Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)  ( 21728 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


IRFON-2012  06 Iyun 2014, 08:58:50

Sakkizta majlisda o'tirish bilan insonda sakkizta narsa ziyoda bo'ladi:

1. Boylar majlisida bo'lish mol-dunyoga rag'batni ziyoda qiladi.
2. Kambag'allar majlisida bo'lish shukrni ziyoda qiladi.
3. Amaldorlar majlisida bo'lish kibrni ziyoda qiladi.
4. Ayollar majlisida bo'lish aql johilligini va shahvatni ziyoda qiladi.
5. Yoshlar majlisida bo'lish lag'vni ziyoda qiladi.
6. Fosiqlar majlisida bo'lish gunohlarga moyillikni ziyoda qiladi.
7. Solihlar majlisida bo'lish haromdan qaytish va ibodatga moyillikni ziyoda qiladi.
8. Olimlar majlisida bo'lish ilm va diyonatni ziyoda qiladi.

Qayd etilgan


IRFON-2012  26 Iyul 2014, 10:53:54

- Qur'on o'qib unga amal qilgan inson mandaringa o'xshaydi, hidi ham ta'mi ham shirin.
- Qur'on o'qib unga amal qilmaydigan inson rayhonga o'xshaydi, hidi shirin, ta'mi achchiq.
- Qur'on o'qimasada unga amal qiladigan inson xurmoga o'xshaydi, ta'mi shirin, hidi yo'q.
- Qur'on o'qimaydigan va unga amal ham qilmaydigan inson achchiq o'tga o'xshaydi, hidi ham yoqimsiz, ta'mi ham achchiq.

Qayd etilgan


IRFON-2012  27 Iyul 2014, 07:03:07

Hijriy 1435-yil Ramazon oyining so'nggi taroveh namozida ahli ilm ustozlardan biridan yaxshi ma'lumot eshitdik. Qisqagina, lekin biz uchun judayam ulkan ma'lumot va xushxabar bo'ldi. Buni internetdagi insonlar bilan baham ko'rishni lozim topdik.

Ramazon oyining dastlabki o'n kunligi rahmat, o'rta o'n kunligi mag'firat va oxirgi o'n kunligi do'zaxdan ozod qilinish ekanligini avvaldan bilamiz. Qo'shimcha tinglaganimiz quyidagilar bo'ldi:
Allohning eng taqvodor va solih bandalariga Ramazonning dastlabki o'n kunidayoq ro'zaning sharofati bilan Allohning rahmati nasib etar ekan. Savob amallari gunohlaridan ko'proq bo'lgan bandalar o'rta o'n kunlikda ro'zaning sharofati bilan mag'firat qilinib, gunohlardan poklanar ekan. Gunohlari savoblaridan ko'proq bo'lgan bandalar esa oxirgi o'n kunlikda ro'zaning sharofati bilan do'zaxdan ozod qilinar ekan.
Ramazon oyining ushbu so'nggi kunida Allohdan iltijo qilib so'raymiz. Zikr qilingan uch toifa bandalarning hech bo'lmasa oxirgisi bo'lish nasib qilgan bo'lsin! Tan olamiz, ko'plarimizning gunohlarimiz savoblarimizdan ko'proq. Ammo, o'ta mehribon bo'lgan Parvardigorimizning marhamati judayam kengdir! Keyingi Ramazonga yetib borishimizga kafolat yo'q. Alloh taolo biz ojiz va gunohkor bandalarni yozning issiq kunlarida tutgan ro'zalarimiz tufayli O'z rahmati va mag'firati bilan qalblarimizni nurga to'ldirib, do'zaxdan ozod qilinganlar qatorida qilsin!

