Sobir Mirvaliyev. O'zbek adiblari  ( 136053 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 B


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:02:23

JAMOL KAMOL
(1938)




Shoir Jamol Kamol 1938 yili Buxoro viloyatining Shofrikon tumanidagi Chikaron qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. Ota-onadan erta ayrilgan Jamol tog’asi qo‘lida tarbiyalandi. O’rta maktabni tugatib, Buxoro pedagogika    institutining filologiya fakultetida o‘qidi. So‘ng shu yer   da muallimlik qildi.

Jamol Kamol 1965-1969 yildarda «Buxoro haqiqati» ro‘znomasi muharririyatida ishladi. A. S. Pushkin nomli Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qidi va «Lirik she’riyatda kompozitsiya» degan mavzuda nomzodlik ilmiy ishini himoya qildi. Shoir 1970-1972 yillarda Yozuvchilar uyushmasining Buxoro bo‘limida mas’ul kotib vazifasini bajardi. 1972 yildan esa A.S.Pushkin nomli Til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi. Hozirgi kunda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Jamol Kamolning «Olam kirar yuragimga» (1968), «Cho‘qqilarga yog‘ildi» (1971), «Tosh   tug‘yon"  (1973), «Hasan va oy», (1974), «Suyosh chashmasi» (1975), «Dostonlar» (1978), «Tafakkur» (1979), «Suvaydo» (1983) «Umidli dunyo» (1988) va boshqa bir qator she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

Jamol Kamol mumtoz she’riy an’analar bilan zamonaviy she’riyat tizimini uyg‘unlashtirgan iste’dodli shoirdir. Ayni chog’da uning qo‘shiqlari ham klassik musiqa ohanglari bilan uyg’unlashib, olamjahon tarovat bahsh etib keladi.

U bir tarixiy she’rning ham muallifidir. Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi mustaqil deb e’lon (1991, 1 sentyabr) qilingandan buyon jahonning 121 mamlakati uni tan oldi. Oltmishdan ortiq mamlakat esa biz bilan vakolatxona darajasida bitim tuzdi. Ayni chog’da mustaqil O’zbekistonimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo ham etib qabul qilindi. Xuddi ana shu tarixiy kunga shoir Jamol Kamol guvoh bo‘lgan. Binobarin, xuddi shu yerda, shu daqiqada o‘zining «Avval Vatan, keyin jon» she’rini bitib, o‘qib ham bergan edi. Unda:

Kiprik ketar, ko‘z qolar,
Qolar Vatan jonajon.
Jamoldan shu so‘z qolar:
Avval Vatan, keyin jon!—


kabi yuksak tuyg‘ular o‘z ifodasini topadi.

Jamol Kamolning publitsist sifatida eng so‘nggi asari «Makkayi mukarrama, Madinayi munnavara» (1992) asarlaridir. Unda haj bahonasida ma’naviyatimizni qayta baholaydi, kamoli inson orzusi bilan maydonga chiqadi.

Jamol Kamol tarjima bilan ham shug’ullanadi. U fransuz mumtoz adabiyotining namoyandasi Bualoning «She’riy san’at» asarini, ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning Muhammad Fuzuliy haqida  «Shabihijron» dostonini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Jamol Kamol 1986 yilda Shekspir tragediyalarini ingliz tilidan bevosita o‘zbek tiliga muvaffaqiyatli o‘girgani uchun S.Borodin nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan. Yana unga O’zbekiston xalq shoiri (1992) degan yuksak faxriy unvon ham berilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:03:51

GULCHEHRA NURULLAYEVA
(1938)




O’zbek milliy adabiyotining hozirgi taraqqiyotini bir qadar iste’dodli adiba va shoiralarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bular orasida ona shoira Zulfiyadan tortib, Halima Xudoyberdieva, Oydin Hojiyevalar ijodi o‘zga bir olam. Gulchehra Nurullayeva ham ana shu zabardast bir she’riy guldastaga fayz kiritib turganlardan. U 1938 yilda Toshkent viloyatining Choshtepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi chor-nochor ro‘zg‘or tebratgan. Onasi esa uy yumushi bilan band bo‘lgan.

