Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 482318 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 ... 114 B


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:06:51

5- bob. To‘ygunicha taom yegan kishi haqida

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Abu Talha Ummu Sulaymga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ochlikdan toliqqan ko‘rinadilar, ovozlarini arang eshitdim, biror yeguliging bormi?» — dedilar. Ummu Sulaym bir necha arpa nonini yopinchig‘lariga o‘rab, qo‘ynimga tiqib qo‘ydilar-da, meni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga jo‘natdilar. Men nonlarni olib yo‘lga chiqdim, ul zotni masjiddan topdim, huzurlarida bir qancha odamlar ham bor erdi. Men ularning tepasiga borib turdim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Seni Abu Talha yubordimi?»—dedilar. Men: «Ha»,— dedim. Janob Rasululloh: «Taomga taklif qildimi?» — dedilar. Men: «Ha»,— dedim. Janob Rasululloh o‘zlari birlan birga o‘ltirganlarga: «Turingizlar!» — dedilar-da, yo‘lga chiqdilar, men ham birgalikda yo‘lga chiqib, ularni Abu Talhaning uylariga boshlab bordim. Abu Talha: «Ey Ummu Sulaym, Janob Rasululloh bir necha odamlar birlan birga keldilar, bizning ersa ularni mehmon qilarlik taomimiz yo‘q!» — dedilar. Ummu Sulaym: «Olloh taolo va uning Rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedilar. Abu Talha tashqariga chiqib Janob Rasulullohni kutib oldilar, keyin ikkalalari uyga kirib kelishdi. Janob Rasululloh: «Ey Ummu Sulaym, boringni olib kelavergil!» — dedilar. Ummu Sulaym boyagi nonlarni dasturxonga qo‘yib erdilar, Janob Rasululloh nonxurush keltirmoqni amr qildilar. Ummu Sulaym yog‘donlariga meva solib, nonxurush tayyorlab berdilar. Keyin, Janob Rasululloh dasturxonga qo‘yilgan yeguliklarni maqtab-maqtab tanovul qildilar. So‘ng, o‘zlari birlan kelgan odamlardan o‘n kishini dasturxonga taklif qilmoqqa ruxsat berdilar. Ular to‘ygunlaricha yeb, so‘ng chiqib ketishdi. Keyin, yana o‘n kishini dasturxonga taklif qilmoqqa izn berdilar, ular ham to‘ygunlaricha yeb, chiqib ketishdi. So‘ng. yana o‘n kishini dasturxonga taklif qilmoqqa ruxsat berdilar, ular ham to‘ygunlaricha yeb, chiqib ketishdi. Keyin, yana o‘n kishiga izn berdilar, ular ham to‘ygunlaricha yeb, so‘ng chiqib ketishdi. Shul tariqa, barchalari to‘yib ovqatlanishdi, vaholanki ular sakson kishi erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:06:59

Abdurrahmon ibn Abu Bakr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga bir yuz o‘ttiz kishi erdik. Janob Rasululloh: «Birortangizda yegulik bormi?» — dedilar. Bir kishida bir so’ yoki shunga yaqin yegulik bo‘lib, u boshqalar birlan baham ko‘rgisi kelmay, gapni chaynadi. Keyin, bir novcha mushrik bir qo‘y yetaklab kelib qoldi. Shunda Janob Rasululloh unga: «Sotiladimi yoki hadyami?» — dedilar. Mushrik: «Yo‘q, sotiladi»,— dedi. Janob Rasululloh qo‘yni undan sotib oldilar, men uni so‘ydim. Janob Rasululloh uning jigarini qovurishni buyurdilar. Olloh taologa ont ichamanki, bir yuz o‘ttiz kishining har biriga qovurilgan jigardan kesib ulush ajratdilar, kim shu yerda bo‘lsa, ulushini o‘ziga berdilar, biror yerga ketgan bo‘lsa, ulushini ehtiyotlab olib qo‘ydilar. Keyin, qolganini ikki laganga soldilar, barchamiz to‘yguncha yedik, shunda ham ikki lagan ortib qoldi, men uni tuyaga ortib qo‘ydim».

Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biz xurmo birlan suvga endigina to‘yganimizda vafot etib qoldilar»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:08:40

6- bob. Olloh taoloning qavli: «Yo‘qdur gunoh ko‘rga va yo‘qdur gunoh cho‘loqqa va yo‘qdur gunoh xastaga va na o‘zlaringizga yemaklaringizda o‘z uylaringizdan yo otalaringiz uylaridan yo onalaringiz uylaridan yo birodarlaringiz uylaridan yo singillaringiz uylaridan yo amakilaringiz uylaridan yo ammalaringiz uylaridan yo tog‘alaringiz uylaridan yo xolalaringiz uylaridan yo kalitlari qo‘llaringizda bo‘lgan uydan yo do‘stlaringiz uyidan, yo‘qdur gunoh sizlarga bir bo‘lib emoqlaringizda yo alohida-alohida bo‘lib, keyin qachon kirsangizlar uylarga, bas salom beringizlar o‘z kishilaringizga-ki, (bu «Olloh taolo tarafidan muborak va pokiza duodur, mana shundoq bayon qilur Olloh taolo sizlarga o‘z oyatlarini toki sizlar tushuningizlar deb»

Suvayd ibn an-Nu’mon rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Xaybarga yo‘lga chiqdik. Sahbo degan yerga yetganimizda («Sahbo Xaybardan bir kechalik yo‘l masofasida»,— deydilar Yahyo) Janob Rasululloh taom keltirmoqni buyurdilar, ammo talqondan bo‘lak yegulik keltirishmadi. Biz uni chaynay-chaynay yedik, keyin suv keltirmoqni amr qildilar, u birlan og‘iz chayqadilar, biz ham og‘iz chayqadik. So‘ng, tahorat olmay (taom tahoratni buzmaydi, og‘iz chayqalsa, bas) biz birlan shom o‘qidilar». Sufyon: «Men bu hadisni Suvayddan birinchi va oxirgi marta eshitdim»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:09:13

7- bob. Yumshoq non hamda xontaxta va dasturxonda ovqatlanmoq xususida

Qatoda rivoyat qiladilar: «Biz Anasning uyida bo‘ldik, uning huzurida nonvoyi ham o‘ltirgan erdi. Shunda Anas: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Olloh taologa ro‘para bo‘lgunlariga qadar ham na yumshoq non va na qaynatilgan qo‘y go‘shti yemaganlar!» — dedi».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning na taqsimchada ovqatlanganlarini va na nonlari yumshoq bo‘lganini va na xontaxtada ovqatlanganlarini sira ham bilmayman!».

Qatodaga: «Janob Rasululloh va ul zotning oilalari nimada ovqatlanishgan?»— deb aytishdi. Qatoda: «Dasturxonda»,— dedilar.

Anas rivoyat qiladilar. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Safiyyaga uylandilar. Men musulmonlarni ul zotning to‘y ziyofatlariga taklif qildim. Janob Rasululloh charm palosni to‘shamoqni amr qildilar, men uni to‘shadim, ustiga xurmo, pishloq va yog‘ qo‘yildi».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:09:24

Amr Anasdan naql qilib: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Safiyyaga uylandilar. So‘ng, charm palos to‘shatib, musulmonlarni «hays» (xurmoga yog‘ va pishloq qo‘shib tayyorlanadirgan taom) birlan ziyofat qildilar»,— deydilar.

Vahb ibn Kayson rivoyat qiladilar: «Shom ahli Ibn Zubayrni: «Ey ikki kamarli ayolning o‘g‘li!» — deb izza qilishar erdi. Asmo ul kishiga: «Ey bolajonim, ularning seni nechun bunday deb izza qilishlarini hamda ikki kamarning ne erkanligini bilurmisan? Bir paytlar men kamarimni ikkiga bo‘lib, Janob Rasulullohning meshlarini bir bo‘lagi birlan, safarxaltalarini ersa ikkinchi bo‘lagi birlan bog‘lab bergan erdim»,— dedilar. Shom ahli Ibn Zubayrni: «Ikki kamarli ayolning o‘g‘li!» deb izza qilganda, u ularga javoban: «Ey betamizlar, meni izza qilaman deb o‘zlaringizni izza qilayotirsizlar!»—der erdi».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Ibn Abbosning xolasi bo‘lmish Xrris ibn Xuznning qizi Ummu Xafid Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga yog‘, pishloq va kaltakesaklar (echkemarlar) tortiq qildi. Janob Rasululloh ayollarini dasturxonga taklif qildilar, ular ul zotning xontaxtala-rida tanovul qilishdi. Ammo, Janob Rasulullohning o‘zlari ulardan jirkangandek o‘rinlaridan turib nari ketdilar. Agar kaltakesak go‘shti harom qilingan bo‘lganida ayollar ul zotning xontaxtalarida tanovul qilmagan bo‘lur erdilar, buning ustiga ul zot ularga kaltakesak go‘shtini yeyishni amr ham qilmadilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:09:47