Qayd etilgan


IRFON-2012  27 Iyul 2014, 10:53:20

Germaniya, "G" harfi va 7 raqami

* Braziliyada o'tgan jahon chempionatida "G" guruhidan yoki 7-guruhdan joy olgan Germaniya terma jamoasi finaldagi g'alaba to'pini qo'shimcha taymlar tugashiga 7 daqiqa qolganda kiritdi.
* "G" harfi ingliz alifbosida 7-harfdir. Inglizchada Germany so'zi 7 harfdan iborat. Terma jamoa guruhda 7ta gol kiritib 7 ochko to'pladi. Yarim finalda mezbonlar darvozasiga ham 7ta gol kiritgan.
* Chempionat o'tkazilgan yilni barcha natural sonlari yig'indisi 7ga teng: 2+0+1+4=7.

Qayd etilgan


IRFON-2012  18 Avgust 2014, 12:11:29

Kecha bir yigit kelishuvga binoan uyimizga mashinada narsa tashlab ketdi. Shafyo'r yigit o'sha payt mendan so'radi:
- Aka, sizlarda gugurt topiladimi?
- Topiladi. Nima uchun kerak?
- Sigaret tutatib olardim...
- Sigaret uchun berolmaymiz.

Agar boshqa narsa uchun bo'lganida bitta gugurt nima bo'libdi, albatta berib yuborardim. Lekin, inson jamiyatga zarar keltiradigan narsalardan chetda bo'lishidan tashqari, o'sha narsalarga qarshi kurashishi ham kerak. U yigit baribir boshqa joydan gugurt topib, sigaret chekaveradi. Ammo, agar men gugurt olib chiqib berganimda mendan ikkita nojo'ya ish sodir bo'lardi. Birinchisi, uning sog'ligiga zarar yetishida o'z hissamni qo'shish. Ikkinchisi, jamiyat va el-yurt oldida vazifam hisoblangan "Yomon illatlarga qarshi kurashish"ga zid ish qilgan bo'laman. Inson bir illatni tag-tomiri bilan qo'porib tashlolmasa ham, unga qarshi ekanligini amalda ko'rsatib berishi lozimdir.
Ibrohim alayhissalomni olovda yoqish uchun kofirlar o'tin to'plashayotganda, bir chumoli og'zida suv olib ketayotgan ekan. Undan so'rashibdi:
- Suvni qayoqqa olib ketyapsan?
- Olovni o'chirish uchun...
- O'zing mitti jonzot bo'lsang, og'zingdagi yarim tomchi ham chiqmaydigan suv bilan katta gulhanni qanday o'chirasan?
- Olovni o'chirolmasam ham, hech bo'lmasa kim tomonda ekanligimni ko'rsatyapmanku!

Bir hadisda dunyodagi barcha insonlar ikki xil bo'lishi zikr qilingan:
1. Yaxshiliklarga kalit, yomonliklarga qulf.
2. Yaxshiliklarga qulf, yomonliklarga kalit.
Birinchi turdagi insonlarga jannat, ikkinchilariga la'nat bo'lsin, deyiladi.

Qayd etilgan


IRFON-2012  29 Mart 2015, 11:07:22

Qafasdagi ruh

<<Va sendan ruh haqida so'rarlar. Sen: <<Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir>>, deb ayt>>. (Isro surasi, 85-oyat)