Gulchehra Nurullayeva 1946—1956 yillarda o‘rta maktabda o‘qib, uni oltin medal bilan tugatgan. 1956-1961 yillarda esa Toshkent dorilfununining jurnalistika bo‘limini a’lo baholarda bitirgan. So‘ngra «O’zbekiston xotin-qizlari» (hozirgi «Saodat», 1961— 1967) oynomasida o‘z faoliyatini boshlaydi. 1967—1969 yillarda Moskvadagi ikki yillik oliy adabiyot kursida tahsil oladi. 1967 yildan buyon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Uning ijodi asosan 60-yillardan boshlangan bo‘lib, birinchi she’riy to‘plami «Quyosh tabassumi» (1965) nomi bilan chop etiladi. Shu kungacha o‘ndan ortiq to‘plamlar nashr ettirdi.

«Ularga bu kunning nazari bilan qarab, — deb yozadi shoira o‘z tarjimai holida, — juda ko‘p she’rlarimdan voz kechib turibman. Umuman, O’zbekistonning mustamlaka, o‘zimning qul bo‘lib yashaganimni uzoq yillar bilmagan ekanman. Biz tashqi dunyodan, o‘tmishdan butunlay uzilgandik, imperiya mafkurasi ongimizga har tomonlama singdirilgandi. Shu tufayli hamma qatori pioner, komsomol, komfirqa a’zosi bo‘lganman. Xalqimiz Parkentda Komfirqa boshchiligida otilganining ertasigayoq partiya biletini tashladim. Yozuvchilarning 1991 yil oktyabr oyida bo‘lgan Qurultoyida menga berilgan Lenin komsomoli mukofoti va «Hurmat belgisi» ordenidan voz kechib, uni qaytarib berdim». Ha, shunday!

Shoira ana shu shijoat, isyonkorlik, adolat uchun jonfidolilik o‘zi aytganidek, avvalgi ko‘p she’rlaridan ham voz kechishga olib keldi. Biroq, shoira nimadan, qaysi she’rlaridan voz kechmasin, eng muhimi o‘z xalqi uchun, uning porloq kelajagi, baxt-saodati uchun she’r yozishdan bir zum ham kecholmadi.

Gulchehra Nurullayevaning «Orzularim qoqadi qanot» (1969), «Tashnaman» (1972), «Ikkinchi bahor» (1973), «Lirika» (1975), «Leti, moya mechta» (1972, rus tilida), «Bag‘ishlov» (1977), «Paxta hidi» (1981), «Nurli nuqtalar» (1986), «Muhabbatning suvrati» (1988) kabi to‘plamlariga kirgan o‘nlab, yuzlab she’rlari o‘zining otash nafasi, da’vatkorligi, samimiy va isyonkor ruhi bilan o‘z xalqi yuragidan chuqur joy olgan. Shoira uchun bundan ortiq baxt bormi?! U oilali. Turmush o‘rtog‘i — yo‘l injeneri, qizi dorilfunun  talabasi, o‘g‘li esa rassom bo‘lmoqchi, talaba u. Shoira deydi:

Kimga gul, kim uchun balki tikanman,
Yurtim, xizmatingga yararmikinman?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:05:25

ABDUQAHHOR IBROHIMOV
(1938)




Ham jurnalist, ham yozuvchi Abduqahhor Ibrohimov 1938 yili Toshkentda tavallud topdi. U avval Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika bo‘limini (1962), so‘ng 1975-1977 yillarda Moskvadagi Oliy Adabiyot kursini tugatdi.

