Sobir Mirvaliyev. O'zbek adiblari  ( 136029 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 B


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:37:47

ABDUVALI QUTBIDDIN
(1950)



 
Shoir Abduvali Qutbiddin iqtidorli, nozik ta’b va yuksak didli qalamkash. U 1950 yilning 20 iyunida Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tavallud topgan. Aslida uning ota-onasi Shayxovandtohur mahallasidan Xo‘ja Ahror Valiy avlodiga mansub kishilar edi. Oktyabr to‘ntarishi va qatag‘onlik davrining ur-yiqit shamoli bu oilaga ham soya solmay qolmagan. Yillar davomida Samarqand, Qashqadaryo vohalarida ko‘chirib yuborilganlar qatorida istiqomat qilishgan.

Shu tufayli Abduvali Qarshida tugilib, Samarqandda tahsil olgan. 1978 yilda Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1983 yilda muvaffaqiyatli tamomlagan. Samarqand viloyat ro‘znomasi «Lenin yo‘li» hozirgi «Zarafshon»da faoliyat ko‘rsatadi. 1985 yildan esa ona shahri Toshkentga kelib, G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir bo‘lib ishlaydi. 1990 yilda «Yozuvchi» nashriyoti tashkil bo‘lgach, avval yetakchi muharrir va hozirda bosh muharrir bo‘lib ishlab kelmoqda.

U oilali, ikki o‘g’il, ikki qizi bor.

Hozirda uchta she’riy to‘plami nashr etilgan. Shoirning «Nayson» (1988), «Humo» (1989) va «Baxtli yil» (1991) to‘plamiga kirgan she’rlari oddiy, sodda, ravon ifodalar asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi. Qarang:

Uyalib — tug’ildim,
Uyalib — yashadim,
Uyalib o‘larmen.


Axir bu butun o‘z xalqi axloqi, odobi,ma’naviyatiga dahldor she’riy marjonlar emasmi?! Yoki «Baxtli yo‘l» to‘plamiga kirgan «Yer qa’riga», «Ikki amakimga xat» she’ridagi falsafaga diqqat qiling. Unda dunyo o‘tkinchi, hamma vaqt hamma narsa o‘tadi, ketadi, poklik, muhabbat, yaxshilik, mehr kabi buyuk tuyg’ular qoladi degan xulosaga keladi. Va deydiki, bu omonat dunyoda, omonat ko‘prikda ana shu adabiyot tinch, pok bo‘lsin:

Omonat ko‘prikning ustida mahkam,
Tinch-u, pok bo‘lsin tirik abadiyat.


Shoir biz bilan bir suhbatda mening tarjimai holim aytarli kitobxonga namuna bo‘lolmas, degan andishaga ham bordi. Hurmatli kitobxon, shoir Abduvali Qutbiddin kelajak shoiri, shu kunning shoiri. Hali u o‘nlab to‘plamlar, asarlar yaratib beradi, sizni xushnud etadi, deb ishontirsa bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:38:29

SHAVKAT RAHMON
(1950)



 
Iste’dodli ijodkorlar orasida Shavkat Rahmonning o‘z sozi, ovozi ayricha jaranglab turadi. U 1950 yilning 12 sentyabrida O’sh viloyati Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida xizmatchi oilasida tug’ilgan. 1966 yilda O’shda o‘rta maktabni tugatgach, qurilishlarda, bosmaxona va viloyat ro‘znomalarida ishlaydi. 1973 yilda Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini bitiradi.

Shoirning dastlabki she’rlari O’sh viloyat ro‘znomalarida chiqa boshlaydi. Birinchi she’riy to‘plami «Rangli lahzalar» (1978) nomi bilan bosiladi. Shundan keyin shoirning «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1983), «Gullayotgan tosh» (1984), «Uyg‘oq tog’lar» (1986), «Hulvo» (1988) kabi bir qator she’riy to‘nlamlari bosilib chiqdi. U tarjimon sifatida «Lorka, saylanma» (1979) nomi bilan ruschadan tarjima, yana «Lorka, saylanma» (1989) ispanchadan tarjimalari bosilgan. Uning asarlarida tarixga, kechmishga sayohat, hozirgi kunlarga tanqidiy baho yetakchilik qiladi.

