Umumiy bo'lim > Umumiy

Qasos (hikoya). Tohir Malik

(1/3) > >>

shoir:
QASOS
Tohir Malik
Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga Ayol qalbi shu qadar ham qonsiragayki, Topolmaysiz yer yuzidan bunaqasini!
Dugonasi xushxabar aytib, suyunchi so‘radi.
Latifa buni eshitib, quvonishi lozim edi. Chunki, shu hol yuz berishini istab, Xudoga necha bor munojot etdi. Allohga iltijolarim yetib borarmikin, niyatimga yetmay o‘lib ketmasmikinman, deb qo‘rqib yurgan kezlari ham bo‘ldi. Nihoyat... ohlari Yaratganga yetib boribdi. Shu hol yuz bersa armonim qolmaydi, quvonchlarim dunyoga sig‘may ketadi, deb o‘ylardi.
Xushxabarni eshitib nimaga quvonmadi? Vujudiga nima uchun afsus to‘r yoya boshladi? Ko‘ngilga shodlik baxsh etishi lozim bo‘lgan yangilikni yetkazgan dugonasiga nima uchun javob qaytarmay, jimib qoldi? Bu holati suyunchilab telefon qilgan dugonasigagina emas, hatto o‘ziga ham noma’lum edi.
-Latif, eshityapsanmi?-dugonasi go‘shakning garang qulog‘ini ochmoqchi bo‘lgandek, bir-ikki qattiq pufladi.
-Eshityapman,-dedi Latifa siniq ovozda.
-Ering qo‘l-oyoqsiz, shol bo‘lib qolibdi. Tili ham aylanmasmish. Xotini uyiga olib kelmay, kasalxonadan to‘ppa-to‘g‘ri qariyalar uyiga olib borib tashlabdi. Voy tavba-ya! O’ttiz besh yoshli yigitni ham qariyalar uyiga olaverishar ekanda-a? Eshityapsanmi?

shoir:
Latifa eshitar, ammo dugonasining so‘zlarini durust anglamas edi. Go‘shakni asta joyiga ko‘ydi. Barmoqlari titrayotganini o‘zi sezmadi - derazaga orqa qilib o‘tiruvchi Ma’suma sezdi. To‘g‘rida o‘tiradigan, Latifaga tez-tez o‘g‘rincha qarab qo‘yadigan Sodiqjon ham sezdi. Latifa haykal holiga kirgan edi. O’ziga dam-badam qarab qo‘yayotgan nigohlarni sezmasdi. Uni chuqur o‘yga botdi, deb ham bo‘lmaydi. U hech nimani o‘ylamas, boshi g‘ovlab, bo‘shab qolganday edi. Sodiqjon "œAhvolini so‘rab, bilsangiz-chi?" degan ma’noda Ma’sumaga ko‘z tikdi. Ma’suma bu qarash zamirida qanday maqsad yashiringanini sezsa-da, sezmaganday o‘tirdi. U beg‘amligi uchun semirganmi, yo semirib so‘ng beg‘am bo‘lib qolganmi - bunisi Yaratganga ma’lum, har holda hech bir ishda shoshilmaydi. Mana shu odati ba’zan kulgiga sabab bo‘lardi, ba’zan esa hamxonalarining yuraklari tars yorilib ketay derdi. Sodiqjon hozir shu holga tushdi. Tomog‘ini qirib, yana unga qarab qo‘ydi. Ma’suma qog‘ozlarini titib, nimadir qidirdi. Shundan so‘nggina Latifaga qaradi:
-Latifa, oldingi oyning hisobotidan sizda qolmaganmi? Qurib ketgurni qayoqqa qo‘yganimni bilolmayapman.
Bu savol Latifani karaxtlik domidan ozod qildi. Lekin Ma’sumaning gapini darrov anglay olmadi. Ma’suma esa uning ahvolini sezmagandek gapiraverdi:
-Bugun mudirimiz chap yoni bilan turganmi, ertalabdan beri menga ming‘irlaydi. O’tgan oy hisobotini qayta ko‘rib chiqing, deydi. Bir nushasini sizga bermabmidim?
Latifa endi unga ajablanib qaradi - ertalab ham shuni so‘rovdi. "œEsi og‘ib qolganmi, nima balo?" deb o‘yladi-da, qisqa qilib: "œyo‘q", dedi. Ma’suma Sodiqjonga qaradi. Uning beg‘am boquvchi ko‘zlaridan: "œFarosatingiz bormi, chiqib tursangiz-chi", degan ma’noni uqqan Sodiqjon qo‘liga ilingan bir varaq qog‘ozni olib, o‘rnidan turdi. U chiqib ketishi bilan Ma’suma Latifani savolga tutdi:
-Tinchlikmi, Latifa, yomon gap eshitmadingizmi, ishqilib?

