Umumiy bo'lim > Forumchilar blogi

Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)

(1/7) > >>

IRFON-2012:
   Bismillahir Rohmanir Rohiym!

   Alloh subhanahu va taologa O'zining jaloliga yarasha hamdu sanolar bo'lsin!
   Allohning rasuli va eng ulug' bandasi bo'lgan Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga salovot va durudi shariflarimiz bo'lsin!
   Ahli baytlar, sahobalar va hozirgacha o'tgan barcha aziz insonlarga Allohning rahmati va roziligi ziyoda bo'lsin!
   Yurtimiz hamisha tinch va farovon bo'lsin! Vatanimizda faoliyat olib borayotgan diniy va dunyoviy hodimlarning vatan va din ravnaqi uchun qilayotgan ishlarida Alloh kuch quvvat va ulkan ajr-savoblar bersin!
   Ziyouz.com portalining ijodiy guruhiga, xususan Davron aka Tojialiyevga va forumning barcha ishtirokchilariga xalqimizga ilm-ma'rifat va ziyo ulashayotganlari uchun Alloh ulug' darajalar bersin! Ajrlarini yanada ziyoda qilsin! Kelgusida bundanda kattaroq yutuqlarga muvaffaq qilsin!

   Blogning sarlavhasidan uning mazmuni hammaga ma'lum. Marhamat, ko'nglingizga kelgan yaxshi va mazmunli gaplarni yozishingiz mumkin. O'zim boshlab beraman.

   Internetga sarflagan vaqtimizning o'ndan birini namoz o'qishga sarflaganimizda, dunyo va oxiratimiz chiroyli bo'lar edi.

   O'tayotgan soatlarga megabaytlarga achinganchalik achinganimizda edi, "tekin internet"ni emas, soatlarining hisobi yo'q bo'lgan abadiy jannatlarni orzu qilgan bo'lar edik.

   Masjidda hamma musulmon, ammo bozorda birorta musulmonni topish mushkul. Muhokamada hamma oqil, ammo amalda birorta oqilni topish mushkul.

   O'z obro'si bilan kibrlanganlar, aslida o'sha obro' kamtarinlikdan barpo bo'lganini bilsalar edi, yanada kamtarinroq bo'lar edilar.

   Bitta kitob o'qimaganning yuzta gapidan yuzta kitob o'qiganning bitta gapi afzal.

IRFON-2012:
   Televizoringiz har qancha qimmat va zamonaviy bo'lsa ham, elektr bo'lmasa ishlamaydi.
   Amallarimizdagi ihlos ham shu qadar o'rin tutadi. Amallarimizda ihlos bo'lmasa, savlat to'kib, quruq viqor bilan turaveradi, lekin foydasi tegmaydi. Xuddi elektrga ulanmagan televizorga o'xshaydi.

   Bir tanishingizga qo'ng'iroq qilmoqchi bo'lsangiz, unga ajratilgan maxsus raqamlarni to'g'ri terishingiz shart. Agar birgina raqam noto'g'ri terilsa ham, aloqa boshqa manzilga burilib ketadi.
   Iymon ham shunga o'xshaydi. Xudoga ishonsam bo'ldi, deganlar adashadi. Iymon keltirilishi lozim bo'lgan narsalarga Alloh buyurgandek iymon keltirasiz, keyin manzilga yetasiz. Masalan, bitta oyatni yoki Allohning birgina sifatini inkor qilish ham odamni iymon zonasidan chiqarib yuboradi. Noto'g'ri manzillarga ketadi.

   Qiziqish va muhabbat bir-biriga juda yaqin narsalardir.
   Internetga qiziqqanchalik Qur'onga ham qiziqyapmizmi? Kechalari soatlab ko'z nurlarimizni unga sarflayapmizmi? Birorta nuqson topsak, to'g'rilanguncha uxlamasdan harakat qilyapmizmi? Uni o'rganish uchun oyiga 50-100 ming so'm sarflayapmizmi? Bir kun o'qimay qolsak zerikib qolyapmizmi?
   O'z vijdoningizga savol bering va unga o'zingiz javob bering:
Internetga ko'proq qiziqasizmi, yoki Qur'onga?!