Shavkat Rahmon she’riyati 80-yillarda o‘zbek adabiyotida kuchli oqimni tashkil etgan lirik-falsafiy, isyonkorlik ruhidagi asarlar sirasiga kiradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:39:15

NURALI QOBUL
(1950)



 
Iste’dodli va iqtidorli adiblardan biri Nurali Qobuldir (Nurali Qobulovich Xolbo‘tayev). Nurali Qobul 1950 yilda Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi O’smat qishlogida tavallud topgan. 1974 yilga kelib Ulug‘bek nomidagi Fargona Davlat pedagogika oliy bilimgohining tarix bo‘limini bitirgan. Shundan so‘ng tuman, viloyat komsomol va partiya rahbarlik ishlarida ishlagan. 70-yillardan boshlab jurialist sifatida tuman, viloyat ro‘znomalarida, aniqrog‘i «G’alaba bayrog‘i», «Jizzax haqiqati» ro‘znomalarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. So‘ngra Toshkentga kelib, «Sovet O’zbekistoni san’ati» (1977) oynomasida muharrir o‘rinbosari, keyinroq bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Hozirgi kunda u «Cho‘lpon» nashriyotining rahbaridir.

Nurali Qobulning adib sifatidagi ijodi, asosan uning Toshkent davriga to‘g‘ri keladi. Avval hikoya, qissalar yozib, ro‘znoma va oynomalarda ko‘rina botlaydi. Uning qissa va hikoyalardan iborat «Oyqor» (1978), «Salom, tog‘lar» (1979) kabi to‘plamlari ketma-ket paydo bo‘ladi. Har ikki to‘plam ham kitobxon va adabiy tanqid tomonidan qizg‘in bahsga sabab bo‘ladi. Unda urush davri fojealari, urf-odat va oilaviy kelishmovchiliklar, yoshlar taqdiri va sevgisi haqidagi falsafiy mushohadalar o‘quvchi qalbini to‘lqinlantirgan edi. Eng muhimi, undagi adolatparvarlik sari intilish, sof sevgiga adoqat, kattalarga hurmat, asar qahramonlariga nisbatan iliqlik uyg‘ota olishidir. Shundan so‘ng yozuvchining yana o‘ndan ortiq she’riy, nasriy asarlari chop etildi. Jumladan, «Tubsiz osmon» (1981), «Yashash uchun kehikma»  (1983) kabi qissalarida yoshlar taqdiri, kelajagi yo‘lidagi kurashi, orzu-intilishlari yana bahslarga yetaklaydi. Adibning «Kaptarlar  qaytmas-kuya» (1983) hikoya va qissalar to‘plami, «Unutilgan sohillar» (1988) kabi romanlarida endi faqat adibning mavzu doirasigina kengayib qolmay, hayot, odamlar haqidagi falsafiy qarashlarining tobora real, chuqur ko‘rinishga kirayotganligidan  ham shahodat beradi. Shuningdek, bolalar uchun yozilgan «Odam, Oyqor tog‘ va daydi shamol» (1980) she’riy ertagi yaratildi. Adib publitsist va tarjimon sifatida ham barakali ijod bilan band. Uning «Bug‘doy pishig’iga yetmaganlar» (roman va qissalar, 1992) yoki «Vatandan o‘zga yaxshi yor bo‘lmas» (1992) kabi publitsistik maqolalar to‘plamlari ham alohida e’tiborni tortadi.

Nurali Qobul M.Gorkiy va B.Polevoy nomidagi Ittifoq, adabiy mukofotlarining sovrindoridir. Uning ko‘plab asarlari rus va qardosh, xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:39:59

ERKIN A’ZAM
(1950)




Erkin A’zam 1950 yili Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tavallud topgan. 1967 yili tumandagi 1-o‘rta maktabni tamomlagan. Shu yili Toshkent Davlat  universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1972 yilda tugatgan.

Adib avval O’zbekiston radiosida muharrir (1972—1976), undan so‘ng «Guliston» oynomasida bo‘lim muharriri, adabiy kotib vazifalarida ishlab (1976—1981), qalamini charxladi. 1981 yildan 1986 yilgacha «Yoshlik» jurnaliga ishga o‘tib, Erkin Vohidov rahbarligida jurnalning shakllanishiga, o‘z muxlisini topishiga jonbozlik ko‘rsatdi. Proza bo‘limini boshqargan yosh adib o‘z ijodi takomili bilan birga yangi talantli ijodkorlarning paydo bo‘lib, oyoqqa turishida munosib hissa qo‘shdi.

