51- bob Mahri ta’yin qilinmagan ayolga mablag‘ berish haqida
Olloh taoloning qavli: «Agar sizlar xotinlarni ularga yaqin bormay va ularga biror mahr ta’yin qilmay turib taloq qilsangizlar, sizlarga gunoh bo‘lmas va lekin sizlar ularga qoidaga muvofiq bir oz narsa (masalan, kiyim-kechak) beringizlar, badavlat odam davlatiga yarasha va holi tang odam qudratiga yarasha (bersin), bu yaxshi amal qilguvchilar uchun munosib ishdur. Va agar xotinlarni ularga yaqin bormay turib taloq qilsangizlar-u, ularga mahr ta’yin qilib qo‘ygan bo‘lsangizlar, o‘shal ta’yin qilingan mahrning yarmi ularniki bo‘lgaydur, agar xotinlar yoki nikoh tuguni qo‘lida bo‘lgan erlar mahrning o‘zlariga tegishli bo‘lgan yarmidan kechsalar, bu ham joiz bo‘lib, siz erkaklar (mahrning o‘zingizga tegishli yarmidan) kechsangizlar, bu taqvoga yaqin bir amaldur va bir-biringizga ehson qilmoqni yodingizdan chiqarmangizlarki, Olloh taolo qilib turgan amallaringizni albatta ko‘rib turur!»
Olloh taoloning qavli: «Va taloq berilgan xotinlar uchun qoidaga muvofiq xarj berilur, bu Olloh taolodan taqvo qilguvchilar uchun munosib amaldur. Olloh taolo shul tariqa sizlarga o‘z hukmlarini bayon qilur toki sizlar tushuningizlar deb»
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam muloana chog‘ida er xotinini taloq qilganda mut’a (ayolga beriladirgan xarj) xususida hech narsa demaganlar (chunki, bu voqeada er xotiniga yaqinlik qilgan bo‘lib, mahr to‘laligicha xotinnikidur).
Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir-birini mulo’ana qilayotgan eru xotinga: «Sizlarning hisob-kitobingiz Olloh taoloning o‘ziga havola! Ikkingizdan biringiz yolg‘on so‘zlayotirsiz endi sening uchun xotiningga yo‘l yo‘qdur!»—dedilar. Xotinning eri: « Yo Rasulalloh, unga bergan mahrim nima bo‘ladi?»— dedi. Janob Rasululloh «Mahrni qaytarib ololmaysan agar rost so‘zlagan bo‘lsang ham, bergan mahring uning avratidan foydalanganing badaliga uniki bo‘ladir va agar tuhmat qilgan bo‘lsang, unda o‘z-o‘zidan ma’lumki, mahrdan mahrumsan!»—dedilar»