«Qanday botirona ko‘rinish!» deb o‘yladi Bars Tegin unga zavqlanib qarab, yana so‘radi:
—Nechun shikorg‘a o‘zung birlan burgut yoxud shunqor olib chiqmading?
Arslon bu savolga ham hech bir dovdiramay dadil javob berdi:
—Bung‘a hojat yo‘q erdi. Mening bugun shikorg‘a chiqishim faqat ot ustunda turib kamondin o‘q otishni mashq etish, otimni jangavorliqg‘a o‘rgatishga qaratilg‘on erdi.
Bars Teginning bu cho‘l farzandiga tobora ixlosi ortib borardi. Uning o‘zini tutishidan va har bir aniq va dadil javobidan xushomadga qilcha o‘rin qoldirmagan samimiylik aks etib turardi.
—Maqbul ota o‘g‘il! Yaraysen! — dedi oxiri Bars Tegin Arslonga jiddiy qarab, — o‘g‘il degan shunday bo‘lmog‘i kerak. Ko‘rinishingdan sen ham otang kabi qahramon jangchi bo‘ladurg‘ong‘a o‘xshaydursen, men bung‘a inonurmen.
Halol va jo‘shqin mehnatga, erkin hayotga odatlangan oq ko‘ngil cho‘l farzandi bunday maqtovlarga ko‘nikmagani uchun biroz o‘ng‘aysizlangandek bo‘lib, Teginga qarashga botinolmay qoldi va nima deyishini ham bilmay ko‘zini undan qochirib, suhbatga qiziqsinib qarab turgan navkarlarga nigoh tashladi. Navkarlar ham endi unga nisbatan o‘zlarida samimiy hurmat va dil izhorlari paydo bo‘lganligini qalban his etishardi. Ularning ba’zilari bu mardona yigitga madad bergilari ham kelgandek do‘stona bir tarzda bir-birlariga qarashgan ko‘yi kulimsirab, boshlarini irg‘ishib qo‘yishdi. Bars Tegin ham qarab kulib qo‘ydi-da:
—Emdi sen nechun mening qaerdin kelayoturg‘onligimni, ne qilub yurg‘onlig‘imni so‘ramaydursen? — deb yana kutilmagan savolni qo‘ydi va shu onda uning javobini kutmayoq jiddiy qiyofada so‘zida davom etdi, — bilib qo‘y, botir yigit, elimizg‘a bir kuchli dushman bostirub kelmoqda. Bul dushmanning ismini Iskandar Zulqarnayn deyishodur. Ul olis-olis yerlardag‘i, ko‘pgina tog‘u toshlar, cho‘lu sahro, biyobonlar ortindag‘i Yunon degan elning xoqonidir. Bul yovuz xoqon kunbotishdag‘i talay ellarni muhosara etmishdur va emdilikda narhi qon kechub, tuman-tuman kishiliq ulkan qo‘shin birlan Turon zamining‘a hujum qilib chegaradag‘i ellarni qirg‘ing‘a olmoqda. Eshitishimizg‘a qarag‘anda Turonning yuragi bo‘lmish Shamirkent shahrini kunfayakun qilub, ko‘p xalqni, ko‘p qarindosh elatimizni qirg‘ing‘a olub emdilikda bul yoqlarg‘a bosturub kelayoturg‘on ermish.
Arslon bu gaplarni eshitib ko‘zlaridan birdan g‘azab uchqunlari chaqnab ketdi.
—Mumkin ermas, ichkarilab kirolmaydur! — deya baqirib yubordi u o‘zini tutolmasdan.