1986—1992 yillar davomida ijodkor G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va sai’at nashriyotida ko‘p jildli asarlar tahririyatiga mudirlik qilib, atoqli o‘zbek adiblari asarlari, saylanmalarini chop etishda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Erkin A’zam bugungi kunda O’zbekioton respublikasi milliy Axborot agentligi Bosh direktorining birinchi muovini vazifasida xizmat qilmoqda.
 
Adibning ilk hikoyasi uning o‘quvchilik yillarida yaratilgan, viloyat ro‘znomasida bosilgan. Biroq talabchan ijodkor universitetni tugallagandan keyin ham ancha yillar kitob chop ettirishga shoshilmadi. 1977 yilda Erkin A’zamning «Chiroqdar o‘chmagan kecha» nomli hikoyalar to‘plami bosilib chiqdi. Bu mo‘jaz kitobcha o‘quvchilarga o‘zbek adabiyotida yangi bir iste’dodli hikoyanavis dunyoga kelganligidan xabar berdi. Ushbu asarda yoshlik, talabalik yillari olovli kechinmalari katta samimiyat, ilhom bilan yoritilgan bo‘lib, hikoya uslubi o‘z jozibasi bilan o‘quvchini sehrlab oldi. 1981 yilda chop etilgan «Otoyining tug‘ilgan yili» qissa va hikoyalar to‘plami kitobxon ishonchini mustahkamladi. Birinchi kichik qissasi bilan adib o‘zining lirik tasvir uslubidan tashqari hayotiy, serzavq, yumoristik badiiy ifodaga moyilligini ham namoyish qildi.

Shundan so‘ng iste’dodli adibning «Olam yamyashil» (1984), «Javob» (1987), «Bayramdan boshqa kunlar» (1989), «Mir ves v svetax» (1989) kabi bir qator qissa va hikoyalar to‘plamlari bosmadan chiqdi. Bu asarlarda zamondoshlarimiz hayotidan hikoya qilinib, axloq, e’tiqod, burch, oddiy iisoniy munosabatlar o‘ziga xos uslubda badiiy aks ettiriladi. Erkin A’zam prozasi Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev ijodiy namunalari kabi lo‘nda va to‘la ifodasi, shafqatsiz realizmi va professional mahorati bilan boshqa yozuvchilar asarlaridan keskin ajralib turadi.

Erkin A’zam hikoya va qissalari rus, ukrain, belorus, qozoq, tojik, turkman, gruzin, bulg‘or, chex tillariga tarjima qilingan. Adibning o‘zi ham o‘zga xalqlar adiblari asarlarini rus tilidan o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

Yozuvchi 1982 yilda respublikamiz Yoshlar Ittifoqi mukofotiga sazovor bo‘lgan. Adibning «Anoyining jaydari olmasi» hikoyasi asosida badiiy film suratga olingan. Hikoyalari radiopostanovka qmlangan Erkin A’zam ayni ijodiy kamolat yoshida ilhom bilan ijod qilmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:40:44

IKROM OTAMUROD
(1951)



 
Ikrom Otamurod 1951 yili Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Kasbi qishlog’ida tavallud topgan. O’rta maktabni Komilon qishlog’ida tugatgan. 1969—1974 yillarda Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika fakultetida tahsil ko‘rgan. 1974—1975 yillarda O’zbekiston Davlat qomusida muharrirlik qildi. 1975 yildan to shukunga qadar «Sharq yulduzi» adabiy oynomasida adabiy xodim, she’riyat bo‘limining mudiri lavozimlaridaishlab kelmoqda.   

Ikrom Otamurod o‘z tengdoshlari orasida falsafiy mushohadasining kengligi, minbar shoirligi, notiqligi bilan ajralib turadi. Uning she’r va dostoilarida ustoz Maqsud Shaixzoda nafasi ufurib turadi.

