18- bob Qo‘l go‘shtini yemoq xususida
Qatoda otalaridan naql qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Makka tomonga yo‘l oldik».
Abdulloh ibn Abu Qatoda otalaridan naql qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan bir guruhi birlan Makka yo‘lidagi bir joyda o‘ltirgan erdim, Janob Rasululloh ham yonginamizga kelib qo‘ngan erdilar. Barcha ehromda bo‘lib, faqat men ehrom bog‘lamagan erdim. Poyafzalimni yamab turganimda odamlar bir qulonni ko‘rib qolishdi, ammo buni menga bildirishma-di, chunki ular «Koshki, uni o‘zi ko‘rib qolsa!» deb istashgan erdi (chunki, ehrom kiygan odam o‘zi ko‘rib qolgan ov hayvonini ehrom kiymagan odamga ko‘rsatib qo‘ymasligi lozim). Bir payt, o‘girilib qulonga ko‘zim tushib qoldi. Urnimdan turib otimning oldiga bordim-da, uni egarladim. So‘ng, uni mindim, ammo qamchi birlan nayzani unutib qoldirgan erdim. Odamlarga: «Qamchi birlan nayzani olib beringizlar!» — dedim. Ular: «Yo‘q, aslo! Xudo haqi, biz senga bu ishda yordam bermaymiz!» — deyishdi (chunki, ular ehromda bo‘lib, ov borasida yordam ko‘rsatmoqlari mumkin ermas erdi). Men g‘azablanib otdan tushdim-da, qamchi birlan nayzani o‘zim olib, yana otga mindim. Otimni ov ustiga haydab, unga nayza otdim, so‘ng borib qarasam, o‘libdi. Odamlar uning go‘shtidan pishirib yeyishdi, so‘ng ehromdaliklari yodlariga tushib: «Qulon go‘shtidan yeb gunohkor bo‘lmadikmikan?» — deb xavotirga tushishdi. Keyin, biz yo‘lga tushdik, men qulonning ortib qolgan bir qo‘lini o‘zim birlan olib oldim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga borgach, ul zotdan shul haqda so‘radik. Ul zot: «Qulon go‘shtidan biror bo‘lak olib keldingizlarmi?» — dedilar. Men qulonning qo‘lini ul zotga uzatib erdim, ehromdaliklariga qaramay, uni yeb suyaklarigacha tozalab qo‘ydilar».