Ko'zlari ojiz bo'lsada, Alloh qalbini ko'r qilmagan, Qur'onga va Qur'on hofizlariga muhabbatli bo'lgan bir kichkina do'stim bor edi. Yoshi o'n birda, lekin kattalardek gapirardi. Duo qilishda imom domlalardek so'zga usta, arab-o'zbek tillarida go'zal duolar qilardi. Xotirasi judayam kuchli, bir marta ovozini eshitgan odamni bir necha oydan keyin ham taniy olardi. Biz bir hafta oldin ko'rgan odamimizni ko'rib, zo'rg'a eslaymiz. Yuzlab tanishlarini telefon raqamlarini yodda saqlab, klaviatura bilan bemalol terib, qo'ng'iroq qilaverardi. Bizga o'xshab kontaktga saqlab qo'yishga muhtoj emas. Qur'ondan tinglab, bir kunda bir betdan yodlardi. Qisqa suralar va ko'p o'qiladigan suralarni yodlab, Baqara surasini tugatib, Oli Imron va Kahfni yodlayotgan edi. Uzun-uzun she'rlarni adashmasdan, tutilmasdan aytib berardi. Ko'zlari ojiz bo'lishiga qaramasdan bu yil namoz o'qishni boshlagan edi. Odamlar bilan muomala qilishda ham mendan ancha yaxshi edi. Qayerda qaysi imom, qaysi qori borligini bilsa ular bilan ko'rishsa, telefon raqamlarini olishga harakat qilar, do'stlashishga, hamsuhbat bo'lishga oshiqar edi. Mashhur qorilardan Mishari ibn Roshid Al-afasiyning qiroatlarini sevib tinglardi. Kamina bilan ham Al-afasiyni yoqtirganimni o'rqasidan tanishgan, telefon raqamimni olib, qo'ng'iroq qilgan. Uyimizda bir necha marta mehmon bo'lgan, kaminaning nikoh to'yimga ham tashrif buyurgan. Telefonda ham, yuzma-yuz bo'lganda ham ich-ichidan har xil savollar, fikrlar otilib chiqardi. Qo'limdan kelganicha, uning yoshbolaligini hisobga olib javob berishga harakat qilardim. U esa meni hayron qoldirib, kattalardek javob qaytarardi. Boshqa do'stlari bilan ham xuddi shunday qiziqish va mehr-muhabbat bilan gaplashar edi. Uylanishimdan oldin tez-tez gaplashib turardik. Oila qurganimdan so'ng ishlarim ko'payib, mashg'ulligim ortib ketdi. U bilan ham kamroq gaplashadigan bo'lib qoldik. Oxirgi paytlarda judayam oz suhbatlashdik. Qur'onni tinglab yodlayotgani uchun mendan qaysi bet qaysi oyatdan boshlanib, qaysi oyatdan tugashligini so'rab turardi. So'nggi kunlari hech qo'ng'iroq qilmay qo'ydi. 29-noyabr kuni kechqurun o'zim qo'ng'iroq qilib, hol-ahvol so'ramoqchi bo'ldim. Telefonini ayol kishi (ayasi yoki buvisi) oldi. Uni so'rasam, bir necha kunlar oldin olamdan o'tganligini aytib, ovozlariga yig'i aralashdi. Umuman kutilmagan holatda eshitilgan xabardan ko'z yoshlarimni zo'rg'a yashirdim. "Alloh rahmatiga olsin! Alloh sabr bersin!" deb suhbatni tugatdim. Men qanday do'st bo'ldim? Oldinroq xabar olsam bo'lmasmidi? Nega doim u qo'ng'iroq qilishi kerak? Hol-ahvol so'rashga, tez-tez holidan xabar olib turishga u muhtojroq ediku... O'lim yosh tanlamasligi, har soniya qaysidir qadrdonimizdan ayrilish ehtimoli borligi yana bir bor o'z isbotini topdi. Yaqinlarimizni borida qadrlashni yo'lga qo'yishimiz kerak ekan. E'tiborsizlik, beparvolik, dunyoga mashg'ullik bilan bizga muhabbat qilgan insonlardan g'aflatda qolib ketamiz. Hatto, janozasiga ham yetisholmay qolamiz.
Ey Robbimiz! Kalominga muhabbat qilgan ko'zlari ojiz bandangni rahmatinga ol! Qabrlarini iymon va Qur'on nurlari bilan munavvar qil! Biz g'ofillarga ofiyat berib, O'zing muhabbat qilgan zotlarga muhabbat qilishga tavfiq ber!