Sobir Mirvaliyev. O'zbek adiblari  ( 135834 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 13 B


Abdusalom  16 Iyun 2006, 10:10:00

O'ZBEK ADIBLARI


Sobir Mirvaliyev

* * * * * * * * *

MUHAMMADSHARIF SO’FIZODA
(1869-1937)




Muhammadsharif So’fizoda 1869 yilning 29 yanvarida Namangan viloyati, Chust tumanida hunarmand-kosib oilasida tug’ilgan.

Otasi Egamberdi So’fi pichoqchilik, charx tortish ishlari bilan mashg’ul bo’lgan. Onasi Zaynab xola xohishiga ko’ra u qo’shnisi Manzura otindan xat-savod o’rganadi, eski maktablarda ta’lim oladi. U Hofiz, Bedil, Alisher Navoiy, Muqimiy va Furqat kabi allomalar ijodini chuqur o’zlashtirib, she’rlar mashq qila boshlaydi. Turkistonda chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti» kabi Qozon, Orenburg va Boqchasaroyda chiqadigan ro’znoma, oynomalar bilan qiziqadi. Boku va Tiflisda chop etilgan ozor tilidagi asarlarni mutolaa qiladi.

1893—1898 yillarda u Qo’qonda yashab, Muqimiy, Furqat ta’sirida «Vahshiy» taxallusi bilan hajviy asarlar yaratadi. Ayniqsa, uning «Dakaning», «Bedanang», "œAyting bu so’zimni", «O’pay», «Beg’ubor dardu olam» kabi hajviy va lirik g’azallari e’tiborga loyiq edi. Biroq hali Muqimiy hajviyasi zarbidan qutulib ulgurmagan zamona hokimlari yosh Muhammadsharifning keskin tanqidiga qarshi hujum boshlaydilar. Oqibatda u 1899 yili Qo’qondan Chustga qaytib keladi. Ikki yil o’tgach, uni amir-amaldorlar «ul beadab va bad aslni» dahriylikda ayblab, qatl etishga hukm chiqaradilar.

O’zining yozishicha, «so’ng Chustdan qochib, Mir viloyatiga tafakkur qilib, muddati 14 yil har mamlakatda yurub» («Turkiston viloyatining gazeti», 1914, 10-son) umr kechiradi. Xuddi shu 1900—1914 yillar So’fizoda dunyoqarashida muhim bosqich hisoblanadi. Avval Bokuga borib, Jalil Dulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi ozarbayjon adabiyotining taraqqiyparvar vakillari bilan tanishadi. So’ng Arabiston shaharlari, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida oddiy mehnatkash xalq hayotini ko’radi. 1910-1913 yillarda Qo’ng’irotda muallimlik qiladi, ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan ro’znoma va oynomalarda tez-tez ko’rina boshlaydi. Ayniqsa, uning mahoratidan darak beruvchi «O’zbek xonimiga», «Xonimlar isminda», «Vatan», «Muslimalar» asarlari e’tiborli edi.

1913 yilda Chustga qaytib kelib, yetim maktablari ochadi va unda muallimlik qiladi. Dunyoviy fanlarni yengil va yangi usulda o’rgatishga bel bog’laydi. Ayni chog’da ayrim shariat peshvolarini, boy-amaldorlarni o’tkir hajviy tig’ bilan savalaydi. Bunga chiday olmagan hokim sinf vakillari uni halok etish payiga tushadilar. Buni sezgan shoir So’fizoda 1915 yili yana xorijiy mamlakatlarga ketishga majbur bo’ladi.

Quvdi meni johillar o’shandog’ vatanimdan,
Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan, —


deb, e’tiqodi, irodasini yana bir bor tiklab oladi. Bu safar davomida u Hindistonda, so’ng Afg’onistonda o’qituvchilik bilan mashg’ul bo’ladi. 1918 yilda Afg’oniston maorif vazirining o’rinbosari sifatida Turkistonga afg’on vakolatxonasining tilmochi bo’lib tayinlanadi. 1918 yil so’ngida u afg’on arboblari bilan O’zbekistonga qaytib keladi va shu yerda umrinin oxirigacha xizmat etadi.

Yana munofiqlar qarshiligiga uchrab, olti oyga qamaladi. So’fizoda butun umr qiyinchiliklar ko’rsa ham, o’z xalqiga xizmat etishdan zarracha to’xtamadi. Uning asarlari «Qizil O’zbekiston», «Mushtum», «Farg’ona» kabi ro’znoma va oynomalarda tez-tez bosilib turdi.

1925 yil 13 avgustda «Farg’ona» gazetasida «Xushchaqchaq qalamlar» sarlavhasi ostida uning bir qator hajviy she’rlari bosildi. Uning «Haqiqatdan ko’z yumganlar», «Qalaysizlar?, «Saylovga» kabi she’rlarida o’sha suronli yillar tahlikalari ustida mulohaza yuritiladi. 1934 yilga kelib, «Bayram nashidalari» nomli dostoni nashr etiladi. Unga o’zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uchun Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan bir qatorda 1926 yil 27 fevralda O’zbekiston xalq shoiri degan yuksak unvon beriladi. U 1937 yilda og’ir betoblikdan vafot etadi.

Qayd etilgan


Abdusalom  16 Iyun 2006, 10:11:02

MAHMUDXO’JA BEHBUDIY
(1875-1918)




Buyuk ma’rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo’ja Behbudiy 1875 yili Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi. Ziyolilar oilasidagi muhit undagi adabiyotga, siyosatga, ma’rifatga bo’lgan qiziqishini tezroq ro’yobga chiqishiga yetakladi. Uning otasi islom huquqshunosligi bo’yicha yirik mutaxassis bo’lib, bu borada ko’plab kitob va risolalar yaratgan edi. Bu o’z navbatida Mahmudxo’jaga o’z ta’sirigi o’tkazmay iloji yo’q edi. Keyinchalik bu haqda u o’z maqolalaridan birida otasi ta’lim bergan «Hidoya» (Islom huquqiga sharhlar) asarining uning taqdirida muhim rol o’ynaganligini bejiz qayd etmaydi.

Mahmudxo’ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug’ullanadi. Ro’znoma va oypomalardan jahonda sodir bo’layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib boradi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o’rganishga kirishib, islom tarixi va nazariyasi bilan shug’ullana boshlaydi. 1902 yilda Makkaga borib, xo’ja va mufti unvonlariga ega bo’lib qaytadi. So’ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo’lib, Ovro’po madaniyati bilan ham qiziqadi. O’sha davrdagi Qozon, Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi jarida va ro’znomalar bilan hamkorlik qiladi. Uning qator maqolalari ham mazkur ro’znoma va oynomalarda chiqa boshlaydi. Maktab, maorif, madaniyat, ma’rifatparvarlik g’oyalarining targ’iboti ushbu maqolalarning markazida turardi.

