Muallif Mavzu: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)  ( 14830 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« : 31 Mart 2014, 13:03:32 »
   Bismillahir Rohmanir Rohiym!

   Alloh subhanahu va taologa O'zining jaloliga yarasha hamdu sanolar bo'lsin!
   Allohning rasuli va eng ulug' bandasi bo'lgan Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga salovot va durudi shariflarimiz bo'lsin!
   Ahli baytlar, sahobalar va hozirgacha o'tgan barcha aziz insonlarga Allohning rahmati va roziligi ziyoda bo'lsin!
   Yurtimiz hamisha tinch va farovon bo'lsin! Vatanimizda faoliyat olib borayotgan diniy va dunyoviy hodimlarning vatan va din ravnaqi uchun qilayotgan ishlarida Alloh kuch quvvat va ulkan ajr-savoblar bersin!
   Ziyouz.com portalining ijodiy guruhiga, xususan Davron aka Tojialiyevga va forumning barcha ishtirokchilariga xalqimizga ilm-ma'rifat va ziyo ulashayotganlari uchun Alloh ulug' darajalar bersin! Ajrlarini yanada ziyoda qilsin! Kelgusida bundanda kattaroq yutuqlarga muvaffaq qilsin!

   Blogning sarlavhasidan uning mazmuni hammaga ma'lum. Marhamat, ko'nglingizga kelgan yaxshi va mazmunli gaplarni yozishingiz mumkin. O'zim boshlab beraman.

   Internetga sarflagan vaqtimizning o'ndan birini namoz o'qishga sarflaganimizda, dunyo va oxiratimiz chiroyli bo'lar edi.

   O'tayotgan soatlarga megabaytlarga achinganchalik achinganimizda edi, "tekin internet"ni emas, soatlarining hisobi yo'q bo'lgan abadiy jannatlarni orzu qilgan bo'lar edik.

   Masjidda hamma musulmon, ammo bozorda birorta musulmonni topish mushkul. Muhokamada hamma oqil, ammo amalda birorta oqilni topish mushkul.

   O'z obro'si bilan kibrlanganlar, aslida o'sha obro' kamtarinlikdan barpo bo'lganini bilsalar edi, yanada kamtarinroq bo'lar edilar.

   Bitta kitob o'qimaganning yuzta gapidan yuzta kitob o'qiganning bitta gapi afzal.

Rahmatnoma


IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #1 : 31 Mart 2014, 14:42:07 »
   Televizoringiz har qancha qimmat va zamonaviy bo'lsa ham, elektr bo'lmasa ishlamaydi.
   Amallarimizdagi ihlos ham shu qadar o'rin tutadi. Amallarimizda ihlos bo'lmasa, savlat to'kib, quruq viqor bilan turaveradi, lekin foydasi tegmaydi. Xuddi elektrga ulanmagan televizorga o'xshaydi.

   Bir tanishingizga qo'ng'iroq qilmoqchi bo'lsangiz, unga ajratilgan maxsus raqamlarni to'g'ri terishingiz shart. Agar birgina raqam noto'g'ri terilsa ham, aloqa boshqa manzilga burilib ketadi.
   Iymon ham shunga o'xshaydi. Xudoga ishonsam bo'ldi, deganlar adashadi. Iymon keltirilishi lozim bo'lgan narsalarga Alloh buyurgandek iymon keltirasiz, keyin manzilga yetasiz. Masalan, bitta oyatni yoki Allohning birgina sifatini inkor qilish ham odamni iymon zonasidan chiqarib yuboradi. Noto'g'ri manzillarga ketadi.

   Qiziqish va muhabbat bir-biriga juda yaqin narsalardir.
   Internetga qiziqqanchalik Qur'onga ham qiziqyapmizmi? Kechalari soatlab ko'z nurlarimizni unga sarflayapmizmi? Birorta nuqson topsak, to'g'rilanguncha uxlamasdan harakat qilyapmizmi? Uni o'rganish uchun oyiga 50-100 ming so'm sarflayapmizmi? Bir kun o'qimay qolsak zerikib qolyapmizmi?
   O'z vijdoningizga savol bering va unga o'zingiz javob bering:
Internetga ko'proq qiziqasizmi, yoki Qur'onga?!
« So'nggi tahrir: 31 Mart 2014, 14:53:02 muallifi IRFON-2012 »

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #2 : 07 Aprel 2014, 17:17:24 »
ZAMONAVIY MUSULMONLAR