IRFON-2012:
ZAMONAVIY MUSULMONLAR

   Avvalgi asrlardagi musulmonlar dinda bizdan ko'ra sobitqadamroq bo'lganlarini tan olamiz. Ilmda ham, taqvoda ham bizdan g'ayratliroq bo'lganlar. Olimlari uchun Qur'onni hammasini yodlash bolalikdagi ish bo'lgan. Har bir asrdagi o'tgan avliyolarni sanab tugatolmaymiz. Ayollari shim kiymagan, ro'molsiz yurmagan. Qizlari ibo-hayoning ulkan namunasi bo'lganlar. Ularning yashash tarzlari bizga nisbatan ancha qiyin bo'lsada, ma'naviy jihatdan bizdan yuqori bo'lganlar. Alloh ulardan rozi bo'lsin!
   To'g'ri, hozirgi zamonda insonlarning yashash tarzi ancha mukammallashgan. Misli ko'rilmagan imkoniyatlar ichida yashamoqdalar. Xususan bizning mamlakatimiz tinch, farovon. Masjidlarda musulmonlar xotirjam ibodat qilishmoqda. Xalqimiz iqtisodiy jihatdan ham o'tmishga nisbatan yuz chandon yaxshiroq holatdadir. Ilm-fan o'tmishdagidan ko'ra kengroq qamrovda o'rganilmoqda va o'rgatilmoqda. Vatanimiz borgan sari ravnaq topmoqda.
   Lekin, musulmonlar nima uchun hanuzgacha o'z dinlarida sustkashlik qilmoqdalar? Nega o'zini mo'min sanagan nabiralik kishilar ham sajdaga bosh qo'ymayapti? Nega bolalarimiz diniy va milliy qadriyatlardan uzoqlashmoqda? Nega to'ylarimiz hanuzgacha ichkilik bilan o'tmoqda? Nega oilalarimizda Islomiy muhit rivojlanmayapti?
   Uzoq yillik mustamlakalar ostida xalqimiz o'z muqaddas diniga amal qilish, o'rganish va o'rgatishga qiynalganlari rost. Alloh yurtimiz boshiga bunday kunlarni qayta solmasin! Ammo, mustaqillik bilan ne'matlantirilganimizga 22 yildan oshdi. O'sha paytdagi chaqaloqlar hozir ota-ona bo'ldilar. Demak, bu yoshlar to'la to'kis istiqlol nafasida ulg'ayganlar. Endi o'tmishda qolgan mustamlakalarni bahona qilishga o'rin qolmadi. Bu muddat ichida har qanday jamiyat o'z diniy va milliy qadriyatlarini tiklab olishga ulguradi. Olimlarimiz va boshqa jonkuyar insonlar bu yo'lda tinmay mehnat qildilar va qilmoqdalar. Samaralarini ham ko'rib turibmiz. Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xazratlarining qanchadan qancha kitoblari nashrdan chiqdi. Din masalasida xohlagan savolingizga yetarli darajada javob topasiz. Diniy idora tarafidan ham ma'naviy va ma'rifiy ishlar bardavom bo'lmoqda.
   Ammo, xalqimizda nega yuksalish kam? Bunga ojizona javob berishga harakat qilaman.
   Birinchi sabab, mustamlaka davrlarini o'z ko'zlari bilan ko'rgan ko'p insonlar istiqlol ne'matini totib ko'rgach ham insofga kelmadilar. Keyingi va undan kattaroq sabab, zamonaviy texnologiyalar bizga misli ko'rilmagan imkoniyatlar berishi bilan birga, misli ko'rilmagan talofatlar keltirdi. Avvalgi zamonda televizor, telefon, internet degan narsalar bo'lmagan. Demak, g'arbga taqlid qilish ham, ekran ichidagi nomahramlarga nazar solish ham bo'lmagan. Bolalari kompyuter o'ynab emas, o'tloqlarda hadis yodlab o'tirgan. Xomilador ayollari serial ko'rib emas, salovat aytib o'tirgan. Qizlari romantik qo'shiqlarni tinglab emas, Qur'on tinglab ulg'aygan. Yigitlari tuni bilan futbol yoki qo'rqinchli kinolar ko'rib emas, shamda kitob o'qib, tahajjud o'qib chiqqanlar. Yigit-qizlar bir-birlarining hatto yuzlarini ko'rishlari amri mahol bo'lgan. Yoshlari yolg'iz qolganlarida shayton ularni internet balosi bilan yo'ldan urmagan. Xullas, ularda gunoh qilish imkoniyati bizga nisbatan kam bo'lgan. Qalb xastaliklaridan saqlansa kifoya qilgan. Aroqxo'rlik, zinokorlik, o'g'rilik kabi gunohlarga kamida obro'sini o'ylab qo'l urmaganlar. Bizda esa bitta arzon qurilma orqali qancha gunohlar qilinmoqda, hech kimni obro'si tushgani yo'q. Internetda, televizorda, hayotda, xullas qayoqqa qaramang yarim yalong'ochlar hukmron. Taqvo qilgan ozchilik kishilar bundan omon qolmoqda. Ammo, ulardan boshqa barcha yoshu qarilar ko'z zinosiga mubtalodir. Umidlarimiz bog'langan ahli ayollarimiz esa seriallaru shou-biznesga mubtalodirlar. Yosh kelinlarimiz taqvo qilib, ko'chada yerga qarab yuradilar, nomahram erkakka qaramaydilar, ammo televizor va jurnallarda tomosha qilishdan uyalmaydilar. Qosh-ko'zlariga termuladilar. Vujudlarida esa bizning umid uchqunlarimiz shaytoniy hislardan quvvat olib ulg'aymoqda. Endi farzandlarimiz qanday insonlar bo'lib yetishadilar?
   Andishasizlik bo'lsa ham aytishga majbur bo'ldik. Muslima opa-singillarimiz bizning maqsadlarimizni tushunib yetdilar, deb o'ylayman. Oralaringizda seriallar va shou-biznesga mubtalo bo'lgan ayollar bo'lsa, bu yo'ldan qaytaringlar. Chunki, qizlar va ayollar mening nazdimda butun bir millatning, el-yurtning kelajagidirlar. Sog'lom onalardan sog'lom bolalar dunyoga keladi. Bu gap moddiy va ma'naviy ahamiyatga egadir. "Sog'lom bola" yilida jismoniy va ma'naviy salomatlikka qattiq e'tibor qaratishni o'rganaylik. Go'yoki, yilning bunday nomlanishi ham bizga turtki bo'lsin.
   Erkaklarda esa umumiy mas'uliyat doim saqlanib qoladi. Alloh taqdirimizga  mana shu sinovli zamonlarni yozgan ekan. Bu imtixonlardan salomat o'tishda, eng avvalo, biz erkaklar ayollarimizga va bolalarimizga o'rnak bo'lishimiz lozimdir. Har ikki tarafning taqvolari birlashib, xalqimizdagi og'riqli nuqtalarni surib chiqaradi deb umid qilamiz!

