"Oltin qon"dagi to'y. Farhod Jilon  ( 21214 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:39:46

Iskandar Zulqarnayn to‘xtovsiz olg‘a bosib kelayotgan bir yarim ming chog‘li suvoriylarga qarab: «bu ozg‘ina bir to‘p odam ne qilmoqchidur?» Ushmuncha qudratlik qo‘shinni yengmoqni xayol qilodurlarmu? Yoki alarning boshqa bir hiylasi dag‘i bormudur? — deb o‘ylardi. Yunon podshohining ko‘m-ko‘k ko‘zlari uyg‘ur askarlariga mensimaslik bilan qarab turardi. Cho‘l tomondan urayotgan izg‘irin shamol uning ikki shoxli dubulg‘asi ostidan siqib turgan sap-sariq uzun sochlarini uchirardi. U qaddini tik tutib, o‘z lashkarlarining g‘alabasini ko‘rishga hozirlanib turardi. O‘rta dengiz bo‘ylaridan tortib to shu yerlargacha bo‘lgan talay janglar davomida u faqat yengishga, mag‘lub qilishgagina odatlanib qolgan edi. Boshqacha bo‘lishini esa aslo xayoliga ham keltirolmasdi. Holbuki, ko‘p o‘tmay u jang maydoniga jiddiylashib qaraydigan bo‘ldi. Uning ko‘z oldida kutilmagan g‘alati ishlar yuz berardi.
Uyg‘ur askarlari maydonga keng yoyilib, otlarini uchirganlari ko‘yi oldinga qaratib kamonlardan merganlik bilan bexato o‘q uza boshladilar, yunon askarlaridan bir necha kishi ot ustidan qulab tushdi, yana bir necha ot chopgan holda o‘mbaloq oshib tushgan bo‘yi yotib qoldi. Otsiz qolgan askarlar boshqa otlarning oyoqlari orasidan o‘rmalab turishib jang maydonidan qocha boshladilar. O‘qlar ketma-ket uchib kelmoqda. Yunonliklar ham oldinma-ketin yiqilib yer tishlamoqda edi. Oxiri Zulqarnayn askarlari yaqinlashib kelib, endigina paykon otishga mumkinchilik yaratilgan mahalda, uyg‘urlar chaqqonlik va chapdastlik bilan otlarini ortlariga burib o‘qday uchirib ketdilar. Yunonliklar ularni nechog‘lik zo‘r berib quvib yetishga urinishmasin  aslo yetisholmasdi. Uyg‘urlarning otlari go‘yo qanot chiqarib uchayotganday quvg‘unchilarni borgan sari ortlarida qoldirib ketishayotgandi. Qochuvchilar to‘satdan ortlariga qaratib yana shunday merganlik bilan bexato paykon ota boshladilar.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:39:54