Siz qaysi kasbda yoki qaysi lavozimda bo'lishingizdan qat'iy nazar, saodatga, qalb rohatiga, sokin xotirjamlikka erishishingiz hozir boshlagan mavzuyimizga bog'liqdir. Boymisiz yoki faqir, shifokormisiz yoki jurnalist, arxitektormisiz yoki o'qituvchi, kim bo'lishingizdan qat'iy nazar, mukarram insonsiz. Sizda dunyodagi eng baxtli odamlardan biri bo'lish imkoniyati naqd turibdi. Ishoning, hatto sizga jannatdan joy tayyorlangan. O'zingiz beparvolik qilib, imkoniyatlarni qo'ldan boy berasiz, xolos.
Ma'lumki, inson jism va ruhdan iborat. Qachon ular bir-biridan ajralsa o'lim sodir bo'ladi. Har bir narsani moddiy va ma'naviy ahamiyati bo'lganidek inson ham jism va ruhiyatdan tashkil topadi. Odatda moddiy narsalar foniy, ma'naviy narsalar boqiy bo'ladi. Oshqozonga shirin taom kirsa, badan rohatlanadi. Qalbga xursandchilik kirsa, ruh rohatlanadi. Jismoniy lazzat yodga olish bilan takrorlanmaydi, ruhiy lazzat esa har eslaganda rohat beradi.
Ruhning mavjudligi haqida olimlarning deyarli hammasi shubha qilmaydi. Uning qanaqaligini bilmasak ham tanamizni u boshqarib turganini his qilamiz. Jism harakatlarini to'liq boshqarib turadigan tartibli bir mehanizm borligiga aminmiz. Chunki, o'liklarda hamma jismoniy narsalar yetarli bo'lsada, jon yo'qligi uchun yashashdan to'xtab qolgan. Jism mana shu yashab turgan olamimizda paydo bo'lib, shu dunyoda yo'q bo'lib ketadi. Ruh esa boshqa bir olamdan vaqtinchalik jism qafasida yashash uchun kelgan, xolos. Muddati tugaganda o'z olamiga ravona bo'ladi.
Marhamat qilib ko'zguga qaraymiz. Kimni ko'ryapmiz? Yuzlari nurli, qomatlari kelishgan, ko'zlari chaqnagan bir inson. Sizni bunchalik tarovatli qilib turgan narsa - ko'rinmas ruhdir. Agar ruh bo'lmasa badan tezda sasib ketadi. Kamondek qoshlaringiz, tiniq yuzlaringiz sizda ruh borligini anglatib turibdi. Siz oltimish-yetmish yil yashab, tuproqqa aylanib, yo'qlik ummoniga g'arq bo'ladigan jonzot emas, tez orada boshqa bir olamga ketadigan mehmonsiz. Sizda bashariyat aqli bovar qilmagan, ilm-fan hali yetib borolmagan bir o'zlik bor. Bu olamda bir musofirsiz. Har bir musofirning ketadigan joyi, o'z o'lkasi bo'lganidek sizni ham o'z yurtingiz bor. Haqiqiy yurtingizki, unda aql bovar qilmas hayot bor. Ruhga aqlimiz yetmagach uning borar manziliga qayerdan aqlimiz yetsin? Lekin, borar manzilning borligi aniq. U manzilda sizga joy tayyorlab qo'yilgani ham aniq. Chunki, har bir boruvchiga bir manzil bo'ladi. U manzil esa boruvchiga mos bo'ladi - yaxshiga yaxshi, yomonga yomon. Sizga tiriklik bahsh etib turgan narsa o'limdan so'ng ham birga bo'ladi. Aslida haqiqiy mag'zingiz o'sha ekanligini vafot qilganda guvohi bo'lasiz. Siz jismni tark etasiz, xuddi ipak qurtidan kapalak uchgandek. Qafasdan ozod bo'lasiz, dunyo torligidan bir kenglikka chiqasiz. Jismingiz eski kiyim singari pastda qolib ketadi, endi u sizga kerak emas. Yaqinlaringiz sizga motam tutishadi, aslida esa siz zindondan ozod bo'lgan bo'lasiz. Siz chiqib qolgan kenglik haqiqiy olam bo'lib, uni oldida hozirgi dunyo bir yong'oqchalik kichkina bo'lib qoladi.
Lekin, sizni bu dunyo torligiga bekorga jo'natishmagandir? Albatta, siz hozir imtixondan o'tyapsiz. Qilayotgan har bir ishingiz to'g'rimi yoki egrimi, javob berasiz. Nafaqat bu dunyo, hatto o'z jismingiz ruh uchun imtixondir. Siz mashinani boshqarganingiz kabi ruh jismni boshqaradi. Har bir harakatingiz uchun bir kun kelib javob berasiz. Sizni jism va ruh qilib jamlab qo'ygan bir kuch sizni hisob-kitob qilishga ham qodir bo'ladi.
