Sobir Mirvaliyev. O'zbek adiblari  ( 135581 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 13 B


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:52:39

ELBEK
(1898-1938)




Qatag’onlik davri o’zbek adabiyotining ko’zga ko’ringan vakillaridan biri Elbek — Mashriq Yusupovdir. U 1898 yilda Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanining Xumson qishlog’da tavallud topgan.

«Men — deydi shoir, o’z tarjimai holida, — 1905 yilda eski qishloq maktabiga kirib o’qidim. Bu maktabda to’rt yil o’qib, o’quv yozuvni o’rgandim... 1910-1911 yillarda juda qiynaldik va shuning natijasida boshqa aka-ukalarim kabi men ham uyni tashlashga majbur bo’ldim».

Nihoyat, o’sha 1911 yili u Toshkentga kelib bir boyga qarol bo’lib yollanadi. Ayni paytda Toshkentning Eski shahar mavzeidagi Devonbegi mahallasidagi «Hokiy» maktabida o’qishni davom ettiradi. 1914 yilga kelib, Shayxovandtohur mahallasidagi «Namuna» nomli maktabga kiradi. Bir vaqtda bosmaxonalarda ishlaydi ro’znomalar sotish bilan kun ko’radi. Oktyabr to’ntarishidan so’ng (1919) sakkiz oylik muallimlik kursini bitirib, o’qituvchilik qiladi, til-imlo muammolari bilan shug’ullanadi. 1921 yildan boshlab Turkiston xalqi maorifi komissarligi qoshidagi ilmiy muassasalarda faoliyat ko’rsatadi. O’sha davrda nashr etiladigan «Maorif va o’qitguvchi», «Inqilob», «Bilim o’chog’i» kabi oynomalar bilan hamkorlik, tahrir xay’atida faoliyat qiladi.

Uning ijodining boshlanishi Oktyabr to’ntarishi yillariga to’g’ri keladi. Shoirning dastlabki she’rlari «El bayrog’i», «Turon», «Turk so’zi», «Ulug’ Turkiston!» kabi ro’znomalarda bosilib chiqadi. 1922 yilga kelib uning «Bir so’roq», «O’ksizning o’limi», «Qarg’a», «Bibixonim madrasasi», «Turkiston» kabi she’rlari «O’zbek yosh shoirlari» degan to’plamga kiritiladi. Shuni qayd etish kerakki, hali bu she’rlarda shoir maqsadi mavhum edi.

Shoirning 1921 yilda chop etilgan «Armug’on» to’plamida esa asosan uning masallari o’rin olgan edi. Undagi «Qaysi biri bo’ri» nomli masalida ham xuddi shunday mavhumlik mavjud bo’lib, unda olg’ir odamning bo’ridan ham vahshiyligini ko’rsatadi. Ammo, adibning «Kuchsizlar dunyosi» masali niyat, maqsad yorqin ko’zga tashlanishi bilan farqlanib turadi. Unda endi azob chekkan yosh qonxo’rlardan o’ch olish uchun kurashga kirishadi. Shunday qilib, shoir bosqichma-bosqich mahorat sari ko’tarila boradi. Ayniqsa, uning «Mening hikoyam» nomli she’rida muallifning o’zi buni qayd etadi. «She’r yozish menga ermak ish emas» deb biladi. «Men hali bitta ham she’r aytmadim, faqat she’r yo’lidan qaytmadim» degan xulosani beradi:

Shoirlikdan maqsad, so’z ko’chirishmas
She’rda ham maqsad o’y o’chirishmas,
Shoirlnk — ma’noni tiza bilishdir,
Mazmunni rassomdek chiza bilishdir.


Elbekning keyinchalik yaratgan «Mehnat kuylari», «G’unchalar», «Chirchiq bo’ylarida» (1935), «Ashulalar to’plami», «Bolalar qo’shigi», «She’rlar to’plami» (1936) kabi kitoblaridagi she’rlarida shoir dunyoqarashidagi, badiiy mahoratidagi takomil manaman deb turardi. Ayniqsa, shoirning «Lena qurbonlari», «Ozodlik qurbonlariga», «Proletar marshi» hamda «Sezgilar» to’plamiga kirgan bir qator she’rlar o’zining da’vatkorligi bilan ajralib turardi.

Elbek bir qator she’riy to’plamlar yaratibgina qolmay, o’nlab dostonlar ham ijod etgan. Uning «Go’zal qiz» (1927), «Bizniki» va «Paxta» (1929), «O’tmishim» (1929), «Chirchiq» (1929), «Batrak kolxozi» (1930), «Tozagul» (1934), «O’zbekiston» (1934), «Bog’bon» (1935), «Etik» (1935), «Mergan» (1935) asarlari shular jumlasidandir.

