88- bob. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan erga ko‘rnamaklik qilmoqlik xususida
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning davrlarida quyosh tutildi. Janob Rasululloh namoz o‘qidilar, odamlar ham birgalashib namoz o‘qishdi. Shunda «Surai Baqara» qiroatiga ketganchalik vaqt qiyomda uzoq turdilar, keyin uzoq ruku’ qildilar, so‘ng qadlarini rostlab uzoq qiyomda turdilar, ammo bu safar ilgarigi qiyomdagidan ko‘ra kamroq vaqt sarfladilar, keyin uzoq ruku’ qildilar, ammo bu gal avvalgi ruku’dagidan ko‘ra kamroq vaqt sarf qildilar, so‘ng qadlarini rostladilar, so‘ng sajda qildilar, keyin qadlarini rostlab uzoq qiyomda turdilar, ammo bu safar ilgarigi qiyomdagiga nisbatan kamroq turdilar, so‘ng uzoq ruku’ qildilar, ammo bu gal avvalgidan ko‘ra kamroq vaqt sarf qildilar, so‘ng qadlarini rostlab uzoq qiyomda turdilar, lekin avvalgiga nisbatan kamroq turdilar, keyin uzoq ruku’ qildilar, lekin avvalgiga nisbatan kamroq vaqt sarf qildilar, so‘ng turdilar, so‘ng sajda qildilar, keyin namozxonlarga o‘girildilar. Shu vaqtda quyosh tutilib bo‘lib, charaqlab turgan erdi. Janob Rasululloh odamlarga qarata bunday dedilar: «Quyosh birlan oy Olloh taoloning mo‘‘jizalaridan ikki mo‘‘jizadur. Ular biror kishining o‘limi yoki hayotligi tufayli tutilmaydilar, agar ularning tutilganini ko‘rsangizlar, darxol Olloh taoloni zikr qilingizlar!». Odamlar: «Yo Rasulalloh! Namoz chog‘ida sizning ana shu turgan yeringizda bir narsani olganingizni ko‘rdik, keyin orqaga tisarildingiz»,— deyishdi. Ul zot:
«Men jannatni ko‘rdim.(yoki menga jannat ko‘rsatildi). Undan bir shingilni uzib olmoqchi bo‘ldim, agar ololganimda erdi, dunyo turguncha undan yer edingizlar. Keyin, do‘zaxni ko‘rdim, bugungidek (dahshatli) manzarani ko‘rmaganman! Qarasam, uning ko‘pchilik ahli ayollar erkan»,— dedilar. Odamlar: «Yo Rasulalloh, nechun bunday?» — deyishdi. Ul zot: «Ko‘rnamaklik qilganlari uchun»,— dedilar. Odamlar: «Olloh taologa ko‘rnamaklik qilganlari uchunmi?» — deyishdi. Ul zot: «Erlariga va ularning qilgan yaxshiliklariga ko‘rnamaklik qilganlar. Agar ayollardan birortasiga umr bo‘yi yaxshilik qilsang-u, keyin sendan zarracha xatolik o‘tganini ko‘rsa, «Sendan sira yaxshilik ko‘rmadim!» deb aytgay»,— dedilar».
Imron bunday deydshar: «Janob Rasululloh: «Jannat namoyon qilindi, qarasam uning ko‘pchilik ahli kambag‘allar erkan, so‘ng do‘zax namoyon qilindi, qarasam uning ko‘pchilik ahli ayollar erkan»,— dedilar».