   Avvalgi asrlardagi musulmonlar dinda bizdan ko'ra sobitqadamroq bo'lganlarini tan olamiz. Ilmda ham, taqvoda ham bizdan g'ayratliroq bo'lganlar. Olimlari uchun Qur'onni hammasini yodlash bolalikdagi ish bo'lgan. Har bir asrdagi o'tgan avliyolarni sanab tugatolmaymiz. Ayollari shim kiymagan, ro'molsiz yurmagan. Qizlari ibo-hayoning ulkan namunasi bo'lganlar. Ularning yashash tarzlari bizga nisbatan ancha qiyin bo'lsada, ma'naviy jihatdan bizdan yuqori bo'lganlar. Alloh ulardan rozi bo'lsin!
   To'g'ri, hozirgi zamonda insonlarning yashash tarzi ancha mukammallashgan. Misli ko'rilmagan imkoniyatlar ichida yashamoqdalar. Xususan bizning mamlakatimiz tinch, farovon. Masjidlarda musulmonlar xotirjam ibodat qilishmoqda. Xalqimiz iqtisodiy jihatdan ham o'tmishga nisbatan yuz chandon yaxshiroq holatdadir. Ilm-fan o'tmishdagidan ko'ra kengroq qamrovda o'rganilmoqda va o'rgatilmoqda. Vatanimiz borgan sari ravnaq topmoqda.
   Lekin, musulmonlar nima uchun hanuzgacha o'z dinlarida sustkashlik qilmoqdalar? Nega o'zini mo'min sanagan nabiralik kishilar ham sajdaga bosh qo'ymayapti? Nega bolalarimiz diniy va milliy qadriyatlardan uzoqlashmoqda? Nega to'ylarimiz hanuzgacha ichkilik bilan o'tmoqda? Nega oilalarimizda Islomiy muhit rivojlanmayapti?
   Uzoq yillik mustamlakalar ostida xalqimiz o'z muqaddas diniga amal qilish, o'rganish va o'rgatishga qiynalganlari rost. Alloh yurtimiz boshiga bunday kunlarni qayta solmasin! Ammo, mustaqillik bilan ne'matlantirilganimizga 22 yildan oshdi. O'sha paytdagi chaqaloqlar hozir ota-ona bo'ldilar. Demak, bu yoshlar to'la to'kis istiqlol nafasida ulg'ayganlar. Endi o'tmishda qolgan mustamlakalarni bahona qilishga o'rin qolmadi. Bu muddat ichida har qanday jamiyat o'z diniy va milliy qadriyatlarini tiklab olishga ulguradi. Olimlarimiz va boshqa jonkuyar insonlar bu yo'lda tinmay mehnat qildilar va qilmoqdalar. Samaralarini ham ko'rib turibmiz. Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xazratlarining qanchadan qancha kitoblari nashrdan chiqdi. Din masalasida xohlagan savolingizga yetarli darajada javob topasiz. Diniy idora tarafidan ham ma'naviy va ma'rifiy ishlar bardavom bo'lmoqda.
   Ammo, xalqimizda nega yuksalish kam? Bunga ojizona javob berishga harakat qilaman.
   Birinchi sabab, mustamlaka davrlarini o'z ko'zlari bilan ko'rgan ko'p insonlar istiqlol ne'matini totib ko'rgach ham insofga kelmadilar. Keyingi va undan kattaroq sabab, zamonaviy texnologiyalar bizga misli ko'rilmagan imkoniyatlar berishi bilan birga, misli ko'rilmagan talofatlar keltirdi. Avvalgi zamonda televizor, telefon, internet degan narsalar bo'lmagan. Demak, g'arbga taqlid qilish ham, ekran ichidagi nomahramlarga nazar solish ham bo'lmagan. Bolalari kompyuter o'ynab emas, o'tloqlarda hadis yodlab o'tirgan. Xomilador ayollari serial ko'rib emas, salovat aytib o'tirgan. Qizlari romantik qo'shiqlarni tinglab emas, Qur'on tinglab ulg'aygan. Yigitlari tuni bilan futbol yoki qo'rqinchli kinolar ko'rib emas, shamda kitob o'qib, tahajjud o'qib chiqqanlar. Yigit-qizlar bir-birlarining hatto yuzlarini ko'rishlari amri mahol bo'lgan. Yoshlari yolg'iz qolganlarida shayton ularni internet balosi bilan yo'ldan urmagan. Xullas, ularda gunoh qilish imkoniyati bizga nisbatan kam bo'lgan. Qalb xastaliklaridan saqlansa kifoya qilgan. Aroqxo'rlik, zinokorlik, o'g'rilik kabi gunohlarga kamida obro'sini o'ylab qo'l urmaganlar. Bizda esa bitta arzon qurilma orqali qancha gunohlar qilinmoqda, hech kimni obro'si tushgani yo'q. Internetda, televizorda, hayotda, xullas qayoqqa qaramang yarim yalong'ochlar hukmron. Taqvo qilgan ozchilik kishilar bundan omon qolmoqda. Ammo, ulardan boshqa barcha yoshu qarilar ko'z zinosiga mubtalodir. Umidlarimiz bog'langan ahli ayollarimiz esa seriallaru shou-biznesga mubtalodirlar. Yosh kelinlarimiz taqvo qilib, ko'chada yerga qarab yuradilar, nomahram erkakka qaramaydilar, ammo televizor va jurnallarda tomosha qilishdan uyalmaydilar. Qosh-ko'zlariga termuladilar. Vujudlarida esa bizning umid uchqunlarimiz shaytoniy hislardan quvvat olib ulg'aymoqda. Endi farzandlarimiz qanday insonlar bo'lib yetishadilar?
   Andishasizlik bo'lsa ham aytishga majbur bo'ldik. Muslima opa-singillarimiz bizning maqsadlarimizni tushunib yetdilar, deb o'ylayman. Oralaringizda seriallar va shou-biznesga mubtalo bo'lgan ayollar bo'lsa, bu yo'ldan qaytaringlar. Chunki, qizlar va ayollar mening nazdimda butun bir millatning, el-yurtning kelajagidirlar. Sog'lom onalardan sog'lom bolalar dunyoga keladi. Bu gap moddiy va ma'naviy ahamiyatga egadir. "Sog'lom bola" yilida jismoniy va ma'naviy salomatlikka qattiq e'tibor qaratishni o'rganaylik. Go'yoki, yilning bunday nomlanishi ham bizga turtki bo'lsin.
   Erkaklarda esa umumiy mas'uliyat doim saqlanib qoladi. Alloh taqdirimizga  mana shu sinovli zamonlarni yozgan ekan. Bu imtixonlardan salomat o'tishda, eng avvalo, biz erkaklar ayollarimizga va bolalarimizga o'rnak bo'lishimiz lozimdir. Har ikki tarafning taqvolari birlashib, xalqimizdagi og'riqli nuqtalarni surib chiqaradi deb umid qilamiz!

