O'zbek qiziqchiligi  ( 57878 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:40:59

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147512953
"œKo‘zlarim yo‘lingda"

Yaqinda bir kino muxlis yaxshi gapni aytib qoldi. Bizda o‘zini aktyor deb sanab yurganlar ko‘p, lekin ularning aksariyati soxta rol o‘ynaydi, dedi u. Ba’zi aktyorlarning o‘nlab rollari bor-u, aksariyati esda qolmaydi, ayrim aktyorlar esa birgina roli bilan tomoshabinga ma’qul keladi.
Tomoshabin haq. Mirzabek Xolmedov ana shu ikkinchi toifaga mansub aktyordir. Biz bu o‘rinda u bosh rolni ijro etgan "œKo‘zlarim yo‘lingda" filmi haqida gapirmoqchimiz.
Mirzabek hajviy rollarni qanchalik qotirib o‘ynasa, jiddiy rollarni ham shunchalik maromiga yetkazib talqin etadi. Bunday iqtidor egalari esa kamdan-kam bo‘ladi. Biz ko‘pincha aktyor deganda har qanday rolni o‘ynayverishi mumkin bo‘lgan kishilarni tushunamiz. Lekin har bir obrazni qoyilmaqom qilib yaratadigan iste’dod egasini topish yaratilajak filmlarning muvaffaqiyatini ta’minlovchi eng muhim omil deb o‘ylayman. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, aktyorni asarga qarab emas, balki asarni aktyorga moslashtirib yozish kerak. Bu usul jahon kino tajribasida keng tarqalayotgan usullardan biridir. Masalan, "œTerminator" filmi ilk bor ekranlarga chiqqach, u katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Va buni o‘zlaricha tahlil qilgan kino stsenariychilar yana qo‘shimcha kino ishlashdi va bu filmning serialar sonini yana ikkitaga ko‘paytirishdi. Chunki bu Arnold Shvartsneggerning ijrochilik qobiliyati bilan bog‘liq. Agar "œTerminator"dagi bosh qahramon roliga Arnoldni emas, Jan Klod Van Dammni taklif etishganida...yo‘q, buni tasavvur qilishning o‘ziyoq bachkanalikka boradi. Jeki Chan uchun ham maxsus stsenariylar yoziladi. Janob Ben bo‘lib tanilgan aktyor uchun esa maxsus kinostsenariychilardan tortib, eng oddiy muxlislargacha har xil obrazlar siymosini yozib berisharkan va mana bu yerini unday, bu yog‘ini bunday o‘ynasangiz, yaxshi bo‘ladi, deyisharkan. Ben esa bu takliflarga hech qachon nopisandlik bilan qaramaydi va shuning uchun ham u dunyoni kuldira oladi. Demak, u haqiqiy qassob.
Taniqli dramaturg Erkin Xushvaqtov bir suhbatimizda shunday degandi: "œMen biror sahna asari yozishdan avval Dilbar Ikromovani ko‘z oldimga keltiraman va uning xatti-harakatlari, fe’l-atvoriga monand qilib asarni yoza boshlayman". Darhaqiqat, biz Erkin Xushvaqtovning aksariyat asarlarida Didbar Ikromovaning bosh rol ijrochisi ekanligini ko‘ramiz va o‘z o‘rnida bundan ko‘nglimiz to‘ladi.
Bu gaplar bilan aytmoqchimizki, Mirzabek Xolmedovga faqat komik aktyor sifatida qarash noo‘rin, unga munosib stsenariylar darkor. U odamlarni kuldirib yurish bilan birga, dardni ham ifoda eta oladigan kuchli aktyordir. Bu gaplarga isbot sifatida "œKo‘zlarim yo‘lingda" filmidagi rolni eslashning o‘zi kifoya.