1962—1972 yillar mobaynida «O’zbekiston madaniyati» keyin esa «O’zbekiston adabiyoti va san’ati»_ haftaligida, «Guliston» oynomalarida mas’ul lavozimlarda ishladi. Shundan so‘ng uning «So‘nggi nur», «Osmon yaqin, yer yumshoq» kabi ocherk va hikoyalar to‘plamlari yaratildi. Shuningdek, uning «Birinchi bo‘sa»  (1978), «Meni aytdi demang» (1982) kabi sahna asarlari Moskvada rus tilida nashr etildi. Shu damdan boshlab faqat publitsist, hikoyanavisgina emas, sermahsul va iste’dodli dramaturg sifatida ham elga tanila bordi.

Uning «Bu zamon o‘g‘loni» (1982), «Zo‘ldir» (1983), «Tusmol», «Puch», «Senga bir gap aytaman», «Chakana savdo» kabi bir qator pesalari yaratildi. Ularning ko‘plari Hamza va Muqimiy teatri sahnalarida muvaffaqiyat bilan qo‘yildi.

Ayni chog’da uning shu yillarda «Chillaki», «Tong edi», «Har tomchining sababi bor» kabi ajoyib hikoyalari o‘z o‘quvchisiga taqdim etildi.

Shuni ham alohida qayd etish kerakki, yozuvchi Abduqahhor Ibrohimov so‘nggi yillarda otashin publitsist sifatida samarali ijod qilib kelmoqda. Ayniqsa, ma’naviy mnlliy meros, tabiat muhofazasiga oid chiqishlari keng jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratdi.

U adabiyot va madaniyat, teatr san’ati oldidagi ana shu samarali mehnati uchun 1990 yilda O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi degan faxriy nomga savovor bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:06:35

TEMUR PO’LATOV
(1939)




Yozuzchi Temur Po‘latov o‘zining o‘nlab qissa va romanlari bilan o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan adiblar sirasiga kiradi.

U 1939 yilda Buxoroda tug‘ilib, erta mehnat faoliyatnni boshladi. So‘ngra Buxoro Davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Uni 1963 yilda tugatib, 1967 yilda Moskvadagi kinostsenariy oliy kursiga kirib o‘qidi.

Uning ijodi jurnalist sifatida boshlangan bo‘lib, xabar va ocherklari talabank yillaridayoq mahalliy matbuot sahifalarida paydo bo‘ladi. Uning dastlabki qissasi («Ne xodi po obochine») 1964 yilda «Zvezda Vostoka» jurnalida chop etiladi. Shundan so‘ng u yaratgan qissa va romanlar Toshkentda, Moskvada rus va o‘zbek tillarida nashr etila boradi. Shuni ham alohida qayd etish kerakki, Temur Po‘lat rus ilida yozadigan o‘zbek yozuvchilaridan bo‘lganligidan uning asarlari tezroq tarqaladi, Ittifoq nashrlarida tez-tez chop etiladi.

Adibning «Bo‘lak manzilgohlar», «Bolalar xori», "œDushan qaysarning ko‘rgan-kechirganlari» 70—80-yillar adabiyotida sarguzasht janri taraqqiyotiga hissa bo‘iib qo‘shildi. Shuningdek uning «Buxoro xonadonining kechmishlari», «Mulk», «Kunda-shunda», «G’oyibning ikkinchi safari», «Yetti huzur-halovat va qirq qayg’u alam», «G’oyibning qaytishi», «Taroziy toshbaqasi» kabi o‘nlab yirik epik polotnolari kitobxon tomonidan iliq qarshi olingan.

Temur Po‘lat publitsist va munaqqid sifatida ham o‘zining o‘nlab maqolalari bilan «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka», «Literaturnoe obozrenie», «Drujba narodov» kabi oynomalarda tez-tez chiqib turadi. Ayniqsa, uning tabiat muhofazasiga, xususan Orolga oid o‘tkir chiqishlari alohida e’tirofga loyiqdir. U ayni chogda o‘zbek adiblari asarlarini rus tiliga, rus tilidagi adabiyotlarni o‘z ona tiliga tarjima qilishda ham mahorat ko‘rsatadi.