IRFON

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #3 : 09 Aprel 2014, 09:24:01 »
   Ba'zan xayol surganimda telefon yon daftarchasiga bir narsalar yozgim keladi. Yozsam, xuddi kim bilandir dardlashganga o'xshayman. Keyin, telefon yon daftaridan o'chirib yuboraman...

   Ushalmagan orzulardan ko'ra qo'ldan chiqarilgan imkoniyatlar va ulardan qolgan nadomatlar ko'proq bo'ldi...

   Chorak asrlik umrim go'yo bir zumda o'tib ketgandek. Odam bolasi shunaqa, umrini g'ofillikda o'tkazib qo'yib, umr oqar daryo ekanda, deb bahona qiladi. Aslida, umrning tez o'tib ketishi insonning g'aflatini anglatadi. Bunga uyqu misoldir.

   Hozirgi musulmon oilalarning ba'zilariga shikoyatim bor. Farzandingiz balog'atga yetgan kunini e'tiborsiz qoldirasiz. "Bardam bo'l, bugundan bo'shlab yelkanga gunoh yozilishni boshladi, har bir qadaminga Xudoni oldida javob berasan" deb yelkasiga urmadingiz. Oldingizga o'tqizib, bu kunni boshlanishida haqqiga duo qilmadingiz. Bu holatga ota-ona e'tiborsiz bo'lsa, farzand qanday e'tiborli bo'lsin? Amal daftarlari g'aflat bilan ochilganidan ko'p afsusdaman...

   O'tkinchi va ozgina qiyinchilikdan so'ng abadiy rohat afzalroqmi, yoki o'tkinchi va ozgina rohatdan so'ng alamli azoblar va abadiy nadomatlar afzalroqmi?
   Afsuslar bo'lsinki, yashash tarzimizdan ikkinchisini tanlaganimiz ko'rinib turibdi...

   Barcha olamlarning Robbisiga istig'for aytamiz, rahmati va mag'firatiga judayam muhtojmiz!
   Allohim, bu dunyoga mahliyo bo'lib, oxiratni unutgan kunlarimiz uchun bizlarni avf etgin! Qolgan umrimizni O'zinga qullik qilishga muyassar qilgin!
   Oxiratni ko'rmaganmiz, jannatni, do'zaxni va sirot ko'prigini ko'rmaganmiz. Ko'z ochib ko'rganimiz shu foniy dunyodir. Ammo, qalbimizda iymon bor. Ko'z ochib ko'rgan dunyoyimiz ko'rmagan dunyoyimizdan to'sib qo'ymoqda. Bu - ko'rmagan dunyoga ishonmaslik emas, ko'rgan dunyosidan ajralolmaslikdir. Ko'rmasdan turib ishongan narsalarimizga binoan qullik qilish nafsimizga og'irdek ko'rinadi. Shayton esa nafsning ashaddiy hamkoridir. Kurashda davom etamiz, toki ko'rmagan haqiqatlarimiz ko'rilganlarni yengib tashlasin!

