar istasa, u birlan yashayveradi. U farzandlik bo‘lish niyatidagina shunday qiladi. Bu nikohni «Uzaro kelishilgan nikoh» deb atashgan. Uchinchisi — o‘ntacha kishi birgalashib bir ayolning huzuriga kirishadi-da, hammalari uni jimo’ qilishadi, agar u homilador bo‘lib, tug‘sa, tuqqanidan keyin bir necha kecha o‘tgach, boyagi kishilarni chorlab odam yuboradi, ulardan birortasi ham o‘zini olib qocholmaydi. Barchalari ayolning huzurida to‘planishadi. Ayol ularga: «Qilgan ishlaringizning oqibatini bildingizlar, mana men tug‘dim, ey falonchi, bu sening farzanding!» — deb ulardan o‘zi xohlagan kishining ismini aytadi-da, bolasini o‘sha kishiga topshiradi, u kishi ersa rad etolmaydi. To‘rtinchisi — ko‘p kishilar yig‘ilishib, barchalari bir ayolning huzuriga kirishadi, ayol ulardan birortasiga ham «yo‘q» demaydi. Bunday xotinlar fohishalar bo‘lib, eshiklari tepasiga belgi sifatida bayroq osib qo‘yganlar, istagan kishi ularning huzurlariga kiravergan. Agar bunday ayollardan biri homilador bo‘lib qolib, tug‘sa, boyagi kishilar uning huzurida to‘planishganda, folbin xotinni chaqirishgan. Keyin, kimga fol chiqqan bo‘lsa, bolani o‘shanga berib yuborishgan, o‘ziga fol chiqqan kishining bolani rad qilishga sira iloji bo‘lmagan. Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamni payg‘ambar qilib yuborgach, bugungi kundagi nikohdan bo‘lak barcha johiliyat davridagi nikohlar yo‘q qilindi».

Qayd etilgan