Temur Po‘latov 1986 yilda o‘zining «Mulk», «G’oyibning ikkinchi safari», «Kunda-shunda» qissalari va «Buxoro xonadonining kechmishlari» romani uchun Hamza nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1989 yilda esa unga O’zbekiston xalq yozuvchisi faxriy unvoni berilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:07:36

SA’DULLA SIYOYEV
(1939)




Yozuvchi Sa’dulla Siyoyev 1939 yil 25 martda Qozog‘istoninng Turkiston shahri yaqinidagi Qarnoq qishlog’ida dehqon oilasida tug’ildi. 1946—1956 yillarda Qarnoqdagi o‘rta maktabda, 1957—1962 yillarda Toshkent Davlat dorilfununida o‘qidi. O’qishni muvaffaqiyatli tamomlagan S. Siyoyev dastlab Toshkent radiosida, keyinchalik respublika vaqtli matbuoti, «Mushtum» satirik oynomasida ishladi. Hozirgi kunda u O’zbekiston uyushmasi Adabiyot jamg’armasi boshqonidir.

Sa’dulla Siyoyev ijodi she’r yozishdan boshlanadi. Uning dastlabki she’ri 1956 yilda «Qizil O’zbekiston» ro‘znomasida bosiladi. S.Siyoev she’rlar bilan bir qatorda «Qiz bolaning pandi» (1963), «Ming bir qiliq» (1964), «Charxpalak» (1965), «Uyimizga mehmon keldi» (1966) kabi hikoyalari ham e’lon qilindi. Shu hikoyalarida bugungi qishloqlarimiz hayoti, yoshlar sevgisi yaxshilik va muruvvat kabi insoniy tuyg’ular ulug’lanadi, Yozuvchining birinchi hikoyalar to‘plami — «Qasam ichmagan yigit» 1970 yilda chop etildi. Bu to‘plamga uning lirik va hajviy-yumoristik hikoyalari kiritilgandir. Shundan so‘ng S. Siyoevning «Sadagang ketay» (1972), «To‘ylar muborak» (1975), «Oy borib, omon keeling" (1976), «Og’ir vaznli janjalkash», «Erkaklar uchun ertaklar» kabi hikoyalar to‘plamlari bosmadan chiqdi. Ularda yozuvchi zamondoshlarimizning mehnat faoliyatini, xarakteri va insoniy histuyg‘ularini ardoqlaydi.

Keyingi yillarda uning qissa va hikoyalardan iborat «Yorug‘lik» (1986), «Beparvo bo‘lmoqchiman» (1990) kitoblari hamda «Avaz» (1987) romani o‘quvchilar hukmiga havola etildi. Uning eng so‘ngti «Majnuntolning novdasi» (1989) nomli hikoya va qissalari Hamza nomidagi mukofotga tavsiya etildi. Rus tilida ham uning «Sneg na golovu» (1988), «Skazki dlya mujchin» (1989) kabi to‘plamlari chop etildi. Hozirgi kunda adibning «Turkistonlik avliyo» nomli tarixiy romani chop etilmoqda. Unda ulkan bobokalonimiz Ahmad Yassaviy haqida hikoya qilinadi.

S.Siyoyev hikoyalari rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillariga tarjima qilingandir. Ayni chog’da u Mixail Zoshchenko, Leonid Lench, Ark. Arkanov, G, Gorin kabi yozuvshlarning ko‘plab hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:09:17

SHUKUR XOLMIRZAYEV
(1940)




Shukur Xolmirzayev 1940 yili Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tavallud topdi. U o‘rta maktabni tugatib, Toshkent dorilfununida tahsil ko‘rdi. Ijodi o‘quvchilik yillaridan boshlandi.