Elbek — bolalar shoiri sifatida ham ancha barakali ijod qildi. Uning o’sha «Armug’on» to’plamidagi bir qator she’rlari qatori «G’unchalar», «Chirchiq bo’ylarida» hamda «Kambag’al yigit va pardasturxon», «Omonat», «Erksiz polchi», «Ona», «Bolalar qo’shigi» kabi bir qator she’rlar, dostonlar, ballada va ertaklari fikrimizning dalili edi. Ayni chog’da adib «Yozuv yo’llari», «O’rnak», «Boshlang’ich maktab ona tili», «Go’zal yozgichlar» (1924) kabi bir qator darslik va qo’llanmalar muallifi sifatida ham ma’lumdir.

Elbek o’zining o’nlab she’rlari, masal, doston, tarjimalari qatorida hikoyanavis sifatida ham adabiyotimiz tarixida iz qoldirgan. Uning «Dadamat» (1936) to’plampga kirgan «Chirchiq», «Men kim bo’laman», «Ana», «Anorgul», «Qahhorxo’ja», «Dadamat» kabi hikoyalari adibning shoirgina emas, nosir bo’lganligidan ham dalolat berdi.

Elbek bor-yo’g’i qirq yil yashadi. U ham 1938 yilda Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Otajon Hoshim, Qayum Ramazon, G’ozi Olim kabi qatag’onlik qurboni sifatida qatl qilingan. Ammo u yozgapidek, adabiyotnmiz bo’stoniga turfa gul ekib ketdi. Bu uning asarlari edi. Ha:

Bu mening qo’limla yaratilgan gul,
Qanday qila oliy, mening sovg’am shul.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:53:27

CHARXIY
(1900-1979)




Mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi an’analarini yangi davrda muvaffaqiyatli davom ettirgan zamondoshimiz shoir Asqarali Hamroali o’g’li Charxny Qo’qonda 1900 yilda tavallud topgan. Boshlang’ich ma’lumotni eski maktabda olgan Asqarali otasidan husnixat mashq qilishni, onasidan she’r yozishni o’rgandi.

Bo’lg’usi shoir Hofiz, Sa’diy, Navoiy, Bedil, g’azallarini mehr bilan o’qiydi. Sulaymonqul Rojiy, Mirza Ho’qandiy kabi qo’qonlik shoirlardan aruz qoidalarini o’rganib, koproq hajviyotga moyillik ko’rsatdi. Asqarali Oktyabr to’ntarishidan keyin Charxiy taxallusi bilan she’rlar yozib yurgan bo’lsa-da, ularni uzoq vaqtgacha matbuotda e’lon qilmaydi.

Charxiy 1938-1939 yillardai boshlab, Qo’qondagi «Yangi Farg’ona» gazetasida, «Mushtum» jurnalida faol qatnashdi. Shoir «Shirin va achchiq» (1959), «She’rlar» (1966), «Alixo’ja va Xo’jaali» (1970), «Devon» (1972) nomli kitoblarini o’quvchilarga taqdim etdi. Charxiy ijodida lirik she’rlar bilan bir qatorda, satirik she’rlar ham alohida o’rin tutadi.

Charxiy mumtoz adabiyotimizning asosiy vazni — aruz sistemasida va klassik she’riyatnipg turli janrlarida muvaffaqiyatli ijod etgan va uni rpvojlantirgan iste’dodli shoirdir. U ko’p yillar davomida Qo’qondagi Muqimiy uy-muzeyida ilmiy xodim bo’lib ishlab, Muqimiyning ko’p qirrali adabiy merosini to’plash va avaylab saqlash ishiga munosib hissa qo’shgan.

1975 yilda respublikamiz hukumati shoir Charxiyga O’zbekiston xalq shoiri degan faxriy unvon berdi.

Charxiy iste’dodli g’azalnavis, ajoyib qo’shiqchi-shoir, jonkuyar ma’rifatchi sifatida ixlosmandlari xotirasida o’chmas iz qoldirdi.

U 1979 yil 18 dekabrda Qo’qonda vafot topdi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:54:10

G’AYRATIY
(1902-1979)




Yangi davr, sovet davri o’zbek adabiyotining tug’ilishi va shakllanishida ulushini qo’sha olgan adiblardan biri G’ayratiy — Abdurahim Abdulla o’g’lidir. U 1902 yilda Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida dunyoga keldi.

Uning otasi o’qimishli, adabiyotga qiziqqan kishi bo’lgan. Onasi erta qazo etgan bo’lib, yosh Abdurahim mahalladagi Oyimxon aya qo’lida tarbiya topadi. Uning adabiyotga qiziqishi ham aya aytgan ertaklar orqali paydo bo’ladi.

1912-1915 yillarda u avval eski maktablarda, so’ng madrasalarda tahsil oladi. Shu yillarda u Navoiy, Muqimiy, Furqat asarlari bilan ilk bor taninishadi. Oktyabr to’ntarshidan so’ng Toshkentdagi (Xadra) «Namuna» nomli maktabning o’qituvchilar tayyorlash kurslarida o’qiydi, so’ng xalq maorifi sohasida ishlaydi. Bo’lg’usi adibning ilk she’ri 1921 yilda «Bolalar haftasi» nomi bilan «Qizil Bayroq» gazetasida bosilib chiqadi.

