3
Kobul osmoni musaffo edi. Go‘yo kecha qora bulutlar hunarini ko‘rsatmagandek, go‘yo izg‘irin shaharni yamlab-yutish qasdida sira avjga chiqmagandek...
Bomdoddan ancha ilgari, so‘zi kozibda qo‘qqis uyg‘onib ketgan G‘ulomqodir tashqariga chiqib, tabiatning bu ajoyibotidan lol qoldi. Samo yuzini bezab turgan yulduzlarga bir oz tikildi. «Bir qarasang — olam chiroyli ko‘rinadi, — deb o‘yladi u, — yana bir qarasang — hammayoq abri balo ostida: buzuqlik, adovat, riyokorlik, razolat... bulutlari bosib, yamlamay yutaman deydi. Nimaga shunday ekan?»
Kechagina dili xufton edi. Ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Mo‘ylabi yuqoriga qayrilgan past bo‘yli notanish yigit bilan hamsuhbat bo‘ldi-yu, qalbining allaqaerida umid chirog‘i miltillab qoldi. Yigit odmi kiyingan bo‘lsa-da, so‘zlarini tinglay turib, G‘ulomqodir uning oliy martabali zotlardan ekanini fahmladi. Bundaylar so‘zlarini chertib-chertib gapiradilar, martabalarini yashirishga qanchalik urinishmasin, gap ohanglaridagi takabburlik ularni fosh qilib qo‘yadi. G‘ulomqodir otasiga mehmon bo‘lib kelgan akobirlar suhbatini tinglayverib, pishib ketgan. Kechagi yigit nima uchun risalega keldi, nima sababdan sovarlar bilan suhbat qurdi — G‘ulomqodir bilmaydi. Sovarlarning ahvol-ruhiyasi, turish-turmushi bilan qiziqqanidan bildiki, bu yigitni arkonlardan biri yuborgan. «Inglistonning jilovimizni ushlashi abadiyanmi?» — deyishidan angladiki, oliy zotlar jihod tadorigini boshlaganlar. Yo‘qsa, sovarlarning bu xususdagi fikrlari bilan qiziqmas edilar. Urushni akobirlar boshlaydilar. Ingliston o‘qiga esa sovarlar ko‘kragi qalqon bo‘ladi. Sovarlar bunga rizomilar yo yo‘qmi, bilib qo‘yishlari lozim-da. Shunga qarab ish yuritsalar kerakda. Sovarlarga qolsa, ayniqsa G‘ulomqodirga qolsa, Peshovorga qarab bugun desa bugun, ertaga desa ertaga ot soladi. Shahid ketsa zarracha achinmaydi. Bil’aks, jannatda otasiga ro‘para bo‘lishidan quvonadi. Biron marta bo‘lsin ko‘rmagani — otasi ko‘ksiga boshini qo‘yadi. «Ota, sizning to‘kilgan qoningiz uchun, zavjamning bulg‘angan nomusi uchun qasos oldim. Gunohlarimni qonim bilan yuvdim, billohi azim, armonim yo‘q», deydi. Jangda shahid ketsa, jannatda otasi bilan birgalikda hurlar orasida yashaydi. Saodati abadiyani o‘sha joyda topadi. Buzuqlik, adovat, razolat, riyokorlikdan holi poklik dunyosida yashaydilar... Choraymoq ulug‘laridan birining o‘gay o‘g‘li G‘ulomqodir shularni o‘ylardi.