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #4 : 12 Aprel 2014, 12:25:29 »
   Kirakash mashinasiga yevropacha kiyingan bir talaba qiz chiqdi. Sochlari jingalak, kalta ko'ylak, tor shim kiyib olgan. Mashinani atir hidi tutib ketdi. U qiz katta yoshdagi bir namozxon kishining yoniga o'tirib olgan. Hozirgi qizlarimizning behayoliklariga odamlar ko'nikib ketdilar. Hech kimdan bir og'iz nasihat chiqmaydi.
   Ammo, bu safargi dindoshimiz bu qizga xayrli nasihat qilib qo'yishni lozim topdilar. Atrofdagilar eshitmaydigan darajada past ovozda so'radilar:
- qizim, qayerdansiz?
- falon shahardan...
- men o'sha shaharda 50 yildan ortiq vaqtdan beri yashayman, shaharning hamma kattalarini taniyman. Agar kimning qizisiz desam ota-onangizni sha'niga yaxshi bo'lmaydi. Undan ko'ra sizga boshqa bir gap aytaman...
- xop
- ota-onangizni yaxshi ko'rasizmi?
- albatta.
- ularni ism-familiyasi do'zaxiylar ro'yxatiga tushib qolishini xohlaysizmi?
- yo'q, xohlamayman.
- hozir shu kiyinishingiz sababli ular o'sha ro'yxatda turibdilar, qizim...
   Qiz ancha vaqt jim bo'lib qoldi. Biroz o'ylanib turdida, ko'zlariga yosh keldi. Aytilgan gap ko'ngilning tub-tubigacha yetib borgan edi. Yig'layotganini atrofdagilardan yashirish uchun yana ozgina fursat o'tdi. Keyin sekingina javob berdi:
- tog'a, bugundan boshlab bunaqa kiyimlarni kiymayman...
   Afsuski, oramizda bu qadar nasihatgo'ylarimiz judayam kam. Kap-katta chollar ham tomosha qilib ketaveradilar. Qizlarimizga esa mayin ovozda ta'sirchan nasihatlar kerak. Ular ham qo'g'irchoq emas, haykal emas. Yo'lini qilib tushuntirsa, ta'sir etilsa, ularda ham qalb bor, yurak bor. Kattalarimiz, yoshi ulug'larimiz, ota-onalar chiroyli pand-nasihat qilsalar bo'lmaydimi? Afsuski, ko'plarining o'zlari nasihatga muhtoj bo'lsalar, farzandlarga qanday nasihat qilsinlar?!
   Uyalmasdan "hozirgi yoshlar odobsiz bo'lib ketdi" deydilar. Odobsiz bo'lib ketganlariga o'zlarining ta'lim-tarbiyaga bepisandliklari sabab emasmi? Yo'q, farzand tarbiyasiga vaqt qayoqda deysiz. Axir pul topish kerak, dang'illama uylar qurish kerak, mashina olish kerak. Ularga shu kerak... Mol-dunyo, obro'-e'tibor bo'lsa bas. Yana chiroyli bahonalari ham bor: "Men mana shu norasida jigarbandlarim uchun ishlayapman. Ularning saodati uchun harakat qilyapman. Hech kimdan kam bo'lmasin deyman. O'zim bir kosa ovqatga to'yaman. Hammasi shu farzandlarim uchun!"
   Ofarin! Naqadar fidokorona gaplar! Lekin, marhamat qilib shuni bilib qo'ysinlarki, farzandlaringiz saodati mol-mulkda emas! Ota-ona farzandiga yaxshi tarbiyadan ko'ra kattaroq narsa berolmasligi hadisda zikr qilingan!
   Gapimiz faqatgina qizlar haqida bo'lib qolmasin degan maqsadda umumiy gaplarni ham aytib o'tishni lozim topdik.

Rahmatnoma


IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #5 : 12 Aprel 2014, 21:35:09 »
FORUMGA BAG'ISHLANGAN MAQOLLAR

* Yetti o'ylab bir post qoldir!

* Ijobiy reyting olganing, qand-u asal totganing!

* Qoidabuzarning yugurgani "ban-list"gacha!

* Qoidani qoidabuzardan o'rgan!

* User aziz, intizomi undan aziz!

* Offtopchidan hamma bezor!


* O'ychi yozguncha tavakkalchi kopirovat qiladi!

* Boshinga ban kelsa ham rost gapir!

* O'z foruming o'lan to'shaging!

* Userlar bor userlarning naqshidir,
Userlar bor mehmon undan yaxshidir!

* Bitta loginga ikkita user sig'maydi!

* Userda bori postga chiqadi!

* Userning sarishtasi - forumning farishtasi!

* Reyting bozorda sotilmas!

* Post egasini topar!

* Shirin post bilan ilon inidan chiqar!

* Post ko'rki - imlo!

* Til - dilning kalitidir,
Parol - nikning kalitidir!

* Posti shirinning do'sti ko'p!

* Besh moder barobar emas!

* User userdan rang olar!

* Gul tikansiz bo'lmas,
Forum tortishuvsiz bo'lmas!

* Yaxshi user keyin chopar!

* Qoidaga yondosh, offtopdan qoch!

* Posti kaltaning tili uzun!

* Offtopchining katta-kichigi bo'lmas!

* Birovning postiga kulmagin zinxor,
Sening ham postinga kulguvchilar bor!

* Ko'p bilgan oz yozar, oz yozsa ham soz yozar!

* Userning nikiga boqma, postiga boq!

* Og'ziga kelganni yozmoq - nodonning ishi!

* Teran daryo tinch oqar,
Teran user tinch yozar!

* Internet bo'lsa qo'lingda,
Forum topilar yo'lingda!

* Ish ishtaha ochar, dangasa kopirovat qilar!

* Boshga tushganni ban-list ko'rar!

* Mavzular bedarvoza emas!

* El og'zini ban bilan yopib bo'lmas!

* Ko'z qo'rqoq, klaviatura botir!

* Forumni offtop bossa offtopchiga nima g'am?

* Bo'ladigan user profil to'ldirishidan ma'lum!

* Javob topganga bir tanga, ulgurganga ming tanga!

* Aytsam nikim kuyar, aytmasam dilim!

* Odami bor forum - bozor
Odami yo'q forum - mozor!


* Yopilgan mavzu yopiqligicha qolsin!