Quvguchilar yana tutday to‘kilishga boshladilar.
Zulqarnayn uyg‘urlarning bunday ajoyib mahoratiga hayratlanib, yonida hozir bo‘lib turganlarga shunday dedi:
— Bu odamlar o‘qni oldindan qanday merganlik bilan otsalar, orqadin ham xuddi shunday ustalik bilan otisharkan, alar boshqalarg‘a aslo muhtoj bo‘lmay, o‘z ozuqasini o‘zi topib yeydirg‘onlar erkanlar: alarning qo‘lundin o‘lja aslo qochub qu-tu-lol-mag‘ay-dur! Alar qachon xohlasalar, o‘shal chog‘da otub yeydurlar!
Arslon boshliq yigitlar va ularni ta’qib etayotganlar «Oltin qon» tog‘iga yetib borganda soy ichidan to‘satdan Bars Tegin va Qora Boqshi boshliq qo‘shinlar yashin tezligida otilib chiqib, dushman qo‘shinining yon tomonidan xujumga o‘tdi. Qochayotgan yigitlar ham darhol ortlariga burilib dushman ustiga bo‘rondek yopirilib tashlandilar. Ikki tomon davra olishib, aralash-quralash bo‘lib ketdilar. Ur-yiqit, dahshatli qirg‘in-barot boshlandi. Otlarning ayanchli kishnashi, jangchilarning shovqin-suroni, yog‘iylarning yirtqichlardek hayqirishlari, o‘z tillarida allanarsalar deb baqirishlari, Bars Tegin lashkarlaridagi: «Ko‘kda tangri, Yerda botir!» Tangrilar bizlarg‘a yoru, madadkordur! U-ur — u-u-ur,» hayyo-hay na’ralari  maydon uzra yangrar, qonlar sel bo‘lib oqardi. Taqir-tuqurlar, nog‘ora, karnaylarning ovozi, qilich va qalqonlarning zarb bilan sharaq-shuriq urilishi yeru ko‘kni larzaga keltirardi. Otlar hurkib pishqirar, jang qizigandan qizir, shamshiru oyboltalarning osmonga chaqqonlik bilan chiqib tushishidan qanchadan-qancha boshlar yerga dumalar, tuproqqa qorilib, ot tuyoqlari ostida toptalardi. Ayovsiz va bexato uchgan o‘qlar bahodirlarning yurak-bag‘rini tilka-pora qilar, es-hushini yo‘qotgan, egasiz, ba’zilari yaralangan tulporlar qon kechib, o‘zlarini har yonga urar, chiqib ketishga joy topisholmas edi. Egarlaridan yiqilgan yarador jangchilarning esa son-sanog‘i yo‘q edi! Ular hasrat bilan nido qilar, armon bilan jon berardilar. Hamma yerlar murdalar bilan to‘lib borardi. Bu yerda shunday jang bo‘lgan ediki, Zulqarnaynning o‘zi ham umrida bunday jangni aslo ko‘rmagandi! Har ikki tomon mislsiz qahramonlik ko‘rsatib, jon-jahdi  bilan olishdilar. Odamlar bir-birlarini  qilichlar, nayzalar bilan urishardi, ba’zilari ot ustida bir-biri bilan xezlashib, soch-soqollaridan tortishar, giribonlaridan olib bo‘g‘ishardi, bir-birini egardan yulib olib yerga uloqtirib tashlashardi...

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:40:04

—Bardam bo‘lingg‘iz, o‘g‘lonlarim! So‘zsiz biz yeng‘aymiz! G‘alaba biz tomondadur! — deb dalda berg‘an holda sado qilardi Qora Boqshi va talay janglarda chiniqqan kuchli qo‘li bilan qilich serpab dushmanni qirishda davom etardi.
—Ur! — urr! — deb baqirardi Bars  Tegin jangchilarning g‘ayratlariga g‘ayrat qo‘shgan ko‘yi keskin janglar bo‘layotgan joylarga sho‘ng‘ib kirib ketardi.
Vatan butunligi, fuqaro osoyishtaligi yo‘lida jonlarini fido aylayotgan o‘z elining azamat botir shunqorlari uchun bunday da’vatlar ortiqcha edi. Ularning har biri go‘yoki g‘azablangan sher edi. Mana qora qosh, qora mo‘yli kelishgan alp qomatli yigit Bug‘ro Tungo dushman safiga yorib kirib qilichini chaqqonlikda charxpalakdek o‘ynata boshladi. Zulqarnayn askarlaridan biri chekkasiga qilich tegib ot ustidan o‘mbaloq oshib yerga quladi, yana biri tig‘dan yorilgan qornini tutib, qora yerda yumalagancha chinqirib jon talashardi. Bu paytda bir to‘p yunonlik yog‘iylar Bug‘ro Tungoga yon tomondan otilishib kelishdiyu, biroq ulgurisholmadi. Qoplondek shiddatkor, lochindek epchil bu yigitning o‘zi o‘sha yunonliklarning ustiga bo‘rondek tashlanib, ikki yog‘iyni biryoqlik qilib, uchinchisining otini ag‘dardi-da, qolganlarini ko‘z ochib-yumguncha yashin tezligida yer bilan yakson etib tashladi. Aka-uka Qutlug‘ Temur va El temurlar ham xuddi shunday janglar olib borishmoqda edilar. Ularning kattasi Qutlug‘ Temur bir necha martalik janglarda o‘zini ko‘rsatgan, chiniqqan dovyurak  botir jangchi edi. U qilichvozlik qilganda raqib tomonni boimkon qadar holsizlantirib, o‘zining kuchini tejab payt poylab ustalik bilan hujum qilardi va har safarda ham qilichvozlikda g‘olib chiqardi. Inisi El Temur o‘n yetti — o‘n sakkiz yoshlarda bo‘lib, uning ilk bor jangga kirishishi edi. U hayajonlangan holda duch kelgan yerga qilich serpar va hanuzgacha biror g‘animni mahv etolmayotganidan alamzada bo‘lib, yanada jiddiylashardi. U, hadeb olg‘a intilib dushman safiga ichkarilab kirishga urinardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:40:18