IRFON

IRFON-2012:
   Ba'zan xayol surganimda telefon yon daftarchasiga bir narsalar yozgim keladi. Yozsam, xuddi kim bilandir dardlashganga o'xshayman. Keyin, telefon yon daftaridan o'chirib yuboraman...

   Ushalmagan orzulardan ko'ra qo'ldan chiqarilgan imkoniyatlar va ulardan qolgan nadomatlar ko'proq bo'ldi...

   Chorak asrlik umrim go'yo bir zumda o'tib ketgandek. Odam bolasi shunaqa, umrini g'ofillikda o'tkazib qo'yib, umr oqar daryo ekanda, deb bahona qiladi. Aslida, umrning tez o'tib ketishi insonning g'aflatini anglatadi. Bunga uyqu misoldir.

   Hozirgi musulmon oilalarning ba'zilariga shikoyatim bor. Farzandingiz balog'atga yetgan kunini e'tiborsiz qoldirasiz. "Bardam bo'l, bugundan bo'shlab yelkanga gunoh yozilishni boshladi, har bir qadaminga Xudoni oldida javob berasan" deb yelkasiga urmadingiz. Oldingizga o'tqizib, bu kunni boshlanishida haqqiga duo qilmadingiz. Bu holatga ota-ona e'tiborsiz bo'lsa, farzand qanday e'tiborli bo'lsin? Amal daftarlari g'aflat bilan ochilganidan ko'p afsusdaman...

   O'tkinchi va ozgina qiyinchilikdan so'ng abadiy rohat afzalroqmi, yoki o'tkinchi va ozgina rohatdan so'ng alamli azoblar va abadiy nadomatlar afzalroqmi?
   Afsuslar bo'lsinki, yashash tarzimizdan ikkinchisini tanlaganimiz ko'rinib turibdi...