Shukur Xolmirzayev hozirga qadar kitobxonlarga juda ko‘p hikoyalar, bir necha qissa va romanlar taqdim etdi. Uning ilk qissasi «Oq otli» tog’ bolalari hayotidan hikoya qiladi.

Shukur Xolmirzayevning talabalikda yozilgan «To‘lqinlar» (1963) povesti zamondoshlarimizning murakkab taqdirini qalamga olinishi va o‘ziga xos mahorati bilan Abdulla Qahhorning e’tiborini tortgan va ulkan adib student Shukurga maktub bitib, uni qutlagan edi.

Yozuvchining «O’n sakkizga kirmagan kim bor?» (1965), qissasi avlodlar qismatiga, aniqrogi o‘z avlodi — tengqurlari hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, voqelik ilk muhabbat iztiroblari tarixida tasvirlanadi.

Muallifning keyingi ijodi — «Olis yulduzlar ostida» «Hayot abadiy», «Og‘ir tosh ko‘chsa...» hikoyalar to‘plami, «So‘nggi bekat», «Qil ko‘prik» «Yo‘lovchi», «Olabo‘ji» romanlaridir.

Shukur Xolmirzayev ijodining alohida xususiyati shundaki, bu adib o‘zbek milliy hikoyachilik san’atini ustozi Abdulla Qahhordan keyin yangi, yuqori bosqichga ko‘tardi. Uning povest va romanlari hech qolishga sig‘mas, tesha tegmagan obraz, xarakterlarga boyligi bilan ajralib turadi.

San’atkor dramaturgiyaga qo‘l urib, «Qora kamar» asarida bosmachi tamg‘ali o‘zbek vatanparvarlarini ilk bor ulug‘ ozodlik, mustaqillik g‘oyasi uchun qahramonona kurash olib borgan fidoyi millatparvarlar qiyofasida haqqoniy badiiy aks ettirib berdi.

Shukur Xolmirzayev asarlari turli tillarga tarjima qilingan.

Keyingi yillarda adibning «Bodom qishda gulladi» (1968), «So‘nmas olov» (1985)' «Toglarga qor tushdi» (1987) asarlari yaratildi. Yaqinda esa uning «Olabo‘ji» romani nashr etildi. U 1989 yilda Hamza nomidagi Davlat mukofotiga, 1991 yilda O’zbekiston xalq yozuvchisi upvoniga musharraf bo‘lgan.

Shukur Xolmirzayev o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan san’atkorlardandir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:11:43

UMARXON AHMADJONOV
(1940)




Namanganlik shoir Umarxon Ahmadjonovning asli kasbi dorishunos. Uni «Sardobali shoir Malhamiy» ham deyishadi. Umarxon — Malhamiy 1940 yilning 23 iyunida Namangan viloyatining Sardoba dahasida ilg’or ziyoli oilasida dunyoga kelgan. O’rta maktabni tugatgandan so‘ng Toshkent Davlat Farmatsevtika oliygohiga o‘qishga kiradi va uni 1965 yilda tugatib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida dorishunos bo‘lib ishlay boshlaydi.

Xuddi shu davrlardan boshlab she’r, g‘azal, qo‘shiqlar mashq qiladi. Ona yer, diyor, muhabbat va kishilar o‘rtasidagi oqibat uning she’rlarida bosh mavzuni tashkil etadi. Uning birinchi she’ri 1963 yilda «Toshkent haqiqati» ro‘znomasida «Qizcha muborak bo‘lsin» nomi bilan bosilib chiqadi. Ketma-ket esa shoir o‘z she’rlari bilan tuman, viloyat va respublika mahalliy matbuotlarida ko‘rina boshlaydi. «Boychechak», «Oltin belanchak» kabi almanaxlarda uning she’r, gazal va qo‘shiqlari bosiladi. Jumladan, shoirning «Boychechak» almanaxida «Iftixor» turkumida to‘qqizta she’ri chop etiladi. U o‘zining «Fidoyilik» degan g‘azalida:

Jonajon do‘stlarga hargiz jon fido etgum kelur,
Yetmasa ul qadrima ul do‘st bahridan o‘tgum kelur,
— deydi.

