110/3. Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Abdulqays jamoasidan bo‘lgan kishilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Allohning nabiyi! Biz Rabiy’a qabilasidanmiz. Biz bilan sizning o‘rtangizda Muzar nomli kofir qabila bor. Biz huzuringizga faqat urush harom qilingan oylardagina kela olamiz. Shuning uchun bizga shunday ishlarni buyuringki, biz o‘sha narsalarni ortimizda qolganlarga buyurib va o‘zimiz unga amal qilib jannatga kiraylik», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga to‘rt narsani buyurib, to‘rt narsadan qaytaraman. Sizlarni Allohga biror narsani sherik qilmasdan ibodat qilishga, namozni ado etishga, zakot berishga, ramazon oyi ro‘zasini tutishga va o‘lja qilib qo‘lga kiritilgan narsalarning beshdan birini berishga buyuraman. Ammo qurigan oshqovoq idishi, xurmacha, alqor o‘simligi bilan bo‘yalgan va taxtadan o‘yib ishlangan idishlarda sharob tayyorlab ichishni man etaman», dedilar. Ular: «Ey Allohning nabiysi! Siz taxtadan o‘yib ishlangan idishni qaerdan bilasiz?» deyishganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, u idishni sizlar daraxt ildizidan olib, uni teshib, unga xurmo solib, ustidan suv quyib, qaynashi to‘xtagandan keyin ichasizlar, siz yoki o‘sha ichganlarning birortasi mast bo‘lganidan jiyani bo‘yniga qilich urib qo‘yishi mumkin», dedilar. Qavmdagi bir kishiga xuddi shunday jarohat yetgan edi. U kishi aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hayo qilib jarohatimni yashirayotgan edim. Keyin: «Ey Allohning rasuli! Unda qanaqa idishda ichaylik?» desam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Og‘zi mahkamlab bog‘lanadigan teri idishda ichinglar», dedilar». Shunda ular: «Ey Allohning rasuli, yerlarimizda kalamush ko‘p. Birorta ham teri idish butun qolmaydi», deyishganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kalamush yesa ham, agar kalamush yesa ham, agar kalamush yesa ham, o‘sha teri idishda ichinglar», deb Ashaj Abdulqaysga: «Senda ikki xislat bor, u xislatni Alloh va Uning rasuli yaxshi ko‘radi. O’sha xislat halim va bosiqlikdir», deb aytdilar.
Bu yerda yuqoridagi hadis takror kelgan.