Behbudiy dunyoqarashida Rossiyadagi eng nufuzli bo’lgan Kadetlar partiyasining a’zolari bilan uchrashuv va ular harakatnomalarining ta’siri katta bo’ladi. 1910 yillarga kelib, o’lkamizda «Sho’roi Islomiya», «Ulamo», «Adolat», «Yosh buxoroliklar» kabi firqalar paydo bo’ladi. 1912-1913 yillarda Behbudiy Samarqandda «Samarqand» ro’znomasi, «Oyna» jaridasi chiqishida jonbozlik ko’rsatadi. U 1914 yilda Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o’quv qo’llanmalari keltiradi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq, u turli to’siqlarga uchrab, «jadidchilik» rahnamosi, daxriy deb e’lon qilinadi. Shunga qaramay, tatar mutafakkiri Ismoil Gasprinlining ma’rifatchilik borasidagi ta’limotini qo’llab-quvvatlab, o’z o’lkasida ham shunday ishlarni amalga oshirishga kirishadi, ko’p o’tmay ma’rifatparvar sifatida o’z xalqi hurmatiga kiradi. U bir qator jahon tillarini bilgan yuksak madaniyat sohibi bo’lishi bilan birga, umuminsoniy madanyatning tolmas targ’ibotchisi ham bo’lgan.

Behbudiy adib sifatida o’zining «Padarkush» dramasini yaratgan. Unda turkistonlik yoshlarni Ovro’po ilmgohlarida o’qitishni targ’ib qilgan. Mazkur asar o’z davrida A. Qodiriyning «Baxtsiz kuyov», Mirmuhsin Fikriyning «Befarzand Ochildiboy», Hamza Hakimzodaning «Yangi saodat» kabi asarlarining yaratilishiga ham ta'sir ko’rsatgan. Hatto u Amerikaning Kaliforniya dorifununida tarjima ham qilingan.

Bundan tashqari, Behbudiy o’zbek va tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Jumladan, «Muntahabi jug’rofiyai umumiy» (1903 yil, «Qisqacha umumiy jug’rofiya»), «Kitobul atfol» (1904 yil, «Bolalar uchun kitob»), «Muxtasari tarixi islom» (1904 yil, «Islom qisqacha tarixi»), «Amaliyoti islom» (1905 yil), «Rossiyaning qisqacha geografiyasi» (1908 yil) kabi darsliklar, kitoblar yozgan. Uning maqolalari 1901 yildan boshlab «Turkiston viloyatining gazeti», «Taraqqiy», «Hurshid», «Shuxrat», «Tujjor», «Osiyo», «Hurriyat», «Turon», «Sadoi Turkiston», «Ulug’ Turkiston », «Najot», «Mehnatkashlar tovushi», «Tirik so’z», «Tarjimon», «Sho’ro», «Vaqt», «Toza hayot», «Samarqand», «Oyina» kabi ro’znoma va oynomalarda chop etilgan.

Albatta, Behbudiy qozonayotgan bunday shuhrat hokim sinflar va amaldorlarning g’ashiga tega boshlaydi. Uni Buxorodagi inqilobiy kuchlarga xayrixohlikda ayblab, Said Olimxon tomonidan 1918 yilda Qarshida qatl qilinadi. Qarshi shahri 20—30 yillarda Behbudiy nomi bilan atalib kelinadi. Mahmudxo’ja Behbudiy 1956 yilga kelib oqlanadi. Hozirgi kunda u qoldirgan rang-barang adabiy-madaniy meros o’z xalqi xizmatiga kirmoqda.

Xullas, S. Ayniy yozganidek: «Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida o'zining ongi va insoniy qadru qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma’rifat uchun kurashga chorlab keldi».

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:38:40

ABDULLA AVLONIY
(1878—1934)




Atoqli ma’rifatparvar, iste’dodli shoir, mashhur tarbiyachi Abdulla Avloniy Toshkentda kosib oilasida dunyoga kelgan. U eski maktabda ta’lim oldi. U o’z tarjimai holida yozishicha: «12 yoshimdan O’qchi mahallasidagi madrasada dars o’qiy boshladim, 13 yoshimdan boshlab yoz kunlari mardikor ishlab, oilamga yordam qilib, qish kunlari o’qir edim. 14 yoshimdan boshlab, o’sha zamonga muvofiq har xil she’rlar yoza boshladim. Bu zamonlarda «Tarjimon» gazetasini o’qib, zamondan xabardor bo’ldim».

Madrasani bitirib, maktabdorlik bilan shug’ullandi. O’qish va o’qitish usuliga isloh kiritib, yangi tipdagi maktab tashkil etgan yosh pedagog o’quvchilarga zamonaviy bilimlar berish, sharq va g’arb tillarini o’rgatish kabi muhim ta’lim-tarbiyaviy ishlarni amalga oshiradi.

Abdulla Avloniy maktablar uchun «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» (1912), «Tarix», «Turkiy guliston va axloq» (1913) kabi zamonasi uchun hodisa bo’lgan darsliklarni yozgan. 1895 yillardan ijodiy faoliyatini boshlagan Avloniy «Qobil», «Shuhrat», «Hijron», «Avloniy», «Surayyo», «Abulfayz», «Indamas» taxalluslari bilan she’r, hikoya, fel’eton va kichik hajmli dramatic asarlar (1900—1917) yaratdi. Shoir o’z she’rlarida zamonasidagi qoloqlikni, johillikni tandid qilar va kishilarni bilimga, ma’rifatga chaqirar edi.

Abdulla Avloniy 1917 yilgacha mahalliy xalq vakillarndan yetishib chiqqan yirik jurnalist sifatida Toshkentda «Shuhrat», «Osiyo» kabi gazetalarni tashkil etadi. U «Advokatlik osonmi?», «Ikki muhabbat», «To’y», «S’ezd», «Laylo va Majnun», «O’liklar» kabi dramatik asarlarida jaholat, bid’at, bilimsizlikning fojeali oqibatlarini, qo’pol va yaramas urf-odatlarni fosh etadi.