shoir:
Latifa unga yalt etib qaradi. "œQanday sezdi, bu beg‘am? Birdan o‘zgarib ketdimmi?"
-Tinchlik... dugonam sal hovliqmaroq... Bir tanishim kasal ekan... shunga...
-Ha-a... Endi issiq jon, bir kasal bo‘ladi, bir tuzaladi. Choynakni qo‘yib yuboring, choy ichadigan vaqt bo‘ldi.
Elektr ulagich kitob javonining panasida, Latifaning shundaygina yon tomonida edi. Shu sababli xonada choyxonachilik vazifasini hammavaqt beminnat bajarsa-da, bu safar malol keldi. Choynakni tokka ulab, o‘rnidan turdi-yu, dahlizga chiqdi. Ma’suma uning izidan ma’nodorqarabqoldi.
Dahlizdagi deraza oldida Sodiqjon bir varaq qog‘ozni buklab ushlagan holda turardi. Latifaning chiqishini kutmagani uchun nima deyishini bilmay, taraddudlandi.
Sodiqjon bilan Latifa tengdosh, institutda birga o‘qishgan. Talabalik yillaridayoq bir-birlariga mayllari bo‘lgan, lekin taqdir yo‘rig‘i degandek, turmush yo‘llari ayri-ayri tushdi. Ular bir-birlarini yoqtirar edilar. Ammo bu yoqtirish ota-ona istagiga qarshi isyon ko‘tara oluvchi qudratga, aniqroq aytilsa - muhabbat darjasiga yetmagan edi. Oldinma-keyin bo‘lib o‘tgan to‘ylaridan so‘ng, ayniqsa, oilalarida noxushliklar yuzaga kelgan damlarda bir-birlarini qo‘msardilar. Biroq, bu qo‘msash kapalak umri misol uzoqqa yetmas edi. Har ikkovi bir-biriga bo‘lgan munosabatni ko‘p o‘ylashardi: "œUni yoqtirganim holda nima uchun hamma narsadan shartta voz kechib, U bilan birga bo‘la qolmayman?" degan uncha murakkab bo‘lmagan savolga qariyb o‘n yildan beri javob topisha olmas edilar. Yoshlik hislari asta so‘nib, turmush nomli daraxtning achchiq mevalaridan to‘yib-to‘yib yegach, bu savol chigali yechila boshlanadi. Oralaridagi tuyg‘u to‘shakka yetaklovchi muhabbat emas, balki turmushning tikanli yo‘llarida madad berguvchi mehr ekanini anglab yetadilar. Unga qadar esa bu tuyg‘u nima ekanini bilmay qiynaladilar, atrofdagilar esa ularning munosabatlarini boshqacha talqin qilaveradilar. To‘g‘ri, Latifa eri bilan ajralishgach, Sodiqjon uni bir-ikki marta kinoga taklif qildi. Latifa o‘n uch yoshli qizaloq emaski, bu takliflarning ma’nosini anglab yetmasa. Avval gapni hazilga burdi. Taklif takrorlanavergach:
-Siz meni ersiragan shaloq xotin deb o‘ylayapsizmi?-deb dangal aytdi.