1926 yilga kelib Abdurahim — G’ayratiy Ozarbayjonga borib, Bokudagi bilim yurtida o’qiydi. U yerdqa M. Urdubodiy, M. Mushfiq. S. Rustamiy, J. Jabboriy kabi taniqli adiblar bilan tanishadi va muloqotda bo’ladi. Bokudan qaytgach, Toshkeitdagi muzikali drama teatrida adabiy emakdosh bo’lib xizmat etadi. 1929-1931 yillarda O’zbekiston Davlat nashriyotida muharrir va bo’lim boshlig’i bo’lib ishlaydi. Uning birinchi she’riy to’plami 1927 yilda «Erk tovushi» nomi bilan nashr etiladi. 1928 yilda «Yashash taronalari» she’riy to’plami», «Qutilish» nomli hikoyalar to’plami chop etiladi. She’riy to’plamga kirgan «She’rim», «Shoir», «Tanburchi qizga», «Mening tuyg’ularim» kabi she’rlarida shoirning dunyoqarashi gavdalanadi, shuningdek, uning «Temp» (1932), «Olov tanlar» (1938), «Sevgi» (1939), «Oltin yoshlik» (1940) kabi she’riy to’plamlari hamda «Onamga xat» (1933), «Jinasta» (1935) kabi poemalari yaratildi.

G’ayratiy Ulug’ Vatan urushi va urushdan keyingi yillarda ham barakali ijod qildi. U Furqat va Hamza kabi ustozlari («Shoirning o’limi», 1957) haqida poemalar yaratdi. «Tepalik mozor» (1956), «Hilola», «Sababi tiriklik» (1958), «Maxsum qochdi» (1960) kabi hajviy hikoyalar ham yaratdi. «Dovdirash» nomli hajviy hikoyalar to’plami nashr ettirdi. «Tanlangan asarlar»i (1958, 1972) chop etildi.

1972 yilda G’ayratiyga O’zbekiston xalq shoiri unvoni berildi. U 1979 yil 22 yanvarda vafot etdi. Biroq, uning ijodi hozirgi davr taqozosiga ko’ra tanqidiy o’rganishni talab etadi. Sabab, oldingi zamonning ko’p hollarda u maddohi ham bo’lib qolganligi hech kimga sir emas.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:55:07

G’AFUR G’ULOM
(1903—1966)




O’zbek adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri, Ittifoq Davlat va Lenin mukofotlarining laureati G’afur G’ulom 1903 yil 1 mayda Toshkent shahrining Qo’rgontegi mahallasida mehnatkash oilasida tug’ildi. To’qqiz yoshida otasidan yetim qolgan G’afur avval eski maktabda, so’ngra rus-tuzem maktabida ta’lim oldi.

U Oktyabr to’ntarishidan keyingi yillarda muallimlar tayyorlov kursini bitirib, yangi usuldagi maktablarda o’qituvchilik qildi. 1923 yildan bolalar uyida mudir va tarbiyachi, so’ng «Kambag’al dehqon», «Qizil O’zbekiston», «Sharq haqiqati» ro’znoma muharririyatlarida ishladi. Ro’znoma uning uchun dorilfunun rolini o’ynadi, xalq hayotini o’rganish, unda faol aralashish yo’lida muhim vosita bo’ldi.

Uning mamlakatni himoya qilish haqidagi tantanavor qasidalari, o’tmish sarqitlarini qoralovchi hajviy she’rlari va xalqning kundalik ijodiy mehnatini olqishlovchi asarlaridan jamlangan «Dinamo» va «Tirik qo’shiqlar» nomli dastlabki she’riy to’plamlari 1931-1932 yillarda chop etildi.

Shoir liro-epik janrlarida (1930-1935) «Ko’kan» poemasini, «To’y», «Ikki vasiqa» balladalarini yaratdi. Biroq, shoirning bir qator she’rlarida, xususan, biz ko’p yillar kollektivlashtirish mavzuidagi eng yirik liroepik janrdagi asar deb maqtab kelgan «Ko’kan» poemasi hozirgi kun talablari darajasida emasligi sezilib qoldi. Jumladan, poemada boshdan oyoq maqtalgan kollektivlashtirish siyosati ma’lum ijobiy natijalari qatorida cheksiz zulm — fojealarga ham sabab bo’lganligi bor bo’yicha realistik ifodalanmagan edi. Mustaqillik davri o’tmish tarixiga yaqindan haqiqat ko’zgusida boqishni taqozo etgach, bunday nuqsonlar ma’lum bo’lib qoldi. Xuddi shunday hol uni partiya, ona Vatan, V.I.Lenin, Oktyabr haqidagi she’rlarida ham seziladi. Shu tufayli shoir ijodini zarracha kamsitmagan holda unga tanqidiy yondashishni taqozo etadi.

30-yillar G’afur G’ulom hikoya, ocherk, fel’etonlar qatori «Netay», «Yodgor», «Tirilgan murda» kabi qissalarini ham o’z kitobxoniga taqdim etdi.

