Qafasdagi ruh
<<Va sendan ruh haqida so'rarlar. Sen: <<Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir>>, deb ayt>>. (Isro surasi, 85-oyat)
Siz qaysi kasbda yoki qaysi lavozimda bo'lishingizdan qat'iy nazar, saodatga, qalb rohatiga, sokin xotirjamlikka erishishingiz hozir boshlagan mavzuyimizga bog'liqdir. Boymisiz yoki faqir, shifokormisiz yoki jurnalist, arxitektormisiz yoki o'qituvchi, kim bo'lishingizdan qat'iy nazar, mukarram insonsiz. Sizda dunyodagi eng baxtli odamlardan biri bo'lish imkoniyati naqd turibdi. Ishoning, hatto sizga jannatdan joy tayyorlangan. O'zingiz beparvolik qilib, imkoniyatlarni qo'ldan boy berasiz, xolos.
Ma'lumki, inson jism va ruhdan iborat. Qachon ular bir-biridan ajralsa o'lim sodir bo'ladi. Har bir narsani moddiy va ma'naviy ahamiyati bo'lganidek inson ham jism va ruhiyatdan tashkil topadi. Odatda moddiy narsalar foniy, ma'naviy narsalar boqiy bo'ladi. Oshqozonga shirin taom kirsa, badan rohatlanadi. Qalbga xursandchilik kirsa, ruh rohatlanadi. Jismoniy lazzat yodga olish bilan takrorlanmaydi, ruhiy lazzat esa har eslaganda rohat beradi.
Ruhning mavjudligi haqida olimlarning deyarli hammasi shubha qilmaydi. Uning qanaqaligini bilmasak ham tanamizni u boshqarib turganini his qilamiz. Jism harakatlarini to'liq boshqarib turadigan tartibli bir mehanizm borligiga aminmiz. Chunki, o'liklarda hamma jismoniy narsalar yetarli bo'lsada, jon yo'qligi uchun yashashdan to'xtab qolgan. Jism mana shu yashab turgan olamimizda paydo bo'lib, shu dunyoda yo'q bo'lib ketadi. Ruh esa boshqa bir olamdan vaqtinchalik jism qafasida yashash uchun kelgan, xolos. Muddati tugaganda o'z olamiga ravona bo'ladi.
Marhamat qilib ko'zguga qaraymiz. Kimni ko'ryapmiz? Yuzlari nurli, qomatlari kelishgan, ko'zlari chaqnagan bir inson. Sizni bunchalik tarovatli qilib turgan narsa - ko'rinmas ruhdir. Agar ruh bo'lmasa badan tezda sasib ketadi. Kamondek qoshlaringiz, tiniq yuzlaringiz sizda ruh borligini anglatib turibdi. Siz oltimish-yetmish yil yashab, tuproqqa aylanib, yo'qlik ummoniga g'arq bo'ladigan jonzot emas, tez orada boshqa bir olamga ketadigan mehmonsiz. Sizda bashariyat aqli bovar qilmagan, ilm-fan hali yetib borolmagan bir o'zlik bor. Bu olamda bir musofirsiz. Har bir musofirning ketadigan joyi, o'z o'lkasi bo'lganidek sizni ham o'z yurtingiz bor. Haqiqiy yurtingizki, unda aql bovar qilmas hayot bor. Ruhga aqlimiz yetmagach uning borar manziliga qayerdan aqlimiz yetsin? Lekin, borar manzilning borligi aniq. U manzilda sizga joy tayyorlab qo'yilgani ham aniq. Chunki, har bir boruvchiga bir manzil bo'ladi. U manzil esa boruvchiga mos bo'ladi - yaxshiga yaxshi, yomonga yomon. Sizga tiriklik bahsh etib turgan narsa o'limdan so'ng ham birga bo'ladi. Aslida haqiqiy mag'zingiz o'sha ekanligini vafot qilganda guvohi bo'lasiz. Siz jismni tark etasiz, xuddi ipak qurtidan kapalak uchgandek. Qafasdan ozod bo'lasiz, dunyo torligidan bir kenglikka chiqasiz. Jismingiz eski kiyim singari pastda qolib ketadi, endi u sizga kerak emas. Yaqinlaringiz sizga motam tutishadi, aslida esa siz zindondan ozod bo'lgan bo'lasiz. Siz chiqib qolgan kenglik haqiqiy olam bo'lib, uni oldida hozirgi dunyo bir yong'oqchalik kichkina bo'lib qoladi.