Mavlono Jaloliddin Rumiy xazratlari Masnaviyda keltirgan hikoyalaridan birida aynan ruhga ishora qiladi. Bir to'tiqush qafasdan qutilish uchun o'zini o'lik qilib ko'rsatadi. Buni ko'rgan egasi uni qafasdan chiqarib qo'ysa, u uchib ketadi. Ya'ni, jism qafasidan qutilish uchun o'lish kerak. Yomon ishlarga buyuruvchi nafs jismdandir. Undan qutilish uchun o'zingizni o'likdek tasavvur eting. Ruhingizni nafs qamog'idan ozod qiling. To'tiqush o'zini o'likka solmaguncha qafasdan ozod bo'lmaganidek, siz ham nafsni oldida ruhingizni o'likdek tutmaguncha undan ozod bo'lolmaysiz. <<O'lmasdan oldin o'ling>> degan hadis aynan nafsni jilovlash haqidadir. Bu gaplarda o'z joniga qasd qilish ma'nosi umuman yo'q. Ruh nafsdan ozod bo'lish bilan rohat topadi. Nafs esa ruhga zarar keltirish bilan rohat topadi. Kimda qaysi biri g'olib kelsa, ikkinchisi jabr ko'radi. Bilingki, sizda nafs g'olib kelayotgan bo'lsa ruhingiz jabrdadir. Aslingizni nafsingizdan qutqaring!
Agar inson ruhning mavjudligiga ishonsa va u bilan o'limdan keyingi safarga otlanishi haqida tafakkur qilsa, bu dunyodagi kulfatlarga parvo qilmaydi. O'zini ezguliklar bilan baxtiyor his etadi. Yaxshiliklarda bardavom bo'ladi. Insonlar uchun juda katta musibat bo'lgan narsalar ham ruhiy-ma'naviy tushunchalar oldida o'z vaznini yo'qotadi. Har qanday holatda ham tushkunlikka tushmasdan olg'a intilishga chorlaydi.
Biz jismoniy narsalarga shu qadar kirishib ketganmizki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. Chunki, tasavvurimiz bundan boshqa bir hayotni ko'rmagan. Lekin, moddiy narsalar ma'naviyat oldida bir asbob ekanligi oddiy misollarda o'z tasdig'ini topadi. Arra, randa, tesha bo'lgani bilan bitta duradgor bo'lmasa hech qanday ish sodir bo'lmaydi. Ish bajaruvchi - ma'naviyatdir. Jism uning xizmatkori, xolos. Shunday ekan baxt-soadatni jismoniy rohatdan emas, ruhoniy farog'atdan topishimiz kerak.
Dunyoda milliardlab insonlar yashayotgan bo'lsa, ularning hammasida yuqorida aytganimizdek nafis ruh bor. Ko'chada tanish-notanish ko'p insonlarni ko'raman. Jism ruhga xizmat qilish o'rniga ruh jismga xizmat qilmoqda. Bu ruh uchun judayam achinarli holat. Jismni har qancha semirtirmaylik oxiri tuproqqa aylanadi. Biz ruhni yuksaltirishimiz zarur. Ruh jismni boshqarish bilan yuksaladi, unga bo'ysunish bilan xor bo'ladi. Bu balandparvoz gaplar emas, hayotimizda har kuni sodir bo'layotgan voqealarning asl haqiqatidir. Qachon biz jism xohshiga bo'ysunsak u ishimiz insoniylik sifatlari oldida illat sanaladi. Qachon ruhan ish bajarsak fazilat sanaladi. Bizda ruhning boqiy olamdagi hayotiga ishonch bo'lsagina ijobiy hislatlarni o'zimizda jamlaymiz. Aks holda jism va nafs qafasida qolib ketamiz.
Ruhiy barkamollikni maqsad qilganlar har qanday musibat va qiyinchiliklarga parvo qilmaydi. Turmushda, ishxonada, ko'cha-ko'yda duch kelayotgan muammolarga vazmin kayfiyatda yondashadi. Ba'zi insonlar o'limdan qo'rqishadi, lekin unga tayyorgarlik ko'rmaydi. Ruhiy kamolotga yetgan zotlar esa o'limdan qo'rqishmaydi, lekin unga tayyorgarlik ko'rishadi.
Uyqu kichik o'limdir. Asta sekin qovoqlar og'irlashib, ko'zlar yumiladi. Ruh jismni vaqtincha tark etadi. Haqiqiy o'lim ham shunday sodir bo'ladi, ammo ruh bu safar jismni manguga tark qiladi. Jon chiqishi ruhiy kamolot topganlarda juda oson kechadi, nafsiga qul bo'lganlarda esa azob-uqubatlar o'chog'i bo'ladi.