   Barcha olamlarning Robbisiga istig'for aytamiz, rahmati va mag'firatiga judayam muhtojmiz!
   Allohim, bu dunyoga mahliyo bo'lib, oxiratni unutgan kunlarimiz uchun bizlarni avf etgin! Qolgan umrimizni O'zinga qullik qilishga muyassar qilgin!
   Oxiratni ko'rmaganmiz, jannatni, do'zaxni va sirot ko'prigini ko'rmaganmiz. Ko'z ochib ko'rganimiz shu foniy dunyodir. Ammo, qalbimizda iymon bor. Ko'z ochib ko'rgan dunyoyimiz ko'rmagan dunyoyimizdan to'sib qo'ymoqda. Bu - ko'rmagan dunyoga ishonmaslik emas, ko'rgan dunyosidan ajralolmaslikdir. Ko'rmasdan turib ishongan narsalarimizga binoan qullik qilish nafsimizga og'irdek ko'rinadi. Shayton esa nafsning ashaddiy hamkoridir. Kurashda davom etamiz, toki ko'rmagan haqiqatlarimiz ko'rilganlarni yengib tashlasin!

IRFON-2012:
   Kirakash mashinasiga yevropacha kiyingan bir talaba qiz chiqdi. Sochlari jingalak, kalta ko'ylak, tor shim kiyib olgan. Mashinani atir hidi tutib ketdi. U qiz katta yoshdagi bir namozxon kishining yoniga o'tirib olgan. Hozirgi qizlarimizning behayoliklariga odamlar ko'nikib ketdilar. Hech kimdan bir og'iz nasihat chiqmaydi.
   Ammo, bu safargi dindoshimiz bu qizga xayrli nasihat qilib qo'yishni lozim topdilar. Atrofdagilar eshitmaydigan darajada past ovozda so'radilar:
- qizim, qayerdansiz?
- falon shahardan...
- men o'sha shaharda 50 yildan ortiq vaqtdan beri yashayman, shaharning hamma kattalarini taniyman. Agar kimning qizisiz desam ota-onangizni sha'niga yaxshi bo'lmaydi. Undan ko'ra sizga boshqa bir gap aytaman...
- xop
- ota-onangizni yaxshi ko'rasizmi?
- albatta.
- ularni ism-familiyasi do'zaxiylar ro'yxatiga tushib qolishini xohlaysizmi?
- yo'q, xohlamayman.
- hozir shu kiyinishingiz sababli ular o'sha ro'yxatda turibdilar, qizim...
   Qiz ancha vaqt jim bo'lib qoldi. Biroz o'ylanib turdida, ko'zlariga yosh keldi. Aytilgan gap ko'ngilning tub-tubigacha yetib borgan edi. Yig'layotganini atrofdagilardan yashirish uchun yana ozgina fursat o'tdi. Keyin sekingina javob berdi:
- tog'a, bugundan boshlab bunaqa kiyimlarni kiymayman...
   Afsuski, oramizda bu qadar nasihatgo'ylarimiz judayam kam. Kap-katta chollar ham tomosha qilib ketaveradilar. Qizlarimizga esa mayin ovozda ta'sirchan nasihatlar kerak. Ular ham qo'g'irchoq emas, haykal emas. Yo'lini qilib tushuntirsa, ta'sir etilsa, ularda ham qalb bor, yurak bor. Kattalarimiz, yoshi ulug'larimiz, ota-onalar chiroyli pand-nasihat qilsalar bo'lmaydimi? Afsuski, ko'plarining o'zlari nasihatga muhtoj bo'lsalar, farzandlarga qanday nasihat qilsinlar?!
   Uyalmasdan "hozirgi yoshlar odobsiz bo'lib ketdi" deydilar. Odobsiz bo'lib ketganlariga o'zlarining ta'lim-tarbiyaga bepisandliklari sabab emasmi? Yo'q, farzand tarbiyasiga vaqt qayoqda deysiz. Axir pul topish kerak, dang'illama uylar qurish kerak, mashina olish kerak. Ularga shu kerak... Mol-dunyo, obro'-e'tibor bo'lsa bas. Yana chiroyli bahonalari ham bor: "Men mana shu norasida jigarbandlarim uchun ishlayapman. Ularning saodati uchun harakat qilyapman. Hech kimdan kam bo'lmasin deyman. O'zim bir kosa ovqatga to'yaman. Hammasi shu farzandlarim uchun!"
   Ofarin! Naqadar fidokorona gaplar! Lekin, marhamat qilib shuni bilib qo'ysinlarki, farzandlaringiz saodati mol-mulkda emas! Ota-ona farzandiga yaxshi tarbiyadan ko'ra kattaroq narsa berolmasligi hadisda zikr qilingan!
   Gapimiz faqatgina qizlar haqida bo'lib qolmasin degan maqsadda umumiy gaplarni ham aytib o'tishni lozim topdik.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version