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:41:25

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147513282
Sahna va hayot

Mirzabek Xolmedov sahnaga chiqsa tamoman boshqacha odamga aylanadi. U aytadigan har bir og‘iz jumlasini shunday ifodalaydiki, ko‘z o‘ngingizda guyo voqealar jonlanadi. E’tibor bering, uning latifalari ortida albatta biror bir muammo yotadi. Va ijrochi bu muammoni shunchalik ustamonlik bilan yetkazadiki, qoyil qolmay ilojingiz yo‘q. Uning bir dasturida shunday joy bor. Mirzabek mayda-chuyda muammolardan ko‘z ochib, gapni keyingi paytlarda eommunal xizmat haqi oshib borayotganligi, hamma narsaga o‘lchagich asboblar o‘rnatilayotganligiga taqaydi-aa, shunday deydi: "œYaxshiyam hojatxonaga o‘lchagich o‘rnatishmagan, yo‘qsa..." Uch nuqtadan keyingi gap aytilsa, aytilmasa biz kulamiz. Dastlab bu gap bachkanaday tuyuladi, ammo keyin o‘ylab qarasangiz, bu so‘zning toshi nihoyatda og‘ir...
Sahna muqaddas joy. Unga chiqish oson emas va har kimga ham nasib etavermaydi. Chiqdingmi, chiqa oldingmi endi unga munosib bo‘lish darkor. Ana shu haqiqatni unutmagan Mirzabek Xolmedov mana necha yillardan buyon muxlislar ko‘nglini xushnud etib kelmoqda. Men har gal bir narsaga amin bo‘lamanki, Mirzabek qachon kontsert qo‘ysa, zal albatta tomoshabin bilan to‘ladi. Chunki u kontsert davomida hech kimni zeriktirmaydi. Latifa aytib bo‘lgach, qo‘shiq ijro etadi, keyin raqsga tushadi. Bularning barchasi zamirida tomoshabinga tabassum ulashish yotadi.
Mirzabek sahnaga chiqish uchun hayotdan ko‘p narsani oladi. U o‘ta jiddiy inson. Kundalik hayotdagi shu jiddiylik unga sahnad? topib gapirish uchun asqotadi. Mashoyixlar shunday degan ekan:"œAgar sen bu hayotning ustidan kulishni o‘rganmasang, hayot umring oxirigacha sening ustingdan kulib o‘tadi". Rostdan ham shunga o‘rganish va ko‘nikish kerak, shekilli. Har qanday qiziqchi o‘z dasturlarida mana shu haqiqatni ko‘rsata olsa, uni haqiqiy qobiliyat egasi deyishimiz mumkin. Buning uchun esa hayotda nihoyatda sinchkov bo‘lish talab etiladi. Mirzabekda shu narsa bor. Demak, hayot hamma narsaga ustoz deganlari shu o‘rinda yana bir bor esga tushadi. Abu Abdulloh Rudakiy aytganlaridek:

Har kimsa hayotdan olmasa ta’lim,
Unga o‘rgatolmas hech bir muallim.

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:42:07

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147513373
Mirzabek va uning teatri