8- bob Talqon haqida

Suvayd ibn an-Nu’mon rivoyat qiladilar «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Sahbo degan yerda bo‘ldik, Sahbo Xaybardan bir kechalik yo‘l uzoqligida Namozga hozirlik ko‘rib turgan erdik, Janob Rasululloh taom keltirmoqni amr qildilar, ammo talqondan bo‘lak yegulik yo‘q erdi. Biz ul zot birlan birgalikda talqon tanovul qildik. Keyin, ul zot suv keltirmoqni buyurdilar-da, og‘iz chayqadilar, so‘ng taho-ratni yangilamay namoz o‘qidilar, biz ham birgalikda o‘qidik»

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:10:03

9-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning taomni, Olloh taoloning ismini aytmay va uning nimadan tayyorlanganligini bilmay turib, tanovul qilmaganliklari xususida

Abu Umoma ibn Saohl ibn Hunayf al-Ansoriy rivoyat qiladilar: «Xolid ibn Valid (Sayfulloh) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga o‘zining va Ibn Abbosning xolasi bo‘lmish Maymunaning uyiga kirib, u yerda xolasining singlisi Xafida binti al-Xrris Najddan keltirgan qovurilgan kaltakesak go‘shtiga ko‘zi tushdi. Maymuna kaltakesak go‘shtini Janob Rasulullohning oldilariga olib kelib qo‘ydi. Janob Rasululloh taomga, uning nimadan tayyorlanganligini so‘ramay va Olloh taoloning ismini aytmay turib, kamdan-kam qo‘l uzatar erdilar. Ul zot kaltakesak go‘shtiga qo‘l uzatib erdilar, huzurlaridagi ayollardan biri: «Yo Rasulalloh, bu kaltakesak go‘shti!» — deb ogoh qildi. Shunda Janob Rasululloh darhol kaltakesak go‘shtidan qo‘llarini tortdilar. Xolid ibn Valid «Yo Rasulalloh, kaltakesak harommi?» — dedi. Ul zot: «Yo‘q, ammo yer yuzida undan jirkanmaydirgan birorta ham qavmim bo‘lmagay, men ham undan jirkanaman!»—dedilar. Xolid ibn Valid: «Men ul zotning ko‘z oldilarida kaltakesak go‘shtini nimtalab yedim»,— deydilar»

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:10:16

10-bob. Bir kishi to‘yadirgan ovqat ikki kishiga ham kifoya qiladi!

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Ikki kishi to‘yadirgan ovqat uch kishiga kifoya qiladi va uch kishi to‘yadirgan ovqat to‘rt kishiga kifoya qiladi»,— dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:10:46

11-bob. Mo‘min bitta ichagi to‘lguncha yeydi!

Nofi rivoyat qiladilar: «Ibn Umar toki bir miskinni topib kelishmaguncha, ovqat yemas erdilar, topib kelishgach, u birlan birga ovqatlanar erdilar. Bir kuni birga ovqatlansin, deb bir kishini Ibn Umarning huzurlariga kiritib yubordim. U badnafs chiqib qolib, ko‘p ovqat yeb yubordi .Shunda Ibn Umar «Ey Nofi’, buni ikkinchi mening huzurimga kiritma! Men Janob Rasulullohning «Mo‘min bitta ichagi to‘lguncha, kofir ersa yettita ichagi to‘lguncha ovqat yeydi!» deb aytganlarini eshitganman»,— dedilar»

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alaihi va sallam «Darhaqiqat, mo‘min bitta ichagi to‘lguncha, kofir (yoki munofiq) ersa yettita ichagi to‘lguncha ovqat yeydi!» — dedilar»

Sufyon Xazrat Umardan naql qiladilar: «Abu Nuhayk badnafs odam erdi. Ibn Umar unga «Janob Rasululloh «Darhaqiqat, kofir yettita ichagi tulguncha ovqat yeydi!» deb aytganlar, men ersam Olloh taolo birlan uning rasuliga iymonliman!» — dedi».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Musulmon bitta ichagi to‘lguncha, kofir ersa yettita ichagi to‘lguncha ovqat yeydi!»—dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Bir kishi ilgari juda ko‘p ovqat yer erdi, musulmon bulgach, kam ovqat yeydirgan bo‘ldi. Bu haqda Janob Rasulullohga aytishgan erdi, ul zot «Darhaqiqat, mo‘min bitta ichagi to‘lguncha, kofir ersa yettita ichagi to‘lguncha ovqat yeydi!»—dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:11:03

12-bob. Yonboshlab ovqat yemoq xususida

Abu Jhuayfa rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Men yonboshlab ovqat yemayman»,— dedilar».

Abu Juhayfa rivoyat qiladilar: «Men Janob Rasulullohning huzurlarida erdim, shunda huzurlarida o‘ltirgan bir boshqa kishiga: «Men yonboshlagan holda ovqat yemayman»,— dedilar».

Qayd etilgan