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #6 : 01 May 2014, 16:51:44 »
Internet nima?

Internet - o'g'ri! Vaqtni o'g'irlaydi. Shunday o'g'irlaydiki, qanday qilib topshirib qo'yganingizni bilmay qolasiz. Shunday o'g'riki, unga har kuni qayta-qayta o'lja bo'laverasiz. Qadimda o'g'rini qo'li kesilar ekan. Bunisi o'zgacha, o'g'ri bizni qo'limizni bog'lab olgan.

Internet - sehrgar! Shunday sehrlaydiki, bitta ekranga termulib 4-5 soat o'tiraverasiz. Qorin ochgani, tashqarida yomg'ir yog'gani, hatto oyog'ingizni ostidan sichqon o'tib ketganini bilmaysiz. Bu ham yetmaganday, u butun aqlingizu qalbingizni o'ziga qaratib olgan. Tashqaridan qaraganda, xuddi muzlatilgan shaxzodaga o'xshaysiz.

Internet - muhabbat! Ha, siz sevib qolgansiz. Odam o'z sevgilisiga ham bunchalik uzoq tikilib o'tirmasa kerak. Bu qadar berilib, hatto yurgan yo'lingizda uni o'ylaysiz. Ekranga qarab o'tirib birdan jilmayasiz, goh asabiylashasiz. Bu telbalik emasmi, tashqaridan qarasak?!

Internet - dengiz! Cheksiz ummon. Uning oxiriga yetaman desangiz qirg'og'i ko'rinmaydi. Bir sho'ng'isangiz go'yoki cho'kib ketasiz. Uning doirasi shu qadar kengki, milliardlab "baliq"lar bemalol suzib yurishadi. Dengizda kichik baliqlar kattalariga ozuqa bo'lishadi...

Internet - surunkali kasallik! Chekishni tashlash ham undan osonroq bo'lsa kerak. U shunday davomiy kasallik bo'lib, uni davosi faqat irodadir. Ammo, yangi asr bolalarida bunga yarasha iroda, ko'pincha, yetarli emas. Bu kasallikni tuzatuvchi mutahassislik ham yo'q. Bu kasallikka qarshi tabletka, ukol, parashoklar, dimlamalar ham yo'q. Xalq tabobati esa, bunaqa kasallik tarixda misli ko'rilmagan demoqda. Yana bir yomon tarafi, to'shakka emas stulga mixlanasiz. Bel, bo'yin, ko'z va hatto miya shikastlanish darajasiga yetib boradi.

Internet - olam! Olam bo'lganda ham, mutlaqo yangi olam. Avval bunaqa olam bo'lmagan. Bundan yigirma yil avval birortasiga Moy Mir (mening olamim) desangiz ustingizdan kulardi. Endi buni bilmasangiz kulguga qolasiz. Har bitta odamning o'z olami bo'lib, internet barchasini bir joyga jamlaydi. O'sha olamga mahliyo bo'lib, haqiqiy olamingizni 99%ga unutasiz. Faqat beixtiyor 1% qoladi, u ham bo'lsa nafas olish uchun.

Internet - narkotika! Qo'rqmang, bu o'xshatish xolos. Oxiri o'limga olib bormaydi, lekin ko'pincha faqat o'limgina uni sizdan mosuvo qiladi. Borgan sari o'z domiga tortib boraveradi. Yangi-yangi qirralari chiqaveradi, battar kirishib ketaverasiz.

Internet - ulfat! Shunday ajoyib ulfatki, hech zeriktirmaydi. Siz xohlagan tilda gapiradi. Sizdan yuz o'girmaydi. Ammo aldab pulingizni shiladi.

Internet - sayohat! Unda siz butun olamni sayohat qilasiz. Google, Yandex, Yahoo, Mail.Ru va boshqalar sizga yaqindan yordam beradi. Istalgan soha bo'yicha, istalgan hududga kira olasin. Google Maps va shunga o'xshash kartalar orqali yer yuzining xohlagan nuqtasini tomosha qila olasiz. YouTube sizga ajoyib yordamchi. Chunki u istalgan videoni ekraningizda namoyish qilib beradi. Go'yoki, siz uchib yuribsiz.

Internet - bozor! Hamma narsa topiladi. Yaxshi narsalar ham, yovuz narsalar ham bor. Xohlaganingizni sotib olasiz. Pulingiz bo'lsa bas. Bozordagilarning yarmidan ko'pi bir-birini aldash bilan band...

Internet - olov! Vaqtingizni va pulingizni kuydirib kul qiladi. Ortga qaytara olmaysiz. Tilsiz ofatdir. Hatto, ba'zi insonlar shu qadar berilib ketganki, parvona misol o'zini ushbu yorug'likka uradi... Ijtimoiy tarmoqlarda 24 soatlab onlaynda, butun olam bilan gaplashadi. Zaruriy gaplar bo'lsa ham mayli, g'irt telba-teskari, oldi-qochti gaplar. Buyoqda esa umr yonib bormoqda...