Biz ijodkorlarni, shoir va yozuvchilarni yaxshi ko‘ramiz. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsak, salom berib ko‘rishishga, iloji bo‘lsa dastxat olishga harakat qilamiz. Nega shunday? Chunki, ular sizu bizning dilimizdagini topib, o‘rniga qo‘yib aytadigan kishilardir. Bundoq olib qarasak, bu gaplar hammamizning dilimizda bo‘ladi, biroq hamma gap uni qay darajada ifodalay olishga borib taqalashini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ijodkorlik qobiliyatiga mos ish ekanligini anglab yetamiz. Demak, ijodkor bo‘lish, san’atkor sifatida e’tirof etilish ham Alloh tomonidan berilgan ulug‘ tuhfadir. Bunga shukur etmoq lozim. Shu ma’noda "œMirzo" teatri ham tomoshabinning diliga mos tushadigan tomoshalarni ko‘rsatish uchun tashkil etilgan yaxshi jamoadir. Mana bir necha yildan buyon bu teatr baholiqudrat o‘zining dasturlarini namoyish etib kelmoqda.
Ochig‘ini aytish kerak, "œMirzo" teatrining har galgi dasturga puxta tayyorgarlik ko‘rgani tomosha paytida bilinadi. Voqealarda "œyarq" etib turadigan xarakter bor. Agar biz "œMirzo" teatrining asoschisi Mirzabek Xolmedovni daryoga o‘xshatsak, uning suvini Valijon Shamsiev va Shukrullo Isroilovlar tashkil etadi. Mirzabekni daryoga qiyoslaganimizning boisi shuki, u nihoyatda jo‘shqin, o‘zini o‘ziga sig‘dira olmaydigan san’atkordir. Shu bois uning "œsuvlari" ham ana shu daryoga monand ravishda ijod qilishga intilmoqdalar.
Boshda aytilganidek, bizda iqtidorli aktyorlar ko‘p, ammo ularni joy-joyiga quyadigan va qobiliyatlarini to‘liq aks ettiradigan asar kam. "œMirzo" teatrida esa bunday muammo yo‘q. Valijonning ham, Shukrullo-yu Ma’murjonning ham, hattoki Oybekjonning (Mirzabek Xolmedovnina o‘g‘li) ham o‘z o‘rni va roli bor. Biz bugun "œMirzo" teatri deganda ana shunday o‘ziga xos ijodiy jamoani tushunamiz.
Valijonning "œotaxon" obrazini qoyillatgani, Shukrulloning dev yoki doim ovqat deb tamshanib yuradigan obrazlarni talqin etishi biz uchun qadrli bo‘lib qolgan. Bularning barchasi "œMirzo" teatrining dunyoga kelishi bilan bog‘liq. Agar shu teatr bo‘lmaganda, ehtimol Valini ham, devni ham va hattoki Mirzabekning o‘zini ham bunchalik kashf etmagan bo‘larmidik...

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:42:44

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147513709
Qo‘shiqchilik nima?

O‘zbek qo‘shiqchilik san’atining o‘ziga xos buyuk tarixi bor. Xalqimiz orasidan shunday ulug‘ san’atkorlar yetishib chiqishganki, ularning har biri haqida alohida asar yozsa bo‘ladi.
Qo‘shiqchilarimizni, mumtoz ashulalarimizni, nolasi olamni buzadigan navolarni aytmaysizmi? Eh-he, bularning bari saltanat. San’atning bu qasrida hoqonlik darajasiga erishgan ne-ne hofizlarimiz o‘tib ketmadilar?! Shukurki, bugungi kunda ham ularning munosib davomchilari, izdoshlari bor. Biz bu o‘rinda ularni sanamoqchi emasmiz. Gap shundaki, bugun yetishib chiqayotgan yosh xonandalar ulug‘ ustozlar yo‘lini munosib davom ettirayaptilarmi?
Tan olib aytish kerakki, yoshlarimizning hammasini ham yomonotliqqa chiqarib bo‘lmaydi. Ular orasida salohiyati bilan ajralib turadigan, yaxshi qo‘shiqlar yaratayotganlar ko‘p. Buni hech kim inkor etolmaydi. Biroq, shundaylar ham borki, ularning ba’zan nima deyayotganlariga tushunmaysan, kishi. Mirzabek Xolmedov ana shunday saviyasi past, bachkana qo‘shiq va qo‘shiqchilar haqida ko‘p tanqidiy fikrlarni aytadi. Va bu holat uning kuyunchakligidan darak beradi. Mirzabek Xolmedov barcha fidoyi san’atkorlar, asl qo‘shiqning qadriga yetuvchilar qatori toza ashulalar, ma’naviy boy xonishlar dunyoga kelishining tarafdori. Shuning uchun ham u yutuqlardan quvonib, kamchiliklardan noliydi.
Endi uning o‘ziga kelsak, Mirzabekda shirin ovoz bor. U she’r o‘qiganda ko‘nglillar yayraydi, monologlar o‘qisa shuurimiz bahra oladi, qo‘shiq aytsa dil zavqlanadi. Lekin keyingi paytlarda uning ijodida yengil-elpi qo‘shiqlar ham ko‘rinib qoldi. Bu esa uning qiziqchiligiga borib taqalsa ehtimoldan xoli emas. Ammo ovozni hurmat qilib yaxshi qo‘shiqlar aytsa bo‘ladi-ku!