Hayotda, kishilardagi eng yaxshi fazilat, xislat, namunali sifatlarni bir tomondan olqishlab, shunga da’vat etsa, ikkinchi tomondan bemehr, toshbag‘ir, insoniy fazilatlardan mahrum kishilardan o‘zini yiroq tutadi. Har ikki holatni ko‘pincha qaramaqarshi qo‘yish — kontrast orqali yanada yorqinroq ifodalashga intiladi. Yana bir «Oqibat» she’rida:

Oramizdan qaerlarga ketib qolding oqibat,
Oqibatli el yuzidan pardang olding, oqibat,
— deydi.

Shoirning shu kungacha uch she’riy to‘plami chop etilgan. Eng so‘nggisi 1992 yilda «Zebosan» nomi bilan chop etildi. To‘plam iste’dodli va suyukli shoir Muhammad Yusuf fotihasi bilan ochildi. «U, — deydi M.Yusuf o‘z so‘zboshisida,— Ona diyor, ishq-muhabbat haqida bajonidil qalam tebratayotir. Soflik, mehroqibat, samimiylikni o‘ziga xos uslubda kuylaydi. Shoir har bir kitobxonning qalbiga kirib borishga harakat qiladi va bunga erishgan ham». Ha, shoir Umarxon—Malhamiy o‘z o‘quvchisi qalbiga ma’naviy malham bo‘lish ishtiyoqida, U yaratgan qo‘shiqlar ham shundan dalolat beradi. Shoirning «O’tar», «Bilgaymusan», «Mehrim o‘zing», «Otajon», «Do‘stlarim», «Iboli bo‘lsin» kabi qo‘shiqlari allaqachon havo to‘lqinlarida o‘z shinavandalarini topgan. Ammo shoir hali izlanishda, izlanish kamolotga yetaklasa ajab emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:14:12

OMON MUXTOR
(1941)




Ham shoir, ham nosir, ham dramaturg Omon Muxtor 1941 yili Buxoroda tavallud topgan. O’rta maktabni tugatgach, bir necha vaqt nashriyotlarda adabiy xodim, O’zbekiston radio, televidenie Davlat Komiteti, «O’zbekfilm» hamda G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir bo‘lib ishlaydi. Hozirgi kunda esa «Sharq yulduzi» oynomasida bosh muharrir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Uning ijodi garchi 50-yillarning oxirlaridan boshlangan bo‘lsa ham, birinchi «Chorlar quyoshli yo‘llar» she’riy to‘plami 1965 yilda chop etiladi. Shundan so‘ng u hikoyanavis, qissanavis, romannavis, shoir va dramaturg sifatida yigirmadan ortiq kitob nashr ettiradi. Jumladan, «Nigoh» (1968), «Qushlar va tushlar» (1971), «Shaharlik kelinchak» (1973), «Hayot darvozasi» (1978), «Buxorolik donishmand» (1982), «Volshebnik» (1986), «Bolalikka sayohat» (1984) kabi hikoyalar to‘plami, pguningdek, «Uchqur poezdlar» (1981), «Vazifa» (1988) kabi hikoyalar, qissalar majmuasini chop ettirdi. U ayni chog‘da romannavis sifatida ham o‘zining «Yillar shamoli» (1976), «Egilgan bosh» (1989), «Ming bir qiyofa» (1992) kabi epik asarlarini yaratdi. Shuningdek, «Ohang» (1974), «Yog‘du» (1979), «Marvarid» (1985), «Shiddat» (1990) kabi she’riy to‘plamlar O.Muxtor qalamiga mansub.