Abdulla Avloniy shoir sifatida o’nlab, yuzlab she’rlar bitgan. Ular xoh eski urf-odatlar haqida bo’ladimi, xoh muhabbat yoki maktab-maorif haqida bo’ladimi, hamma-hammasida inson va tarbiya, axloqiy go’zallik va ma’naviy boylik haqida kuylaydi. Shuning uchun ham uning she’rlarida xalq didaktikasi bilan yangi zamon pedagogikasi uyg’unlashib ketadi. Jumladan, «O’z mamlakatimizda» she’rida maishat uchun pul-boyljkni isrof etgan, ammo bola tarbiyasi uchun ko’zi qiymagan xasislarni «Ilm uchun pulni ko’zlari qiymas»ligini qoralaydi. Yoki «Maktab» she’rida:

Maktab misni tillo qilur,
Maktab sizni mullo qilur,—


deyish orqali maktab inson uchun zulm, nohaqlik, adolatsizlikdan xalos etuvchi, najot yo’li deb biladi. Ayniqsa, uning «Adabiyot» (1915) kitobi bu jihatdan alohida ajralib turadi.

Xullas, A. Avloniy yozganidek:
Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa,
Xanjar, olmosday bo’lur o’tkir.


Avloniy 1913 yilda Yevropa usulidagi «Turon» teatr truppasini tashkil etdi, unda o’z asarlari va qardosh xalqlar tillaridan tarjima qilingan qator dramalarni sahnalashtirdi.

Abdulla Avloniy o’zbek xalqi maorifi, madaniyati, ma’rifati bilan bir qatorda qo’shni Afg’on xalqi ijtimoiy-siyosiy hayotida ham 20-yillarda muhim rol o’ynagan. U ma’lum muddat Afg’oniston xalq maorifi vaziri, so’ng Sho’rolar ittifoqining Afg’onistondagi konsuli — elchisi vazifalarida xizmat qilgan.

A. Avloniy 1920—1930 yillarda respublikamiz ro’znoma va oynomalarida qator maqolalari bilan faol qatnashadi.

Avloniy O’rta Osiyo Davlat universitetida dars berish bilan birga, qator adabiyot darsliklarining muallifi bo’lgan. U 1934 yili 56 yoshida vafot etadi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:40:57

SADRIDDIN AYNIY
(1878—1954)




Tojik sho’ro adabiyotining asoschisi, sho’ro davri o’zbek milliy adabiyotining shakllapishiga ulkan hissa qo’shgan atoqli adib, zakovatli olim, donishmand ustod va fidokor jamoat arbobi Sadriddin Ayniy Buxoro amirligiga qarashli G’ijduvon tumanining Soktare qishlog’ida 1878 yilning 15 aprelida dunyoga keldi. Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan Sadriddin 1890 yilda Buxoroga kelib Mir Arab, Badalbek, Olimxon madrasalarida ta’lim oldi, madrasani tugatgach, yangi usul maktablarida muallimlik qildi.

Sadriddin Ayniyning adabiy faoliyati o’tgan asrning 90-yillarida she’rlar yozish bilan boshlangan bo’lib, uning birinchi asari «Guli surx» («Qizil gul») 1897 yilda yaratilgan edi. Shundan so’ng maktablar uchun «Tahsib us-sibiyon» («Bolalar tarbiyasi») nomli o’qish kitobini (1909) tuzib nashr ettirdi.

1917 yil fevral inqilobi ta’siri natijasida O’rta Osiyoning turli shaharlarida istiqlolchilik harakatlari boshlanib ketdi. S. Ayniy amirlikka qarshi kurashgani uchun uni zindonga tashlaydilar. U Oktyabr to’ntarishi yillarida o’zbek va tojik tillarida inqilobiy she’rlar, marshlar yaratadi. Shoir «Inqilob uchqunlari» (1923) to’plamidagi «Ozodlik qo’shig’i», «Oktyabr inqilobi», «Baynalmilal marshi», «Birinchi may» kabi jangovar marshlarida mehnatkash xalqni kurash va mehnatga, do’stlik va birodarlikka chaqirdi.

Yozuvchi hajviy usulda yozgan «Buxoro jallodlari» (1922) qissasida amir-amaldorlarning dahshatli jabr-zulmi, gunohsiz kishilarni o’rta asr qiynoqlari bilan qatl etishlarini fosh etgan bo’lsa, «Odina» (1927) qissasida mehnatkash xalqning og’ir qismati va mash’um hayotini jonli tasvirlab berdi.

Ayniyning o’zbek tilida yozgan «Qullar» romani 1934 yilda Toshkentda o’zbek tilida, 1935 yilda Dushanbeda tojik tilida nashr qilindi. «Qullar» romani xalqchil asar bo’lib, uning bosh qahramoni tarixni harakatga keltiruvchi kuch — xalq va uning sodiq farzandlaridir. Tarixning ma’lum bir bosqichini qamrab oluvchi bu roman xalq tarixini, uning hayotini va kurashini realistik aks ettirgan. Biroq «Qullar» romaniiing so’iggi beshinchi qismidagi jamoa xo’jaligi qurilishi yillari tasvirida andak tarixdan chetga chekinish ham yo’q emas. Chunki romanda faqat bu davrning ijobiy tomonlarigina bo’rttirib ko’rsatilgani holda kollektivlashtirish siyosati tufayli necha o’n minglab begunoh kishilarning qatag’onlikka uchraganligi haqida lom-mim deyilmaydi. Shu jihatdan S. Ayniy ma’lum ma’noda tarixiylikdan chekinganligi seziladi.

Ayniyning «Sudxo’rning o’limi» (1937) qissasidagi asosiy qahramon Qori Ishkamba jahon adabiyotidagi Plyushkin yoki Gobsek kabi klassik obrazlar bilan bir qatorda turuvchi yangi obrazdir.

Ulug’ Vatan urushi yillarida Ayniy «Marshi intiqom», «Muqanna qo’zg’oloni», «Temur Malik» kabi vatanparvarlik ruhidagi ilmiy-badiiy asarlarini ijod qildi. U xalq ijodi romantikasi va fantaziyasidan, folklor obrazlaridan keng foydalangan holda «Yetti boshli dev» asarini yaratdi.

Urushdan keyingi tinch qurilish yillarida yaratgan asarlari orasida to’rt tomlik «Esdaliklar» (1949-1954) ajralib turadi. Asarning 1951 yilda chon etilgan «Buxoro» kitobi Ittifoq Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. S. Ainiyning «Buxoro», «Sudxo’rning o’limi» hamda «Doxunda», «Qullar» romani bolgar, nemis, polyak, venger, xitoy, fransuz, rumin, hind, chex va boshqa tillarga tarjima qilingan.

