7-bob
Hadisni rivoyat qilish va bu ishga ijozat berish haqida
Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Odamlar hadisni rivoyat qilish haqida ixtilof qilishdi, agar "bizga hadis aytdi" deganning o'rniga "bizga xabar berdi" yoki aksincha "xabar berdi"ning o'rniga "bizga hadis aytdi", desa, joizmi, joiz emasmi, deb ixtilof qilishdi. Ba'zi hadis ahllari: "Agar sen hadisni muhaddisga aytmoqchi va uni undan rivoyat qilmoqchi bo'lsang, "falonchi bizga xabar berdi", deb aytishing lozim bo'ladi. Agar senga muhaddis o'qib bersa, falonchi bizga gapirib bergan (hadis aytgan), deb aytasan", deyishadi. Ilm ahlining ko'pchiligi ikkalasini ham baravar bilishgan. Biz shunisini olamiz. Yusuf Qoziydan (rahmatullohi alayh) rivoyat qilinishicha, u kishi aytganlar: "Sen hadisni faqihga o'qib berasanmi yoki u senga o'qib beradimi, xohlasang, hadis aytdi, deysan, xohlasang xabar berdi yoki falonchidan eshitdim, deb aytasan".
Abu Muti' aytadilar: "Men Abu Hanifadan: "Bizga xabar berdi, deymi yoki bizga hadis aytdi deymi?" deb so'radim. U zot xohlasang, xabar berdi, de, xohlasang, hadis aytdi, de", dedilar.
Sha'ba ibn Hajjoj aytadilar: "Xohlasang, xabar berdi, de, xohlasang, hadis aytdi, de, xohlasang, bizga bildirdi, deb ayt. Agar muhaddis, mendan rivoyat qilishingga ijozat beraman, desa, xabar berdi yoki hadis aytdi, deyishing joiz emas, balki falonchi menga ijozat berdi, deb aytasan".
Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Xalil ibn Ahmad qozi: "Abu Tohir Ahmad ibn Safin Dayomiy shunday deganlarini eshitdim: "Agar muhaddis, men senga ijozat berdim, deb aytsa, u, men senga mening zararimga yolg'on gapirmasliging bilan ijozat berdim, degan bo'ladi", deganlar.