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:43:16

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147513888
Boshlovchi

U ko‘p narsaning boshlovchisi. To‘yni boshlab, mehmonlarni xushnud etadi. Kontsertni boshlab tomoshabinlarni xursand qiladi. Ichida ilmog‘i bor latifani boshlab o‘ziga tashvish orttiradi. Demak, kimlarningdir nazdida oson tuyuluvchi boshlovchilik qilish ham qiyin ekan.
Kamina ham to‘ylarda boshlovchilik, o‘rtakashlik qilib yurardim. "œSizning monologlaringizni to‘ylarda aytaman, sizga havas qilaman" deya Mirzabek akadan duo ham olganman. Bir kuni kelin-kuyovning to‘yida bazmning o‘rtalariga borib, onalar haqidagi monologni o‘qidim. Va tugatib bo‘lgach, nihoyatda xijolat bo‘ldim. Chunki kuyovning onasi meni chetga tortib, shunday dedi: "œUka rahmat, to‘yni yaxshi olib borarkansiz, biroq, men tirikman-ku, nega o‘lganlar haqida she’r o‘qiysiz?.." Men ayolga hech narsa demadim, deyolmadim va bunga hojat ham yo‘q edi. Shu-shu bir haqiqatni yana bir bor tan oldim. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘yin deganlari bejiz emas ekan.

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:43:59

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147513937
Ko‘ngil ovlovchi

San’at keng tushuncha. Ana shu kenglikni his qila olgan odam haqiqiy san’atkordir. San’atkorlar orasida serqirra qobiliyati bilan ajralib turuvchilar kam. Men o‘zining boy ijodiy salohiyati bilan millionlab dillarni xushnud aylagan ana shunday san’atkorlar haqida o‘ylasam, ko‘z o‘ngimda Yunus Rajabiy, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Komiljon Otaniyozov, Turg‘un Alimatov, Tamaraxonim, Hamza Umarov, Muhiddin Darveshov, Sherali Jo‘raev, Yodgor Sa’diev gavdalanadi. Mirzabek Xolmedov ham ana shu san’atkorlar qatorida. Bugun uning muxlislari har bir viloyatda istagancha topiladi. Unga taqlid qiluvchilarning adog‘i yo‘q. Bu bejiz emas, albatta. San’atkor xalqini qanchalik yaxshi ko‘rsa, odamlar ham uni ardoqlaydilar.
Mirzabek Xolmedov Buxoroga borsa, buxorocha gapiradi, ?amarqandga borsa tojikcha qo‘shiq aytadi. Xorazmga borsa bu yerning qiyin va shirin shevasida boplab latifa aytadi. Boshqa kuni esa Qoraqalpog‘istonga borib kontsertiga tushsangiz, ie, qoraqalpoqlarda ham Mirzaga o‘xshagan qiziqchi chiqibdimi, deysiz. Xullas u qaerga borsa, o‘sha joyning tiliga monand chiqish qilishga harakat qiladi. Odamlarning dardini his qila va ayta oladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yurtimizning istalgan joyiga borib u haqda gap ochsangiz, mahalliy xalq Mirzabek bizning viloyatdan deyishadi. Aslida esa u Toshkent — poytaxtning farzandi. Poytaxtimiz Toshkent — O‘zbekistonniki, uning farzandlari ham.
Mirzabek Xolmedov shuningdek, qo‘shni respublikalarga borsa ham, ularning ichagini uzadigan darajada kuldira oladi. Zotan u qozoqcha, qirg‘izcha, turkmancha, tojikcha, ruscha, hattoki hindlarga o‘xshab qotirib rol ijro etadi va qo‘shiqlarni aytadi. Ularning kiyimini kiysa, o‘sha millat vakillaridan ajratish amrimahol. Ayniqsa uning Nikulinga o‘xshashi bu fikrimizga yaqqol misol. Ha, u hammaning ko‘nglini ovlashga harakat qiladi. Axir bundan ham qutlug‘ istak bormi dunyoda?!