S. Ayniy o’zbek va tojik adabiyoti tarixi yuzasidan katta ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning o’rta Osiyolik buyuk shoir va olimlar — Rudakiy, Sa’diy, Ibn Sino, Vosifiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. U filologiya fanlari doktori darajasini olishga muyassar bo’ldi. Adib O’zbekiston Fanlar akademmyasining faxriy a’zosi hamda Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi qilib saylandi, bir necha yillar davomida Alisher Navoiy nomidagi Samarq;and Davlat dorilfununining professori va Tojikiston Fanlar akademiyasining tashkil topgan kunidan boshlaboq uning prezidenti sifatida xizmat qildi. U 1954 yilning 15 iyulida Dushanbe shahrida vafot etdi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:44:34

ABDURAUF FITRAT
(1886-1938)




Abdurauf Fitrat adabiyotimiz tarixida shoir va olim, nosir va dramaturg, o’qituvchi va ma’rifatparvar sifatida muhim o’rin egallaydi. U 1886 yilda Buxoroda ziyoli oilasida tugi’igan bo’lib, Buxoro, Istambul madrasalari va dorilfununlarida o’qiydi. U arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o’zlashtiradi.

Adibning otasi savdogarchilik bilan shug’ullangan bo’lib, 1918 yilgacha Qashqarda turib qoladi. U asosan onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo’lib, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi ulkan shoirlar g’azallariii birinchi tinglagan.

Fitrat 1909 yilda Turkiyaga o’qishga borib, 1913 qilgacha Istambul dorilfununida tahsil ko’rgan. Turkiyada tashkil bo’lgan «Buxoro ta’limi maorifi» uyushmasida faollik ko’rsatgan. Behbudiy asos solgan jadid usulidagi maktablar takomiliga xizmat etgan. Uning ilk to’plami 1911 yilda «Sayha» («Chorlov») nomi bilan chop etiladi. «Sayyohi hindi», «Munozara» kabi asarlari ham shu yillarda nashr etilgan.

1909—1913 yillarda Turkiya dorilfununida o’qiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-o’qituvchlarni hayratga soladi. Unga Fitrat — Donishmand taxallusini beradilar. Fitrat ijodi Turkistonda inqilobiy harakatlar kuchaygan, «Sharq uyg’ongan» davrlarga to’gri keladi. U ham o’z salaflari kabi avvalo ma’rifatparvarlik g’oyalarini ilgari suradi. Uning 1913 yilda tojik tilida yaratilgan «Munozara» nomli asarida o’z xalqini zulm botqog’idan qutqarib, «najot yo’li»ni izlagailigi seziladi. Bu davrda rus tili va rus madaniyatini targ’ib qilish ham Fitrat ma’rifatparvarligi yo’nalishining muhim tarmogi bo’lgan.

Bunday qarashlar uning o’zi tashkil etgan va muharrirlik qilgan «Hurriyat» ro’znomasida keng targ’ib etiladi. Xuddi shu yillar «Hayot yo’lida birinchi masala — maktab masalasidir» («Hurriyat», 1917 yil, 1-son) degan shior bilan chiqadi. Uning «Hurriyat» (1917, 31-son) ro’znomasida bosilgan «Yurt qayg’usi...» nomli lavhasida Turkiston uchun, uning ayollari ozodligi uchun kurashga bel boglaganligini aytadi. «Men sen uchun tug’ildim, sen uchun yasharman, sening uchun o’larman, ey turkning muqaddas o’chog’i!» degan da’vat eshitiladi. «Ulug’ Turkiston» (1917, 2-son) ro’znomasida «Yashasin turklik, yashasin Islom» shiori bilan chiqadi. Uning «Hind ixtilolchilari», «Temur sag’anasi», «O’g’izxon», «Abo Muslim», «Turk tili» kabi asarlarida ham hurfikrlar, qarashlar, ko’zga tashlanadi. Shular qatorida «Qon», «Begijon», «Chin sevish», «To’lqin», «Vose’ qo’zg’oloni», «Ro’zalar» kabi dramalari yaratildi.

Fitratning 1922 yilda nashr etilgan «O’zbek shoirlari» to’plamiga kirgan «Kecha», «Behbudiy mozorini izlab», «Sharq» kabi she’rlarida izlanish jarayoni uchraydi. «Shoir» she’rida «o’zim uchun ko’p umidlar to’qidim» degan xulosaga keladi. Uning 1920 yilda yozilgan «Kim deyay seni» kabi she’rida oshiqning ma’shuqqa katta umid bilan intilishi, kutishi, suyishi lirik bir «ohangda kuylanadiki, shoir endi ijodning yangi pog’onasiga ko’tarilayotganligidan dalolat beradi.

Shoir ijodida, dunyoqarashida siljish, yangilikka, go’zallikka intilish seziladi. Xuddi shu hol uning «Abulfayzxon», «Arslon» va «Vose’» (tojik tilida), kabi dramalari g’oyasida ham seziladi. Uning «Qiyomat», «Shaytonning tangriga isyoni» kabi nasriy asarlarida endi ijodkor falsafasining chuqurlashganligi, katta ijtimoiy-hayotiy muammolarni hal etishga intilishi ko’zga tashlanadi.

Fitrat yirik olim, adabiyotshunos sifatida ham bir qancha asarlar yaratgan. Jumladan, «Adabiyot qoidalari», «Eski o’zbek adabiyoti namunalari», «Aruz haqida» kabi ilmiy kuzatuvlari adabiyotshunoslik fani tarixida muhim rol o’ynaydi. Shuningdek, uning Umar Xayyom, Firdavsiy, Navoiy, Bedil, M. Solih, Muqimiy, Furqat haqidagi tadqiqotlari ham adabiyotimiz tarixini o’rganishda muhim manba bo’lib xizmat etishi shubhasiz.

Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg’oniy kabi o’ndan ortiq mumtoz adabiyot vakillari haqida maqolalar yozgan. Fitrat ayni chog’da olim, ulkan pedagog, xalq maorifi tashkilotchisi sifatida ham faol ishladi. 1921— 1923 yillarda u Respublika Maorif xalq noziri bo’lib xizmat qildi. 1923—1924 yillar orasida Moskvadagi Sharq tillari institutida, so’ng Peterburg dorilfununida ma’ruza o’qidi.

«O’zbek tili» darsligi, «O’zbek tili sarfi» (grammatikasi) kitoblari esa 1925—1930 yillarda besh marta chop etildi. Uning «Tilimiz», «O’zbekcha til saboqlari», «Imlo konferensiyasi munosabati bilan» maqolalari ham yaratildi. U ana shu ishlari uchun o’zbek olimlari orasida birinchilardan bo’lib professor degan yuksak ilmiy unvonga sazovor bo’lgan.

Fitrat 1938 yil 4 oktyabrda Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Otajon Hoshim, Qayum Ramazon, G’ozi Olim kabi xalqimizning buyuk ziyolilari qatorida qatl etildi. Faqat 1956 yilga kelib u oqlandi. Oqlandiyu, qariyb yana o’ttiz besh yildan so’nggina, mustaqillik davri sharofati bilan u haqdagi haqiqatni aytish va yozish imkoniyati tug’ildi.