Shoiriing 1982 yilda «Vaqt ranglari», 1983 yili «Janub qushlari», 1983 yilda «To‘rg‘ayli manzillar», 1987 yilda «Ufqlar orti bepoyon», 1992 yilda «Xaritaga tushmagan joylar» va «Uzoqlashayotgan og‘riq» she’riy kitoblari chop etilgan.

Ikrom Otamurodiing falastin iyuiri Muin Bsisuga bag‘ishlangan «Yarador umid otlari» dostoni (1986) o‘zbek poeziyasining 80-yillar davri uchun voqea bo‘lgan. Dostonda xorijlik ijodkor vositasida Vatan dardlari, iison qalbining po‘rtanalari, mustaqillik, Ona yurt obrazi mavzui kuchli his hayajon bilan badiiy ifodalangan.

Shoir falsafiy mushohadaga yo‘g‘rilgan she’riy uslubiga sodiq qolib, 1990 yili «Uzoqlashayotgan og’riq» dostonini yaratdi. Bu asarda zamondoshlarimizni tobora tark etib borayotgan e’tiqod, burch, insoniylik tushunchalari qalb tug‘yoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan.

Ikrom Otamurod taniqli tarjimon hamdir. Mahmud Darvish, Muin Bsisu (Falastin), Uold Uitmen (Amerika), Pablo Neruda (Chili), O’ljas Sulaymon (Qozog’iston), Yevgeniy Yevtushenko (Rossiya), Voris Oleypik (Ukraina), Bozor Sobir (Tojikiston) kabi shoirlar she’r va dostonlarini o‘zbek tiliga ag‘darib, respublikamiz kitobxonlariga taqdim etgan.

Ayni paytda Ikrom Otamurodning o‘z she’r va dostonlari ham turk, arab, bulg‘or, rus, moldovan, ozarbayjon, qozoq, qirg’iz, tojik, gruzin tillariga tarjima qilingan. Shoirning o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodi haqidagi publitsistik va adabiy suhbatlari ko‘pchilikka tanish. Ikrom Otamurod ayni ijodiy balog‘at yoshida katta ilhom bilan qalam tebratmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:41:33

SHAROF BOSHBEKOV
(1951)



 
Iste’dodli yozuvchi va dramaturg Sharof Boshbekov 1951 yili Samarqandda dunyoga kelgan. U adabiyotning qutlug‘ dargohiga 80-yillarning boshlarida kirib kelgan edi.

Dastlab hikoya janrida o‘z iste’dodini sinab ko‘rdi. Binobarin, uning «G» varianti» hikoyasi  (1981),  «Jumboq» (1986) hajviyasi, «G’urur» (1982) kabi hajviy hikoyalari yuzaga keldi. Shundan so‘ng uning ketma-ket rang-baraig mavzudagi sahna asarlari yaratildi. Jumladaan, u «Tushov uzgan tulporlar» (1983) hamda «Eshik qoqqan kim» (1987) kabi komediya, «Qasosli dunyo» qisqa metrajli film ssenariysini yozdi. Shuningdek, «Eski shahar gavroshlari» (1988) «Temir xotin» (1989) kabi jiddiy komediyalari yaratildi. So‘nggi vaqtda unipg «Taqdir eshigi» dramasi yozildi.

Ayniqsa, uning «Temir xotin» p’esasi adibga katta shuhrat keltirdi. Unda fan-texnika rivoji davrida inson ongi, dunyoqarashi, psixologiyasida sodir bo’layotgan jiddiy o’zgarishlar hajviy yo‘sinda umumlashtirib berilgan. Shu tufayli ham «Temir xotin» asari 1989 yilda Maqsud Shayxzoda sovriniga loyiq topildi. 1990 yilda esa unga Hamza nomidagi Respublika davlat mukofoti berildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:42:29

XURSHID DAVRON
(1952)



 
Iste’dodli shoir va publitsist, mohir tarjimon Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvar kuni Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Chordara qishlog’ida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. O’rta maktabni tugatgach, 1969 yili Toshkent Davlat dorilfununi jurnalistika kulliyotining kechki bo‘limida o‘qib, kunduzi Toshkent qurilishlarida ishlaydi. 1971—1973 yillar davomida Olmoniyadagi sovet qo‘shinlari guruhida harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, o‘qishni davom ettiradi. 1974 yildan 1992 yilgacha nashriyot sohasida ishlaydi.

