543/11. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Yahudiylar agar xotinlari hayz bo‘lib qolsa, ular bilan birga ovqatlanmas va uyda birga aralashib yurmas edi. Nabiy alayhissalomning sahobalari u zotdan (bu haqda) so‘rashganida, Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi: «Sizdan hayz haqida so‘raydilar. Ayting, u ko‘ngilsiz - nopok narsadir. Bas, hayz paytida ayollaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmangiz! Pok bo‘lganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan tarafdan kelingiz! Albatta, Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutguvchilarni sevadi» (Baqara surasi, 222-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hayzli xotinga nikohdan boshqa barcha narsani qilaveringlar», dedilar. Bu xabar yahudiylarga yetganida, ular: «Bu kimsa, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning ishlarimizning birortasini qoldirmasdan qarshi chiqadi-ya», deyishdi. Bas, Usayd ibn Huzayr va Abbod ibn Bishrlar kelib: «Ey Allohning rasuli! Yahudiylar unday va bunday deyishmoqda, biz ham xotinlarga aralashmaylik», deyishgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari o‘zgarib ketdi. Hatto, u zotning g‘azablari keldi, shekilli, deb gumon qildik. U ikkovlari chiqib turishgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sutdan bo‘lgan hadya kelib qoldi. U zot ularning orqalaridan yuborib sut ila siyladilar. (Uni yuborganlaridan) bilishdiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, demak, u ikkovlaridan g‘azablanmagan ekanlar».