Ulug’ Vatan urushi yillarida shoir o’z ijodining butun haroratini fashist bosqinchilariga qarshi kurashayotgan xalqqa, uning muqarrar g’alabasiga bag’ishladi. U «Sen yetim emassan», «Oltin medal», «Kuzatish», «Vaqt», «Sog’inish» kabi she’rlarini ijod qildi, publitsistik ocherk va maqolalar yozib, xalqni jang va mehnat g’alabasiga otlantirdi. So’nggi yillarda G’afur G’ulomning 20 ga yaqin she’riy to’plamlari chop etildi. Ayniqsa, shoirpning «Kuzatish», «Sen yetim emassan», «Qish», «Bizning ko’chada ham bayram bo’lajak», «Vaqt», «Onalar» singari asarlarida dunyo xalqlarini fashizm vabosidan xalos etgan jangchilarimning mardona kurashlari tasvirlangan.

G’afur G’ulom urush yillarida yozilgan she’rlaridan jamlangan «Sharqdan kelayotirman» to’plami uchun 1946 yili Ittifoq Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. Adibga vafotidan so’ng «Lenin va Sharq» mavzusidagi asarlari uchun Lenin mukofoti (1973) berildi. G’afur G’ulom o’z davrida «Hurmat belgisi» (1944), uch marta «Mehnat Qizil Bayroq» ordeni (1937, 1951, 1961), Lenin ordeni (1949), medallar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. U O’zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi (1943) edi. 60 yillik yubileyi munosabati bilan unga O’zbekiston xalq shoiri faxriy unvoni berildi. Shoirning ko’pgina asarlari qardosh xalqlar, Osiyo va Yevropa tillariga tarjima qilingan.

O’zbek she’riyatining otashin jarchisi, ulkan san’atkori G’afur G’ulom milliy adabiyotimizning rivojiga katta hissa qo’shgan adibdir. Adib 1966 yilda xastalikdan so’ng vafot etdi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:55:59

BOTU (MAHMUD HODIYEV)
(1904-1938)




Botu yangi zamon o’zbek adabiyotini boshlab berganlardan biri, iste’dodli shoir va jamoat arbobi edi. U 1904 yil 16 mayda Toshkentning Shayxovandtohur dahasining Qatorterak mahallasida tug’ildi.

Boshlang’ich ta’limni eski usuldagi maktablarda olgan bo’lsa ham, oliy ta’limni Moskvadagi Pokrovskiy nomidagi institutning rabfakida (1921) oldi. So’ngra Moskva Davlat dorilfununining iqtisod fakultetida o’qishni davom ettirdi (1921—1927). Samarqand Pedakadyomiyasiga qaytgach, adabiy va ilmiy ish bilan mashg’ul bo’ldi. 20-yillarning o’rtalaridan boshlab, partiya, davlat ishlarida faollik ko’rsata boshladi. Samarqandda nashr etilgan «Alanga» oynomasida va «Farg’ona» ro’znomasida muharrirlik qildi.

Shu davrdan boshlab, uning she’r va hikoyalari, publitsistik asarlari va ocherklari — «Bilim o’chog’i», «Inqilob», «Tong», «Alanga», «Maorif va o’qituvchi» singari oynomalarda chop etiladi. Uning «Hayit harom bo’ldi» (1929), «Tursun» (1930) kabi hikoyalarida eskilik bilan yangilik o’rtasida kurash, ziddiyat o’z ifodasini topdi. Ayniqsa, «Hayit harom bo’ldi» hikoyasida eski dunyo tarafdorlarining inqirozi hajviy yo’sinda fosh etiladi. Uning «Oktyabrdan so’ng o’zbek adabiyoti...», «Umid uchqunlari», «To’lqin tovushlari» kabi maqolalarida esa til, imlo, adabiyot taqdiri haqidagi o’z qarashlarini bayon etadi. Shuningdek, uning «Umid uchqunlari», «To’lqinlarim» (1930) kabi she’riy to’plamlari nashr etiladi. Ulardagi «O’zbek qiziga» (1920), «Kuz kunida», «Parchalar», «So’rma», «Hijron to’lqinlari», «Umid uchqunlari» (1925) kabi she’rlari samimiy va hayajonli tuyg’ular ifodasi edi. Ayniqsa, uning tabiat go’zalliklari, sehrli, karomatini ochuvcha «Ko’klam», «Oloy qizi», «Kaspiy dengiziga» kabi she’rlari kitobxonni o’ziga maftun etardi. Shoirning «Birinchi xat» poemasi ham mashhur bo’lgan. Eng muhimi, uning she’rlarida porloq, ozod kelajak uchun kurash bosh motiv desa bo’ladi. Shu jihatdan, uning «Qo’zgolish», «Isyon», «Bizning tovush», «U kun», «Yosh yurak to’lqinlari» kabi o’nlab she’rlarida hayot, kurash, kelajak tushunchasi bosh mavzudir. Shuning uchun xam shoir o’z yurti, eli osmonini musaffo ko’rishni xohlaydi:

Yirtilingiz, ey yaramas qora qalin pardalar,
Hech yovuqsiz yulduzlarning nurli yuzi ochilsin!
Yo’qolingiz yorug’likni to’saturgan bulutlar,
Yurtimizga eng yuksakdan yorug’liklar sochilsin!