Internet - tush! Unda hamma narsa bo'lishi mumkin. Tush ko'rayotgan inson, men tush ko'ryapman deb o'ylaymaydi. Uyg'ongach esa tush ekanligini tushunadi. Tushdagi insonlar va ular bilan suhbat ajoyib. Hayotda esa ularni tanimaysiz, ko'rmagansiz. Tushda esa judayam yaqin gaplashasiz. Kimlardir aka-singil, opa-uka va hatto sevishganlar bo'ladi. Hayotda esa biri Rossiyada, biri Amerikada yashaydi, bir-biri bilan yuzma-yuz gaplashmagan. Bir kunda o'ttiz milliondan ortiq inson tashrif buyuradigan Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog'ida hatto qiz bola o'g'il bola bo'lib chiqishi ham mumkinligi odamni ajablantiradi. Tushga nimalar kirmaydi deysiz... Lekin bu tush har kuni davom etaveradi, xuddi Kurtlar Vadisi serialiga o'xshab, hech tugamaydi.

Internet - kino! Unda hamma o'zi uchun o'zi bosh ro'lni ijro etadi. Kimnidir yakson qilish, kimnidir himoya qilish bilan ovora. Bitta akkaunt mag'lub etilsa, yangi akkaunt ochilib davom etilaveradi. Faqat bu safar boshqa qiyofada, boshqa ismda, boshqa xarakterda. Janglar davom etadi...

Xullas, yana juda ko'p misollar keltirish mumkin. Tarixda uchratilmagan bir sinoat. Necha ming yillardan beri necha milliardlab insonlar o'tgan bo'lsada, milodiy XX-asr oxiriga kelibgina paydo bo'ldi, qurib ketgur. Boshimizda bu savdo ham bor ekan. Nailoj, endi bu kashfiyotdan faqat to'g'ri yo'llarda foydalansak bo'lgani.

IRFON, 08.03.2013

Rahmatnoma


IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #7 : 19 May 2014, 21:01:53 »
Kimki bu dunyoda Allohdan qo'rqsa, oxiratda Undan xotirjam bo'ladi. Kimki bu dunyoda xotirjam bo'lsa, oxiratda Undan qo'rqadi.

Rahmatnoma


IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #8 : 20 May 2014, 22:27:54 »
Allohdan qanchalik qo'rqishingizni bilmoqchi bo'lsangiz, yolg'iz qolganda qiladigan amallaringizga boqing.

Rahmatnoma


IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #9 : 01 Iyun 2014, 18:27:05 »
   Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoning uylarida bir nechta sahoba bilan o'tirgan edilar. U uyga Payg'ambarimiz alayhissalomning boshqa bir zavjalari, Sofiya roziyallohu anho bir xizmatkor orqali taom jo'natgan ekanlar. Yegulik ham, uning idishi ham Oisha onamiznikidan chiroyliroq edi. Yoshgina qiz bo'lgan Oisha onamizning rashklari keldi. Xizmatkorning qo'lidan idishni olib yerga uloqtirdilar. Bu holatdan hamma xijolatda qoldi, Oisha onamizning o'zlari ham bu ishidan afsusda qoldi. Hammasi juda tez bo'lgan edi. Olamlarga rahmat bo'lgan Payg'ambarimiz asta egilib, yerdagi idish siniqlarini yig'ishtirishga tushdilar. To'kilgan yegulikni bir idishga yig'dilar (bundan, taom quruq bo'lganini anglab olishimiz mumkin). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: <<Taomdan olinglar, xijolat bo'lmanglar, onangiz rashk qildi>> dedilar. Oisha onamiz o'zlari qilib qo'ygan ishlarining kafforotini so'radilar. Payg'ambarimiz alayhissalom boshqa idish olib berishni buyurdilar. Oisha onamiz xizmatkorga boshqa idish olib kelib berdilar.
   Bir qarashda xijolatli bo'lgan ushbu kichik voqeada hozirgi kunimiz uchun dolzarb bo'lgan ko'pgina hikmatlar bordir. Ularni Alloh bildirganicha qismini sanab berishga harakat qilamiz.
1. Oisha onamiz ham boshqa ayollar singari tabiatga ega bo'lgan edilar. O'z erini rashk qilishda Oisha onamizdek zot o'zini tutib turolmaganidan keyin, boshqalar xotinlarini rashkchiligidan umuman nolimasliklari kerak. Bu har bir ayolning tabiatida bor narsadir. Aslida, Sofiya onamiz ham Payg'ambarimizning zavjalari edilar, ilm va taqvoda mustahkam edilar. Barcha onalarimiz bir-birlariga yuksak ehtiromda bo'lganlar. Faqat ayollik tabiatlaridan bu narsa sodir bo'lgan, xolos.
2. Idishni xotini yerga tashlab yuborsayu, er mehmonlarning xuzurida idish siniqlarini yig'ishtirganini ko'rganmisiz? Bu eng buyuk xulq bilan yuborilgan zotning tavozelari edi. Hozirgi erkaklarimiz agar xotini bilan yolg'iz qolgan holati bo'lganda ham, siniqlarini yig'ishtirishni xotinni o'ziga qildirar edi. Agar bir uy mehmonni oldida shunday qilsa, uni uydan haydab yuborsa kerak. Sunnatga ergashyapmiz deganlarning ahvoli shumi? Sizku bir oddiy bandasiz. Olamning yaratilishiga sabab bo'lgan zotning harakatini ko'ring, ta'lim oling. Xotinni qul sifatida ko'radiganlar yaxshilab ibrat olsin.
3. Endi hozirgi kungi ayollarimizga yuzlanaman. Jahl bilan idishni sindirib, ikki daqiqa o'tmasdan, bu gunohimni qanday yuvaman deb hammani oldida aytolasizmi? Yo'q, xovuringizdan tushishingiz uchun kamida bir-ikki soat kerak bo'ladi. Oisha onamizning kuchli taqvolariga e'tibor bering. Ayollik tabiati bilan kichik xatoga yo'l qo'ydilar, lekin bir zumda hammasini o'z joyiga tushurishni g'am qildilar. Shu vaqtni o'zida kafforotni so'radilar va bajarib qo'ydilar. Aslida, idishni sindirib yuborishdek jo'shqin holatdan tezda o'zini o'nglab olish judayam qiyindir. Onamiz nafaqat o'zini, balki bo'lib o'tgan ishni ham o'nglab qo'ydilar. Ey muhtarama ayollar, ibrat olinglar! Ul zot ham xuddi sizlardek ayollik tabiatiga ega bo'lgan edilar.
4. Payg'ambarimiz alayhissalom: <<Taomning kafforoti taom, idishning kafforoti idish>> dedilar. E'tibor bering, idishni sindirganlarini ayb sanadilaru, rashk qilganlarini ayb sanamadilar. Chunki, dinimiz insonga nafsi ko'tarmaydigan narsani yuklamaydi. Insoniy fe'l-atvorlar uchun ayblamaydi. Bu naqadar haqiqat va adolat dinida ekanligimizning yana bir isbotidir. Xotini ko'p tergaganidan jahli chiqadigan erkaklar buni anglab yetishlari kerak. Ba'zilar buni ishonchsizlik deb qabul qilar ekan. Yo'q, rashk insoniy fazilatlardan biridir. Hadisda <<Rashk iymondandir!>> deb marhamat qilingan. Faqat noo'rin rashk qoralanadi, xolos. Bo'lar-bo'lmasga janjal ko'taraverishdan qaytariladi.
   Saodat asridan keltirilgan yuqoridagi rivoyat hammamiz uchun katta ibrat va saboq bo'ladi, degan umiddamiz!