Bir bog'ga ikkita o'g'ri tushibdi. Bittasini oyog'i shol, bittasi ko'r. Shol aytibdi: <<Men olmani ko'ryapman, lekin ololmayman>>. Ko'r aytibdi: <<Men olishim mumkin, lekin ko'rmayapman>>. Nihoyat, bir yo'lini topishibdi. Ko'r sholni ko'taribdi, shol yo'l ko'rsatibdi. Shunday qilib o'g'irlik sodir etilibdi. Bu holatda ikkalasi ham aybdor deb topilibdi.
Bizdagi jism va ruh xuddi shunga o'xshaydi. Ezgulik ham, yovuzlik ham jism va ruhning kelishuvi bilan sodir bo'ladi.
Ko'zyosh to'kayotgan ko'zlar yig'layotgan ruhdir. Tabassum qilayotgan yuzlar quvnayotgan ruhdir. Jismimiz ruhning kayfiyatini tasvirlab beruvchi, xolos. Tashqi ko'rinishda moda va dizaynga sho'ng'ib ketgan ko'p yoshlarimiz tuproqqa aylanib ketadigan jismga jilva berish bilan mashg'ul bo'lib, asl mohiyat bo'lmish ruhni unutib qo'ymoqdalar. Albatta, tashqi go'zallikka e'tibor berish kerak, lekin ichki go'zallik yoddan chiqib ketmasligi kerak. Tashqi go'zallik umr o'tgan sari so'nib boradi, ichki go'zallik esa vaqt o'tgan sari yanada go'zallashib boradi.
Biz qafasdagi ruhmiz. Qafasni ming tillolar bilan bezatsak ham, bir kun uni tashlab ketishimiz bor. Kuzda issiq o'lkalarga uchib ketgan qushlardan qolib ketgan inlarni ko'rganmisiz? Bu inlar endi kimga kerak? Bizning jism qafasimiz ham vaqtinchalik in, xolos. Uni qancha bezatsak ham ortimizda qolib ketadi. Jism qafasini faqat kerakli darajada yuksaltirib, asosiy e'tiborni ruhiy kamolotga qaratgan insonlar yer yuzining qaysi burchagida bo'lsa ham, qanday sharoitda, qanday lavozimda, qanday yoshda, qanday mushkulotda bo'lsa ham, o'zlarini har nafas baxtli his qila oladilar. Hammamizga ana shunday ruhiy barkamollik tilab qolaman!