Ha, shoir orzu qilgan yangi olam ko’ksidagi ozodlik quyoshi, istiqlol quyoshi nur socha boshladi. Bu nur barqaror bo’lsin, deymiz.

Botu jamoat arbobi va tarjimon sifatida ham elga tanilgan edi. Xususan, respublikamizda maktab-maorif va oliy ta’limni, fan va madaniyatni rivojlantirishda jonbozlik ko’rsatgani ma’lum. Biroq, Botu o’z davri siyosatiga mute holda ba’zi xato va ziddiyatli yo’lda ha bo’lgan. Xususan, Fitrat va Cho’lponlarga («Mening kecham»iga «Mening kunduzim» bilan javob qilgan) qarshi mafkuraviy kurashlarda ham ishtirok etdi. Shunga qaramay, u adabiyotimiz tarixida o’ziga xos ovozli shoir, sifatida o’rin egallaydi.

Uning bir o’gli — Erkli Mahmudovich Hodiyev jarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor bo’lsa, qizi — Naima Mahmudovna Mahmudova tibbiyot fanlari doktori, professor, yirik jamoat arbobi (Respublika kasaba uyushmasi raisi bo’lgan) hamdir. Botu vafoti haqida xilma-xil qarashlar mavjud. Ularning birida Botu 1940 yilda xastalikdan vafot etdi deyilsa, boshqasida 1938 yil 8 mayda Moskvada xalq dushmani sifatida otib yuborilgan deyiladi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:56:46

OYBEK
(1905-1968)




Sho’ro davri o’zbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qo’shgan ulug’ adib, shoir, olim, jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o’g’li Oybek 1905 yili Toshkent shahrida bo’zchi oilasida dunyoga keldi.

Oldin o’rta maktabda, 1922—1925 yillarda esa Toshkent pedtexnikumida ta’lim oldi. So’ngra O’rta Osiyo Davlat dorilfununida ijtimoiy fanlar fakultetida o’qishni davom ettirdi. Leningraddagi Plexanov nomidagi Xalq xo’jaligi institutida tahsil ko’rdi. 1930 yili O’rta Osiyo Davlat dorilfununini tugatib, Oliy maktablarda siyosiy iqtisoddan dars beradi.

Oybek adabiyotga 1926 yili chop etilgan «Tuyg’ular» she’riy to’plami bilan kirib keladi. Shoirning «Dilbar davr qizi» (1931), «O’ch» (1932), «Baxtigul va Sogindiq» (1933), «Temirchi Jo’ra» (1933) poemalari o’z davrining she’riy solnomalaridandir. Uning yigirmadan ortiq dostonlari bo’lib, tarixiy, zamonaviy va xorijiy mavzularda yaratilgan.

O’zbek xalqining 1916 yilgi milliy ozodlik qo’zg’oloni yozuvchining «Qutlug’ qon» (1940) romanida zo’r mahorat bilan realistik ifodalangan. Adibning ikkinchi yirik tarixiy asari «Navoiy» (1944) romanidir. Oybek bu romanda o’zbek adabiyotida birinchi bo’lib, ulug’ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy obrazini yaratdi. Uning «Oltin vodiydan shabadalar» (1949) asarida xalqimizning urushdan so’nggi davr yaratuvchilik mehnati, «Quyosh qoraymas» (1958) romanida Ulug Vatan urushida erishilgan g’alaba aks ettirilgan. Adibning «Ulug’ yo’l» (1967) asari esa «Qutlug’ qon» romanining mantiqiy davomi bo’lib, unda yozuvchi milliy ongning shakllanishini mahorat bilan ko’rsata olgan.

Oybek 1949 yilda Pokistonga sayohat qildi. Adib Pokiston hayotini, fikr va tuyg’ularini, kurash va intilishlarini «Pokiston xotiralari» ocherklarida, qator she’rlarida, «Zafar va Zahro», «Haqgo’ylar» dostonlarida, nihoyat «Nur qidirib» povestida tasvirladi.

Adibning avtobiografik povesti «Bolalik» 1963 yilda yaratildi. Qissaning bosh qahramoni yosh Muso ya’ni Oybekning o’zidir.

Oybek iste’dodli shoir, yirik nosir bo’libgina qolmay, mashhur olim, davlat va jamoat arbobi, publitsist tanqidchi va tarjimon hamdir. O’zbek kitobxoni Pushkinning «Yevgeniy Oiegin», Lermontovning «Maskarad» asarini, antik Rim adabiyoti namunalarini, arman eposi «Sosunli Dovud»ni Oybek tarjimasida o’qishga muyassar bo’lgan.

Oybek 1943 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi va 1950 yilgacha Akademiyada ijtimoiy fanlar bo’limining raisi lavozimida ishladi. U yuqori malakali filologlar tayyorlashga katta hissa qo’shgan ustozdir.