Abdurauf Fitrat hayoti va adabiy faoliyati ziddiyatlarga o’ta boyligi bilan ajralib turadi. 1991 yil 25 sentyabrda Abdurauf Fitratga o’zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:46:25

HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY
(1889-1929)




Yangi davr o’zbek adabiyoti yalovbardorlaridan biri, yetuk shoir va bastakor, dramaturg va rejissor, ma’rifatchi va matbaachi, publitsist va jamoat arbobi Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yil 7 martida Qo’qon shahrida tabib oilasida tug’ildi. Otasi Ibn Yamin Xolboy o’g’li (1840—1922) Muqimiy, Furqat kabi allomalar bilan maslakdosh bo’lgan zamonasining ilg’or ziyolilaridan edi. Onasi Jahonbibi Rabiboy qizi (1858—1903) ham tabobatdan xabardor savodli ayol bo’lgan.

Hamza avval eski maktab va madrasalarda o’qib arab, fors, turk tillarini mukammal bilgan. Rus-tuzem maktablarida esa rus tilini o’rganishga muvaffaq bo’lgan. Mana shu ijodiy muhit uni erta ijodga yetaklagan. U 1902 yildagi Andijon zilzilasi haqida:

Yomonlar pul tufayli e’tibor oldi diyor ichra,
Faqir bechoralar qoldi fig’onu ohu-zor ichra,—


deya davr zulmi, fojeasidan zorlangan edi, Hamza 1903—1904 yillar orasida 197 ta she’r yaratib, uni «Devoni Nihoniy» nomi bilan chop ettiradi. Undagi she’rlarda ham o’z xalqining himoyachisi, zulmga qarshi isyon ko’targan yosh adib sifatida namoyon bo’ladi. U: - Boshida posboni yo’q deb, yetim ahlini qaqshatma, — deya xitob qiladi. Shunday qilib, u demokratik adabiyotning yosh bir vakili sifatida ko’zga tashlanadi.

1910-1916 yillarda u Behbudiy, A. Avloniy, A. Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat va Mirmuhsin Fikriy kabi ma’rifatparvar adib sifatida namoyon bo’ladi. Bu uch yo’l bilan amalga oshiriladi. Avvalo, yetimlar maktabini ochib, muallimlik qiladi. Qolaversa, mazkur maktablar uchun «Yengil adabiyot», «O’qish kitobi», «Qiroat kitobi» kabi darsliklar ham yaratadi. Va, nihoyat, o’zining she’r va dramalarida, publitsistik maqolalarida o’z xalqini ma’rifatga chorlaydi. Shu maqsadda uning 1914 yilda «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg’ona» kabi ro’znomalarda, «Oina» jaridasida ma’rifatga chorlovchi ocherk va publitsistik maqolalari chiqadi. Uning «Bid’atmi, ma’jusiyatmi?» (1914) ocherki shular jumlasidan edi. 1915—1916 yillarda nashr etilgan «Milliy ashulalar», «Oqgul», «Qizil gul», «Pushti gul», «Sariq gul» kabi she’riy to’plamlarida va «Yangi saodat», «Uchrashuv» kabi romanlarida ana shu ma’rifatga chorlov asos bo’lgan. Shuningdek, uning «Ilm hidoyati», «Normuhammad domlaning kufr xatosi», «O’ch» va «Zaharli hayot» (1916) kabi ilk dramalarida ham zulm va xurofot avj olgan davrda o’z xalqining ilmga-ma’rifatga intilishini ulug’laydi. Ayni chog’da xotin-qizlar ozodligini kuylaydi.

Hamza ijodida 1916 yilgi mardikorlikka olish tarixi ham o’z izini qoldirdi. Uning «Safsar gul» (1917) she’riy to’plami va «Loshman fojeasi» (1916-1918) trilogiyasi shu jihatdan muhimdir. Shu tufayli ta’qibga uchrab, adib 1917 yillar boshidan oxirigacha Turkiston va Toshkentda yashaydi. Bu davrda uning «Toshkentga sayohat» (1917) komediyasi yuzaga keladi. Nihoyat uning «Boy ila xizmatchi» dramasi (1917) yaratilib, unda inqilobiy g’oyalar ilgari suriladi. 1917 yilda chiqa boshlagan «Kengash» oynomasida ham faollik ko’rsatadi. U ta’qidlangach, «Hurriyat» oynomasini chiqara boshladi.

Ma’lumki, 1917 yil 25 aprelda «Ulug’ Turkiston» ro’znomasida Hamzaning «Turkiston muxtoriyatina» nomli she’ri bosiladi. Unda «To’rt yuz yillik Romanovlar» sulolasining taxtdan ag’darilishi va rus-burjua demokratik inqilobining g’alabasidan mamnunlik seziladi. «...1917 yilning 28 mayida Qalandarxonada to’rt yuzga yaqin rabochiylarni to’plab, zo’r namoyish»ga boshchilik qiladi. O’sha yiliing oktyabr oylarida esa butkul inqilobiy kurashga o’tadi. Shu davrda uning «Shundoq qolurmu, qolurmu?», «Muxtoriyat va avtonomiya» kabi asarlarida shu hol ko’zga tashlanar edi.

Hamza Hakimzoda 1918-1923 yillar mobaynida jumhuriyatning deyarli barcha viloyatlarida maktab-maorif va madaniy qurilish ishlari bilan band bo’ldi. Qizil Armiya frontida (1920) targ’ibot-tashviqot ishlarini olib bordi. Xuddi shu davrda u inqilobiy shoir, dramaturg sifatida keng tanildi. «Yasha, Sho’ro!», «Hoy, ishchilar!» kabi she’rlari, «Kim to’g’ri» (1918), «Tuhmatchilar jazosi» (1918), «G’olibiyat» (1923-1924), «Saylov oldida», «Burungi saylovlar» (1926), «Maysaraning ishi» (1926), «Paranji sirlari» (1922), «Jahon sarmoyasining oxirgi kunlari» (1927) kabi qator dramatik asarlar yaratdi.

Hamza 1928 yil avgust oyida Shohimardonga yuboriladi. U yerda maktab, maorif ishlari, xotin-qizlar ozodligi masalalari bilan shug’ullandi. 1929 yil 18 martda reaksion to’da shoirni toshbo’ron qnlib o’ldiradi. 1926 yil 27 fevralida unga «O’zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berilgan. Xamza asarlari jahon xalqlari tillariga tarjima bo’lgan va nashr etilgan. Hamza Hakimzoda Niyoziy nomida shahar, tuman, maktab, ko’cha, teatr, jamoa va kutubxonalar, metro bekati bor.