Lekin, sizni bu dunyo torligiga bekorga jo'natishmagandir? Albatta, siz hozir imtixondan o'tyapsiz. Qilayotgan har bir ishingiz to'g'rimi yoki egrimi, javob berasiz. Nafaqat bu dunyo, hatto o'z jismingiz ruh uchun imtixondir. Siz mashinani boshqarganingiz kabi ruh jismni boshqaradi. Har bir harakatingiz uchun bir kun kelib javob berasiz. Sizni jism va ruh qilib jamlab qo'ygan bir kuch sizni hisob-kitob qilishga ham qodir bo'ladi.
Mavlono Jaloliddin Rumiy xazratlari Masnaviyda keltirgan hikoyalaridan birida aynan ruhga ishora qiladi. Bir to'tiqush qafasdan qutilish uchun o'zini o'lik qilib ko'rsatadi. Buni ko'rgan egasi uni qafasdan chiqarib qo'ysa, u uchib ketadi. Ya'ni, jism qafasidan qutilish uchun o'lish kerak. Yomon ishlarga buyuruvchi nafs jismdandir. Undan qutilish uchun o'zingizni o'likdek tasavvur eting. Ruhingizni nafs qamog'idan ozod qiling. To'tiqush o'zini o'likka solmaguncha qafasdan ozod bo'lmaganidek, siz ham nafsni oldida ruhingizni o'likdek tutmaguncha undan ozod bo'lolmaysiz. <<O'lmasdan oldin o'ling>> degan hadis aynan nafsni jilovlash haqidadir. Bu gaplarda o'z joniga qasd qilish ma'nosi umuman yo'q. Ruh nafsdan ozod bo'lish bilan rohat topadi. Nafs esa ruhga zarar keltirish bilan rohat topadi. Kimda qaysi biri g'olib kelsa, ikkinchisi jabr ko'radi. Bilingki, sizda nafs g'olib kelayotgan bo'lsa ruhingiz jabrdadir. Aslingizni nafsingizdan qutqaring!
Agar inson ruhning mavjudligiga ishonsa va u bilan o'limdan keyingi safarga otlanishi haqida tafakkur qilsa, bu dunyodagi kulfatlarga parvo qilmaydi. O'zini ezguliklar bilan baxtiyor his etadi. Yaxshiliklarda bardavom bo'ladi. Insonlar uchun juda katta musibat bo'lgan narsalar ham ruhiy-ma'naviy tushunchalar oldida o'z vaznini yo'qotadi. Har qanday holatda ham tushkunlikka tushmasdan olg'a intilishga chorlaydi.
Biz jismoniy narsalarga shu qadar kirishib ketganmizki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. Chunki, tasavvurimiz bundan boshqa bir hayotni ko'rmagan. Lekin, moddiy narsalar ma'naviyat oldida bir asbob ekanligi oddiy misollarda o'z tasdig'ini topadi. Arra, randa, tesha bo'lgani bilan bitta duradgor bo'lmasa hech qanday ish sodir bo'lmaydi. Ish bajaruvchi - ma'naviyatdir. Jism uning xizmatkori, xolos. Shunday ekan baxt-soadatni jismoniy rohatdan emas, ruhoniy farog'atdan topishimiz kerak.