shoir:
Sodiqjon bu javobni eshitib, dovdiradi. To‘g‘ri ko‘ngilda ekanini aytib, o‘zini oklamoqchi bo‘ldi. Shunisi ortiqcha edi. Chunki juvonning javobi taklifga yarasha bo‘lgan edi. Sodiqjon shundan so‘ng o‘zini tiydi. Lekin: "œRo‘parangga qara, bu mahliqoning eri yo‘q, o‘zi yoshgina bo‘lsa, ersiz qiynaladi. Senga o‘sha gapini bir aytdi-qo‘ydi-da. Unga qarab-qarab, ko‘zingni uzma. Ko‘zlaring bilan uni o‘zingga rom qilib ol!" deb vasvasaga soluvchi shaytonni haydab yubora olmas edi. Ba’zan esa o‘yga tolardi: "œShuncha paytdan beri ersiz yurib ko‘nikdimi yo bitta-yarimta bilan pinhona don olishib yurganmikin?" Shu fikr uyg‘ongan damdayoq tomog‘iga g‘azab o‘ti bostirib keladi. Xayolidagi o‘sha mavhum xushtorni bo‘g‘ib o‘ldirgisi keladi. O’zicha "œKim bo‘lishi mumkin u maraz?" deb, tanishlarini bir-bir ko‘z oldiga keltiradi. Latifa jilmayib gaplashib turgan erkaklarni shubha ostiga olaveradi. Xullas, Latifa eridan ajralishganidan keyin necha yil o‘tgan bo‘lsa, shuncha yil Sodiqjon shu holda kuyadi. Hozir dahlizga chiqib turganida ham xayoli shu tomonga bir og‘di. Latifaga gapirolmay qolgani ham shundan. Latifa uning nima uchun chiqib turganini bilsa ham, o‘zini bilmaganga oldi:
-Choy qo‘ydim,-dedi hotirjam ovozda.
-Yomon xabar eshitdingizmi?-dedi Sodiqjon, uning ko‘ziga tik qarab.
 "œYomon xabarmidi?-deb o‘ziga o‘zi savol berdi Latifa.-Chindan ham nima bu - yomon gapmi yo xushxabarmi? Nima uchun o‘zgarib ketdim. O’zgarganimni bular ham sezishibdi..."
-Nimaga yomon xabar? Shunchaki bir gap,-dedi Latifa osoyishta ohangga ko‘chib.
-Birdan g‘alati... bo‘lib qoldingiz?
-Boshim og‘riyapti. Magnit bo‘roni kuni emasmi bugun? Men keta qolay, choyga o‘zingiz qararsiz.
Latifa shunday deb ichkari kirdi-da, stoli ustini yig‘ishtirishga ham toqat qilmay, Ma’suma bilan xayrlashib, sumkasini olib chiqdi.

shoir:
Xonaga qaytib kirgan Sodiqjonni Ma’sumaning ma’nodor qarashi qarshi oldi.
Latifa xayolini chalg‘itish uchun bir oz piyoda yurmoqchi bo‘ldi. Xarid qilish niyati bo‘lmasa-da, yo‘lida uchragan do‘konlarga ham kirib chiqdi. Yonma-yon yurgan er-xotinni ko‘rdi deguncha, ko‘z oldida eri gavdalanib, yuragi siqilaverdi. Bunday noxush holatdan chiqishning birdan bir chorasi - uyga borish edi.
Qo‘shni imoratlarga nisbatan ko‘rkamroq qilib solingan, bolaligi o‘tgan, baxt ilinjida "œyor-yor" bilan tark etib, so‘ng ikki o‘g‘il bilan qaytib kelgan uy bu onda ko‘ziga shumshuk bo‘lib ko‘rindi. Akasi kuyovining xarom-xarishdan qaytmas odam ekanini bilib, uni sharmanda holida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, Latifani o‘sha kuniyoq ko‘chirib kelgan edi. O’g‘lining kattasi endigina atak-chechak qilayotgan edi. Kichigi tug‘ilib, tug‘ruqxonadan uyga ketish uchun ijozat tekkan kun edi. Kuyov bo‘lmish Tolib ularni ancha kuttirdi. Kelavermagach, akasi, yangasi Latifani uyga boshlab borishdi. Borishdi-yu... Tolibning maishati ustidan chiqishdi. Latifa ostona hatlab ichkari kirmadi. Ajrashayotgan paytda sud uch xonali uyning ikki xonasini unga xatlab berganda ham haqqidan voz kechdi. Aniqrog‘i, akasi oldirmadi. "œNahs bosgan uy o‘ziga buyursin", dedi. Ana o‘shandan beri Latifa shu uyda. O’g‘illari tog‘asini "œopoqdada" deyishadi. Latifaning baxtiga "œadam qanilar?" deb so‘rashmaydi. Otadan olishi kerak bo‘lgan mehrni tog‘adan olgani sababli so‘ramasalar kerak. Ba’zan Latifa "œnega so‘rashmaydi?" deb achchiqlanadi. Hozir bo‘lmasa ham keyinroq borib so‘rashlarini biladi. Oradan yillar o‘tib, so‘rashganida nima deb javob beradi? "œOtang xotinboz edi, shaloq edi, shuning uchun ajrashib ketganmiz" deydimi?.. Latifa kelajakda sodir bo‘lajak mana shu manzaradan qo‘rqadi. Ota-onaning qilmishiga farzand bir kunmas-bir kun hukm chiqaradi. Qanday bo‘ladi bu hukm? Kim aybdor deb topiladi? Er-xotin ajralishib ketaverishadi. Unisi boshqaga uylanadi, bunisi boshqasi bilan turmush quradi. Bola esa o‘zicha ulg‘ayaveradi. Bola ulg‘ayib kim bo‘lib yetishganidan qat’i nazar, hukmni o‘qiydi. Xudo o‘z jazosini ana shu farzand hukmiga jo qiladi. Latifa shu jazodan qo‘rqadi.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version