—El Temur! — baqirdi akasi, —ichkarilama, mening ortimdan yur!
Lekin, bu chaqiriq qoni qizib ketgan yosh jangchining qulog‘iga qani edi kirsa. U oxiri bir dushmanni yiqitdi-da, birdan g‘ayratlanib ketdi va akasini ortda qoldirib bir to‘p dushman oldiga ot yeldirib borgan ko‘yi qilichini ishga soldi. Uzun soqollik, gavdalik yunon g‘animi bir zarbadayoq uning qilichini qaytarib yubordi. Temurning hali kuchga to‘lmagan nozik bilagi orqaga silkinib ketdi. Shu ondayoq uning biqiniga bir yo‘la ikki  nayza sanchildi, yelkasiga qilich urildi va u xuddi tagidan chopib tashlangan chinordek otidan quladi.
—El Temur!  — deb qichqirdi Qutlug‘ Temur va bostirib kelayotgan dushmanlarni jon achchig‘ida qira boshladi. U ha deb inisi yiqilgan yerga yetib olishga intilardi. Ammo, bu paytda uning o‘zini ham dushmanlar qurshab olishgandi. Unga yordamga yetib kelgan to‘rt nafar jangchi yigitlar yog‘iylar bilan jangga kirishib ketdilar. Chop-chop, ur-ha-ur yanada shiddatli tus olib ketdi. Qoboq botir ikki yunonlikni saranjomlashiga o‘zi ham har tomondan urilgan qilichlarning zarbidan bosh-ko‘zi qonga belandi, ko‘ktangrini yod etishga ham ulgurolmay jon uzdi, uchinchisiga qilich serpamoqchi bo‘lib turganda uchib kelgan nayza orqasidan teshib o‘tib ko‘kragidan chiqib qoldi. Otush mergan hali olisdan ot solib kelayotgandayoq kamon bilan ikki yunonlik g‘animni qulatgandi. Yaqin kelgandan keyin, qilichini ishga solib yana bir yog‘iyni biryoqli qildi. Ammo shu onda uning o‘zi ham qurshovga tushib qolib, qilich zarbidan yaralandi va ona yer uchun mardlarcha qurbon bo‘ldi. Va lekin, Qopon halok bo‘lishiga, uning o‘rniga Qotmish o‘g‘lon yetib keldi; Ozoq yiqilsa, Bormon iz bosib kelib, jang alangasida yanada avj olib ketdi. Jang davomida Arslon ham o‘zining haqiqiy arslonligini ko‘rsatdi. U egardan ko‘tarilib butun bor kuchi bilan o‘nga, so‘lga chapdastlik bilan qilich serpay boshladi. Uning qilichi zarbidan dushmanlar yer tishlar, yaralanganlari jang maydonidan qochishardi. Ayrimlarining boshlari tanlaridan judo bo‘lib, ot tuyoqlari ostida toptalardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:40:52