Dunyoda milliardlab insonlar yashayotgan bo'lsa, ularning hammasida yuqorida aytganimizdek nafis ruh bor. Ko'chada tanish-notanish ko'p insonlarni ko'raman. Jism ruhga xizmat qilish o'rniga ruh jismga xizmat qilmoqda. Bu ruh uchun judayam achinarli holat. Jismni har qancha semirtirmaylik oxiri tuproqqa aylanadi. Biz ruhni yuksaltirishimiz zarur. Ruh jismni boshqarish bilan yuksaladi, unga bo'ysunish bilan xor bo'ladi. Bu balandparvoz gaplar emas, hayotimizda har kuni sodir bo'layotgan voqealarning asl haqiqatidir. Qachon biz jism xohshiga bo'ysunsak u ishimiz insoniylik sifatlari oldida illat sanaladi. Qachon ruhan ish bajarsak fazilat sanaladi. Bizda ruhning boqiy olamdagi hayotiga ishonch bo'lsagina ijobiy hislatlarni o'zimizda jamlaymiz. Aks holda jism va nafs qafasida qolib ketamiz.
Ruhiy barkamollikni maqsad qilganlar har qanday musibat va qiyinchiliklarga parvo qilmaydi. Turmushda, ishxonada, ko'cha-ko'yda duch kelayotgan muammolarga vazmin kayfiyatda yondashadi. Ba'zi insonlar o'limdan qo'rqishadi, lekin unga tayyorgarlik ko'rmaydi. Ruhiy kamolotga yetgan zotlar esa o'limdan qo'rqishmaydi, lekin unga tayyorgarlik ko'rishadi.
Uyqu kichik o'limdir. Asta sekin qovoqlar og'irlashib, ko'zlar yumiladi. Ruh jismni vaqtincha tark etadi. Haqiqiy o'lim ham shunday sodir bo'ladi, ammo ruh bu safar jismni manguga tark qiladi. Jon chiqishi ruhiy kamolot topganlarda juda oson kechadi, nafsiga qul bo'lganlarda esa azob-uqubatlar o'chog'i bo'ladi.
Bir bog'ga ikkita o'g'ri tushibdi. Bittasini oyog'i shol, bittasi ko'r. Shol aytibdi: <<Men olmani ko'ryapman, lekin ololmayman>>. Ko'r aytibdi: <<Men olishim mumkin, lekin ko'rmayapman>>. Nihoyat, bir yo'lini topishibdi. Ko'r sholni ko'taribdi, shol yo'l ko'rsatibdi. Shunday qilib o'g'irlik sodir etilibdi. Bu holatda ikkalasi ham aybdor deb topilibdi.
Bizdagi jism va ruh xuddi shunga o'xshaydi. Ezgulik ham, yovuzlik ham jism va ruhning kelishuvi bilan sodir bo'ladi.
Ko'zyosh to'kayotgan ko'zlar yig'layotgan ruhdir. Tabassum qilayotgan yuzlar quvnayotgan ruhdir. Jismimiz ruhning kayfiyatini tasvirlab beruvchi, xolos. Tashqi ko'rinishda moda va dizaynga sho'ng'ib ketgan ko'p yoshlarimiz tuproqqa aylanib ketadigan jismga jilva berish bilan mashg'ul bo'lib, asl mohiyat bo'lmish ruhni unutib qo'ymoqdalar. Albatta, tashqi go'zallikka e'tibor berish kerak, lekin ichki go'zallik yoddan chiqib ketmasligi kerak. Tashqi go'zallik umr o'tgan sari so'nib boradi, ichki go'zallik esa vaqt o'tgan sari yanada go'zallashib boradi.
Biz qafasdagi ruhmiz. Qafasni ming tillolar bilan bezatsak ham, bir kun uni tashlab ketishimiz bor. Kuzda issiq o'lkalarga uchib ketgan qushlardan qolib ketgan inlarni ko'rganmisiz? Bu inlar endi kimga kerak? Bizning jism qafasimiz ham vaqtinchalik in, xolos. Uni qancha bezatsak ham ortimizda qolib ketadi. Jism qafasini faqat kerakli darajada yuksaltirib, asosiy e'tiborni ruhiy kamolotga qaratgan insonlar yer yuzining qaysi burchagida bo'lsa ham, qanday sharoitda, qanday lavozimda, qanday yoshda, qanday mushkulotda bo'lsa ham, o'zlarini har nafas baxtli his qila oladilar. Hammamizga ana shunday ruhiy barkamollik tilab qolaman!