Hamza hayoti va ijodi haqida hozirgi adabiyotshunoslikda turlicha qarashlar mavjud. Keyingi yillar hamzashunosligida Hamza tarjimai holining ilgarigi an’anaviy tadqiqiga qarama-qarshi fikrlar ilgari surilmoqda. Vaqt eng yaxshi sinov. Hamza sinovdan o’ta oladi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:47:34

G’ULOM ZAFARIY
(1889-1938)




G’ulom Zafariy ko’p qirrali ijod sohibi bo’lib, u o’zbek milliy teatri, teatr tanqidchiligi, musiqa tarixi va nazariyasi, qolaversa, milliy adabiyotimiz taraqqiyotida munosib o’rin egallaydi. U 1889 yili Toshkentning Beshyog’och dahasiga qarashli Kattabog’ mahallasida tavallud topdi. Avval eski maktabda, xususiy rus maktabida, Ko’kaldosh madrasasida ta’lim oldi. U 1912-1914 yillarda O’sh shahrida o’qituvchilik qildi. 1914 yildan boshlab Toshkentdagi «Turon» truppasida aktyorlik qildi, o’qituvchi bo’lib ishladi. 1917 yildan «Ishchilar dunyosi» oynomasida bo’lim boshlig’i, oliy bilimgoh va oliygohlarda faoliyat ko’rsatdi.

G’ulom Zafariy ijodi 1914 yillardan boshlangan bo’lib, u dastlab o’z she’rlari bilan taniladi. So’ngra esa «Baxtsiz shogird» (1914) nomli bir pardali p’esa yozadi, keyin «Bahor», «Gunafsha», «To’sqinchilik», «Yorqinoy», «Rahimli o’qituvchi», «Mozorlikda», «Maqtangan kishi», «Tatimboy ota» hamda «Cho’pon Temir» (1924), «Yoshlar endi berilmas» (1926) kabi p’esa va dostonlar yaratdi. Biroq Zafariy yozuvchi, dramaturg sifatida o’zining «Halima» p’esasi bilan mashhur bo’lgan. «Halima» 1920 yilda yozilgan bo’lib, o’sha yili 14 sentyabrda «Turon» truppasida Mannon Uyg’ur tomonidan sahnalashtiriladi. Mazkur asar to’ng’ich milliy muzikali drama bo’lib, uning musiqiy bezagini ham muallifning o’zi mashhur sozanda Shorahim Shoumarov hamda mulla To’ychi Hofiz yordamida bajardi. Ayni chog’da «Halima» o’z davrida milliy opera sifatida baholangan. Professor Fitrat ham ushbu asarni opera deb ataydi.

G’ulom Zafariy o’zbek milliy kuylari, maqom va maqom sho’balarini juda yaxshi bilgan amaliyotchi va nazariyotchi ham edi desa xato bo’lmas. Uning «Sharq kuylari va cholg’ulari», «Muzika muammosi», «O’zbek musiqasi to’g’risida» kabi maqolalari shular jumlasidandir.

G’ulom Zafariy 1937 yilda qatag’onlikka uchrab, 1938 yilda qatl etilgan.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:48:36

HABIBIY
(1890—1982)




Zamonamizning ko’zga ko’ringan shoirlaridan biri Zokirjon Xolmuhammad o’g’li Habibiy yangi davrda mumtoz she’riyatimizning eng yaxshi an’analarini rivojlantirdi. U o’z g’azallari bilan xalqimizning umid va intilishlarini, ruhiy kamolotini ifodalab keldi.

Habibiy 1890 yili Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi Qo’qon qishlog’ida kambag’al dehqon oilasida tug’ildi. U eski maktabda, Andijon, Qo’qon madrasalarida ta’lim oldi. Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy va Furqat razallarini mutolaa qildi, ularga ergashib she’rlar yozdi. Xususan

Sharq adabiyoti an’analariga ergashdi. Sa’diyning sehrli, falsafiy she’riyati, buyuk Navoiyning hayotbaxsh ijodi, Fuzuliyning she’riy kalomi uni qo’llab-quvvatladi.

1919 yilda Habibiy Andijonning Bo’taqora qishlog’ida yashab, dehqonchilik bilan shug’ullandi. Yigirmanchi yillarda xalq qo’shiqlari uslubida ko’plab she’rlar yaratdi. Habibiy o’z zamonasi mavzulari, kolxoz tuzumi, kanallar qurilishi, cho’llarni o’zlashtirish, Farhod GESining bunyod etilishi va boshqa yirik o’zgarishlarni qalamga oldi.

Shoir ijodida ona Vatan va xalqimiz hayoti va kurashi, intilishlari haqidagi she’rlar yetakchi o’rinni ishg’ol etadi. U bir she’rida:

Ey, hur Vatanim, toza tanu jon ila sevdim,
Jon ila tanu pokiza vijdon ila sevdim, —


deya Sobir Abdulla, Charxiy, Chustiy kabi adiblarga hamohang jo’r bo’ldi. Shu g’oya uning «O’lkam», «Farhod qo’shigi», «Muborak yosh», «Inson aziz», «Ulug’ burch», «Chevarlar», «Muddao bilan» kabi she’rlarida o’z maromiga yetkazildi.

Ulug’ Vatan urushi yillarida shoir qalamini nayzaga aylantirdi. Uning bu davrdagi g’azallari orasida «Jangchi yigit qo’shig’i», «Boladan ota-onaga xat», «Onadan bolaga xat» kabi g’azallari, ayniqsa, xarakterli edi. Shuningdek, Habibiyning «Kolxozchilar ashulasi» (1951), «Ko’ngil taronalari» (1957), «Tanlangan asarlar» (1967), «Devon» (1971) kabi she’riy to’plamlari ham xalq e’tiboriga sazovor bo’ldi.

Habibiy 1974 yilda 85 yoshga to’lishi munosabati bilan O’zbekiston xalq shoiri unvonini olishga muvaffaq bo’ldi. Zokirjon Habibiy o’zbek she’riyatining g’azal va qo’shiqchilik bobida o’ziga xos maktab yaratib, aruz vaznidan muvaffaqiyatli foydalangan katta iste’dod sohibidir. Shir 1982 yili 92 yoshida vafot etdi.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:49:32

ABDULLA QODIRIY
(1894-1938)




O’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tug’ildi.

