— Fikri ojizimcha, amir mahv etilgan taqdirda eng to‘g‘ri yo‘l islom jumhuriyati barpo etmoqdir,— dedi Sabohiddin. — Xalqni faqat din ahligina to‘g‘ri yo‘lga sola oladi. Faqat islomgina bandalarni badkorlik, insofsizlik, buzuqlikdan asrab qola oladi.
Sabohiddinning bu fikri o‘tga moy sepgandek bo‘lib, Shoaziz bilan Salimxo‘ja unga qarshi baxsga berildilar.
— Menga dedilarki, siz, muhtaram qori afandim, o‘tgan oydamikin, Turkiyadan qaytmish ekansiz. Undagi ahvolotni bizdan ko‘ra siz durust fahm etasiz. Bizim fikri ojizimizcha, qachondir qudrat kasb etgan turk sultonligi alhol tanazzulda emish. Axir bu damlarga qadar usmonli mamlakatni nechun din ahli tanazzuldan asrab qololmadi?
— Bu piching o‘rinsiz, taqsir, — dedi Sabohiddin.— Usmonli turk sultonlari, garchi o‘zlarini «xalifa» atasalar ham, dinda beqaror, iymonda zaif edilar.
— Qorijon, turk ulug‘lariga nisbatan qattiq ketmadingizmi? — dedi Salimxo‘ja, bahs ohangini yumshatish bahonasida. — Turkiyaga safar etmog‘ingizdan avval fikringiz o‘zgacha edi. Usmonlilar uchun jon bermoqqa tayyor edingiz?
— Haq rost, — Sabohiddin shunday deb, aybiga iqror odam kabi bosh egib, sukut saqladi. Davradagilar undan javob kutishsa-da, shoshilishmadi, boshqa luqma tashlashmadi. Sabohiddin javob qaytarmoqqa majburiyat sezib, asta bosh ko‘tardi-da, Salimxo‘jaga qaradi: — Taqsir, sulton boshqa, xalifa boshqa. Ikkovi bir vujudga jo bo‘lolmaydi. Ularning inqirozi sababini shu holatdan izlamoq joiz. Mamlakatning xarobligi esa Anvar poshsho, Tal’at poshsho, Jamol poshsho, yana allaqancha poshsho-poshsholarning nojo‘ya sa’y-harakatlari tufaylidir.
— Shuni bilganingiz holda Chanoqqal’ada qo‘lingizga qurol oldingizmi?
— Chanoqqal’a o‘zga bir mas’aladir, taqsir. Unda uch yuz mingdan oshiq mo‘’min shahid bo‘ldi. Shahidlarning ruhi hurmati bu voqea xususinda bilmay turib bir so‘z aytmang. Unda Ollohning mo‘’jizalariga na-da biz, balkim g‘ayridin g‘animlar ham imon keltirdilar. G‘oliblik sharafi bizlarga nasib etdi.