Ulkan adib «Navoiy» romani uchun Ittifoq Davlat mukofoti laureati bo’ldi, bir necha orden va medallar bilan taqdirlandi. U O’zbekiston xalq yozuvchisi, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori ham bo’lgan. Yozuvchining asarlari o’zbek adabiyotining jahon aro shuhratini yanada oshirdi. Ustoz mahorati yosh yozuvchilar uchun ijod dorilfununiga aylandi. Oybekning o’lmas asarlari ma’naviy xazinamizdan mangu o’rin oldi va umumxalq mulki bo’lib qoldi. Uning eng yaxshi asarlari jahon adabiyoti xazinasiga ham kirgan. Oybek 1968 yil 1 iyulda 63 yoshida vafot etdi. Vafotidan so’ng uning 20 jildlik to’la asarlari majmuasi nashr etildi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:57:30

UYG’UN
(1905—1990)




Mehnat qahramoni, Hamza nomidagi Reslublika davlat mukofoti laureati Rahmatulla Otaqo’zi o’g’li Uyg’un 1905 yili Qozog’iston jumhurlyati Jambul viloyatining Marki qishlog’ida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. U qishlog’idagi maktabni tugatgach, Toshkent pedagogika texnikumida o’qidi. 1925 yildan boshlab Toshkent qishloq xo’jalik texnikumida o’zbek tili va adabiyotidan dars berdi.

1927 yili Samarqand Pedagogika akademiyasida o’qidi va Mirtemir, Hamid Olimjon, Amin Umariy, Hasan Po’latlar bilan tanishdi. Uyg’un yoshligidan she’rlar yozib, vaqtli matbuotda faol ishtirok eta boshladi. 1929 yili shoirning «Bahor quvonchlari» nomli birinchi she’rlar to’plami chop etildi. «Mart kunlari», «Cho’l», «Kolxozchi kiz», «Ukraina yellari» kabi lirik she’rlari kitobxonlarnipg sevimli asariga aylandi.

30-yillarda shoirning «Ikkinchi kitob», «Quyosh o’lkasi», «She’rlar», «Muhabbat» kabi yangi she’riy to’plamlari va bir qator hikoya va dostonlari bosilib chiqdi.

Ulug’ Vatan urushi yillarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi yuksak vatanparvarlik fazilatlarini yurakdan kuylagan shoir she’riyati yangi taraqqiyot bosqichiga ko’tarildi. Uyg’un bu davrda «Ona» (1942), «Alisher Navoiy» (1943, Izzat Sulton bilan hamkorlikda), «Qaltis hazil» (1944) kabi dramatik asarlar, komsediyalar yaratdi.

Uyg’unning urushdan keyingi yillardagi ijodida tinchlik, urush, kurash hamda kishilarning fidokorona mehnatni motivlari xalqlar do’stligi mavzui bilan chambarchas bog’lanib ketadi. Shoirning «Armug’on» (1941) «O’zbekiston» (1942), «Hayot chorlaydi» (1954) kabi she’riy to’plamlari bosildi. Biroq, Uyg’un she’riyatida hozirgi istiqlol davri ruhiga mos kelmaydigan «Brigadir Karim», «Nazir otaning g’azabi» kabi bir qator asarlari ham yo’q emas. U «Hayot qo’shig’i» (1947), «Oltinko’l», «Navbahor» (1948), «So’nggi pushaymon» (1955) nomli dramatik asarlar yozdi. Uiing keyingi yillarda ijod qilgan «Parvona» (1956), «Abu Rayhon Beruniy (1973), «Ibn Sino», «Zebunniso» kabi sahna asarlari o’zbek dramaturgiyasining yaxshi namunalari bo’ldi.

Shoir va dramaturg Uyg’un faol jamoatchi sifatida 1951-1954 yillarda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo’lib ishladi. U o’zbek adabiyoti taraqqiyotidagi xizmatlari uchun bir necha bor taqdirlandi.

1956 yili O’zbekistonda xizmat ko’rsatgai san’at arbobi, 1965 yili O’zbekiston xalq shoiri faxriy unvonlariga sazovor bo’ldi. U Hamza nomidagi respublika Davlat mukofoti laureati hamda Mehnat Qahramoni (1985) unvonlariga ham ega edi. Uyg’un 1974 yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi qilib saylangan edi.

Uygun Pushkin, M. Lermontov, A. P. Chexov, N. Tolstoy, V. Shekspir kabi yozuvchilarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari qardosh xalqlar va jahon xalqlarining ko’pgina tillariga tarjima qilingan.

Ijodkor o’z asarlari bilan o’zbek poeziyasi va dramaturgiyasi rivojiga salmoqli hissa qo’shgan sermahsul shoir va dramaturg sifatida taniqlidir. U 1990 yil fevral oyida 85 yoshida olamdan o’tdi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:58:17

NAZIR SAFAROV
(1905—1985)




O’zbek adabiyotida publitsist, ocherknavis va dramaturg sifatida tanilgan Nazir Safarov 1905 yili Jizzax shahrida temirchi oilasida tug’ildi. U sovet maktablarida o’qidi, birinchi ziyolilar qatori uzoq qishloqlarga borib dars berdi. Komsomol safiga kirdi. Jizzaxda tashkil qilingan «Sanoi nafisa» to’garagi bo’lg’usi dramaturgda teatr san’atiga katta muhabbat uyg’otdi.