Ayni chog‘da u bolalar uchun «Buvim ertak aytadi" (1971), «Kunlardan bir kun» (1985), «Ming yilda] so‘ng» (1991) kabi she’r, ertak va hikoyalar to‘plamlari ni sovg‘a etgan. «Egilgan bosh» romani uchun 1990 yili Yozuvchilar uyushmasining adabiy mukofotiga sazovor bo‘ldi. Adib tavalludining ellik yilligida (1991) unga O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi faxriy unvoni berildi. Asarlari rus va qardosh tillarga tar jima ham etilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:16:59

ABDULLA ORIPOV
(1941)



 
Abdulla Oripov Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida dehqon oilasida 1941 yili dunyoga keldi. Obidiyda qishloq sovetidagi o‘rta maktabni 1958 yili oltin medal bilan tugatgach, O’rta Osiyo Davlat dorilfununi jurnalistika bo‘limiga kirib, uni 1963 yili muvaffaqiyatli bitirib chiqdi.

1963 yildan buyon turli nashriyotlarda muharrirlik, Yozuvchilar uyushmasi kotibi, mualliflar huquqini himoya qilish idorasining rahbari vazifalarida xizmat qili! kelmoqda.

A.Oripovning talabalik yillarida yaratilgan she’rlari respublika vaqtli matbuotida bosilib chiqdi. 1965 yili birinchi she’rlar to‘plami «Mitti yulduz» chop etildi, shundan buyon shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1967), «Onajon» (1969), «Ruhim» (1971), «O’zbekiston», «Qasida» (1972), «Xotirot» (1974), «Yurtim shamoli» (1974), «Hayrat» (1979), «Hakim va ajal» (1980) «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983) she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi. Mazkur to‘plamlarga kirgan she’rlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, unda shoirning she’rdan she’rga, to‘plamdan to‘plamga, yildan yilga o‘sib, ijodiy barkamollashib borganligiga guvoh bo‘lamiz.

Ayniqsa, 60-yillardan keyingi asarlarida hayot va odamlar haqidagi jamiyat va tabiat haqidagi falsafiy mushohadalarning tobora chuqur tus olayotganligi seziladi. Kuchli ehtirosli tuyg‘ular bilan badiiy talqin birbiriga uyg‘unlashib boradi. Bu, bora-bora teran fikrlash bilan yuksak badiiylikning omuxtasiga aylanadi, shoirning kamolotidan darak beradi. U ona obrazini chizadimi, birinchi muhabbatga sodiq lirik qahramon obrazini yaratadimi, O’zbekiston haqida kuylaydimi, olam va odamlar haqida she’r to‘qiydimi, hamma-hamma o‘rinda hayot haqiqati bilan badiiy haqiqatga sodiq qoladi. Hatto eng qatag’onlik yillarida ham rostini, ha kuchi yetganicha, imkoni boricha va pardalarda bo‘lsa ham rost so‘zladi, shoir. «Toqat» she’rida ham shu ruh sezilib turadi.

Bozordan tutoqib qaytar uyga chol,
Go‘sht qayda? Yog‘ qani? Va’da so‘zdami?
Kampiri xo‘rsinib yupatar darhol.
— O’kinmang, taqchillik faqat bizdami??


Abdulla Oripov she’riyatining hozirgi bosqichi yana ham o‘zgacha, ma’naviy-badiiy jihatdan yuksaklikka ko‘tarilmoqda. Uning «Haj daftari» (1992)ga kirgan «Hadis»lari ham buni to‘la tasdiqlaydi. Hozirgacha u 50 ta hadis-she’r yaratgan bo‘lsa, kelgusida uni yuzga yetkazmoqchi. U mustaqil O’zbekiston madhiyasining muallifi hamdir. Eng muhimi, unda shoir Qur’oni karim va hadisi shariflardagi ma’naviyatni qayta, zamon ruhida tiklash, yangi bosqichga ko‘tarishga intilyapti.