—Arslon, Arslon! — deb baqirdi Bars Tegin Zulqarnayn askarlarini ketma-ket yakson etib, olg‘a siljishda davom etarkan, unga va lashkarlariga bo‘sh kelmaslikni aytib dalda bergan holda bahodirona olishishda davom etdi. Nihoyat dushman qo‘shini tob tashladilar va bunday raqiblarga bas kelishlariga ko‘zlari yetmay, jang maydonidan chekinishga, so‘ng saflari parokanda holda qochishga tutindilar.
Iskandar Zulqarnayn boyagi tepalik ustida turib jangning borishini kuzatardi. U, ahvolning bu tarzda yomonlashganini ko‘rib, yonida hozir bo‘lib turgan bir qizil soqollik lashkarboshiga yangidan qo‘shin tortib uyg‘urlarning yo‘lini to‘sishni buyurdi, lashkarboshi zahiradagi bir qism qo‘shinlarni boshlab hujumga o‘tdi.
Bars Tegin va  Arslon o‘zlarining g‘olibona muhorabalari bilan g‘oyat ruhlangan yigitlarini boshlab, ularga to‘g‘ridan qarshi chiqqanlari holda yanada qahshatg‘ich zarbalar berdi. O‘h-ho‘! Botirlarning botirlarini  ana endi ko‘ringlar!
—Ur-ro!
—Ur! — deb hayqirishardi yigitlar. Ular xuddi aslo to‘xtatib bo‘lmaydigan to‘fondek o‘z yo‘llarida uchraganlarning hammasini yer bilan yakson qilib borishardi.
Yunon qo‘shinining qizil soqollik lashkarboshisi uyg‘ur askarlariga qarab ta’riflab bo‘lmaydigan vahimada titrab ketdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:41:00

—Bular odammudur yoxud devlarmudur! —deya baqirib yubordi. Bu orada Arslon uning ikki xos qo‘riqchisini chopib tashladi va uning ortidan quvib yetib olib, bo‘ynidan shartta tutib oldi-da, bir siltab go‘yo uloqni uloqtirganday egardan yerga otib urdi. Qizil soqollik lashkarboshi o‘rnidan turguncha Arslon uning tomog‘iga nayza urib yerga mixlab tashladi. Qora Boqshi Arslonning misli ko‘rilmagan ajoyib botirlik bilan jang qilayotganini ko‘rib o‘zini tutolmasdan:
—Yashavor o‘g‘lim, asl o‘g‘il erkansen, barakalla azamat, — deb baqirib yubordi. Shu topta u Arslonning Bolqiz bilan munosabat bog‘laganligiga norozi bo‘lganligidan o‘zida xijillik his etdi. «Hali ham bo‘lsa, Arslong‘a bu haqda biror qo‘pol gap qilub qo‘ymag‘onim xo‘p yaxshi ish bo‘lg‘on erkan, — deb o‘yladi u, — bu azamat darhaqiqatda tarxon bo‘lushliqg‘a loyiq yigit erkan».
Iskandar Zulqarnayn quyundek ilgarilab kelayotgan uyg‘ur lashkarlariga sarosima bilan qarab turardi. Uyg‘ur lashkarlarini xuddi yuksak samo bo‘shlig‘idan o‘lja ustiga otilib tushayotgan burgutlarga o‘xshatardi. Endi ularni to‘sib qolishning hech qanday iloji yo‘q edi.
Oxiri Zulqarnayn shoshilinch otlanib, mag‘lubiyatdan ruhan tushgan qo‘shinini boshlab chegaradan chekina boshladi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:41:09

Tungo Bilga xoqon uch kun davom etgan shiddatli janglardan g‘alaba bilan qaytib kelgan qo‘shinlarini «Oltin qon»dagi borgohda qizg‘in qarshi oldi va muhorabada o‘zlarini ko‘rsatgan jangchilarni butun qo‘shin oldida tantanali tarzda taqdirladi. Halok bo‘lganlarga matom marosimini o‘tkazishga qaror qilindi. Qora Boqshi bilan Bars Teginning tanishtirishlari va jangda qatnashgan barcha jangchilarning bir og‘izdan tasdiqlashlari orqali Arslon alohida in’omu tahsinga hamda tarxon degan unvonga sazovor bo‘lib, bir qism qo‘shinga qo‘mondon ham bo‘ldi.
Bu safardagi jangdan keyin Iskandar Zulqarnayn uyg‘urlarga qarshi urushni davom ettirish niyatidan voz kechib, Tungo Bilga xoqon bilan sulh tuzdi.
Sulh muzokaralari oxirlashiga poytaxtdan aziz mehmonlarning kelganligini xabar qilishdi. Bars Tegin darhol ularning oldiga peshvoz chiqib, o‘z volidai muhtaramasi Oy Bilga xotun, umr yo‘ldoshi Kumush Tuzun va donishmand Qora Boqshining qizi Bolqizlar To‘g‘on Tegin boshchiligidagi mehmonlarni izzat-hurmat bilan kutib oldi. Tashrif buyurganlarning ichida Arslonning otasi peshqadam jangchi Alp Qayum ham bor edi. Ular «Oltin qon»dagi g‘alaba xushxabarini eshitib, g‘olib qo‘shinlarni qutlash uchun bu yerga kelgan edilar.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:41:24