Uning ilk she’rlari 1978—1977 yillardan boshlab tuman ro‘znomasi «Sharq tongi», viloyat ro‘znomasi «Lenin yo‘li»da bosilgan. Katta adabiyotga kirib kelishi 1976 yili «Guliston» oynomasida ustoz shoir Erkin Vohidov oq yo‘li bilan boshlanadi. 1976-1978 yillar davomida bir qator she’rlari to‘plamlarda ham chop etiladi. 1979 yili birinchi va ikkinchi kitoblari: «Qadrdon quyosh», «Shahardagi olma daraxti» bosilib chiqadi. Shundan so‘ng shoirning quyidagi kitoblari nashr etiladi. «Tuygi bog‘lar» (1981), «Uchib boraman qushlar bilan» (1983), «To‘marisning ko‘zlari» (1984), «Bolalikning ovozi» (1986), «Qaqnus» (1987), «Polyot odinokoy ptitsi» (1989), «Samarqand xayoli» (1991).
 
Hozirgi kunda uning yangi she’rlar kitobi «Bahordan bir kun oldin» nomi bilan nashrga tayyorlanmoqda.

Xurshid Davronning she’riy tarjimalari ham yigirma yil davomida matbuotda bosilib keladi. Jumladan Nikolay Zobolotskiyning «Turnalar», «Dengiz yaproqlari» (klassik va zamonaviy yapon she’riyatidan namunalar), «Qirq oshiq daftari» («Muhabbat haqida yozilgan jahon she’riyati» durdonalari) hamda «Yetti darvesh daftari» (klassik xitoy she’riyatidan namunalar) kitobi ham nashriyotga topshirilgan.

1974 yili «Tungi bog‘lar», «To‘marisning ko‘zlari" she’riy kitoblari uchun unga O’zbekiston Lenin komso moli mukofoti berilgan edi. Ammo u 1992 yilning boshida bu mukofotdan voz kechib, qaytarib topshiradi. Hozirgi kunda esa shoir tarixiy hikoyalar va qissalar yozish bilan band.

Xurshid xoh poeziyada, xoh nasrda qalam tebratadimi hamisha millatparvar, vatanparvar va bilimdon bo‘lib namoyon bo‘ladi. Undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati keng ilmiy tafakkurga ega ekanligi adib asarlariga alohida salmoqli mazmun bag’ishlaydi, uning uslubini ham tayin etadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:43:22

TOHIR QAHHOR
(1953)




Tohir Qahhor didli va umidli iste’dod sohibi. Tohir Qahhor Namanganning To‘raqo‘rgon tumanida 1953 yilda tug’ilgan. U ham Toshkent dorilfununida tahsil olgan, 1975 yilda jurnalistika fakultetini tutatgan. Avval respublika teleradiosining adabiy-dramatik bo‘limida muharrirlik qilgan. 1979—1986 yillarda «Sharq yulduzi» oynomasida adabiy xodim, hozirda esa G’. G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.

Uning ilk maqola va she’ri juda erta, o‘n besh yoshidayoq paydo bo‘lgan, Namangan tumanida chiqadigan «Uchqun» ro‘znomasida bosilgan. Dastlabki kitobi esa 1980 yilda «Oq o‘rik» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng uning «Oqayotgan daryo» (1982)., «Osmon kimniki?» (1984), «Eshik taqillayotir» (1984), «Kun ko‘zi» (1987), «Yulduzlar mening bog’im» (1988), «Oko dnya» (1990, Moskvada, rus tilida), «Togning parvozi» (1990), «Otashgiyoh» (1992) kabi o‘nga yaqin to‘plamlari ketma-ket chiqadi. To‘plamlarga kirgan she’rlarini o‘qiganda kitobxonda ajib tuyg‘ular qayta jonlangandek, uyqudan uyg’ongandek bo‘ladi. Sabab, ularda davr va zamon, inson va kelajak, tabiat muammolari sodda va ravon ifodalarda, favqudodda ishonchli tarzda o‘z ifodasini topadi. Ayni chog‘da shoirdagi nozik ta’b, saviya, jur’at mutanosibligi uning‘ she’rlariga alohida falsafiy kuch bag‘ishlaydi. Jumladan, uning «Tilimiz» she’ri e’tiborga molik.

