Sharqona qadriyatlar — qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi mehru oqibat, rasm-rusumlar, urf-odatlar, an’analar asarda juda go‘zal ifodalangan. Mehmon kutish va diydor ko‘rishgandagi so‘rashishu mulozamatlar maromiga yetkazib tasvirlangan: «Uyimizni to‘ldirib o‘tiribsizlar», «Biram yarashib o‘tiribsizlar» yoki uzoq vaqt ko‘rmagan jiyani bilan uchrashgan ayol: «Bormisan, bolam?! Bir yarashib turibsan, qara, ota yurtlarga. Ko‘kqarg‘ani ko‘rib, odam bunchalar quvonmaydi, kelganing rost bo‘lsin, ilohim, bolam. Shu aziz yerlarda unib-o‘sgin. Ruhlar shod bo‘lsin. Kel, bolam, kel, — deb bag‘riga tortib, kuraklarini silab ko‘risha ketdi».
Romanning tili maroqli, ohorli tasvir-tashbehlarga boy, uslubi ravon, sodda. Toshkent shevasi boyliklari, xalq tili va bolalar nutqidan samarali foydalanilgan. Adib hamma narsani o‘ziga mos sifat, o‘ziga xos obrazlar orqali tasvirlaydi. Uning tashbehli tasvirida olmazorlar o‘smarang-u, yong‘oqzorlar surmarang; behilar bukri kampirni esga soladi; qiyg‘os gullagan shaftoli boshiga gulli ro‘mol tashlab, salomga chiqqan kelinchakka o‘xshaydi...
Adabiyotshunos olim Naim Karimov Oybekning «Bolalik» qissasiga yozgan so‘ngso‘zida: «Biz va, ayniqsa, keyingi avlodlar XX asrning 10-yillaridagi Toshkentni va, umuman, o‘zbek xalqining hayotini bundan keyin Oybek xotiralari orqali ko‘z oldimizga keltiramiz», deb yozadi. «Judolik diyori» romanida esa, zilziladan oldingi Toshkentning Yakkabog‘, Qatortol, Novza, Cho‘ponota, Izza soyi, Achchi qirlari kabi so‘lim go‘shalarining yorqin tasvirlari berilgan.