Latifa eshitar, ammo dugonasining so‘zlarini durust anglamas edi. Go‘shakni asta joyiga ko‘ydi. Barmoqlari titrayotganini o‘zi sezmadi - derazaga orqa qilib o‘tiruvchi Ma’suma sezdi. To‘g‘rida o‘tiradigan, Latifaga tez-tez o‘g‘rincha qarab qo‘yadigan Sodiqjon ham sezdi. Latifa haykal holiga kirgan edi. O’ziga dam-badam qarab qo‘yayotgan nigohlarni sezmasdi. Uni chuqur o‘yga botdi, deb ham bo‘lmaydi. U hech nimani o‘ylamas, boshi g‘ovlab, bo‘shab qolganday edi. Sodiqjon "œAhvolini so‘rab, bilsangiz-chi?" degan ma’noda Ma’sumaga ko‘z tikdi. Ma’suma bu qarash zamirida qanday maqsad yashiringanini sezsa-da, sezmaganday o‘tirdi. U beg‘amligi uchun semirganmi, yo semirib so‘ng beg‘am bo‘lib qolganmi - bunisi Yaratganga ma’lum, har holda hech bir ishda shoshilmaydi. Mana shu odati ba’zan kulgiga sabab bo‘lardi, ba’zan esa hamxonalarining yuraklari tars yorilib ketay derdi. Sodiqjon hozir shu holga tushdi. Tomog‘ini qirib, yana unga qarab qo‘ydi. Ma’suma qog‘ozlarini titib, nimadir qidirdi. Shundan so‘nggina Latifaga qaradi:
-Latifa, oldingi oyning hisobotidan sizda qolmaganmi? Qurib ketgurni qayoqqa qo‘yganimni bilolmayapman.
Bu savol Latifani karaxtlik domidan ozod qildi. Lekin Ma’sumaning gapini darrov anglay olmadi. Ma’suma esa uning ahvolini sezmagandek gapiraverdi:
-Bugun mudirimiz chap yoni bilan turganmi, ertalabdan beri menga ming‘irlaydi. O’tgan oy hisobotini qayta ko‘rib chiqing, deydi. Bir nushasini sizga bermabmidim?
Latifa endi unga ajablanib qaradi - ertalab ham shuni so‘rovdi. "œEsi og‘ib qolganmi, nima balo?" deb o‘yladi-da, qisqa qilib: "œyo‘q", dedi. Ma’suma Sodiqjonga qaradi. Uning beg‘am boquvchi ko‘zlaridan: "œFarosatingiz bormi, chiqib tursangiz-chi", degan ma’noni uqqan Sodiqjon qo‘liga ilingan bir varaq qog‘ozni olib, o‘rnidan turdi. U chiqib ketishi bilan Ma’suma Latifani savolga tutdi:
-Tinchlikmi, Latifa, yomon gap eshitmadingizmi, ishqilib?