Tilimiz bir quyoshki, u kunu tun sochar nur,
U bir gulzorki, so‘nmas, rangidan yashnar umr
U bir yerki, o‘lsak ham, unda yashay olurmiz.


Xuddi shu misralar Oybek domlaning quyosh haqida quyidagi misralarini eslatadi:

Quyosh nurin sochaver mo‘l-mo‘l,
Chaman, ketma bizning boglardan!


Tohir Qahhor ajoyib topilma shoirgina emas, ayni chog‘da yetuk publitsist, mohir tarjimon hamdir. Uning milliy tariximiz, madaiiyatimiz, millatimiz taqdiri haqidagi, adabiyotimiz va merosimiz haqidagi chuqur ilmiy tafakkur bilan yozilgan o‘nlab maqolalari nafaqat publinistika janrini, balki adabiyotshunosligimizning ham yutug‘i desa bo‘ladi.   

U tarjimon sifatida buyuk turk shoiri Ziyo Ko‘kalpning «Ergeno‘ko‘n» dostoni va qator she’rlarini, fors adabiyoti namoyandalari Hofiz Sheroziy va Abdurahmon Jomiy g‘azallarini, arab adabiyotining klassiklari Abu Tammom, Al-Maariy, qolaversa, A.S.Nugakin, Fet, Tyutchev she’rlarini va yana ko‘plab Sharq va G’arb adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dardi.  Shuningdek, kolumbiyalik mashhur adib G.G.Markesning «Oshkora qotillik qissasi»ning ham tarjimonidir U bunday faol xizmatlari uchun Ahmad Yassaviy mukofoti sovrindori, O’zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi degan sharafga ega.

Shoir bundan qariyb o‘n yillar oldin, hali Respublikamiz mustamlaka girdobidan chiqib, mustaqil bo‘lmaganida yozgan edi:   
 
Mustamlaka yurt - ulkan   
Zindonning xuddi o‘zi:
O’z qulligin ko‘rmaydi
Unda tiriklar ko‘zi.


Ha, u dardli shoir, chuqur ilmiy tafakkur egasi, xususan, uning «Tog‘ning parvozi» to‘plamidan ajdodlar tarixi, etnografiyasi, turon va turk eli, uning tabiiy sharoiti, tuzilishi, daryo va tog’-adrlari geografiyasi haqida yangi-yangi ma’lumotlar olasiz. Tafakkuringizni boyitibgina qolmay, ajdodlarga yana bir bor ixlosingiz oshadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:44:09

MUHAMMAD YUSUF
(1954)




Hozirgi davr o‘zbek milliy' adabiyotining ko‘zga ko‘ringan iste’dodli shoirlaridan biri Muhammad Yusufdir. U 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumaii, Qovunchi qishlog’ida oddiy oilada tavallud topdi. O’rta maktabni tugatgandan so‘ng respublika Rus tili va adabiyoti institutini (1978) tamomladi. 1978—1980 yillarda respublika Kitobsevarlar jamiyatida,  1980—1986 yillarda  «Toshkent oqshomi» ro‘znomasida, 1986—1992 yillarda esa G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, hozir esa «O’zbekiston ovozi» ro‘znomasida faoliyat ko‘rsatmoqda.

U o‘nga yaqin she’riy to‘plamlarning, o‘nlab qo‘shiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalb kirib ulgurgan. Uning dastlabki she’rlari birinchi bor «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» ro‘znomasida 1976 yilda chop etilgan. Shundan so‘ng «Tanish teraklar" (1985), «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo" (1988), «Uyqudagi qiz» (1989) «Halima enam allalari" (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko‘nglimda bir yor" (1990), «Bevafo ko‘p ekan» (1991), «Erka kiyik» (1992) kabi jozibali she’riy to‘plamlari nashr etildi. 1989 yilda esa «Uyqudagi qiz» nomli she’riy to‘plami uchun unga respublika Yoshlar mukofoti berildi.

