Inshoalloh, so‘ragan narsangni, ya’ni ushbu kitobda ta’lif etilgan hadislarni taxrij qilishni boshlayman. Avvalo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan xabarlarga suyanib, ularni takrorsiz uch qismga, zikri kelgan odamlarni esa uch tabaqaga bo‘ldik. Lekin shunday o‘rinlar ham borki, bir hadisning boshqasidan ziyodasi borligi yoki sanadida (hadisni rivoyat qilganlar)da illat mavjudligi uchun uni takroran keltirishga to‘g‘ri keladi. Chunki hadis rivoyat qilishda ba’zan ma’noni kengroq berishga to‘g‘ri kelib qoladi. Bu esa tom ma’nodagi hadis o‘rniga o‘tadi. Demak, ma’noda ziyodasi bo‘lgan hadisni qaytadan, ya’ni qisqa holda keltirishimiz yoki hadisni o‘sha muxtasar holida zikr etib, ma’nosini imkon boricha mufassalroq bayon etishimiz zarur bo‘ladi. Lekin batafsil keltirish qiyin bo‘lib qolsa, mashaqqat tug‘dirsa aslicha zikr etish bezarardir. Batafsil keltirishga hojat tug‘ilmagan hollarda shundog‘icha berishni ma’qul topdik.
Birinchi navbatda ayblardan holi, saralangan, hadislarni naql qilishda istiqomatli, rivoyatida qattiq ixtilofi va o‘ta chigalligi bo‘lmagan kishilarning xabarini olishga qasd qildik. Chunki, ko‘plab muhaddislarning rivoyatlari ana shunday illatlardan holidir. Bunday kishilarning xabarlarini keltirgach, ular orqasidan sanadida unchalik noziklik va hoziqlik bo‘lmagan rivoyatlarni zikr etishga ham to‘g‘ri keladi. Bundaylar safiga rostgo‘ylik, ilm va sofdillikda tan olingan Ato ibn Soib, Yazid ibn Abu Ziyod va Lays ibn Abu Sulaym kabi asarlarni yetkazuvchi va xabarlarni naql qiluvchi kishilarni kiritish mumkin. Ularning ilm va soflikda fazilatli, ahli ilm o‘rtasida taniqli ekanliklarini tan olsak-da, boshqa ba’zi muhaddislar rivoyatdagi istiqomat va mohirliklari tufayli ularning maqom va martabalarini afzalroq deb bilinadi. Chunki istiqomat va mohirlik ilm ahli huzurida baland daraja va yuqori xislatdir. Agar yuqorida zikr etilgan uch kishi, ya’ni Ato, Yazid va Layslarni boshqa uch muhaddis Mansur ibn Mu’tamir, Sulaymon al-A’mash va Ismoil ibn Abu Xolidlarga solishtiradigan bo‘lsak, hadisning istiqomati va aniqligida katta farq borligi, bu borada ularga tenglasha olmasliklari ayon bo‘ladi. Shak-shubha yo‘qki, hadis ilm ahli nazdida Mansur, A’mash va Ismoillar rivoyat qilgan hadislarida aniqlik bor, lekin Ato, Yazid va Layslar rivoyatida bu darajada aniqlik uchratilmaydi.