Nazir Safarov o’zbek dramaturgiyasining shakllanishida muhim rol o’ynagan «Tarix tilga kirdi» (1931), «Uyg’onish» (1939), «Sharq tongi» (1954) kabi sahna asarlarini yaratdi. «Uyg’onish»da 1916 yil qo’zg’oloni, «Sharq tongi»da Oktyabr inqilobi, «Tarix tilga kirdi» (Ziyo Said bilan birgalikda yozgan)da milliy nizolar, «Kimga to’y, kimga aza»sida ishchilar sinfining yangilik uchun jangu jadali asosiy mavzudir. Dramaturgiya sohasndagi katta xizmatlari uchun N. Safarovga (1955) O’zbekistoida xizmat ko’rsatgan san’at arbobi unvoni berildi.

Ulug’ Vatan urushi davrida Nazir Safarov frontning oldingi jabhalarida bo’lib, jangchilarning qahramonligini, dushmanning yovuzligini hikoya qiluvchi «O’q o’tmas botir», «Vodillik qahramon», «Komissar Qoraboyev», «Sevgi», «So’nggi nafasgacha», «Uzbek farzandlari», «Qahramonning tug’ilishi» kabi qator ocherklar yozdi. Uning hayotdagi yangiliklar, yaxshi tashabbuslar targ’ibotchisi sifatida paxtachilik, mexanizatsiya sohasida xotin-qizlarning rolini aks ettiruvchi asarlari ham diqqatga sazovor. Xotin-qizlar orasidan yetishib chiqqan birinchi zangori kema kapitani Tursunoy Oxunova, uning tashabbusi, el oldidagi obro’-e’tiboridan bahs etuvchi «Uzoqni ko’zlagan ayol» qissasi shular jumlasidandir.

Yozuvchining 1954—1957 yillarda yaratgan zamonaviy mavzudagi katta asarlari «Hayot maktabi» va «Elmurod» (hamkorlikda) p’esalaridir.

Nazir Safarov bir qancha hikoyalar ham yozgan. «Oltinoy», «Olma olmadan uzoqqa tushmaydi», «Ahmadali o’z baxtini qanday topdi» hikoyalari g’oyaviy-badiiy jihatdan puxtaligi bilan diqqatga sazovordir. Uning 60-yillarda yaratgan «Bir tomchi qon» (1967), «Ko’rgan kechirganlarim» (1968) nomli qissalari, «Navro’z» (1973) romani adabiyotimiz yutuqlaryani ko’rsatuvchi asarlar qatoridan joy oldi. «Ko’rgan kechirganlarim» asari uchun muallifga (1968) Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.

Adib nemis-fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan g’alabaning 30 yilligiga bag’ishlab, o’zbek jangchilarining qahramonliklaridan hikoya qiluvchi «Lukash botir» (Ya. Hudoyqulov bilan hamkorlikda) dramasini yaratdi.

U 1975 yilda 70 yoshga to’lishi munosabati bilan O’zbekiston xalq yozuvchisi unvoni va 80 yoshi bahonasida Xalqlar do’stligi ordeni olishga muyassar bo’ldi. Ko’p o'tmay, 1985 yilda vafot etdi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:59:57

SOBIR ABDULLA
(1905—1972)




O’zbekiston xalq shoiri, taniqli dramaturg, Hamza Mukofoti sovrindori Sobir Abdulla 1905 yili Qo’qon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Eski va sovet maktablarida bilim olgan Sobir Abdulla ishchilar tayyorlov kursini (1924-1926) tamomladi.

1925-1948 yillarda «Yangi Farg’ona», «Yosh leninchi» ro’znomalari, «Mushtum»da xodim, Apdijon teatrida adabiy emakdosh bo’lib ishladi. Sobir Abdullaning ijodi 1925 yildan boshlangan. Shoirning «Erk ilhomlari» nomli birinchi to’plami 1931 yilda bosilib chiqdi. «Ko’klam, nash’asi» (1932), «Taajjub», «Gulshan» (1939) she’rlar to’plami, «Navbahor» (1930), «Do’stlik» (1937) hikoya to’plamlarida xalqning hayoti, sevgisi va ma’naviy dunyosi o’z ifodasini topgan.

Sobir Abdulla — sermahsul dramaturg. Uning «Bog’bon qizi» (1930), «Oyxon» (1935), «Tohir va Zuhra» (1939) sahna asarlari, «Alpomish», «Muqimiy» kabilar teatrlarimizning ko’rki bo’ldi.