Qayd etilgan


IRFON-2012  19 Aprel 2015, 14:19:25

O'lchov

O'lchovdan urib qolish faqatgina tarozida emas, har qanday joyda yuz berishi mumkin. Bunday insonlar Qur'onda "Mutoffifun" (O'lchovdan urib qoluvchilar) deb ataladi. Tijoratchi foydalanish maqsadida molni olib kelib, undan biror narsani olib qolgan holda sotishi ham o'lchovdan urib qolishdir. Chunki, sotib olayotgan inson bu narsani ishlab chiqarilgan yangi holatda degan niyat bilan sotib oladi. Masalan, bir choynakni ustidagi o'ramini yoki karobkasini olib tashlab sotayotgan bo'lsa buni sotib oluvchiga ma'lum qilishi kerak. Har xil texnik jihozlar sotadigan tijoratchilar ham qurilma bilan birga kelgan uskunalardan birortasini olib qo'yishi mumkin emas. Nima bo'lganda ham xaridordan maxsulot haqida biror kamchilik, hatto arzimas kamchilik bo'lsa ham noma'lum bo'lmasligi lozim. Ana shunda hammasi adolatli bo'ladi.
Do'kondagi sherigimning bir tanishi sherigimdan bitta gugurt ishlatib olishni iltimos qildi. Ishlatib olgach gugurtni sotiladigan rastaga qaytarib qo'ydi. Men u gugurtni alohida nazarga olib qo'ydim. Ya'ni, bundan bir dona cho'p ishlatildi. Keyinroq bir xaridorga qaytim sifatida o'sha gugurtni berdim va bundan bir dona ishlatilganini aytdim. Xaridor "Nima bo'pti?" degandek kulimsirab qo'ydi. Men esa o'lchovdan urib qoluvchilardan bo'lmaganimdan xursand bo'ldim.
Mavridi kelganda eslab o'tsak, o'lchovdan urib qolish judayam keng masala. Faqat savdogarlikda emas, har qanday sohada bu narsa mavjud. Har bir shaxs o'z mas'uliyatida nuqsonga yo'l qo'yishi o'lchovdan urib qolish hisoblanadi. Ishga kech qolish, elektr, suv, gaz to'lovlarini vaqtida to'lamaslik, yo'l harakati qoidalarini buzish, darsga oxirigacha qatnashmaslik, ota-onaga, ahli ayol va farzandlarga yetarli darajada e'tibor berolmaslik, xalqiga o'z sohasi bo'yicha yetarlicha xizmat ko'rsatmaslik, yashab turgan joyidagi qonuniy nizomlarga amal qilmaslik, tabiiy va sun'iy ne'matlarni tejamaslik, suv va havoni qasddan ifloslantirish, jamiyatga moddiy, ma'naviy va tarbiyaviy yo'llar bilan zarar yetkazish, hattoki vaqtida ovqatlanmaslik va uxlamaslik ham o'lchovdan urib qolishdir. Nafsni jilovlash aynan o'lchovlarni joyiga qo'yish bilan bo'ladi. Yuksak darajalarga mana shunday parhezkorlik, tartib-intizom bilan yetishiladi.

Qayd etilgan


IRFON-2012  21 Aprel 2015, 13:35:13

Ajoyib odamlar

Sotuvchilarning yarmidan ko'pi ayollar bo'lganligi uchun ularni gaplariga quloq solmasangiz ham u joyda quloqlaringizga chalinib turishi tabiiy hol. Bir sotuvchi ayolning gaplari meni hayron qoldirdi:
- Ertalabda ikkita bolamni ovqatlantirib maktabga jo'nataman, do'kondan qaytib kir yuvaman, non yopaman, idishlarni yuvaman. Erimni ham qo'shsam uchta bolam bor desam ham bo'ladi...
Bir kulgingiz keladi, bir achinasiz. Xotinga yuk bo'layotgan er tushmagur yana xotin-qizlarni qo'l uchida ko'rsatib xaqoratlab ham qo'yadi. Ayollarni bunchalik xo'rlashga nima haqlari bor edi? Erkak ekanligidan o'zicha faxrlanayotganlar erkak nomiga noloyiq turganligidan bexabarmi?

Yana bir odamni ko'rdim. Xotinining do'konini ochib o'tiribdi bekorchilikdan. Ayollarni narsalarini sotib o'tiribdi. Ko'rib men uyalib ketaman. Xotiniga "Musqaymoq olib berasanmi?" deyapdi. Ko'rinishidan tuppa tuzuk odam.