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #10 : 06 Iyun 2014, 08:58:50 »
Sakkizta majlisda o'tirish bilan insonda sakkizta narsa ziyoda bo'ladi:

1. Boylar majlisida bo'lish mol-dunyoga rag'batni ziyoda qiladi.
2. Kambag'allar majlisida bo'lish shukrni ziyoda qiladi.
3. Amaldorlar majlisida bo'lish kibrni ziyoda qiladi.
4. Ayollar majlisida bo'lish aql johilligini va shahvatni ziyoda qiladi.
5. Yoshlar majlisida bo'lish lag'vni ziyoda qiladi.
6. Fosiqlar majlisida bo'lish gunohlarga moyillikni ziyoda qiladi.
7. Solihlar majlisida bo'lish haromdan qaytish va ibodatga moyillikni ziyoda qiladi.
8. Olimlar majlisida bo'lish ilm va diyonatni ziyoda qiladi.

Rahmatnoma


IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #11 : 26 Iyul 2014, 10:53:54 »
- Qur'on o'qib unga amal qilgan inson mandaringa o'xshaydi, hidi ham ta'mi ham shirin.
- Qur'on o'qib unga amal qilmaydigan inson rayhonga o'xshaydi, hidi shirin, ta'mi achchiq.
- Qur'on o'qimasada unga amal qiladigan inson xurmoga o'xshaydi, ta'mi shirin, hidi yo'q.
- Qur'on o'qimaydigan va unga amal ham qilmaydigan inson achchiq o'tga o'xshaydi, hidi ham yoqimsiz, ta'mi ham achchiq.

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #12 : 27 Iyul 2014, 07:03:07 »
Hijriy 1435-yil Ramazon oyining so'nggi taroveh namozida ahli ilm ustozlardan biridan yaxshi ma'lumot eshitdik. Qisqagina, lekin biz uchun judayam ulkan ma'lumot va xushxabar bo'ldi. Buni internetdagi insonlar bilan baham ko'rishni lozim topdik.

Ramazon oyining dastlabki o'n kunligi rahmat, o'rta o'n kunligi mag'firat va oxirgi o'n kunligi do'zaxdan ozod qilinish ekanligini avvaldan bilamiz. Qo'shimcha tinglaganimiz quyidagilar bo'ldi:
Allohning eng taqvodor va solih bandalariga Ramazonning dastlabki o'n kunidayoq ro'zaning sharofati bilan Allohning rahmati nasib etar ekan. Savob amallari gunohlaridan ko'proq bo'lgan bandalar o'rta o'n kunlikda ro'zaning sharofati bilan mag'firat qilinib, gunohlardan poklanar ekan. Gunohlari savoblaridan ko'proq bo'lgan bandalar esa oxirgi o'n kunlikda ro'zaning sharofati bilan do'zaxdan ozod qilinar ekan.
Ramazon oyining ushbu so'nggi kunida Allohdan iltijo qilib so'raymiz. Zikr qilingan uch toifa bandalarning hech bo'lmasa oxirgisi bo'lish nasib qilgan bo'lsin! Tan olamiz, ko'plarimizning gunohlarimiz savoblarimizdan ko'proq. Ammo, o'ta mehribon bo'lgan Parvardigorimizning marhamati judayam kengdir! Keyingi Ramazonga yetib borishimizga kafolat yo'q. Alloh taolo biz ojiz va gunohkor bandalarni yozning issiq kunlarida tutgan ro'zalarimiz tufayli O'z rahmati va mag'firati bilan qalblarimizni nurga to'ldirib, do'zaxdan ozod qilinganlar qatorida qilsin!