«Har holda bemavridroq bo’lsa kerak, kambag’al, bog’bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada ... tug’ilg’onman», deydi u o’z tarjimai holida, — Yoshim to’qqiz-o’nlarga borg’ondan so’ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o’qib, keyin vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan o’n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. Xo’jayinim o’zi savdogar kishi bo’lub, o’rischa yozuv-chizuv bilaturg’on odamga muhtoj edi. Shu ta’ma bo’lsa kerak, meni o’ris maktabga yubordi... 1912 yilda manfaktur bila savdo qiluvchi bir kishiga yiliga 50 so’m barobariga prikazchik bo’lub kirdim...

Shu miyonalardan bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadirg’on gazetalarni o’qib, dunyoda gazeta degan gap borlig’iga imon keltirdim. 1913 yilda o’zbekcha «Sadoi Turkpston», «Samarqand», «Oina» gazetalari chiqa boshlag’och, menda shularga gap yozyb yurish fikri uyg’ondi. 1913 yilda chiqqan «Padarkush» ta’sirida «Baxtsiz kuyov» degan teatr jitobini yozib yuborg’animni o’zim ham payqamay qoldim (1915 yilda). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turg’on hikoya va ro’monlarga taqlidan «Juvonboz» otliq hikoyachani yozib noshir topilmag’onidan, o’zim nashr qilib yubordim. Nikolay taxtdan yiqilg’ondan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko’ngilli bo’lib yozildim...

1918 yil boshlarida eski shahar oziq komiteti boylar qo’lidan olinib, komitetning raislig’iga o’rtoq Sultonxo’ja Qosimxo’jayev tayin qiling’on edi va men mazkur komitetning o’zbekcha sarkotibligiga kirdim. 1919 yilning avvallarida oziq komitetining ismidan chiqarilmoqchi bo’lg’on «Oziq ishlari» gazetasiga muharrir bo’lib tayinlandim...

Shu kungacha Sho’ro idoralarida qilgon xizmatlarimni birma-bir sanab o’ltirishim uzoqqa cho’ziladurg’on bo’lg’onlikdin mundan keyin muassasa ismlarinigina atash bilan kifoyalanaman: «Ro’sto» devoriy gazetasiga muxbir bo’lib, «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida sotrudnik... «Mushtum» jurnalining muannisi va tahririya a’zosi bo’lib, to 1924 yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim. Shu o’tgan yetti yil orasida Sho’rolar hukumati va firqadan bir og’iz tanbeh olmadim. Xulosa — boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo’lsa, menim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir... Ishchi-dehqonlar yozg’on asarlarimni suyunib o’qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o’qirlar va unutmaslar...»

Bo’lg’usi adibning ilk ijodi 1913—1914 yillarda boshlangan bo’lib, dastlab u shoir sifatida qalam tebratdi. Uning «Ahvolimiz», «Millatimga», «To’y» (1914-1915) kabi she’rlari «Oina» jaridasida bosilib chiqqan edi. U o’z millatini ma’rifatga chaqiradi, ma’rifatparvar shoir va adib sifatida maydonga chiqadi. «Baxtsiz kuyov» (1915) nomli fojeasi, «Juvonboz» (1915), «Uloqda» (1916) kabi hikoyalarida ham o’z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod ko’rish istagi sezilib turadi.

1924 yili Abdulla Qodiriy Moskvaga borib, Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib «Mushtum» jurnalida shtatsiz muxbir bo’lib ishlay boshladi. Uning «Toshpo’lat tajang nima deydi?» va «Kalvak mahzumying xotira daftaridan» turkumidagi satirik hikoyalari ana shu jurnalda ilk bor bosilib bordi.

Abdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «O’tgan kunlar» romani uchun material yig’ishga kirishdi. 1922 yilda birinchi o’zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925-1926 yillarda «O’tgan kunlar» uch bo’lim holida kitob» bo’lib nashr etildi.

1928 yil yozuvchining ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» nashrdan chiqdi. 1934 yilga kelib Abdulla Qodiriy qishloq xo’jaligi mavzuiga bag’ishlangan «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Undan tashqari u Gogolning «Uylanish», Chexovning «Olchazor» va boshqa g’arb yozuvchilarining satirik hikoyalarini o’zbek tiliga tarjima qildi.

Abdulla Qodiriy 1934 yilda bo’lib o’tgan Moskvadagi Butunittifoq Yozuvchilarining birinchi qurultoyida qatnashadi.

U «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o’g’ri», «Dahshat» kabi romanlar yaratish orzusida bo’lgani ham ma’lum. Ammo bevaqt o’lim orzulari ro’yobga chiqishiga imkon bermadi.

Abdulla Qodiriy 1937 yilning 31 dekabrida qamoqqa olindi. «Menga qo’yilgan ayblarni boshdan oyoq rad etaman. Haqiqat yo’lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo’rqmayman. Agar otmoqchi bo’lsalar, ko’kragimni kerib turaman...» Abdulla Qodiriy 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otildi. Uning asarlari XX s’ezddan so’ng, 1956 yildan boshlab yangidan nashr etila bordi. 1990 yilda Respublika prezidenti Farmoni bilan A. Qodiriy nomidagi Respublika Davlat mukofoti ta’sis etyldi. 1991 yilda esa A. Qodiriyga Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi.

Hozirgi kunda esa bir qator ko’chalar, bog’lar, maktablar, kutubxona, mahalla va oliy bilimgohlar uning tabarruk nomi bilan yuritiladi. Uning nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat oliy bilimgohida eng bilimdon talabalarga Abdulla Qodiriy nomidagi nafaqa beriladi. Uning 100 yillik tavallud (1994) sanasiga yetti jildlik to’la asarlari nashr etilish arafasida.

Qayd etilgan


Abdusalom  30 Iyun 2006, 03:50:29

CHO’LPON (ABDULHAMID SULAYMON O’G’LI)
(1897-1938)




O’zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon o’g’li Yunusov — Cho’lpon 1897 yilda Andijonning «Qatorterak» mahallasida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Onasi uy bekasi bo’lgan. Otasi Sulaymonqul mulla Muhammad Yunus o’g’li (1874-1929) dehqonchilik, hunarmandchilik, bazzozlik bilan shug’ullangan.

Taniqli jurnalist, yozuvchi va o’qituvchi Mo’minjon Muhammadjonovning (Mo’min kofir) «Turmush urinishlari» kitobida qayd etishicha, Cho’lponning otasi Sulaymonqul o’z davrining yetuk ziyolisi, ma’rifatparvar kishisi bo’lgan. U «Rasvo» taxallusi bilan she’rlar yozgan. Mistik g’azallar qatori hayotbaxsh misralar yaratib, «Devon» ham tuzgan.