Yana bir er-xotin savdogarni ko'rdim. Ikkalasi bitta do'konda turishadi. Xotini arazlab onasini uyiga ketgan. Birga yashashmaydi. Lekin, ishda doimgidek gaplashaveradi. Hech narsa bo'lmagandek yurishaveradi. Ular uchun oila va biznes boshqa-boshqa narsa. Urishib qolgan er-xotinni ko'ngliga birgalikda savdo-sotiq qilish qanday sig'arkin? Birga fikr almashib do'kon uchun yangiliklar topishyapdi. Kechki payt esa ikkalasi ikki tomonga ketishadi. Shunaqasi ham bo'lar ekan.

Savdo yo'q paytda atrofdagi odamlarni kuzatib o'tirishdan boshqa iloji yo'q. Ularni kuzatish davomida ancha-muncha fikr-mulohazalar paydo bo'ladi. Bir ayol bog'cha yoshidagi qiziga qalin kiyinib olganini aytib, ustingdagini yechib yubor deyapdi. Kichkina, beg'ubor qizaloq esa yig'lab berdi. Nega yig'layapsan deyishsa, uyalaman deyapdi. Atrofdagilar esa bu holatni ko'rib kulishyapdi, mushtdek qiz ham uyaladimi, deb. Aslida o'zlarini ustidan kulish kerak, shu qizaloqchalik hayosi bo'lmagani uchun!

Ana shunaqa gaplar...

Qayd etilgan


IRFON-2012  30 Aprel 2015, 15:20:23

Blogerlar chempionati haqida fikr-mulohazalar...

Tanlov judayam yaxshi tashkil qilingan va ikki safardan beri ancha qiziqarli tarzda o'tkazilib kelinyapdi ekan. Tashkilotchilar va ishtirokchilardagi harakatchanlik odamni quvontiradi. O'zbek internet olamida yana bir muhim yuksalish ko'zga tashlanib borayotganidan xursandmiz. Har xil sohalardagi qiziqarli maqolalar internet yuzini ko'rish bilan birga xalqimiz orasidagi ochilmagan iste'dod g'unchalari gullab-yashnashiga bir imkoniyat paydo bo'lmoqda. Ko'pchilik singari menga ham bu tanlov judayam yoqdi. Insonni erkin fikrlashga, qalbdagi chuqur mulohazalarni boshqalarga yetkazib berishga chorlaydi. Yuqori o'rinlarni yoki ma'lum miqdordagi mukofotni qo'lga kiritish unchalik muhim emas. Asosiysi, xalqimizda, ayniqsa yoshlarda yozuvchilik, intiluvchanlik va samimiylik sifatlarini jonlantiradi. Bundan tashqari, jamiyatda hamjihatlikka erishish, muammolarning yechimlarini bir-birimizga ulashish imkonini beradi. Tashkilotchi va hamkorlar tarafidan berilgan sovrinlar esa qalam sohiblarini yanada rag'batlantiradi.

