SAID AHMAD
(1920)O’zbek adabiyotining yetak nosirlaridan biri Said Ahmad Husanxo‘jaev 1920 yili Toshkentning Samarqavd darboza mahallasida ziyoli oylasida dunyoga keldi. Shu yerda o‘rta maktabni (1939) bitirib, Oliy o‘quv yurtida (1940—1941) ta’lim olgan. Adabiyot darslari va to‘garaklarida ijodga bo‘lgan havasi ortib, qo‘lga qalam ushlagan, vaqtli matbuot uning ijod dorilfununi bo‘lgan. Said Ahmad dastlab «Mushtum» oynomasida, Radio komitetida (1942—1943), «Qizil O’zbekiston» ro‘znomasi (1943—1947), «Sharq yulduzi» oynomasida (1948—1950) va so‘nggi yillarda u O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi qoshidagi nasr bo‘limiga boshchilik qiladi. Uning birinchi hikoyalar to‘plami «Tortiq» 1940 yilda nashr etiladi.
Urush va urushdan so‘nggi yillarda Said Ahmad ko‘plab fel’eton, ocherk va hikoyalar yozdi. «Er yurak» (1942), «Farg’ona hikoyalari» (1948), «Muhabbat» (1949) kabi to‘plamlar nashr etildi. Ulug’ Vagan urushi davri voqealariga bag’ishlangan «Xazina», «Hayqiriq», «Rahmat azizlarim» kabi hikoyalarida avtor urushning dahshatli oqibatlarini hayajonli tasvirlaydi, urush qahramonlarini ulug‘laydi.
Adibning hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G’afur G’ulomning yumori, Abdulla Qahhorning bayondagi lakonizmi mujassamdir.
Said Ahmadning barcha hikoyalari zamonaviy mavzuda yozilgan. U hikoyalarida tasvirlaydigan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqarishga, voqealarni lirik ta’sirchanlik bilan ifodalashga, badiiy priyomlarning xilma-xilligiga erishishga intildi. «Cho‘l burguti», «O’rik domla», «Lochin», «Odam va bo‘ri», «Bo‘ston», «To‘y boshi» kabi qator asarlari Said Ahmad ijodida ham, o‘zbek nasrida ham yangilik bo‘ldi, Adib hikoyalarining bosh qahramoni ichki dunyosi boy va pok bo‘lgan zamondoshlarimizdir. Muallif «Tog‘ afsonasi», «Zumrad», «Muhabbatning tug’ilishi», «Ko‘zlaringda o‘t bor edi», «Poyqadam», «Alla», «Iqbol chiroqlari» asarlarida hayotiy xarakterlar yaratdi.
Said Ahmad hajviy hikoyalarida taraqqiyotjmizga to‘siq bo‘layotgan yaramas urf-odatlar ustidan kuladi, yangicha ma’naviy-axloqiy masalalarni o‘rtaga qo‘yadi. Aksincha, o‘zbek psixologiyasiga singmaydigan, milliylikdan yiroq bevatan, bemillat, yangicha urf-odatlar, udumlar ustidan ham qahqaha otib kuladi. Uning «Xanka bilan Tanka» «Lampa shisha» kabi o‘nlab hajviyalari shular jumlasidandir. Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan o‘zbek radio va televideniyesida quvnoq miniatyuralar teatriga asos solgan.
Said Ahmad hikoyalaridan asta-sekin yirik polotnolar yaratishga o‘tdi. 1949 yilda chop etilgan «Qadrdon dalalar» va «Hukm» (1958) qissalari shular jumlasidandir.
«Ufq» romanida (1964) Ulug’ Vatan urushining olovli yillarida o‘zbek dehqonlarining front orqasida ko‘rsatgan mehnat qahramonliklari atroflicha hikoya qilinadi. «Ufq» trilogiya bo‘lib, yozuvchi unda urushdan oldingi va undan keyingi davr hayotiy muammolari haqida bahs yuritadi. U o‘zining «Jimjitlik» (1988) romanida esa turg’unlik davri illatlarini fosh etishga intildi.
Said Ahmad mohir dramaturg sifatida ham tanildi. Uning «Kelinlar qo‘zg’oloni», «Kuyov» kabi sahna asarlari shular jumlasidandir.
Said Ahmad ham qatag’onlik zulmining ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘lgan, lager azoblarini tortgan ijodkordir. O’z talanti va ona xalqiga sadoqat, katta ishonch adibni so‘z san’atkori darajasiga yetkazgan.
Ijodkor tarjima ishlari bilan ham faol shug’ullangan. Jumladan, B. Polevoy, A. Musatov, O. Gonchar kabi yozuvchilar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ayni chog’da adibning ko‘pgina hikoyalari qardosh va horijiy tillarga ag’darildi.
Said Ahmad o‘zining quvnoq, orombahsh hikoyalari va salmoqli romanlari bilan o‘zbek prozasi rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelayotgan ilg‘or yozuvchidir. U O’zbekiston xalq yozuvchisi, Hamza mukofoti sovrindori hamdir.