Cho’lpon avval eski maktabda, so’ngra esa Avdijon va Toshkentdagi obro’li madrasalarda tahsil olib, turk, arab, fors tillarini mukammal o’zlashtiradi. Sharq ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Sa’diy, Hofiz, Dehlaviy, Nizomiy, Umar Hayyom, Alisher Navoiy, Abdulla To’qay kabi buyuk so’z san’atkorlari ijodini mehr bilan o’rganadi. Shu bilan birga, Andijondagi rus-tuzem maktabida rus tilini chuqur o’zlashtirishi natijasida jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo’ladi. Ayni chog’da Turkistonda 1905 yillarda kamol topa boshlagan ma’rifatparvarlik yo’nalishi ta’sirida shakllana bordi. Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi atoqli ma’rifat targ’ibotchilari va tashkilotchilariga ergashdi, ma’rifatchi adib bo’lib shakllandi.

Cho’lponning ijodi 1913-1914 yillardan boshlanga bo’lib, u avval «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» va nihoyat Cho’lpon (Tong yulduzi) taxallus bilan ijod qila boshladi. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida o’z xalqi adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo’shdi. Uning dastlabki asarlari «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg’ona» kabi mahalliy ro’znomalarda, shuningdek, Orenburgda chiqadigan «Sho’ro» nomli oynomada ham nashr etiladi. Xususan, Cho’lponning «Ishtirokiyun», «Qizil bayroq», «Turkiston» hamda «Buxoro axbori» kabi ro’znomalardagi faoliyati ham uning ijodiy shakllanishida mahorat maktabl bo’lib xizmat etdi.

Cho’lpon ocherknavis va publitsist sifatida ham barakali ijod dildi. 1914-1917 boshlarda «Bahor ovullari», «O’sh», «Vatanimiz Turkistonda temir yo’llar» hamda «Do’xtir Muhammadiyor» asarlarnda madaniyat va ma’rifat targ’ibotchisi sifatida maydonga chiqdi. Oktyabr to’ntarishidan keyingi 1920-1924 yillarda hayotda sodir bo’layotgan xush va noxush o’zgarishlarni qalamga oldi. Uniig «Yo’lda bir kunduz», «Yo’lda bir kecha», «Sharq poyezdi keldi», «Sharq uyg’ongan», «Chimkent», «Quturgan mustamlakachilar», «Yo’l esdaligi» singari o’nlab sayohat ocherklari va publitsistik maqolalari yaratildi. Mazkur asarlarda chorizm mustamlakachilari va mahalliy hokim sinf yetkazgan jabru jafo yetmagandek, fuqarolar urushi davri ofatlari, fojealari, mehnatkash xalqni yana bir bor jabrlaganligini qoraladi.

Cho’lpon 1922-1926 yillarda o’zining «Tong sirlari», «Uyg’onish» va «Buloqlar» kabi uchta she’riy to’plamini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib «Soz» va «Jo’r» kabø she’riy to’plamlari tayyorlandi. Ammo «Soz»i chop etiladi-yu, «Jo’r» to’plami katag’onlik shamoli tuzog’iga ilinib, qolib ketadi. Shoir to’plamlari orasida «Buloqlar» (1922) ajralib turadi. Unda shoir yaxlit holda mazlum Sharq taqdiri fojeasi haqida o’z qarashlarini to’kib soladi. To’plam besh bo’limdan iborat bo’lib, «Sharq uchun», «Sezgilar», «Sevgi», «Qora yo’llar» va «Qor qo’ynida» deb nomlanadi. Shoirning o’zi qayd etishicha, mazkur she’riy guldasta «Jahon fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq o’lkalariga bag’ishdanadir». Jumladan, «Amirning o’limi» she’rida shunday misralarni o’qiymiz:

Ko’nglimda yig’lagan malaklar kimlar,
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda ingragan bu jonlar kimlar,
Qullar o’lkasining insonlarimi?


Cho’lpon 1925 yillarga kelib «Muhit kuchli ekan, egdim bo’ynimni» deya ijod sohasida qarashlarining o’zgarganligini e’tirof etadi. Uning «Mening tovushim», «Kuz», «Buzilgan o’lkaga», «Yupatmoq istagi» kabi dardchil she’rlari yoniga «Qizil bayroq», «Xalq», «Qo’zgolish», «Qor», «Bir tilla qo’ng’iz», «Yaproq uchun» kabi umidli, armonli va fayzli she’rlari qo’shildi. Shoir yaratgan ikki yuzdan ortiq she’riy asarlar o’z xalqi, yurti, baxti, kelajagi, mustaqilligi, ozodligi haqidagi kurashning adabiy solnomalaridandir.

Cho’lpon yetuk lirik shoirgina emas, yirik nosir sifatida o’nlab publitsistik maqolalar, ocherk va hikoyalar, «Qor qo’ynida lola», «Yov» qissalari va «Kecha va kunduz» (1938) kabi ajoyib romanining birinchi («Kecha») qismini nashr ettirgan iste’dodli adib hamdir.

U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning «Xalil farang», «Cho’rining isyoni» kabi kichik p’esalari, «O’rtoq Qarshiboyev», «Mushtumzo’r» kabi yetuk dramalari hamda ko’p vaqt sahnadan tushmagan «Yorqinoy» p’esalari mashhur bo’lgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V. Yan bilan hamkorlikda «Hujum» dramasini yaratgan.

Cho’lpon adabiy tanqid sohasida «Sho’ro hukumati va sadoi nafisa», «Adabiyot nedur?» kabi mazmunli maqolalar ham yaratgan. Shuningdek, Cho’lpon mohir tarjimon sifatida M. Gorkiyning «Ona», A. S. Pushkinning «Dubrovskiy» qissasi va «Boris Godunov» kabi p’esalarini hamda V. Shekspnrnnng mashhur «Hamlet»ini o’zbekchaga o’girgan.

Cho’lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriy kabi qatag’onlik siyosati qurboni bo’lgan. U 1937 yilning 14 iyulida qamoqqa olinib, 1938 yilning 4 oktyabrida otib tashlangan. 1956 yilda oqlanib, 1991 yildagina birinchi bor «Yana oldim sozimni» nomi bilan eng yaxshi she’riy asarlari to’plam holida nashr etildi. Keyingi bir jildlik kitobidan uning kengaytirilgan tarjimai holi, (prof. O. Sharafiddinov) «Kecha va kunduz» romani o’rin olgan.

Hozirgi kunda Cho’lpon nomida nashriyot, ko’cha, mahalla, kutubxona va maktablar qo’yilgan. Uning Fozila (1906), Foiqa (1903) ismli qizlari va nabiralari Namanganda yashaydi. Unga 1991 yil 25 sentyabrda «Yana oldim sozimni» kntobi uchun Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi.

Qayd etilgan