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:44:28

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147513971
Yaxshilikka undovchi

Ota-onasi tarbiyalay olmay bolas? noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketgan oilalarni ko‘rsam achinaman. Negaki, bolani to‘g‘ri yo‘lga boshlash, unga munosib tarbiya berish har kimning ham qo‘lidan keladigan ish emas ekan.
Shunday san’atkorlar borki, ularning ijodidan zavqlanib, sarmast bo‘lib, bundan o‘ziga to‘g‘ri yo‘l topib olgan odamlar hayotda nihoyatda ko‘p uchraydi. Bu holat esa san’atkorga ulkan mas’uliyat bag‘ishlaydi. Yaqinda bir kishi shunday deb qoldi: "œMen Palonchi Pismadonchievaning (kimligini istihola yuzasidan keltirmadik) qo‘shiqlarini sevib tinglardim, hurmat qilardim. Ammo yaqinda uning radio orqali berilgan suhbatini eshitdim-u, hayf senga san’atkorlik dedim".
Muxlisning bu gapida jon bor. Bizda san’atkorning ijodi bilan birga shaxsi ham muhim ahamiyatga molik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ular haqida tarqalgan har qanday gap tezda ovoza bo‘ladi.
Endi hikoyamiz qahramoni Mirzabekka qaytadigan bo‘lsak, u qaerda gapirmasin, odobni, tomoshabin hurmatini joyiga qo‘yadi. Chiqishlarida odamlarni bir-biriga mehribon bo‘lishlarini istab shirin istaklar bildiradi. Yonib-ko‘yib monolog aytishlarida ham ota-onaga mehr, aka-ukalar o‘rtasida oqibat uzilmasin, degan niyat bor. Bu niyat hammamizni yorug‘likka yetaklovchi, ezgulikka undovchi kuchdir. Shu kuch yo‘qolmasin hech qachon!

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:45:03

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147514083
Hidoyat sari

Xalqimizda qazisan, qartasan, asli-naslingga tortasan, degan naql bor. Bu bejiz aytilgan hikmat emas ekan. Inson azaldan o‘zligini anglashga odatlangan. Mirzabek Xolmedovning dasturlarini astoydil kuzatsangiz, uning har bir so‘zi zamirida kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash turadi. Bu g‘oya xoh uning latifasida, xoh monologlarida yoki qo‘shiqlarida bo‘lsin, baribir ustunlik qilaveradi. Yaqinda bir san’atsevar ayol shunday deb qoldi: "œMen qiziqchilarimizning bachkanalashib borayotganiga qarab turib, ularning o‘zlari aytayotgan gapidan uyalmasmikan, deb o‘ylayman, nega ular sof qahqaha ulashishdan yiroqlashmoqdalar, nega ularning aksariyati uyatli so‘zlarni aytishadi" deb qoldi va misol uchun deya Mirzabek Xolmedovning ism-sharifini aytdi. Men esa bu gapni izohlash uchun Mirzabek akadan emas, boshqa qiziqchi Ortiq Sultonovdan iltimos qildim. "œBekor aytibdi, o‘sha ayol,-dedi Ortiq aka,-bundaylar sizning oldingizda shunday deyishadi-yu, aslida Mirzabek akami, yoki boshqa qiziqchiningmi shunday so‘zlarini eshitish uchun kontsertga kiradi. Va eng muhimi, shunday chiqishlarimizni ular bizdan ko‘ra yaxshi eslab qolishadi".
Kamina Ortiq Sultonovning bu fikriga qo‘shilish qo‘shilmaslikni ham bilmadim-u, lekin hozir ko‘cha-kuyda, jamoat transportlarida yoshlarning bir-birlariga murojaat qilib gapirishlarini eshitsangiz, po‘st tashlab yuborasiz. Negaki ular shunaqa "œchiroyli" so‘zlarni ishlatishadiki, eng ko‘p ishlatadigani: "œj....b". Ana shu gapni aytishmasa, ularning ko‘ngli tinchimaydi. Endi shunday gaplarni eshitishga ko‘nikkan quloq qiziqchilarimizning yengil-elpi gapini eshitishi ham kerak-da. Qolaversa, odamzotning kamchiligi uning yuziga aytilib, uyaltirilmasa, u hech qachon bu qusurlarini yo‘qotmaydi. Shu bois ham qiziqchilarning chiqishlaridagi so‘zlarni bachkanalikka yo‘ymaslik kerak. Chunki qiziqchilarning chiqishlari hayotdan olinadi.
Keyingi paytlarda e’tibor bersangiz, Mirzabekning dasturlarida kishilarni ezgulikka undash yanada ko‘chaydi. Men bu o‘rinda uning Fozil qori Yosin qori o‘g‘li bilan hamkorlikda chiqargan audio kassetasini nazarda tutayapman. Aslida odamlarni pokizalikka da’vat etish uchun kishining ma’naviy haqqi bo‘lish kerak. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, Mirzabek Xolmedovning mashhur qori bilan hidoyat yo‘lida chiqargan kassetalari maqbul yo‘ldir. Bu kassetadagi hikoyatlarni, rivoyatlarni, diyonat borasidagi hikmatlarni Fozil qori lafzida eshitganlarning oxirat haqida o‘ylashlari begumon va o‘zlarining qusurlarini yo‘qotib borishlari aniq. Shu ulug‘ so‘zlarga hamohang holda Mirzabek ijrosida yangragan qo‘shiqlar esa sizu bizning dilimizdagi istaklardir.
Mirzabekning ana shu holatlarini kuzata turib biz, bekorga insonning asliga qaytishi haqidagi naqlni eslamagandik.