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #13 : 27 Iyul 2014, 10:53:20 »
Germaniya, "G" harfi va 7 raqami

* Braziliyada o'tgan jahon chempionatida "G" guruhidan yoki 7-guruhdan joy olgan Germaniya terma jamoasi finaldagi g'alaba to'pini qo'shimcha taymlar tugashiga 7 daqiqa qolganda kiritdi.
* "G" harfi ingliz alifbosida 7-harfdir. Inglizchada Germany so'zi 7 harfdan iborat. Terma jamoa guruhda 7ta gol kiritib 7 ochko to'pladi. Yarim finalda mezbonlar darvozasiga ham 7ta gol kiritgan.
* Chempionat o'tkazilgan yilni barcha natural sonlari yig'indisi 7ga teng: 2+0+1+4=7.

IRFON-2012

  • Full Member
  • ***
  • Rahmat
  • -aytdi: 15
  • -oldi: 130
  • Xabarlar: 119
Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
« Javob #14 : 18 Avgust 2014, 12:11:29 »
Kecha bir yigit kelishuvga binoan uyimizga mashinada narsa tashlab ketdi. Shafyo'r yigit o'sha payt mendan so'radi:
- Aka, sizlarda gugurt topiladimi?
- Topiladi. Nima uchun kerak?
- Sigaret tutatib olardim...
- Sigaret uchun berolmaymiz.

Agar boshqa narsa uchun bo'lganida bitta gugurt nima bo'libdi, albatta berib yuborardim. Lekin, inson jamiyatga zarar keltiradigan narsalardan chetda bo'lishidan tashqari, o'sha narsalarga qarshi kurashishi ham kerak. U yigit baribir boshqa joydan gugurt topib, sigaret chekaveradi. Ammo, agar men gugurt olib chiqib berganimda mendan ikkita nojo'ya ish sodir bo'lardi. Birinchisi, uning sog'ligiga zarar yetishida o'z hissamni qo'shish. Ikkinchisi, jamiyat va el-yurt oldida vazifam hisoblangan "Yomon illatlarga qarshi kurashish"ga zid ish qilgan bo'laman. Inson bir illatni tag-tomiri bilan qo'porib tashlolmasa ham, unga qarshi ekanligini amalda ko'rsatib berishi lozimdir.
Ibrohim alayhissalomni olovda yoqish uchun kofirlar o'tin to'plashayotganda, bir chumoli og'zida suv olib ketayotgan ekan. Undan so'rashibdi:
- Suvni qayoqqa olib ketyapsan?
- Olovni o'chirish uchun...
- O'zing mitti jonzot bo'lsang, og'zingdagi yarim tomchi ham chiqmaydigan suv bilan katta gulhanni qanday o'chirasan?
- Olovni o'chirolmasam ham, hech bo'lmasa kim tomonda ekanligimni ko'rsatyapmanku!

Bir hadisda dunyodagi barcha insonlar ikki xil bo'lishi zikr qilingan:
1. Yaxshiliklarga kalit, yomonliklarga qulf.
2. Yaxshiliklarga qulf, yomonliklarga kalit.
Birinchi turdagi insonlarga jannat, ikkinchilariga la'nat bo'lsin, deyiladi.

Rahmatnoma


 

Zamonaviy turk she'riyati antalogiyasi

Muallif AbdulAzizBo'lim Adabiy antalogiya va to'plamlar

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 5423
So'nggi javob 21 Fevral 2009, 09:57:10
muallifi AbdulAziz
Tabriknomalar blogi...

Muallif Muhammad AminBo'lim Forumchilar blogi

Javoblar: 93
Ko'rilgan: 40849
So'nggi javob 19 Iyul 2012, 20:26:54
muallifi Mahdiyah
ODDIY HAQIQATLAR...

Muallif MahdiyahBo'lim Ma'rifat

Javoblar: 184
Ko'rilgan: 68475
So'nggi javob 03 Dekabr 2015, 15:28:49
muallifi x.fazl
HAYVONLAR HAQIDA HAYRATLI HAQIQATLAR

Muallif HumayroBo'lim Fotogallereya

Javoblar: 32
Ko'rilgan: 14725
So'nggi javob 08 Dekabr 2011, 14:38:39
muallifi Humayro
Biz bilmagan bolajonlar + bolakaylar haqida haqiqatlar

Muallif muxlisaBo'lim Oila va jamiyat

Javoblar: 37
Ko'rilgan: 22863
So'nggi javob 30 May 2016, 23:16:04
muallifi Hadija