Ulug’ Vatan urushi yillarida adib jang maydonlari qaxramonlari va front orqasida kishilarning fidokorona mehnat mo’jizalarini aks ettiruvchi «Agar Vatan buyursa», «Chegarachi», «Olga qadam tashlanglar» she' larini yozish bilan birga, «Qurbon Umarov» (1941), «Davron ota», (1942) kabi p’esalarnipg yaratilishida faol ishtirok etdi.

Urushdan keyingi yillarda Sobir Abdulla yaratgan «Vatan sevgisi», «Baxtim qilur namoyish», «Paxtakor tongi», «Ravshan zamon» qo’shiqlari xalqimizdagi vatanparvarlik va mehnatsevarlik fazilatlarini uluglashga xizmat qildi.

Shoir g’azalnavis, qo’shiqchi shoir sifatida zamondoshi, do’sti G’afur G’ulom bilan hamkorlikda ijod qilgan. Umrining so’nggi yillarida demokrat shoir Muqimiy tarjimai holi badiiy aks ettnrilgan «Mavlono Muqimiy» nomli romanning ham muallifidir. Sobir Abdulla 1972 yilda og’ir xastalik bilan vafot etdi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 04:00:40

OYDIN
(1906—1958)




O’zbek xotin-qizlari orasidan yetishib chiqqan talantli adiba Oydin (Manzura Sobirova) 1906-yili Toshkentda hunarmand oilasida tug’ilgan. Oydin 1919 yili Toshkent xotin-qizlar bilim yurtiga o’qishga kirdi. Uni 1923 yili tamomlab, o’qituvchilik qiladi. Yoshlikdan adabiyotga havas qo’ygan Oydin kichik-kichik she’rlar bilan matbuotda ko’rina boradi. Samarqand Pedagogika akademiyasida o’qib yurgan paytlarpda (1927— 1933) Hamid Olimjon, Uyg’unlar bilan yaqindan tanishuvi Oydin ijodida katta rol o’ynadi. Uning o’tmish bid’atlarini fosh etib, xotin-qizlarni ozodlikka chaqiruvchi «Yangilikka qadam» nomli birinchi p’esasi 1925 yilda bosilib chiqqan.

Uning «Tong qo’shig’i» (1931) to’plami, «Maysa uzildi» (1931), «Mashina quchog’ida» (1932), «Ko’prik ustida» (1933), «Bu kecha» (1933) kabi poemalari, «Chechan yo’llar» (1932), «Oydin she’rlari» (1937) kabi to’plamlariga kirgan asarlari o’zbek sho’ro poeziyasi taraqqiyotiga ma’lum hissa bo’lib qo’shildi.

Adiba 30-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab hikoyachilik janrida talay asarlar yaratdi. Oydinning dastlabki «Eslash yoki vigovor» (1933) hikoyasida ozod mehnatning yangi insonni tarbiyalab yetishtprishdagi roli mehnat jarayonida o’zbek xotin-qizlari ongida ro’y bergan o’zgarishlar ifodalanadi. Uning «Chaqaloqqa chakmoncha», «Shirin-shakar», «Uyaldi shekilli, yerga qaradi», «Sadag’ang bo’lay, komandir» hikoyalarida yangicha oila, sevgi-muhabbat, sadoqat motivlari aks ettirilgan. Arizaning o’tmishga bag’ishlangan «Yamoqchi ko’chdi», «Hazil o’tmish», «Gulsanam» (1938) asarlarida o’zbek xalqining hayoti, eskilik urf-odatlarpga qarshi kurashi chuqur nafrat bilan tasvirlangan.

Oydinning Ulug’ Vatan urushi va undan keyingi tinch qurilish yillarida ijod etgan «Qizlarxon» (1943), «Mardljk mangulik» (1947), «Hikoya va ocherklar» (1952), «Hikoyalar» (1954) kabi to’plamlarida zamona kishisining vatanparvarligi, qahramonlik fazitatlari, front va mamlakat ichkarisidagi jonbozlikla, tinch yashash davridagi mehnati o’z ifodasini topgan.

Oydin bu davrlarda kuchli ocherknavis sifatida ham taniladi. Uning M. Gorkiyga bag’ishlangan «Hamon yodimda o’shal ulug’ zot», «Cho’llari obod, qo’llari ozod bo’lgan elda», «El quvonchi», «Qora uylar oqardi», «Muborak», «Katta kishilar», «Mening qahramonim», «Vatan uchun jon fido» kabi ocherklar turkumidagi Vatan madhi, mehnati tufayli baxtga erishgan kolxozchi va ishchi ayollar obrazi zo’r mahorat bilan tasvirlangan.

Oydin O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining mas’ul kotibi, O’zbekiston Kommunistik Partiyasi Markaziy Komitetining mas’ul xodimi (1946—1953), «O’zbekiston xotin-qizlar» jurnalining muharriri lavozimlarida ishladi.

Oydin o’zbek nasrining taraqqiyotiga qo’shgan salmoqli hissasi uchun ikki marta Hurmat belgisi ordeni va medallar bilan taqdirlangan. U bor yo’gi 52 yil umr ko’rdi, 1958 yilda vafot etdi.

Qayd etilgan