Abdulla Oripov iste’dodli shoir bo‘lganidek, iste’dodli tarjimon hamdir. U Dantening «Ilohiy komediya» asarini o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan o‘girdi. Abdulla Oripov Nekrasov, L.Ukrainka, Shevchenko asarlarsh ham ona tiliga tarjima qilgan.

Ijodkorning she’riy majmualari rus va boshqa qa dosh xalqlar tillariga tarjima qilingan va alohida kitob holida nashr etilgan.

Abdulla Oripov — noyob iste’dod egasi. Chuqur falsafiyliklik, milliy g‘urur, isyonkor ruh, diniy-axloqiy teranlik shoir she’riyati asoslarini tashkil etadi. O’zbek xalqining milliy uyg‘onishi, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurash yo‘lida Abdulla Oripov shaxsi va o‘tkir shetzriyati misli ko‘rilmagan o‘rin tutganini qavd etib o‘tish joiz. Uning asarlari o‘zbek she’riyatini hamon boyitmoqda.

O’zbekiston xalq shoiri (1989) Abdulla Oripov munosib taqdirlangan. U Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotining laureatidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Oktyabr 2006, 07:17:44

O’TKIR HOSHIMOV
(1941)




Talantli yozuvchi O’tkir Hoshimov 1941 yili Toshkentda ishchi oilasida tugildi. U o‘rta maktabni bitirgach, 1959—1964 yillar Toshkent Davlat dorilfununining filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limida ta’lim oldi. Utkir Hoshimov «Toshkent haqiqati», «Srvet O’zbekistoni», 1966 yildan «Toshkent oqshomi» ro‘znomasi muharririyatida bo‘lim mudiri, G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishladi. Hozirgi kunda «Sharq yulduzi» oynomasining bosh muharriridir.

O’tkir Hoshimov o‘z ijodini she’r va ocherklar yozishdan boshladi. Uning birinchi ocherklar to‘plami 1962 yilda «Po‘lat chavandoz» nomi bilan nashr etildi. So‘ngra «Cho‘l havosi» (1963), «Odamlar nima derkin...», «Shamol esaveradi», «Bahor qaytmaydi» (1970), «Qalbingga quloq sol» (1973), «Uzun kechalar» (1975), «Nimadir bo‘ldi» (1976), «Quyosh tarozisi» (1980), «Dunyoning ishlari» (1982) hikoya va qissalar to‘plamlari hamda «Nur borki, soya bor» (1979), «Ikki eshik orasi» (1986) romanlari bosilib chiqdi. Hozirgi kunda uning «Uyqudagi tushlar» romani «Sharq yulduzi» oynomasida bosilmoqda. Unda shaxsga sig‘inish va qatag‘onlik davri illatlari haqida hikoya qilinadi. 1974 yili esa «Birovning tashvishi» nomly psixologik dramasi sahnalashtirildi.
 
Bundan tashqari, O’tkir Hoshimov O’rta Osiyo respublikalarining qator teatrlarida namoyish qilingan «To‘ylar muborak», «Sizdan ugina, bizdan bugina» kabi p’esalarning muallifidir.

O’tkir Hoshimov E. Xeminguey, K. Simonov, A. Kuprin, O.Bergolts singari yozuvchilar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Ijodkor 80-yillar publitsistikasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblardan biridir. Uning odob-axloq, ma’naviy olam, milliy qadriyatlar, sho‘ro davri adolatsizliklarini dadil yoritgan ocherk va teleko‘rsatuvlari bu davrning barkamol mevalaridir.

O’zbekiston xalq yozuvchisi (1991) O’tkir Hoshimov «Dunyoning ishlari» qissasi uchun Oybek nomidagi (1982) hamda «Ikki eshik orasi» romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga (1986) sazovor bo‘lgan.

Qayd etilgan