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:45:32

Iqtibos: shoir board=liter thread=1147061008 post=1147514171
"œEl netib topg‘ay menikim..."

Mir Alisher Navoiyning shunday so‘zlari bor: "œEl netib topg‘ay menikim, men o‘zimni topmasam". Darhaqiqat, o‘zligini anglamagan inson boshqalarni, o‘zganing ko‘nglini qaerdan ham tushunsin? Mirzabek Xolmedov ham avval o‘zini, keyin muxlislarini topgan. U nihoyatda jiddiy inson. U bilan boshqa joyda ro‘baro‘ bo‘lgan kishi, nahotki shu odam hammani kuldira olsa, degan fikrga keladi. Qizig‘i shundaki, Mirzabek Xolmedovni qiziqchi desalar xafa bo‘ladi. "œMen kino va teatr aktyoriman", deydi. Yana qolaversa, "œJiddiy fikrlaydigan odamgina qiziqchilik qila oladi" deb qo‘shimcha qiladi qahramonimiz.
Mirzabek Xolmedovning ichki dunyosi uning qo‘shiqlarida ham mujassam:

Men kim, oddiy bir masxaraboz,
Kuldiraman juda ham soz.
Kulmang, do‘stlarim siz bir nafas,
Men ham odam, masxaraboz emas...


Ha, u hamma qatori oddiy odam, ayni paytda hammadan nimasi bilandir ajralib turuvchi "œnooddiy" odam. Uning san’atkorligi, muxlislariga manzur bo‘la olishi aynan ana shu "œnooddiy"ligida...

http://ziyo-uz.narod.ru/Articles/mirzabek.htm

Qayd etilgan


_Otabek_  16 Iyun 2006, 09:46:01

Iqtibos: maknuna board=liter thread=1147061008 post=1148456160
Mirzabek Holmedovning sahnada o'zini tutishi, oretiqcha naynishi manga yoqmiydi.
Ichki oilaviy munosabatlarni ochiqdan ochiq gapirish va kalaka qilish manimcha to'g'ri kemiydi.
Shunaqa uyat gaplarni gapirib turib, yana islomiy masala qilishi, maslahat berishi esa umuman kayfiyatimni tushirib yuboradi.

Sizlar qanday fikrdasizlar?

Qayd etilgan