Shu kuniyoq Bars Tegin onasi va xotini bilan maslahatlashgandan keyin, Alp Qayum bilan birgalikda Arslonning elchisi sifatida yobg‘u Qora Boqshining huzuriga kirdilar. Qora Boqshi ularga do‘stona kayfiyatda mamnuniyat bilan rizolik bildirib, quda va elchiga bittadan shoyi to‘n tortiq qildi. Shundan keyin barchalar birgalikda tangri tug‘mush Tungo Bilga xoqon va Oy Bilga xotun huzuriga borib ularning oldidan o‘tishdi, xoqon bilan xotun ham bunday quda-anda bo‘lishga rozi bo‘lishdi. Bu tadbir barchaning ko‘nglidagi maqbul ish bo‘lgan edi. Donishmand yobg‘u Qora Boqshi Arslonning shu qadar mard, jasurligidan chuqur faxr ila ta’sirlangani uchun uning munosib kuyov bo‘lishligiga rasman iqror bo‘lgandi. Unga Bilga xoqon el-yurt uchun jonini ham ayamaydigan bunday botirning o‘rdaga yaqin bo‘lishini ma’qul ko‘rdi. Bars Tegin Arslon bilan biroz vaqt o‘tib qimiz ichishib manguga ayrilmas do‘st bo‘ldilar. Botirlarning qadrini botirlar biladi degandek, ular to‘y marosimini ham aynan mana shu «Oltin qon»da o‘tkazishga kelishdilar.
Shunday qilib, dabdabali to‘y bo‘ldi. Yigitlar Arslonga kimxob to‘n kiydirdilar. Qizlar Bolqizga  oltin va munchoqlardan yasalgan gultojni kiydirishdi. Murod-maqsadlariga yetgan yigit bilan qiz cheksiz baxt tuyg‘usida maysazor ustiga hozirlangan joyga ketib o‘tirishdi. Bars Tegin bilan Kumush Tuzun ularga hamrohlik qildilar. Musiqa, kuy-qo‘shiqlarning  avjida to‘y maydonida jamuljam bo‘lganlarning barchasi yigit-qizni shod-xurramlik bilan tabriklashdi:
—Sheryurak botir Arslon tarxong‘a qut bo‘lsin!

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:41:38

Go‘zal Bolqiz baxti kulub qut bo‘lsin!
Jangchilar oyoqlarga (qadah) may to‘ldirib no‘sh etishdi. Bir to‘da yigit-qizlar qo‘lni-qo‘lga berishib, sho‘x kuy-qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lib, yer tepingan ko‘yi ham zafar sururidan sarmast, ham bahodir barno basavlat kuyov va go‘zal baxtli kelinning sharafiga uyushib o‘yinga tushdilar...
Ulkan-ulkan chodirlarga bo‘linib o‘tirishgan hurmatli oqsoqollar ham g‘alaba nashidasidan behad masrur  holda qimizxo‘rlik —go‘shtxo‘rlik qilib, botir yigitlarni olqishlashar, maqtashardi va qachonlardir o‘zlari ham xuddi shularday Vatanni yovlardan qo‘riqlagan yosh chog‘larida qatnashgan qonli janglarini maroq bilan eslashardi.

Uyg‘ur tilidan Habibulla Zayniddin tarjimasi

Qayd etilgan


Pantekin  22 Noyabr 2006, 12:45:08

Zayniddin Afandiga ming tashakkur ! O'zbek Qarindoshlarning Bu Forumiga Qutlar Yagsin !

Qayd etilgan