Tanlovda baholash tizimi bo'yicha bir qancha fikrlar bo'libdi. Shu qatorda muxlis sifatida men ham o'zimning ojizona taklifimni (programmamni) bildirib o'tmoqchiman.
Bloglar sahifasining ko'rinishini o'zgartirish kerak. Oxirgi yozilgan bloglar sahifa boshida, qolganlari esa pastda qolib ketishi ba'zi bloglarning nazardan chetda qolib ketishiga sabab bo'lishi mumkin. Faqat hakamlar hammasini bir chekadan ko'rib chiqishadi, xolos. Bloger va mushtariylar hammasini o'qib chiqolmasliklari mumkin. Hech bo'lmasa blogpostning nomi odamlarni jalb qilishi kerak. Buning uchun esa hamma bloglar bosh sahifaning birinchi betida besh-olti va undan ko'p qatorlik ro'yxat bo'lib turishi kerak. Avvalgi bloglar keyingi sahifalarda qolib ketmasligi lozim. Yoki mavzularga bo'lib qo'yish kerak, oila, sport, adabiyot, iqtisod, texnika va xokazo. Blogpostlar ko'pligidan hamma bloglarni hamma ham bir chekadan o'qib chiqolmaydi. Bitta mavzuda hamma bloglar bir sahifada jamlanib tursa nomini bo'lsa ham o'qib chiqishadi. Qiziqtiradigan nom tanlagan blogerlar o'quvchilarni o'zlariga tortib olishga muvaffaq bo'lishlari mumkin.
Baholash tizimida esa qanday baho olinganidan tashqari nechta inson baho bergani ham e'tiborga ega bo'lishi kerak. Berilgan har bir baho miqdoridan tashqari ovoz beruvchilar sonini ham 0.1 ball hisobida qo'shib borish kerak. Bunda ishtirokchilar taniqli va notanish turkumiga bo'linib qolmasligi uchun bosqich yakuniga qadar blogpostlarning faqat sarlavhasi ko'rsatilsin, mualliflari ko'rsatilmasin. Blog mualliflari bosqich tugaguncha faqat ma'muriyatga ma'lum bo'ladi, xolos. Baho berayotganlar blogpost muallifining kimligini bilmasalar faqat blog uchun baho berishga majbur bo'ladilar. Baholash yakunlanib, bosqich natijalari ko'rsatilganda blog mualliflari ham ma'lum qilinadi.
Baholardan umumiy bahoni chiqarib olishda yuqorida aytganimdek qanday baho olingani bilan nechta baho olinganini bir-biriga qo'shish lozim. Masalan, 80 ta bahoga binoan o'rtacha 7.10 ball toplangan bo'lsa, 80 raqamini 0.1 ga ko'paytirib, to'plangan o'rtacha ballga qo'shilsa (7.10+8.0) 15.10 ball hosil bo'ladi. 55 ta bahoga binoan o'rtacha 9.20 ball to'plangan bo'lsa, unga 5.5 ni qo'shsak 14.70 ball bo'ladi. Shundagina ozchilik tomonidan yuqori baholangan blogpostlar ko'pchilik tomonidan baholangan blogpostlardan o'tib ketishi ancha qiyin bo'ladi. Yuqori baho olishdan tashqari nechta insonni o'z fikrlari bilan jalb qilganligi ham alohida e'tiborga sazovor bo'ladi.
Bu usulning men bilmagan salbiy tomonlari ham bo'lishi mumkin. Buni tashkilotchilar ko'rib chiqib, qisman bo'lsa ham inobatga olishlari mumkin.
Blogpostlarni o'qib oddiy xalq orasida ham yuksak tafakkur sohib va sohibalari ko'pligiga guvoh bo'ldik. Ma'naviy yuksalish sari qadamlar davom etib borayotganidan g'oyat mamnun bo'lmoqdamiz! Allohim ezgu amallarni bardavom qilsin!

Qayd etilgan


IRFON-2012  24 Iyul 2015, 22:09:27

Juma namozidan so'ng kitob do'koniga kirdim. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh xazratlarining kitoblaridan bir tanishim uchun bir nechta sotib oldim. 21000 so'm, 13000 so'm, 8500 so'm... Har safar kitob olgani kelganimda narxlar judayam arzon tuyiladi. Qarang, "Mo'minning najoti" yoki "Ochiq xat" kitobining narxi bir marta abed qilishga yetsa kerak. "Hadis va hayot"ni katta juzlaridan biri bir kilo go'shtni puliga bormayapdi. "Baxtiyor oila" kitobini avval borganimda 2-3 marta paynet qiladigan pulimizga beryotgan edi, hozir tugab qolibdi. Subhanalloh! Bu kitoblarning qadr-qimmati o'z og'irligidagi tillodan balandroq ekanligiga shubha yo'q. Biz notovonlarga bu qadar yengillik, bu qadar arzonlik Allohning marhamati, xazratimiz rohimahullohning buyuk xizmatlari va tinchligimiz sharofatidir. Kitob olib rohatlandim, mazza qildim. Alloh taolo bu ne'matlarni bardavom qilib, savoblaridan o'tkanlarning ruhlarini bahramand etib, qolganlarning qalblarini ixlosmand qilsin!

Qayd etilgan