U rostgo‘y shoir, halol va pokiza qalb egasi. Shuning uchun ham uning she’riyati butun ma’naviyatga to‘la, muhabbat haqida kuylaydimi, bevafo yor haqida qo‘shiq to‘qiydimi yoki tariximiz, taqdirimiz haqida kuylaydimi hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Uning she’rlari oddiy, ravon, soddaligi bilan xalq og’zaki ijodiga hamohang ko‘rinadi. Shoirnig «Mehr qolur» she’rini eslang-a:

O’tar inson yaxshi-yomoni,
Mehr qolur, muhabbat qolur.


Shoir she’riyati ham shunday. Mehringizda, qalbingizda qo‘shiq bo‘lib qoladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:44:53

USMON QO’CHQOR
(1955)




Iste’dodli shoir Usmon Qo‘chqor 1955 yilda Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida oddiy mehnatkash oilada dunyoga keladi, U o‘rta maktabni tugatgach, 1970—1975 yillarda Toshkent Davlat dorilfununida tahsil oladi. Shundan so‘ng u 1975— 1977 yillarda G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlaydi. 1977—1979 yillarda esa yana ona yurti Shofirkonga borib, o‘rta maktablarda ona tili va adabiyotidan dars beradi. 1979—1986 yillarda bo‘lsa, Toshkentda — «O’zbekiston» nashriyotida muharrir bo‘lib xizmat qiladi. 1986—1988 yillarda «Cho‘lpon» nashriyotida, 1988—1991 yillarda «Yoshlik» oynomasida faoliyat ko‘rsatadi. Hozirgi kunda u G’afur G’ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyotida ishlamoqda.

Shoir ijodining boshlanishi asosan 70-yillar oxiri va 80-yillar boshlariga to‘g‘ri keladi. Uning birinchi she’riy to‘plami 1982 yilda «Hayajonga ko‘milgan dunyo» nomi bilan chop ettiriladi. To‘plamga kirgan ko‘pchilik she’rlar shoirning izlanishlaridan, o‘z uslubini yaratayotganligidan darak bersa ham ular yoshlikning beg‘ubor, sodda, odamiy qalb tuyg‘ularidan tashkil tonganligi kitobxonni o‘ziga jalb etadi. So‘ngra, shoirning «Akssiz sadolar» (1986) nomli ikkinchi she’rlar to‘plami bosildi. Ketma-ket esa «Uyqudagi minora» (1987), «Og‘ir karvon» (1991) kabi ancha jiddiy, salmoqli she’riy guldastalari yaratildi. Bu to‘plamlar shoir dunyoqarashining keng va chuqurligi, mavzular doirasining beqiyosligi, fikrlarining teranligi bilan ajralib turadi. Xususan, uning «Og‘ir karvon» nomli she’riy to‘plamiga kirgan ko‘pchilik she’rlari inson ruhiyati, ruhiy olami, ma’naviyati haqida bitilgan goh qasida goh pamflet bo‘lib yangraydi. U o‘zining «Ruhidan ajragan odam» she’rida ruhidan ajralgan har odam qanotsiz qushga o‘xshaydi. Inson esa har damda, hamisha inson bo‘lib qolishiga da’vat seziladi. Dunyo cheksizliklari, olam mashmashalari, kishi anduhlari haqida bahs yuritib, pirovard deydi:

Buyuk xatarlardan tolguvchi dunyo,
Har gal omon chiqa olguvchi dunyo,
Quyoshga umidvor qolguvchya dunyo,—
Imon, e’tiqodi butlarga qolsin,—


deya orzu qiladi. Shoir o‘z she’rlarida hamisha zamonlar qiyosidan haqiqat, nur izlaydi. Insonni ezgu va mukammal etguvchi ruhni izlaydi, ba’zan topadi, ba’zan esa...   

Shoir o‘zining «Quvg‘in» dostonini ham yaratgan, unda qatag‘onlik davri aziyatlari, iztirob va alamlari haqida achchiq haqiqatni ochadi.

U tarjimon, jurnalist sifatida ham samarali ijod bilan band. Shoir rus, Sharq, G’arb adabiyotlarining eng yaxshi namunalarini o‘z ona tiliga ag‘darib yana bir savobli ish qilyapti. Jumladan, mashhur ozor shoiri Samad Vurg‘un o‘g‘li Yusuf Vurg‘unning «Qatl kuni» romanining tarjimasi shundan dalolat beradi.

Qayd etilgan